Retikulyar formatsiya bilan katta yarim sharlar po’stlog’i o’rtasidagi (retikulo-kortikal) munosabatlar. Katta yarim sharlar po’stlog’ida ro’y beradigan bioelektr jarayonlarini tekshirish shuni ko’rsatdiki, tiyraklik holati uchun xarakterli bo’lgan past voltli tez-tez elektr tebranishlari eshituv, ko’ruv, taktil va boshqa turli-tuman retseptorlar ta’sirlanganda kuchayadi yoki hatto yuzaga chiqadi. Bunday effekt faollashish reaktsiyasi deb ataladi. Katta yarim sharlar po’stlog’ining tegishli retseptorlardan impulslar olib turadigan sensor sohasidagi emas, hamma qismida faollashish reaktsiyasi ro’y beradi va ta’sir to’xtagandan keyin ham bir necha vaqt davom etaveradi. Shu faktlarga asoslanib, butun po’stloq faolligini oshiradigan va uni muayyan qo’zg’alish holatida saqlaydigan markaziy mexanizm bor, degan xulosa chiqarildi.
Miya o’zani uzunchoq miya pastidan yoki Varoliy ko’prigining pastrog’idan qirqib qo’yilgan mushukning katta yarim sharlar po’stlog’idagi elektr potentsiallarini F.Bremer qayd etgan. Miya o’zani yuqoridagicha qirqib qo’yilganda tiyraklik holati uchun xarakterli elektr faolligi saqlanib turaveradi. Miya o’zani o’rta miya ro’parasidan qirqib qo’yilganda, katta yarim sharlar po’stlog’ida uyqu holati uchun xarakterli bo’lgan yuksak voltli sust elektr tebranishlari yuzaga keldi. Bu katta yarim sharlar po’stlog’iga o’rta miyaning faollashtiruvchi ta’sir ko’rsatishidan guvoxlik beradi. G.Megun va G.Morutstsi miya o’zanining turli qislariga mikroelektrodlarni stereotaksis apparatlari yordamida kiritib, retikulyar formatsiyaga ta’sir etganda katta yarim sharlar po’stlog’ida uyg’onish va tabiiy tiyraklik holatlari uchun xarakterli elektr faolligining o’zgarishini 1949 yilda aniqlashdi. Talamusning nospetsifik yadrolari va gipotalamusning dorsal bo’limiga ta’sir etib, shunga o’xshash reaktsiyani yuzaga chiqarish mumkin.
Miya o’zanining yuqori bo’limlaridagi retikulyar formatsiya yemirilganda katta yarim sharlar po’stlog’ining sensor sohalariga maxsus o’tkazuvchi yo’llar orqali afferent impulslar kelib turishiga qaramay, hayvon chuqur uyqu holatiga kiradi. Bunday operatsiyadan keyin hayvon uzluksiz uxlab, tashqi ta’sirlarga reaktsiya ko’rsatmaydi desa bo’ladi. Katta yarim sharlar va po’stlog’ining normal ishlashi miya o’zanining retikulyar formatsiyasi va talamusning nospetsifik yadrolaridan tonuslovchi, faollashtiruvchi impulslar kelishiga anchagina bog’liq ekanligi shu bilan isbot qilinadi.
Ko’tariluvchi faollashtiruvchi retikulyar formatsiyaning faoliyatini organizmning hamma retseptorlaridan keluvchi impulslar saqlab turadi, chunki talamusga impuls yetkazib beradigan afferent tolalardan retikulyar formatsiyaga bir talay kollaterallar chiqadi. Bundan tashqari, retikulyar formatsiyaga miyachadan, po’stloq ostidagi gangliylardan, limbik sistemadan va katta yarim sharlar po’stlog’idan impulslar kelib turadi. Retikulyar formatsiya katta yarim sharlar po’stlog’iga katta ta’sir ko’rsatish va uning faollik darajasini saqlab turish bilan birga, o’zini ham miya po’stlog’idan keluvchi impulslar doimo idora etib turadi.
Retikulyar formatsiya po’stloq ostidagi yadrolarga va gipotalamusga chambarchas bog’liq. Retikulyar formatsiyaning o’rta miyadagi ba’zi qismlariga ta’sir etilganda, xuddi shuningdek gipotalamusning dorsal qismi, po’stloq osti yadrolari va limbik sistema ta’sirlanganda hayvonning xulk-atvoriga bevosita aloqador bo’lgan ba’zi o’xshash effektlar kelib chiqishi buning dalilidir. Kalamushlar bosh miyasining turli sohalari – gippokamp, gipotalamusning dorsal qismi va o’rta miyaga elektrodlarni surunkasiga kiritib qo’ygan J.Olds tajribalari favqulodda ibratlidir. Elektrodlar stimulyatorga ulab qo’yilgan. Kalamush richagni oyoq panjasi bilan bosib stimulyatorni ishga sola olardi. Kalamush richagni tasodifan bosib miyaning muayyan strukturalarida qisqa muddatli elektr tebranishini vujudga keltirgach, richagni muntazam bosib, o’z miyasining markazlariga ta’sir eta boshlaganligi eksperementda ma’lum bo’ldi. Elektrodlar gipotalamusning dorsal qismi yoki o’rta miyaning retikulyar formatsiyasiga yaxshi joylashtirilgan bo’lsa, kalamush boshqa har qanday faoliyatdan vos kechib va ovqat bilan ishi bo’lmay richagni soatiga 8000 martagacha bosaverdi. Elektrodlar bosh miyaning yuqoriroqdagi bo’limlariga joylashtirilganida o’ziga-o’zi ta’sir etish chastotasi kamaydi. Bu tajribalarga asoslanib, hayvon miyasining muayyan strukturalariga ta’sir etilganda qandaydir musbat reaktsiyalar kelib chiqadi, ularni shartli ravishda «qanoat» yoki «rohat reaktsiyalari» deb atashadi.
Elektrodlar gipotalamusning medial qismida turgan bo’lsa, o’ziga-o’zi ta’sir etish chastotasi hayvonning tajribadan oldin och bo’lganiga yoki miriqib ovqat yeganiga qarab o’zgardi. Elektrodlar gipotalamusning lateral qismiga kiritilgan bo’lsa, o’ziga-o’zi ta’sir etish chastotasi jinsiy gormonlar kiritilgach kuchayib, kastratsiya (bichish)dan keyin kamaydi. O’ziga-o’zi ta’sir etish tajribalarida yuzaga chiqadigan reaktsiyalar ovqat reflekslariga yoki shartsiz jinsiy reflekslarga bog’liq ekanligi yuqoridagi ma’lumotlardan ko’rinib turibdi. Bu reflekslar katta yarim sharlarning limbik sistemasi, po’stloq ostidagi yadrolar, retikulyar formatsiya va gipotalamus ishtirokida yuzaga chiqadi.
Elektrodlar oraliq miyaning dorsal qismiga yoki gipotalamusning ventro-medial yadrosiga kiritib qo’yilganda boshqacha reaktsiyalar ro’y berdi. Bu holda hayvon bir marta o’ziga-o’zi ta’sir etgach richagga tegmaydigan bo’lib qoldi. Bunday ta’sirot salbiy emotsiyalarga sabab bo’ldi. Mushuk miyasining shu sohasiga ta’sir etilganda u g’azabga kelib, yonidagi hayvonlarga chovut solaverdi.
Retikulyar formatsiya oraliq miya markazlari, po’stloq osti yadrolari va limbik sistema bilan birgalikda xulq-atvorning shartsiz reflektor, instinktiv reaktsiyalarini yuzaga chiqarishda qatnashuvi yuqoridagi tajribalardan ko’rinib turibdi. Bu reaktsiyalarning yuzaga chiqishi natijasida organizmning hayot uchun muhim ehtiyojlari qondiriladi, bu ehtiyojlar esa hayvonlar xulk-atvorining rag’batlantiruvchi (motivatsiya) sabablari sifatida muhimdir. Ammo po’stloq ostidagi yadrolarga yoki miya o’zaniga ta’sir etish ustidagi tajribalarga miyaning shu bo’limlari xulk-atvorda hal qiluvchi ahamiyatini isbot etadigan dalil deb qarash yaramaydi, chunki markaziy nerv sistemasining pastroqdagi bo’limlari yuzaga chiqaradigan reaktsiyalarni katta yarim sharlar po’stlog’i nazorat qilib turadi.
Odamda murakkab nerv funktsiyalari katta yarim sharlar po’stlog’iga ko’chganligi, ya’ni kortikalizatsiya ro’y berganligi tufayli po’stloq ostidagi tuzilmalar, oraliq miya va retikulyar formatsiya faoliyati katta yarim sharlar po’stlog’iga hayvonlardagiga nisbatan ko’proq bo’y sungan.
Do'stlaringiz bilan baham: |