Tabaqa-vakillik monarxiyasi (XIV–XV asrlar). XIV asrning boshida feodal davlatning yangi tabaqa-vakillik monarxiyasi shakli o‘rnatiladi. Qirol hokimiyatining kuchayishi natijasida butun aholi ruhoniylar,
dunyoviy zodagonlar (dvoryanlar) hamda ozod kishilardan iborat tabaqalarga ajratiladi.
Bu davrda davlat boshqaruvi qirol, har uchta tabaqa vakillaridan iborat general shtatlar va provinsiyalar shtatlari tomonidan amalga oshirilgan. Qirol o‘z hokimiyatini amalga oshirishda general shtatlarga tayangan. General-shtatlarda har bir tabaqa alohida tartibda ham yig‘ilgan. Uning deputatlari hududiylik belgisi bo‘yicha saylangan. Provinsial shtatlar uchta tabaqa vakillarining muassasasi sifatida vujudga kelgan. Umuman olganda, tabaqa-vakillik monarxiyasi davrida siyosiy hokimiyat qirol qo‘lida to‘planadi.
Boshqaruvning markaziy organlari boshqadan jiddiy tashkil etilmagan. Qirol saroyida qiroldan keyin kansler turgan. Uning vakolatlari kengayib, sud mansablariga tayinlash va qirol yo‘qligida qirol kengashiga boshchilik qilishni amalga oshirgan.
Saroyda katta va kichik (yashirin) kengash faoliyat ko‘rsatgan. Katta kengashga oliy dunyoviy va diniy zodagonlar kirgan. Qirol hokimiyatining mustahkamlanishi bilan uning ahamiyati pasayib borgan. Hisob palatasining mavqei esa oshib, qirolga moliya masalalari bo‘yicha maslahatlar bergan. Shuningdek, balyalardan keladigan daromadlarni tekshirgan. Negaki, bu davrlarga davlat barqarorligining tayanchi soliq bo‘lgan. Qirol apparatida aniq funksiyaga ega bo‘lmagan kotiblik kabi yangi kichik mansablar paydo bo‘lgan.
Mahalliy boshqaruv tizimida balyalar tayinlaydigan leytenantlarga sud funksiyasi o‘tkaziladi. Keyinchalik ular qirol tomonidan lavozim tayinlanadigan bo‘lib, balyalar oraliqdagi lavozimlarga aylanadi. Mahalliy boshqaruvni markazlashtirish maqsadida gubernatorlik mansabi joriy etiladi. Ular balyajlarga tayinlanib, balyalarni almashtirganlar va keng vakolatlar, jumladan, yangi qal’alar qurishni taqiqlash, xususiy urushlarga yo‘l qo‘ymaslik singari huquqlarga ega bo‘lib olganlar.
Shahzodalar va taniqli dvoryanlardan tayinlanuvchi general-leytenant mansablari ta’sis etiladi. Dastlab ularning vakolat doirasi va muddati qisqa bo‘lib, keyinchalik ular bir necha mahalliy okrug (balyaj, XV asr oxiridan provinsiya)ni idora etganlar. Ularning asosiy funksiyasi avvalo soliq yig‘ish va ma’muriy funksiyalar hisoblanadi.
Shaharlar boshqaruvida qirol hokimiyati ta’siri ostida o‘zini o‘zi boshqarish tizimi amal qilgan.
Harbiy sohada 1445-yil Karl VII tomonidan doimiy armiya tuzilib, qirollik hududi bo‘yicha gornizonlarga joylashtiriladi.
Sud tizimida ishlarini yuritish tartibini bir xillashtirish siyosati o‘tkazilgan. Sud faoliyati qirol ma’muriyati nazoratida bo‘ladi. Sud ishlari qirol tomonidan tayinlanuvchi prevo, dastlab balya va so‘ng leytenantlar tomonidan olib borilgan. Bu davrga kelib XIII asrda tashkil topgan Parij parlamenti feodal zodagonlarning ishlari bo‘yicha oliy sud, barcha ishlar bo‘yicha apelyatsion instansiya bo‘lib qolgan. Bundan tashqari, parlament qirollik qonun hujjatlarini, quyi sudlar va boshqa shahar parlamentlari qarorlarini ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini amalga oshiradi.
Mutlaqmonarxiya(XVI–XVIIIasrlar).XVI asr boshlariga kelib tabaqaviy tuzum mamlakatning ijtimoiy taraqqiyoti va kapitalizm rivojiga qarshi bo‘lib qoladi. Bu vaqtda cherkov hokimiyati ustidan qirolning to‘la hokimiyati o‘rnatiladi. Dunyoviy va diniy zodagonlar o‘rtasida mustahkam siyosiy aloqalar vujudga keladi1. Davlat boshqaruvi lavozimlariga ruhoniylar ham tayinlana boshlaydi. XVI–XVIII asrlarda aholining eng ko‘p qismini uchinchi tabaqa tashkil etgan. 1 va 2-tabaqa vakillari 3-tabaqaning siyosiy siquvi o‘sishi natijasida imtiyozlarini saqlab qolish maqsadida markazlashgan davlatni vujudga keltirishdan manfaatdor edilar. Kapitalistik uklad rivojlanishining va feodalizm yemirilishi boshlanishining muqarrar natijasi absolutizmning qaror topishi bo‘ldi.
Absolut monarxiya davrida oliy hokimiyat qirolga tegishli bo‘lib, hech qanday davlat organi bilan taqsimlanmagan. Monarxiya ilohiy, qirol hokimiyati esa muqaddas, deb e’lon qilinadi.
Keyingi davrlarda to 1789-yilgacha general shtatlar chaqirilmaydi. Ba’zi vaqtlardagina qonunchilik va moliya masalalari bo‘yicha qirol notabllar (feodal asilzodalar)ni yig‘ib turgan. Parlament dastlabki davrlarda qirol hokimiyatiga qarshi turganligi bois, 1673-yilda qirol qonunlariga protest keltirish va rad etish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Markaziy boshqaruv organlari kengayishi ularning murakkabla- shishiga olib kelgan. Ular tez-tez o‘zgartirilib turilgan.
asrda davlat kotiblari nomli mansabdor shaxslar paydo bo‘ladi. Ular qirolning sof, shaxsiy yordamchilari hisoblangan. Ulardan biri qirol voyaga yetmagan paytlarda birinchi vazir funksiyasini bajargan. Keyinchalik ularning roli oshib, boshqaruvning alohida sohalari (tashqi, harbiy, dengiz, ichki ishlar va mustamlakalar) topshiriladi. XVIII asrda
1Izoh:Davlat yerlarining 1/5 qismi ruhoniylar, 4/5 qismi qirol boshliq zodagonlar ixtiyorida bo‘lgan.
ularning o‘rinbosarlari lavozimi ta’sis etilib, huzurida katta mahkama tashkil qilinadi.
Kansler davlat boshqaruvida ilgarigi mavqeini saqlab, davlat boshqaruvida qiroldan keyingi ikkinchi shaxs bo‘lib olgan.
Markaziy boshqaruvda moliya superintendanti, so‘ngra bosh moliya nazoratchisi katta rol o‘ynaydi. U budjet va iqtisodiy siyosatga rahbarlik qilish, ma’muriyat faoliyatining nazorati, qonunlarni tuzish ishlarini tashkillashtirish kabi vazifalarni amalga oshirgan. Vaqt o‘tishi bilan uning huzurida turli xizmat va mahkamalardan iborat katta apparat paydo bo‘ladi.
Qirol huzuridagi maslahatchilik kengashlar tizimi isloh qilingan. Yuqori va maxsus mansabdor shaxslardan iborat Katta kengash eng muhim davlat masalalarini hal etgan. Tashqi siyosat masalalari bo‘yicha tor doirada Yuqori kengash chaqirilgan. Depesh kengashi ichki boshqaruv masalalarini muhokamadan o‘tkazib, ma’muriyat faoliyatiga oid qarorlar qabul qilgan. Moliya masalalari bo‘yicha kengash davlatning moliya siyosatini ishlab chiqib, xazinaga kelib tushuvchi yangi mablag‘larni izlagan.
Joylardagi boshqaruv o‘ta murakkabligi va chalkashligi bilan ajralib turadi. Ba’zi mansablar bu davrda saqlanib qolgan, lekin roli pasaygan. Joylarda ko‘p sonli ixtisoslashgan xizmatlar – sud boshqarmasi, moliya boshqarmasi, yo‘llarni nazorat qiluvchi boshqarma va hokazolar paydo bo‘ladi. Ularning hududiy chegaralari va funksiyalari aniq o‘rnatilmagan.
Mahalliy boshqaruv joylarda gubernatorlar tomonidan yuritilgan vaqtlarda ularning faoliyati qirol komissarlari tomonidan tekshirib turilgan. XVI asrning ikkinchi yarmida ularga intendantlik unvoni beriladi. Shu vaqtdan e’tiboran ular mahalliy hokimiyat egalariga aylanadi. Keyinchalik ular o‘z hududida ijro, nazorat va sud hokimiyati boshqarganlar.
Shaharlar dastlab saylanuvchi merlar va munitsipal maslahatchilar tomonidan boshqarilgan. Keyinchalik ular o‘rniga qirol amaldorlari tayinlangan. Qishloq joylari dehqonlar jamoasi va jamoa kengashlari tomonidan amalga oshirilgan.
Qirollik sudlari tizimi juda chalkash bo‘lgan. Quyi sudlar tugatilib, balyajlardagi sudlar saqlanib qolgan. Parij parlamenti va boshqa shaharlardagi parlamentlar ilgarigidek muhim rol o‘ynagan.
Absolutizm davrida keng tarmoqli politsiya xizmati tashkil etiladi. Provinsiyalarda, shaharlarda, yirik yo‘llarda va boshqa joylarda politsiya organlari tuziladi. 1667-yilda politsiya general-leytenanti lavozimi ta’sis
etilib, unga butun qirollik miqyosida tartibni saqlash majburiyati yuklangan. Uning ixtiyorida ixtisoslashgan politsiya bo‘limlari, otliq politsiya gvardiyasi, dastlabki tergovni olib boradigan sud politsiyasi mavjud edi. U siyosiy politsiyaga ham boshchilik qilgan. Politsiya funksiyasiga tartibni saqlash, jinoyatchilarni qidirib topish va axloqni nazorat qilish (tadbirlar vaqtida, binolarda) kirgan. Siyosiy politsiya yashirin qidiruv va nazoratning keng tarmoqli tizimidan iborat edi.