5. Me'da osti bezi
Me’da osti bezi aralash bez bo’lib, shira ajraluvchi sekretor bo’lakchalari orasida o’zining chiqaruv yo’liga ega bo’lmagan alohida hujayralar guruhi bor, ular shu hujayralarni birinchi marta tasvirlagan olimning nomi bilan Langergans orolchalari deb ataladi. Yangi tug’ilgan bolada orolchalar soni 120 ming bo’lib, ular me’da osti bezi hajmining 3,5% tashkil qiladi. Bola hayoti davomida ularning soni ko’payib 800 mingdan oshadi va bez massasining 1-2% tashkil qiladi. Orolchalar qon tomirlarga boy (7;8-rasmlar).
7-rasm.
Me’da osti bezining joylashuvi
Bu orolchlar hujayralari ichki secretor funksiyani bajaradi, ya’ni to’g’ridan-to’g’ri qonga gormon ishlab chiqaradi. Gistologik tekshirishlar natijasida bu orolchalarda har xil hujayralar borligi aniqlandi va ular alfa, betta, gamma hujayralar deb ataladi. Shulardan betta hujayralar hammasidan ko’p (itlarda qariyb 75 %) bo’ladi. Betta hujayralar insulin (lotincha - Insula - orolcha) gormoni, alfa hujayralar esa glyukogen gormonini ishlab chiqadi. Me’da osti bezining mayda chiqaruv yo’llaridagi epiteliy hujayralaridan lipokain gormoni ajralib chiqadi, degan ma’lumotlar bor. Bez ekstraktlaridan yana bir necha gormon - vagoxonin, kallekrin va sentropeninlar topilgan.
Me’da osti bezining eng muhim gormoni insulindir. Mering va Minkovskiylar me’da osti bezi olib tashlangan organizmda uglevodlar almashinuvini keskin buzilishi oqibatida hayvon halok bo’lishini 1889 yildayoq kuzatganlar. Me’da osti bezining ichki sekretor faoliyati har qancha tekshirilsa ham gormonni uzoq vaqt sof holda ajratib bo’lmadi. Nihoyat, 1901 yilda Z.V.Sobolev me’da osti bezidan ichki sekretsiya mahsuloti - insulin gormonini ajratib olish usulini taklif qildi. U tabiatan oqsil bo’lgani uchun bezni qirqib olib, maydalaganda, gormon oqsilni parchalovchi pankreatik shirasi ta’sirida parchalanib ketadi, deb o’yladi. Buning oldini olish uchun Z.V.Sobolev ikkita usulni taklif qildi. Bu usullardan biri hayvon me’da osti bezi olib tashlashdan 4-5 kun oldin bezning pankreatik shira chiqaradigan yo’llarini mahkam bog’lab qo’yishdir. Bu vaqtda shira ajratuvchi tashqi sekretor hujayralar degeneratsiyaga uchrab, nobud bo’ladi. Oqibatda insulinni parchalaydigan shira qolmaydi. Ikkinchi usul embrionlar me’da osti bezidan gormon ajratib olishdir. Chunki bu vaqtda ularda hali hazm shirasi ishlanib chiqmaydigan bo’ladi.
1922 yilda F.Bonting va J.Best birinchi usul bilan insulin olishga muyassar bo’ldi.
Insulinning kimyoviy tuzilishini o’rganish natijasida uning disulfid bog’lari bilan birikkan 17 xil aminokislotaning ikki zanjiridan iborat polipeptid ekanligi aniqlandi.
Hozir insulin preparatlari kimyoviy sintez yo’li bilan olingan. Insulin organizmdan tashqarida sintezlangan birinchi oqsildir. Insulinning molekulasida ruh (Zn) yo’q, lekin u ruhni biriktira oladi, ayni vaqtda uning ta’siri uzayadi va kuchayadi. Organizmga olloksan yuborilganda, betta hujayralarning faoliyati buzilib, insulin sintezlanmay qoladi, bu esa diabet kasalligiga, ya’ni qandning organizmda o’zlashtirilmay, siydik bilan chiqib ketishiga sabab bo’ladi.
8-rasm.
Me’da osti bezidagi langergans orolchasi
Insulin jigarda glyukozadan glikogen sintezlanishini tezlashtiradi va uning parchalanishiga to’sqinlik qiladi. Demak, periferik qonda qandning bir muncha kamayishiga sabab bo’ladi. Organizmda uglevodlar almashinuvining oraliq mahsulotlaridan yog’ va oqsillarning hosil bo’lishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Qondagi qand miqdori bilan me’da osti bezidan insulinni ajralishi o’rtasida bog’lanish bor, boshqacha aytganda, qonda qand ko’paysa, insulin ham ko’proq ishlanib chiqadi va aksincha. Betta hujayralar faoliyati kuchayganda yoki organizmga anchagina miqdorda insulin yuborilganda qondagi glyukozaning aksariyat qismi glikogenga aylanadi. Oqibatda unda qand odatdagidan ancha kamayib ketadi, gipoglikemiya deb shunga aytiladi. Rosmana gipoglikemiya nerv faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi va hatto gipoglikemik shok paydo bo’lishi ham mumkin, bunda markaziy nerv tizimining qisqa muddatli qo’zg’alishidan keyin hayvon darmoni qurib, juda bo’shashib qoladi, og’ir hollarda esa, talvasaga ham tushadi va hokazo. Hayvon ancha och qolgan bo’lsa, oz miqdordagi insulin ham gipoglikemik shok paydo qilishi mumkin. Venaga tegishli miqdorda glyukoza yuborish yo’li bilan birga gipoglikemik shokka barham beriladi. Insulin yetishmaganda esa qandli deabet kasalligi kelib chiqadi. Bu kasallik giperglikemiya (qonda qand ko’payib ketishi), glyukozuriya (siydik bilan qand chiqarilishi) va qonga keton tangachalarining chiqarilishi bilan xarakterlanadi. Diabet og’ir hollarda koma (komofoz holat) paydo bo’ladi. Komofoz holatining og’ir xili hayotga xavf soladigan bo’ladi va organizmning faoliyatini anchagina izdan chiqishi bilan tavsiflanadi, hayvon juda bo’shashib, reflekslari susayadi yoki yo’qolib ketadi, nafasi siyrak va yuzaki bo’lib qoladi, yurak qisqarishlari tezlashadi, yoki sekinlashadi, tomirlar tovushi o’zgaradi va h.k. Glyukogen me’da osti bezining alfa hujayralaridan sintezlanadigan gormondir. Bu gormon ta’siridan jigarda glikogenning parchalanishi tezlashib, qondagi qand miqdori ko’payadi. Shuning uchun ham bu gormon toza holda ajratib olinmasidan ilgari giperglikemik faktor deb yuritilardi. Qondagi qand miqdorini idora etishda insulin bilan glyukogenning o’zaro ta’siri alohida o’rin egallaydi. Alfa hujayralarining faoliyati kuchayishi natijasida qonda qand miqdori oshadi - giperglikemiya kelib chiqadi. Shuning uchun bu hujayralar faoliyatining kuchayishi ham qandli diabetga sababchi bo’lishi mumkin. Bu hujayralarning faolligi sulfanilamid preparatlar va kobalt to’rlari ta’sirida kuchayadi.
Glyukogen sun’iy yo’l bilan sintezlangan. U kristall holdagi modda bo’lib, kimyoviy tuzilishi jihatidan ancha farq qiladi.
Sipokain - polipeptid bo’lib, me’da osti bezining chiqaruv yo’lining epiteliysida ishlanib chiqadi. U hazm shirasi fermentlar ta’sirida parchalanmaydi. Sipokain fostafidlar (lesitin) hosil bo’lishini, ya’ni yog’larning sarflanishiga yordam beradi. Jigarni yog’ bosib ketishidan saqlaydi. Bu gormon etishmasa, jigarni yog’ bosadi va siydik bilan birgalikda ko’p miqdorda keton tanachalari chiqarila boshlaydi (diabetning bir ko’rinishi).
Me’da osti bezi olib tashlangan itga muntazam insulin yuborib turilsa ham u ikki - uch oy o’tgach, jigarini yog’ bo’sishi natijasida halok bo’ladi. Ammo uning organizmiga insulin yuborish bilan birga ovqatiga me’da osti bezi qo’shib beriladigan bo’lsa, hayotini saqlab qolish mumkin. Bu tajribalar me’da osti bezidan insulin va lipokain gormonlari haqiqatan ham alohida-alohida ishlanib chiqishidan dalolat beradi. Lipokain gormoni o’z ta’sirini ko’rsatish uchun boshqa lipotrop (yog’ to’planishiga to’sqinlik qiluvchi) moddalar ham bo’lishi kerak. Vagotonin - oqsil modda bo’lib, kimyoviy tuzilishi haligacha aniqlanmagan. Bu gormon organizmga yuborilganda adashgan nerv yadrolarining tonusi kuchayib, parasimpatik nervning faolligi oshadi. Bundan tashqari, vagotonin qon hosil bo’lish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Sentropenin bu ham tarkibi aniqlanmagan oqsil moddadir. U nafas markazini qo’zg’atib, bronxlarni kengaytiradi, gemoglobinga kislorod birikishini kuchaytiradi. Me’da osti bezining ichki sekretor faoliyatini nerv tizimi boshqarib boradi. Jumladan, o’ng tomondagi adashgan nervning bu bez uchun sekretor nerv ekanligi isbotlangan. Simpatik nerv tizimi qo’zg’alganda insulin sekretsiyasi tormozlanadi. Ko’p miqdorda glyukoza iste’mol qilish va natijada qonda qand ko’payishi, jismoniy ish, hayajonlanish (emotsiya) natijasida ro’y beradigan gipergliklimiya insulin sekretsiyasini kuchaytiradi. Me’da osti beziga bevosita ta’sir etmaydigan gormonlar (buyrak usti bezining mag’iz va po’stloq qavati, qalqonsimon bez gormonlari) uglevodlar almashinuvini o’zgartirib, insulin sekretsiyasini kuchaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |