271
bo‘lgan. Ularning aksariyati ot-ulovga ham ega emasdi. Ot-ulovsiz bo‘lgan dehqon
xo‘jaliklari Sirdaryo viloyatida 20,3 foiz, Samarqand viloyatida 29,6 foiz va Farg‘ona
viloyatida 41,3 foizni tashkil etgan. Chor ma’murlari qishloq xo‘jalik texnikasini yetkazib
berish, irrigatsiya, melioratsiya ishlari masalalariga mutlaqo e’tibor bermaganlar. 1910-yilda
butun hozirgi O‘zbekiston hududida hammasi bo‘lib 1071 plug bo‘lgan, xolos.
Mustamlakachi chor unsurlarining butun diqqat-e’tibori o‘lkadagi aholi qo‘lidagi boyliklarni
har xil yo‘llar bilan shilib olib Rossiyaga tashib ketishga qaratildi. XIX asrning 60-yillaridan
to oktabr to‘ntarishiga qadar Rossiyadan turli gazlamalar va boshqa mollarning ko‘p
miqdorda kelib turishi mehnatkash ommaning yanada qattiqroq «shilinishiga» sabab bo‘ldi.
O‘lkada ming yillardan buyon davom etib kelgan ajoyib hunarmandchilik tarmoqlari, birinchi
navbatda to‘qimachilik va bo‘yoqchilik tanazzulga uchradi.
Chunki o‘zbek paxtasi, ipagidan Rossiyaga olib ketilib ishlangan
gazlamalar mahalliy
hunarmandlar qo‘lda to‘qigan gazlamalarni ichki va tashqi bozordan siqib chiqargan edi.
Tohir Shokir yuqorida nomi eslatib o‘tilgan kitobida shunday hikoya qiladi: «Turkiston
paxtasi uchun Moskovdan pul keladur. Bu to‘g‘ri, ammo ruslar paxta uchun kelg‘on pullarni
turlik-turlik yo‘llar bilan qaytarib Moskovga olib ketadur. Masalan, o‘t aroba, otash aroba,
shayton aroba, ot arobasi, elektrik asboblari, telefon va olotlari, choy, shakar, gazlama, idish-
tovoqlar, imorat asboblari, qishloq xo‘jalik asboblari, sanoat moshinalari, maorif ehtiyojlari
va shularga o‘xshash zaruriy
ashyolarni Rossiyadan keltirib, Turkistonga yog‘dirib, ham
paxtaning pulini oladur, ham millatdagi mavjud boyligini shimirib oladurg‘on bo‘ldi.
Bular yetmaganidek ichkilik, qimor, fahsh, sudxo‘rlik yo‘llari bilan xalqning bisotida
bor narsalarni shilib oladurg‘on bo‘ldi. Rossiya insonlarning kundalik hayotida ehtiyoji
tushadirg‘on zaruriy asbob, ashyo va ziynatlarini boshqa davlatlardan keltirishni man qiladi.
Qo‘shni davlatlardan: Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Chin (Xitoy)dan keltirishga to‘sqinlik
berdi. Faqat hamma narsani ruslar, Rossiyadan keltirib paxtani va boshqa ma’dan pullarni o‘zi
qaytarib olib, ekspluatatsiya qilishda hech qusur qilmas bo‘ldi. Buning ustig‘a,
Turkistonga
kamyob yana boshqa nav mollarni Rossiyadan keltirib bizlarga sotib qo‘limizdagi va
sanduqlarimizdagi pullarimizni shupurib oladurg‘on bo‘ldi. Yana Turkistonga madaniyat
keltirdik taraqqiysiga sabab bo‘ldiq deb qilg‘on iddaolari oshiqcha bo‘ldi».
«Turkiston xabarnomasi» gazetasi bozorlarda narx-navo oshib, xalqning ruhiyati
tushganligini yozadi.
Xo‘sh, dastlabki inqilob davrida Turkiston o‘lkasida, aytaylik Kattaqo‘rg‘onda narx-
navolar qanday edi? 1905-yangi yilning ilk bozori kuni Kattaqo‘rg‘onda eng zaruriy oziq-
ovqat mahsulotlari tubandagi narxlarda sotilgan ekan: bir botmon (8 kilo) sara bug‘doy – 45
tanga (Kattaqo‘rg‘onda 15 tiyin-bir tanga hisoblangan), bahorgi bug‘doy esa 52 tanga,
bug‘doy uni – 52–56 tanga, arpa, jo‘xori, moshlarning bahosi bir xil – 32 tangadan, tariq – 28
tanga, kunjut – 115 tanga, zig‘ir urug‘i – 60 tanga, shu yerlik kishilarga qarashli zavodlarda
ishlab chiqarilgan bir botmon paxta moyi – 22 tanga, «Birodarlashgan Turkiston» zavodidan
keltirilgan moy esa 14 tanga, bir qadoq (400 gramm) mol yog‘i – 20 tiyin, qo‘y yog‘i esa 22
tiyin. Mol go‘shtining bir qadog‘i 8 tiyin, qo‘y go‘shti – 12 tiyin. Kezi kelganda o‘sha paytlari
paxtaning bahosi qancha bo‘lganligi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tmoqchimiz: bir botmon (8
kg) birinchi nav paxtaning naxhi 90–100 tanga, agar chigiti chala pishgan bo‘lsa – 50–60
tanga, II–III navlari – 30–40 tanga turarkan. Demak bir kilogramm paxtaning puliga (ya’ni,
187,5 tiyinga) to‘rt (4) kg qo‘y go‘shti, bir yarim tiyinga birorta hammol yollab o‘sha
masalliqni uygacha ko‘tartirib borish mumkin ekan.
«Bozorlar xiyla tushkun ruhda o‘tmoqda, dehqonlarning umidlari puchga chiqqanga
o‘xshaydi. Eng yaxshi xom paxta deyarli ikki barobar arzon narxda sotilmoqda (yaqinda bir
botmon paxtaning bahosi–180 tanga edi). Xaridorlarning avji sust, ko‘pgina mahsulotlar shu
yerlik aholi qo‘lida qolib ketyapti».
Ayniqsa, 1914-yilda boshlangan
urushni bahona qilib, chor ma’murlari Turkiston
xalqlarini behayolarcha taladi, zulmni kuchaytirdi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak gazlama,
qurilish materiallarining narxi kun sayin oshib bordi. Masalan, gazlama narxi 300–400 foizga,
kiyim-kechak narxi 200–300 foizga, qand narxi 250 foizga, poyabzallar narxi 300–400 foizga
ko‘tarildi.
272
Farg‘ona vodiysida ilgari 50 so‘m turadigan otning narxi 100–200 foizga, 5–9 so‘mlik
qo‘ylar narxi 30–35 so‘mga oshdi. G‘alla va non narxi ancha ko‘tarildi. Chunki Rossiyadan
Turkistonga g‘alla keltirish kamaydi. Natijada rus g‘allasiga umid bog‘lab nuqul paxta ekkan
o‘zbek dehqoni juda og‘ir ahvolga tushib qoldi. Rus g‘allasiga ko‘z tikkan va unga ishongan
Turkiston dehqonlari g‘alla ekin maydonlarini keskin qisqartirib paxta ekiladigan
maydonlarni haddan ziyod oshirgan edilar. 1901-yilda paxta maydonlari 268013 desyatina
bo‘lgan bo‘lsa, 1916-yilda bu ko‘rsatkich 533671 desyatinaga yetgan edi.
Urush yillarida
paxtaning bozor narxi oshdi. Bu hol paxta ekuvchi dehqonlarga katta foyda keltirishi mumkin
edi. Ammo bu o‘rinda ham chor hukumati ustasi faranglik qilib to‘qimachilik sanoati
egalarining talablariga ko‘ra paxta savdosi nazoratini o‘z qo‘liga oldi va uning bozor narxini
30–31 so‘mdan, 24,05 so‘mga tushirdi. Bu tadbir mahalliy paxtakorlarga katta zarar keltirgan
bo‘lsa, rus kapitalistlarining hamyonlarini to‘ldirdi. Faqat Tver to‘qimachilik sanoati 1913–
1914-yillarda paxtaning eski narxidan 1.893.000 so‘m foyda qilgan bo‘lsa, 1915–1916-
yillardagi keltirilgan foyda 9.931.000 so‘mga teng bo‘ldi. O‘lka mehnatkashlari bundan
tashqari banklar, firmalar va mahalliy sudxo‘rlardan olgan qarzlari orqasidan ham katta
zahmat chekib, mushkul ahvolga tushgandi. Bular ham yetmagandek 1915-yil 1-yanvaridan
boshlab tub aholidan harbiy xizmatni o‘tamaganlari evaziga daromadlaridan qo‘shimcha
21foiz harbiy soliq olish tartibi ham joriy qilindi.
O‘lka xalqlarining madaniy ehtiyojlarini qondirish masalasiga umuman panja orasidan
qarab kelingan. Bu soha uchun bir kishiga bir yil davomida sarflanadigan mablag‘ atigi 6
so‘m miqdorida bo‘lgan, xolos.
Turkiston xalqlarining tibbiy salomatligi hech kimni tashvishga solmagan. Aholiga
tibbiy xizmat ko‘rsatish ayanchli vaachinarli ahvolda bo‘lgan. Bu holni shunday dalildan ham
bilish mumkinki, 1913-yilda butun boshli Turkiston hududida 212 tibbiyot xodimi bo‘lgan,
xolos. Agar Farg‘ona vodiysida har 50 ming aholiga bittadan tibbiyot xodimi to‘g‘ri kelsa, bu
ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston hududida har bir tibbiyot xodimiga 250
ming kishini tashkil
etgan. Shu bois Turkiston aholisi eng qisqa umr ko‘rgan va bu yerda turli xildagi yuqumli
kasalliklar keng tarqalgan.
Yuqoridagi zikr qilingan sabablarga ko‘ra XX asrning boshlarida, xususan 1917-yilgi
fevral burjua-demokratik inqilobi arafasida Turkiston o‘lkasida g‘oyatda keskin ijtimoiy-
siyosiy vaziyat vujudga keldi. Bundan qo‘rqib qolgan chor hukumati zo‘r berib tub yerli
aholini Rossiya davlatiga nisbatan «sodiq» bo‘lishiga da’vat etar, ularni «vatanparvarlik»
g‘oyalari ruhida tarbiyalashga intilardi. Chor ma’muriyati davlatga qarshi har qanday xatti-
harakatlarni darhol ayovsizlarcha va shafqatsizlik bilan bostirish to‘g‘risida mahalliy
hokimlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rgazma berdi. Hatto masjid madrasalarda ham oq podsho
hazratlariga hamdu sanolar, unga sog‘liq va uzoq umr tilab «xutba»lar o‘qishga buyruq
berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: