Gidrotermal jarayon. Magma tarkibidan ajralgan suv bug‘lari va gazlar asta-sekin sovib issiq eritmaga, ya’ni gidrotermal eritmaga aylanadi. Bu yeritma tarkibida past haroratlarda ham birikmalar hosil qila oladigan elementlar to‘plangan bo‘ladi. Gidrotermal eritma yer po‘stidagi turli yoriqlar bo‘ylab harakatlanar ekan, uning tarkibidagi oltin, kumush, mis, volfram, molibden, temir, qo‘rg‘oshin, rux, uran, qalay, simob, surma kabi asosan metall elementlar oltingugurt bilan birikib, sulfidlar guruhidagi minerallarning asosiy qismini paydo qiladi. Tomirsimon yoriqlarning o‘zini esa kvars, kalsiy va barit minerallari to‘ldiradi. Gidrotermal jarayon yuqori (550–400 °C), o‘rta (400–200 °C) va past (200–50 °C) haroratli turlarga ajratiladi.
Gidrotermal jarayonlarning oxirgi qoldiq suv eritmalari qisman yerosti suvlari bilan ajralib yer yuziga issiq buloqlar ko‘rinishida qaytib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |