Miyachani olib tashlash natijalari. Miyachani olib tashlash yoki shikastlash natijasida statik va stato-kinetik reflekslar buziladi; ayniqsa ixtiyoriy harakatlar izdan chiqadi. Bundan anglashiladiki, miyacha, birinchidan, gavda vaziyatining tonik reflekslariga va holat reflekslariga (bu reflekslarni miya o’zanining markazlari yuzaga chiqaradi), ikkinchidan, katta yarim sharlar po’stlog’ining motor zonasiga va u bilan bog’langan nerv markazlariga ta’sir etadi.
Miyachaning bir yarmi olib tashlangach tegishli tomondagi oyoq yozilib qoladi: hayvon o’rnidan turmoqchi bo’lib burilganda yonboshlab yiqiladi yoki operatsiya qilingan tomonga doira bo’ylab harakatlana boshlaydi (manej harakatlari). Keyinchalik, dastlabki og’ir hodisalar o’tib ketgach, hayvon o’rnidan tura va yura boshlaydi, lekin operatsiya qilingan tomondagi harakatlarning beo’xshovlik va buzilish elementlari umrbod saqlanadi.
Miyacha butunlay olib tashlanganda yanada og’ir hodisalar ro’y beradi. Operatsiyadan keyingi dastlabki kunlarda hayvon tamomila ojiz bo’ladi; uning oyoqqa turishga urinishi muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Harakatlar sekin-asta tiklanadi-yu tartibsizligicha qolaveradi. Hayvon gandraklaydi, yiqilib tushadi, boshi va ayoqlari bir talay ortiqcha harakatlar qiladi; bu harakatlar beqiyos katta va noaniq bo’ladi. Hayvon tikka turganda muvozanatni saqlash uchun oyoqlarini keng qo’yishga majbur bo’ladi.
Odamning miyachasi zararlangach taqdirda ko’zini ochib tikka tursa rosa gandiraklaydi, ko’zini yumim olsa, yiqiladi, entak-tentak yuradi; harakatlar uyg’inlashmagan bo’ladi, muskullarning antagonistik guruxlari bilan tez harakat qilish imkoniyati, masalan, qo’lni qatorasiga bir necha marta bukish va yozish imkoniyati buziladi (bu simptom adiadohokinez deb ataladi).
Hayvonlarning miyachasini olib tashlashdan keyin harakat apparatining buzilish simptomlarini birinchi marta L.Lyuchiani mukammal tasvir etgan uch simptom: atoniya, asteniya va astaziya kelib chiqqanini kuzatgan. Keyinchalik yana boshqa simptomlar; atoksiya, dezekvilibratsiya va dismetriya ham tasvir etilgan.
Dezekvilibratsiya muvozanatning buzilishidan iborat. Maymunlar miyachasining flokulo-nodulyar bo’lagi olib tashlanganda shu simptom kuzatiladi, chunki bu bo’lak uzunchoq miyaning vestibulyar yadrolari bilan chambarchas bog’langandir. Bunday operatsiyadan keyin gavda vaziyati reflekslari va ixtiyoriy harakatlar aytarli buzilmasdan turib muvozanat ro’y-rost buziladi. Operatsiya qilingan maymun yotsa, unda harakat buzilishi hech bir qayd qilinmaydi. Hayvon ovqatni qo’li bilan olib og’ziga yaqinlashtira oladi, o’tira oladi, lekin buning uchun devorga suyanishga majbur bo’ladi, tikka turishga esa qurbi yetmaydi. Hayvon yurganda qafas devorlariga yopishishga majbur bo’ladi.
Muskullar tonusining yo’qolishi, ya’ni atoniya miyacha olib tashlangach bir necha kundan keyin ro’y beradi (operatsiyadan keyingi dastlabki vaqtda muskullar tonusi, ayniqsa yozuvchi muskullar tonusi keskin darajada oshgan bo’ladi). L.A.Orbelining kuzatishlariga qaraganda, ba’zi muskul guruxlariningtonusi uzoq muddatdan keyin oshib qolishi mumkin. SHu sababli miyachani olib tashlash muskullar tonusining yo’qolishida, ya’ni atoniyada emas, balki muskullar tonusining boshqarilmay qolishida, ya’ni distoniyada namoyon bo’ladi, deb aytish to’g’riroqdir. Miyachaning orqa bo’lagidagi oldingi qism va toshsimon yadro muskul tonusining boshqarilishida alohida ahamiyatga ega.
Astaziya shundan iboratki, muskullar sidirg’a tetanik qisqarish xossasidan maxrum bo’ladi. Natijada hayvonning boshi, tanasi va oyoqlari uzluksiz qaltirab yoki tebranib turadi. Hayvon bironta ixtiyoriy harakat qilgandan keyin bu xodisalar ayniqsa yaqqol ko’rinadi.
Asteniya shundan iboratki, moddalar almashinuvi kuchayganligidan organizm salga charchaydi. Harakatlar tejamsiz bajarilganligi, ularda bir talay muskullar ishtirok qilganligi tufayli moddalar almashinuvi kuchaysa kerak.
Ataksiya harakatlarning chala uyg’unlashtirilishidan va harakatlar kuchi, kattaligi, tezligi va yo’nalishining buzilishi (dismetriya) dan iborat. Ataksiya harakatlarning chala uyg’unlashtirilishidan va harakatlar kuchi, kattaligi, tezligi va yo’nalishining buzilishi (dismetriya) dan iborat. Ataksiya mast kishiga o’xshab gandiraklab yurishda o’z ifodasini topadi. Oyoq va qo’l harakatlari yurish vaqtida omonat, xaddan tashqari kuchli keng amplitudali bo’ladi. Odamning miyachasi bir tomonlama zararlanganda harakat berilgan yo’nalishdan og’adi. Miyachasi zararlangan bemorlarda qo’l harakatlarining buzilishi yaqqolroq ko’rinadi. Masalan, bemor qo’li bilan aniq harakat qila olmaydi. Masalan, u ko’rsatkich barmog’ini biron narsaga yoki o’z burniga tekizmoqchi bo’lsa, barmoq harakati murakkab teriaktoriya bo’ylab bajariladi va barmoq mo’ljallangan joyga to’g’ri kelmaydi.
Harakatlar buzilishi miyacha olib tashlangach uzoq vaqtdan keyin bir muncha kamayadi, ammo bir necha yil o’tgandan keyin ham to’la barxam topmaydi. E.A.Asratyan ko’rsatib berganidek, miyacha olib tashlangach buzilgan funktsiyalar miya katta yarim sharlari po’stlog’ida yangi shartli reflektor aloqalar vujudga kelishi tufayli kompensatsiyalanadi. Miyachasi olib tashlangan itda harakat funktsiyalarining nisbiy kompensatsiyalanish davrida miya yarim sharlar po’stlog’ining motor zonasi olib tashlansa, harakat apparati holatining buzilishi, miyachani olib tashlashdan keyin dastlabki vaqtda kuzatilganidek, ro’y-rost ko’rinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |