Saljuqiylar davlatining ijtimoiy tuzumi asosan ruhoniylar, chorva- dorlar, hunarmandlar, harbiy xizmatchilar, shuningdek dehqon (jamoachi, sulton mulkida ishlovchi – barzigor, ijarachi dehqon)lar, savdogarlar va davlat xizmatchilaridan iborat bo‘lgan. Suvga egalik huquqi qattiq tartibga solingan bo‘lib, o‘tkazilishi taqiqlangan va faqatgina vorislik asosida o‘tishi mumkin bo‘lgan. Yerga egalikning muqto va iqta shakllari ham amal qilgan.
Saljuqiylar kuchli markazlashgan davlat tuzganlar. Oliy hokimiyat egasi sulton hisoblangan. Sulton mutlaq hokimiyatga ega bo‘lib, lavozimni xalifaning yorlig‘i asosida egallagan. U muhim davlat ishlarini hal etishda kengash chaqirgan. Fuqaroviy va harbiy mansabdorlarni tayinlagan. Farmon (tauke) chiqarish orqali viloyatlarni shartsiz asosda yirik harbiylar va amaldorlarga berish vakolatiga ega bo‘lgan. Muayyan vaqtlarda shaxsan fuqarolarni qabul qilib, nizo va janjallarni hal etgan.
Mansabdor shaxslar ichida ulug‘i vazir bo‘lib, u butun ma’muriy idoraga rahbarlik qilgan. Vazirga Nizom al-mulk (davlatning tartibot- chisi), iliq (bayg‘u, sag‘un), ota xo‘ja kabi faxriy unvonlar berilishi mumkin bo‘lgan. Vazir huzurida markaziy hokimiyatning oliy organi – devoni a’lo mavjud bo‘lgan. U o‘z navbatida barcha devonlar ishiga bevosita rahbarlik qilgan. Xazina ustidan nazorat olib borgan. O‘ziga bo‘ysungan mahkamalarga mansabdorlarni tayinlash, ishdan bo‘shatish, maosh berish, tashqi siyosatni olib borish bilan shug‘ullangan. O‘z noibiga ega bo‘lib, u yo‘qligida noibi sulton vaziri hisoblangan.
Saljuqiylarda otabek mansabi ham joriy etilgan bo‘lib, u bosib olingan mamlakatlardagi vazirlik mansabiga deyarli to‘g‘ri keladi. Odatda, yosh sulola vakili ustidan umumiy boshqaruv yuzasidan otabek (vazir) tayinlangan. Keyingi davrlarda Saljuqiylar davlatining parchalanib ketgan bo‘laklari otabeklik deb yuritilgan.
Markaziy hokimiyat organlari devonlar shaklida tuzilgan. Markaziy hokimiyatning oliy organi – devoni a’la bo‘lib, vazir tomonidan boshqarilgan. U bo‘lim va devonlardan iborat edi. Unga davlat mirzaxonasi devoni (insho, tug‘ro), moliya devoni (divani istifayi), oliy nazorat va hisob organi (devoni ashraf), harbiy devon (divani arz al- jayni), davlat yerlari devoni (devoni amloki xos), vaqf devoni (devoni avqofi mamolik) va boshqa devonlar kirgan.
Davlat devonxonasi Saljuqiylar imperiyasidan oldin devoni rasoil, devoni insho deb yuritilgan. Saljuqiylar uni to‘liq isloh qilib, devoni tug‘ro deb ataydi. Tug‘ro – Saljuqiy hukmdorining emblemasi bo‘lib, u bilan hujjatlar tasdiqlangan. Uning asosiy vazifasi davlat hujjatlarini yuritishdan iborat bo‘lgan.
Sulton devonxonasida bosh munshi lavozimi muhim o‘rin tutgan. U
«tug‘roi» yoki «munshiyi mamalik» deb atalgan. Uning nomzodini vazir kiritgan, lekin hukmdor tomonidan tasdiqlangan. Bosh munshi bir vaqtda vazirning noibi hisoblangan. U bevosita hukmdorga bo‘ysungan. Munshii mamalik ko‘p hollarda diplomatik topshiriqlarni ham bajargan. Mamlakat ichki va tashqi holati, hamda qo‘shni davlatlarning holatlari bilan tanish bo‘lgan. Favqulodda hollarda devon boshlig‘i maxsus vakolatlarga ega bo‘lib, sulton nomidan ish yuritgan. Munshi (xirfat, sinoat) lavozimi ko‘pchilik hollarda meros tariqasida qoldirilgan.
Devoni istifa (devoni istifayi mamluk) devoni a’la qoshidagi davlatning bosh moliya devoni edi. Mustaufi al-mamluk ushbu devonga rahbarlik qilgan. Ba’zi tadqiqotchilarning fikricha, mustuafi vazirdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan mansabdor shaxs hisoblangan. Unga davlatning moliya ishlari bo‘yicha amaldorlari, shu jumladan ushbu idoraning moliyaviy faoliyati uchun javob beradigan devoni xos xizmatchilari ham bo‘ysunganlar. Mustaufi boshqa yirik amaldorlar kabi o‘ziga noib tayinlagan. Devonda kotiblar (muharriran), hisobchilar (muhtasiban) va boshqa xizmatchilar bo‘lgan. Devoni mustaufining boshlig‘i barcha shahar va viloyatlarga o‘zining vakillari (nuvvablari) va xizmatchilarni yuborgan. Ular mahalliy xazinalarga rahbarlik qilganlar.
Saljuqiylar davlatida devoni ishraf bosh nazorat – kuzatuv organi vazifasini bajargan. Uning asosiy vazifasi davlat xazinasiga kelib tushgan mablag‘lar ustidan nazorat olib borish hisoblangan. Ushbu devonning joylardagi vakillari soliq to‘lovlarning aniq va o‘z vaqtida mahalliy muassasalarga kelib tushishi ustidan nazorat olib borganlar.
Devoni arz qo‘shinga umumiy rahbarlik qilgan, qo‘shin hisobini yuritgan va uning to‘ldirilishi ustidan nazorat olib borgan. Uning moddiy
ta’minoti uchun javob bergan. Devon boshlig‘i sohibi divani arz deb yuritilgan. O‘lkalarda uning vakillari ariz deb atalgan.
Mahalliy boshqaruv tizimida viloyatlarga voliylar tayinlangan. Vali lavozimi meros tariqasida ham qoldirilishi mumkin edi. Viloyatga valilari sifatida shahzodalar, turk amirlari va yirik harbiy qo‘mondonlar tayinlangan. Taxt vorisi hisoblangan shahzoda esa eng yirik va muhim viloyatlarga vali qilib tayinlangan. Voliylar huzurida uning noiblari, soliq yig‘uvchilari, jamoat tartibini qo‘riqlovchi shihne va boshqa mansabdorlar mavjud bo‘lgan.
Valilar viloyatlardagi barcha fuqaro va harbiylarni, qal’alarni bosh- qargan. Viloyat aholisining tinchligini ta’minlash bilan shug‘ullangan, sud ishlarini olib borgan. Taxt vorisi bo‘lgan vakilning qarorlari bosh hukmdorlarning qaroriga teng bo‘lgan.
Markaziy hokimiyatning shahardagi vakili rais bo‘lgan. U markaziy devon tomonidan tayinlangan va muayyan majburiyatlarni bajargan. Shahar raislari validan keyin muhim lavozim bo‘lib, sultonga bo‘ysungan. Rais o‘z devonxonasi (divani riyasat)ga ega bo‘lgan. Shahar boshqaruvi va tartibotini amalga oshirgan.
Saljuqiylar davrida shixne tartib va xavfsizlik qo‘riqchilari hisoblangan. Ular sulton farmoni bilan shahar, o‘lka va viloyatlarga tayinlangan. Shahne lavozimi meros tariqasida o‘tishi mumkin bo‘lgan. Ular qonunbuzarlarni jazolash vakolatiga ega bo‘lgan. Shixne o‘zining boshqarmasi va amaldorlariga ega bo‘lgan. Uning ixtiyoriga harbiy qismlar ham berilgan. U ham o‘troq aholi orasida ham ko‘chmanchi aholi orasida tayinlangan.
Davlatda bosh dunyoviy qozi – oliy hukmdor hisoblangan. U vaqti bilan divani mazalimda kengash olib borgan yoki sud ishini olib borishni vazirga topshirgan. Qozilar faoliyati ustidan bosh qozi – qozi ul-quzzot rahbarlik qilgan. Viloyatlarda bosh qozi – voliylar hisoblangan. Joylarda jinoyat va fuqarolik ishlarini qozi ko‘rib chiqqan. U shariat qoidalariga asoslanib ish yuritgan, qo‘shimcha tarzda notarial vazifalarni ham bajargan. Harbiy qozi harbiylar orasida vujudga keladigan nizolarni hal etgan. Qozilar va ularning noiblari vaqf devoniga tegishli mulklarni nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan.