Miya o’zanining tonik reflekslari. Miya o’zanining – bulbar bo’limning va ayniqsa mezentsefal bo’limning-eng muhim funktsiyasi shuki, u gavdaning fazodagi vaziyatiga qarab muskullar tonusini qayta taqsimlaydi. Muskullar tonusi refleks yo’li bilan qayta taqsimlanib, gavda muvozanatining saqlanishini ta’minlaydi.
R.Magnus hilma-hil tonik reflekslarning jami yig’indisini ikkita guruxga bo’ldi: 1) gavdaning fazodagi muayyan vaziyatini taqozo qiladigan statik reflekslar va 2) gavdaning surilishi bilan yuzaga chiqadigan stato-kinetik reflekslar. Statik reflekslarning o’zi ikkita katta guruxga ajratiladi. Birinchi guruxi gavdaning muayyan vaziyatini yoki fazasini ta’minlaydi va vaziyat reflekslari yoki pozatonik reflekslar deb ataladi. Ikkinchi gurux gavdaning g’ayri tabiiy vaziyatdan normal vaziyatga qaytishini ta’minlaydi va rostlash reflekslari deb ataladi.
Vaziyat reflekslarida tonus qayta taqsimlanadi, masalan qo’l yoki oyoqning yozuvchi muskullari tonusi kamayib, bukuvchi muskullar tonusi oshadi. Bunday reflekslarni uzunchoq miya markazlari yuzaga chiqaradi. Gavda vaziyati reflekslarining kelib chiqishida vestibulyar apparat retseptorlaridan va bo’yin muskullarining proprioretseptorlaridan keluvchi afferent impulslar katta ahamiyatga ega.
Uzunchoq miyaning tonik reflekslarida labirintlarning ishtiroki. Tonik reflekslarda labirintlarning ahamiyati borligini R.Magnus bilan A. de-Kleyn quyidagi tajribada ko’rsatib berishdi. Detserebratsiyalangan hayvonning bo’yniga gipsli boylam shunday kiygizildiki, hayvon boshi tanasiga nisbatan doimo bir vaziyatda turaverdi va shu tariqa, bo’yin muskullarining proprioretseptorlari ta’sirlana olmaydigan qilib qo’yildi. So’ngra hayvon ikkala chakkasidan o’tuvchi o’k tevaragida aylantirib turildi. Hayvon orqa tomonini pastga qaratib yotsa, yozuvchi muskullar tonusi maksimal darajaga yetdi; hayvon orqasini yuqoriga qilib yotsa, yozuvchi muskullar tonusi kamaydi. Bu holda gavdadagi hamma qismlarning nisbiy vaziyati o’zgarmagani holda faqat og’irlik kuchining gavdaga nisbatan yo’nalishi o’zgardi, bundan anglashiladiki, tonik refleks yerning tortish yo’nalishining o’zgarishiga sezgir retseptorlarda, ya’ni vestibulyar apparat retseptoplarida boshlana olar edi.
Darhaqiqat, bu tajribalar detserebratsiyalangan, labirintlari yemirib qo’yilgan hayvonlar ustida qilinsa, ular aylantirilganda tonus taqsimoti hech bir o’zgarmaydi.
Uzunchoq miyaning tonik reflekslari bo’yin muskullari proprioretseptorlari-ning ishtiroki. Labirinti yemirilgan hayvonlar boshining vaziyati tanasiga nisbatan o’zgartirilsa, tonik reflekslarni aniqlash mumkin. Boshning tanaga nisbatan vaziyati o’zgarganda bo’yin muskullarining proprioretseptorlari ta’sirlanadi, shu sababli har xir muskul guruxlaridagi tonus refleks yo’li bilan qayta taqsimlanadi. Bosh orqaga engashtirilganda odingi oyoqlarni yozuvchi muskullar tonusi oshib, keyingi oyoqlarni yozuvchi muskullar tonusi kamayadi. Bosh ko’krak qafasiga engashtrilganda oldingi va keyingi oyoqlardagi muskullar tonusining teskari o’zgarishlari ro’y beradi. Bosh burilganda muskullar tonusi quyidagicha o’zgaradi: bosh qay tomonga burilgan bo’lsa, o’sha tomondagi oldingi oyoqni yozuvchi muskullar tonusi va qarama-qarshi tomondagi oyoqni bukuvchi muskullar tonusi oshadi. Bunday reflekslar bo’yin muskullarining propriotseptorlariga bog’liq; orqa miya bo’yin segmentlarining orqa ildizlari qirqib qo’yilsa, tonus qayta taqsimlanmaydi.
Yuqorida tasvir etilgan tonik reflekslar detserebratsiyalangan hayvonlarda yaxshiroq ko’rinadi, ularda miyaning yuqoriroqdagi bo’limlaridan keluvchi mpulslar manzarani murakkablashtirmaydi. Yangi tug’ilgan bolalarda miyaning yuqoriroqdagi bo’limlari kasallangan, masalan, miyaga qon quyilgan yoki bosh istisqosi kelib chiqqan bo’lsa, haqiyqiy detserebratsiya namoyon bo’ladi, bunday hollarda yuqoridagicha reflekslar kuzatilgan. Miyasiga qon quyilib, gavdasining yarmi falajlangan ya’ni gemiplegiya bo’lgan katta yoshli kishilarda ham ba’zan shunday reflekslar kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |