3. Epifiz bezi
Epifiz yoki shishsimon tana cho’zinchoq yoki sharsimon shakllarda uchraydi. Uning og’irligi katta odamda 0,2 g, uzunligi 8-15 mm, kengligi 6-10 mm, qalinligi 6-10 mm (4-rasm). Tashqi tomondan biriktiruvchi to’qimali kapsula bilan o’ralgan, undan shishsimon tana ichiga trabekulalar kirib bezni bo’laklarga bo’ladi. Bez parenxemasi tarkibini ko’p sonli ixtisoslashgan bez hujayralari-pinealotsitlar va kamroq glial hujayralari hosil qiladi. Uning hujayralari balog’at davrigacha gipofizni faoliyatini tormozlovchi va modda almashuvini boshqarishda ishtirok etadigan modda ishlab chiqaradi.
Hozirgi vaqtda epifizda ikki xil modda-serotonin va melatonin hosil bo’lishi aniqlangan. Serotonin arteriyalarni toraytirib, mediator vazifasini bajaradi. Melatonin esa jinsiy bezlar taraqqiyoti uchun fiziologik tormoz vazifasini bajaradi. Epifizning buzilishi bolalarda erta jinsiy balog’atga yetishga olib keladi.
4-rasm.
Epifiz bezining joylashuvi
Yangi tug’ilgan bola shishsimon tanasi yumaloq shaklda, oyoqchalari yo’q bo’lib, to’rt tepalikka yetmaydi. Uning og’irligi 7 mg, o’lchamlari ko’ngdalangiga 2,5 mm, vertikaliga 2 mm, oldingi-orqa o’lchami 3 mm. Bola hayotining birinchi yilda bez tez o’sib og’irligi 100 mg. Olti yoshda shishsimon tana o’zining doimiy kattaligiga: bo’yi 10 mm, kengligi 5 mm, og’irligi esa 157 mg ega bo’ladi. Keyinchalik bezning o’ziga xos hujayralari buzilib, biriktiruvchi to’qima ko’payadi
4. Qalqonsimon bez
Insonning bo’yini sohasida, qalqonsimon tog’ayning ikki yonida joylashgan bo’lib, shaklan qalqonga o’xshab ketadi. Bu bez o’zaro tutashgan ikki bo’lakchadan iborat. Bez bo’yinchasining balandligi 5-15 mm, qalinligi 6-8 mm bo’lib, kekirdakning II-III tog’ay halqalari sohasida joylashadi (5-rasm). Bezning og’irligi 30-50 g.
Qalqonsimon bez qon bilan benihoya yaxshi ta’minlanib turadi. Masalan, itlar organizmida oqayotgan qonning hammasi bu bezlar orqali bir kunda 16 marta aylanib, oqib o’tishi mumkin. Bezning parenximasi va stromasi bo’ladi. Parenximasi o’ziga xos pufakchalardan, ya’ni follikulalardan tashkil topgan. Bu pufakchalarning devori sekretor epiteliydan tuzilgan. Sekretor hujayralar uzluksiz ravishda maxsus kolloid modda ishlab chiqaradi. Shu sababli follikulalarning ichi o’sha kolloid moddalar bilan to’la turadi. Bu kolloid gidrolizlanganidan so’ng qon va limfaga o’tadi. Follikulalarning orasida biriktiruvchi to’qima bo’lib, u bezning stromasini tashkil qiladi.
Qalqonsimon bezning asosiy gormoni tiroksindir.Tiroksin tarkibida yod bor. Gormon bezda quyidagicha sintezlanadi: Organizmga o’zi bilan kiradigan yodning asosiy qismi qonga so’rilgandan keyin qalqonsimon bezga keltiriladi. Bez hujayralari uni ushlab qoladi. Bu yerda anorganik yod sitoxromoksidaza va peroksidaza fermentlarining ishtirokida molekulalar yodgacha oksidlanadi. So’ngra taxminan ikki soat davomida yod tirozin aminokislotasi bilan birikadi. Oqibatda monoyodtirozin va diyodtirozin molekulalari hosil bo'ladi. Tetrayodtirozin tiroksin gormoninig o’zidir. Hozir aytilgan yodli birikmalar bezning follikulalarida oqsillar bilan birikib, tireoglobulin degan kompleks birikma molekulalarini hosil qiladi. Tireoglobulin murakkab glyukoproteiddir.
5-rasm.
Qalqonsimon bez
Uning molekulasida 10 ta polipeptid zanjiri bor. Tarkibida yodlangan aminokislotalardan tashqari glyukoza, galaktoza, mannoza ham saqlanadi. Tireoglobulin follikulalarning ichidagi kolloidda yig’iladi, ayni vaqtda uning ma’lum qismi parchalanib ham turadi. Shunda triyodtirozin va tetrayodtirozin - tiroksin hosil bo’lib, qonga so’riladi. Ular qondagi oqsillar bilan birikadi va tegishli to’qima hamda organlarga tashiladi. Keyingi vaqtlarda olingan malumotlarga qaraganda triyodtirozin va tetrayodtirozin to’qimalarda oksidlanib, dezaminlanadi. Oqibatda triyodtiroasetat va triyodtiropropinant kislotalar hosil bo’ladi. Bular tiroksin va triyodtironinga qaraganda 80-300 baravar faolroqdir. Tiroksin va triyodtironin to’qimalarda shu birikmalar holida ta’sir qiladi deb hisoblanadi. Qalqonsimon bez gormonlari organizmning o’sishi, rivojlanishida, unda oqsillar, yog’lar, uglevodlar, suv va tuzlar almashinuvida katta ahamiyatga ega. Bu gormonlar energiya almashinuviga, nerv tizimi, yurak va jinsiy bezlar faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi. Qalqosimon bezda hosil bo’ladigan tiroksin, triyodtironin va triyodtiroasetat kislota va boshqa ba’zi yodli birikmalar oksidlanish jarayonini, oqsillar almashinuvini tezlashtiradi. Ayniqsa hujayralarning mitoxondriyasidagi oksidlanish jarayonini faollashtirib, energiya almashinuvini kuchaytiradi. Bu gormonlar hujayra fermentlarining desilfed guruhlarini sulbigidril guruhlarga aylantirib, ularni faollashtiradi. Organizmda qalqonsimon gormonlari yetishmay qolgan paytda asosiy almashinuv pasayadi. Organizmda ortiqcha osh tuzi va suv ushlanib qoladi. Oqibatda shish hosil bo’ladi, - suv shishlari deb shularga aytiladi. Qonda kalsiy miqdori kamayadi, jinsiy faoliyat pasayadi.
Umuman olganda, bu bezning gormonlari embriogenezda benihoya katta ahamiyatga ega. Qalqonsimon bez gormonlari yetishmaganida (gipofunksiyasida) yosh bolalar o’sishdan, rivojlanishdan qoladi, suyaklanish jarayonlari buziladi. Odamlarda bu bezlarning bolalikdan sust ishlashi (gipofeoz) kretinizm kasalligini paydo bo’lishiga sabab bo’ladi. Bu paytda bo’y o’smaydi, uning og’zi doimo ochiq bo’lib, tili chiqib turadi. Chunki til haddan tashqari o’sib ketib og’izga sig’may qoladi. Voyaga yetmagan hayvon va odamlarning qalqonsimon bezi yetarlicha ishlamasa, Miksedema kasalligi paydo bo’ladi. Bu vaqtda asosiy almashinuv pasayadi, oqsillar almashinuvi buziladi, onkotik bosim oshib ketadi, to’qimalarda suv ushlanib qoladi, suv shishlari paydo bo’ladi. Organizmda yod kamchiligi paytida buqoq kasalligi avj oladi. Bu paytda bez to’qimasining yetarlicha ishlamayotganligi tufayli u gipertrofiyalanib, katta bo’lib ketadi, follikulalari ko’payadi, ammo, ajralayotgan gormonlarning miqdori kam bo’ladi. Chunki ularning sintezlanishi uchun yod yetishmaydi. Infitireoid, ya’ni qalqonsimon bez gormonlarining faolligini susaytiradigan, moddalar bor. Bular qatoriga tiomochevina, tionrasil, metiltionrasil va qalqonsimon bezda gormonlarning hosil bo’lishini tormozlaydigan ko’pchilik sulfanilamid preparatlar kiradi. Ular anorganik yod molekulalarini yodgacha oksidlovchi, tirozinning yodlanishida, uning triyodtironin va tiroksinga aylanuvida ishtirok etadigan fermentlarning faolligini pasaytiradi. Bu moddalar ta’sir qilganda organizmda, xuddi qalqonsimon bez olib tashlanganda kuzatiladigan o’zgarishlar ro’y beradi. Ammo bu moddalar qonda mavjud bo’lgan va tashqaridan yuboriladigan gormonlarga ta’sir qilmaydi. Tireoid gormonlar organizmga yuborilganda oqsillar, yog’lar va uglevodlar tez parchalanib, ko’p sarf bo’ladi. Oqibatda ajralayotgan suyuqlikda azot asosan mochevina hisobiga ko’payadi. Manfiy azot muvozanati kuzatiladi. Jamg’arilgan yog’ ko’p miqdorda kamaya boradi. Tiroksin yuborilganda, yog’ depolaridagi yog’ning miqdori 70% gacha kamayib ketadi, qonda xolesterin ozayadi. Jigar va muskullardagi glikogenning parchalanishi tezlashib, qonda qand miqdori bir oz ko’payadi. Oqibatda organizmning fizik vazni kamayib, ozib ketadi. Diurez ko’payadi. Insonda ham ushbu gormon ko’payib ketsa xuddi shunga o’xshash belgilar kuzatiladi (6-rasm).
6-rasm.
Do'stlaringiz bilan baham: |