Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida



Download 106,13 Kb.
Sana31.12.2021
Hajmi106,13 Kb.
#252918
Bog'liq
O‘RQ-342 24.12.2012




PDF-faylidagi rasmiy manba

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2012-yil 1-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2012-yil 5-dekabrda ma’qullangan

 LexUZ sharhi

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 20-apreldagi O‘RQ-682-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi 160-II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 8-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).

2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 LexUZ sharhi

Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2012-yil 25-dekabrdagi 250 (5670)-sonida e’lon qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2012-yil 24-dekabr,

O‘RQ-342-son

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni



Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida

(yangi tahriri)

1-bob. Umumiy qoidalar



1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari

Ushbu Qonunning asosiy vazifalari normativ-huquqiy hujjatlar tushunchasini, turlarini, o‘zaro nisbatini aniqlashdan, normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash tartibiga va ularning mazmuniga qo‘yiladigan asosiy talablarni belgilashdan, shuningdek ularning ijrosi tashkil etilishini ta’minlashdan iborat.

2-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining turlari va o‘zaro nisbati, normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash tartibiga hamda ularning mazmuniga qo‘yiladigan asosiy talablar va ularning ijrosi tashkil etilishini ta’minlash Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham belgilanadi.

3-modda. Normativ-huquqiy hujjat tushunchasi

Normativ-huquqiy hujjat ushbu Qonunga muvofiq qabul qilingan, umum majburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir.

4-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslar (bundan buyon matnda organlar deb yuritiladi) hisoblanadi.

2-bob. Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari va o‘zaro nisbati

5-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari

Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilardir:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;



(5-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari

Normativ-huquqiy hujjatlar qonun hujjatlaridir va ular O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari majmuini tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonunlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonun osti hujjatlaridir.



(6-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)

7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustuvorligi

O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustuvorligi so‘zsiz tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda uning normalari va prinsiplariga zid kelishi mumkin emas.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 3-bobi (“Konstitutsiya va qonunning ustunligi”).

8-modda. O‘zbekiston Respublikasining qonunlari

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan yoki referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinadi.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonuni.

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari konstitutsiyaviy qonunlar tarzida qabul qilinishi mumkin.

Kodekslar O‘zbekiston Respublikasining qonunlari bilan tasdiqlanadi.

9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 7-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 7-moddasi.

10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun farmonlar va qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.

(10-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 94-moddasi.

11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonunining 36-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-martdagi 242-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti”.

12-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar o‘z vakolati doirasida buyruqlar hamda qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.

Buyruqlar vazirlar tomonidan yoki idora nomidan qarorlar qabul qilish yakka tartibda amalga oshiriladigan idoralar rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.

Qarorlar davlat qo‘mitalari tomonidan yoki idora nomidan qarorlar qabul qilishni mazkur idoraning kollegial organi amalga oshiradigan idoralar tomonidan qabul qilinadi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari yoki idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilinishi mumkin.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan qo‘shma qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi mumkin.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning tarkibiy bo‘linmalari hamda hududiy organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli emas.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-sonli “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarining qonuniyligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2000-yil 19-maydagi 197-sonli “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning me’yoriy hujjatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari va “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari” (ro‘yxat raqami 2565, 28.02.2014-y.).

13-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari yoki idoralar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan huquqiy vorislik

Vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqi berilgan idora qayta tashkil etilgan taqdirda, huquqiy vorisga o‘z vakolati doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqi bilan birga ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish vakolatlari ham o‘tadi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora tugatilgan yoxud u tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish huquqini huquqiy vorisiga bermasdan qayta tashkil etilgan taqdirda, ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish vakolatlari yuqori turuvchi yoki boshqa vakolatli organga o‘tadi.

Vazirlikning, davlat qo‘mitasining yoki idoraning nomi o‘zgartirilgan taqdirda, uning ilgarigi nomi ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zgartirilgan nomga oid qismiga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritilishi lozim. Bunday o‘zgartirishlar yoxud qo‘shimchalar kiritilguniga qadar ilgarigi nom ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi nomi o‘zgartirilgan vazirlikka, davlat qo‘mitasiga yoki idoraga to‘liq hajmda tatbiq etiladi.

Vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora maqomining o‘zgartirilishi ular tomonidan ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar amal qilishining tugatilishiga olib kelmaydi.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomning 19-bandi.

14-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolati doirasida qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati yuqori turuvchi organlarining qarorlari asosida va ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi.

15-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlanadigan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlar

Normativ-huquqiy hujjatlar bilan ushbu hujjatlarning tarkibiy qismi bo‘lgan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlar tasdiqlanishi mumkin.

16-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro nisbati

Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi bo‘yicha o‘zaro nisbati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatiga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi.

Normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi shart.

Normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi.

Teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.

Agar normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlikning, davlat qo‘mitasining yoki idoraning ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish uchun maxsus vakolati bo‘lsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil darajadagi boshqa vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘ladi.

3-bob. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash

17-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni rejalashtirish

Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi (ishlab chiquvchi) organlar ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish yoki qonun hujjatlari normalarini takomillashtirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashning joriy (bir yilgacha bo‘lgan muddatga) va istiqbolga (bir yildan ortiq muddatga) mo‘ljallangan rejalarini (dasturlarini) ishlab chiqishi hamda tasdiqlashi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni rejalashtirish tartibi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi (ishlab chiquvchi) organlar tomonidan belgilanadi.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-avgustdagi 227-son qarori bilan tasdiqlangan “Qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish bo‘yicha dasturlarini tayyorlash va qabul qilish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringi tartibi to‘g‘risida”gi nizom, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamenti”ning 2-bobi (“Organlarning qonun loyihalariga doir faoliyatini rejalashtirish”).

18-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash tartibi

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash:

loyihani tayyorlash to‘g‘risidagi taklifni ko‘rib chiqish va uni tayyorlash haqida qaror qabul qilishni;

loyiha tayyorlashni tashkiliy-texnikaviy va moliyaviy jihatdan ta’minlashni;

zarur materiallar va axborot to‘plashni;

loyihaning konsepsiyasi bayon qilingan tushuntirish xatini ishlab chiqishni;

loyihani tuzishni;

huquqiy va boshqa zarur ekspertiza o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishning xususiyatlari “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilanadi.

19-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashkil etish

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun loyihani ishlab chiqayotgan tashkilot (bundan buyon matnda ishlab chiquvchi deb yuritiladi) tomonidan ishchi guruh (komissiya) tuzilishi mumkin.

Ishchi guruh (komissiya) tarkibiga ishlab chiquvchining tegishli bo‘linmalarining, tegishli tarmoqlar holati va rivojlanishi uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklarning, davlat qo‘mitalarining yoki idoralarning, boshqa manfaatdor davlat organlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek fuqarolar kiritilishi mumkin. Bunda nodavlat tashkilotlar vakillari, shuningdek fuqarolar o‘z roziligi bilan ishchi guruh (komissiya) tarkibiga kiritiladi.

Ishchi guruh (komissiya) a’zolari normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan tegishli bilim va tajribaga ega bo‘lishi kerak.

Ishlab chiquvchi ishchi guruhning (komissiyaning) faoliyatini ta’minlash uchun davlat organlaridan va o‘zga tashkilotlardan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan materiallarni, statistika ma’lumotlarini va boshqa ma’lumotlarni olishga, loyiha yuzasidan ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar va mutaxassislarning maslahatlari hamda tavsiyalarini, shuningdek ekspertlar xulosalarini olishga haqlidir.

Normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organ, zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni davlat organlariga, ilmiy va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga belgilangan tartibda o‘z vakolatlari doirasida topshirishga yoki ularga shartnoma asosida buyurtma berishga haqlidir.

Normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organ, zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatlarning muqobil loyihalarini tayyorlashni bir nechta davlat organiga, ilmiy va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga o‘z vakolatlari doirasida topshirishga yoki ular bilan shartnomalar tuzishga, shuningdek eng yaxshi normativ-huquqiy hujjat loyihasi uchun tanlovlar o‘tkazishga haqlidir.

 LexUZ sharhi

Shuningdek, qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamenti”ning 3-bobi (“Qonun loyihalarini tayyorlash, kelishish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish”), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-martdagi 242-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti”ning 5-bobi, “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalarning (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.) III-bobi (“Loyihalarni tayyorlashni tashkillashtirish”) va “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 2565, 28.02.2014-y.) 2-bobi (“Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash”).

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida”gi nizomning 10-bandi 1) kichik bandining beshinchi xatboshisi.

20-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda qonun hujjatlarining holatini, qo‘llanilish amaliyotini, jamoatchilik fikrini va xalqaro tajribani o‘rganish

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda ishlab chiquvchi:

qonun hujjatlarining holatini, loyihani tartibga solish predmeti bo‘yicha qo‘llanilish amaliyotini o‘rganadi;

ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan nuqsonlar va ziddiyatlarni, shuningdek huquqiy jihatdan tartibga solishga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni, qonun hujjatlarining samaradorligiga ta’sir etuvchi sabablar hamda sharoitlarni aniqlaydi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek ayrim fuqarolarning takliflarini, ommaviy axborot vositalarining materiallarini, ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar va mutaxassislarning maslahatlari va tavsiyalarini, jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalari ma’lumotlarini umumlashtiradi hamda ulardan foydalanadi;

xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini hisobga oladi, shuningdek huquqiy jihatdan tartibga solish borasida boshqa davlatlar tajribasini o‘rganadi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi mumkin. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasiga qo‘yiladi.



(20-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi O‘RQ-459-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son)

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi manfaatdor davlat organlari, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, o‘zga tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar ishtirokida o‘tkaziladi.



(20-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi O‘RQ-459-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son)

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining mutaxassislar muhokamasi tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarining, tarmoqlarning vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.



(20-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi O‘RQ-459-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son)

Normativ-huquqiy hujjat loyihasining jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasi ishtirokchilari ishlab chiquvchi tomonidan uning matni bilan oldindan tanishtirilishi lozim.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi jarayonida bayon etilgan takliflar va mulohazalar tavsiya xususiyatiga ega hamda ishlab chiquvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Inobatga olinmagan takliflar va mulohazalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar bergan holda ma’lumotnoma tayyorlanadi. Muhokama materiallari normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga ko‘rib chiqish uchun normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish bilan bir vaqtda kiritiladi.

 LexUZ sharhi

Shuningdek, qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 14, 15 va 16-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamenti”ning 4-bobi (“Qonun loyihalarining jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasi”).

21-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining ekspertizasi

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi shart.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, ekologik, korrupsiyaga qarshi ekspertizadan, shuningdek boshqa turdagi ekspertizalardan o‘tkazilishi mumkin.



(21-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash metodikasi” (19.04.2019-y., ro‘yxat raqami 3155).

Ekspertlar sifatida normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda bevosita ishtirok etmagan tashkilotlar va (yoki) shaxslar jalb qilinadi. Ekspertiza o‘tkazish uchun olimlar va mutaxassislar, shu jumladan boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan olimlar va mutaxassislar jalb etilishi mumkin. Ekspertlar normativ-huquqiy hujjat loyihasiga baho berishda mustaqildirlar va ular ekspertiza o‘tkazishni topshirgan organning nuqtai nazari bilan bog‘liq bo‘lmaydi.

Ekspertlarning normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha xulosalari tavsiya xususiyatiga ega va ishlab chiquvchi yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organ tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Xulosaning inobatga olinmagan bandlari yuzasidan tegishli tushuntirishlar bergan holda ma’lumotnoma tayyorlanadi.

22-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy ekspertizasi

Huquqiy ekspertiza davomida normativ-huquqiy hujjat loyihasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, shuningdek havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligi tekshiriladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasi ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organning yuridik xizmati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazilishi mumkin. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini boshqa turdagi ekspertizalar o‘tkazilganidan keyin amalga oshiradi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘g‘risida nizom”ning 16-bandi 2) kichik bandi v) kichik bandi, “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalarning (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.) VII-bobi (“Ishlab chiquvchining yuridik xizmati tomonidan loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazish”).

Mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi tegishli adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.



(22-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 8-yanvardagi O‘RQ-512-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son)

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasi davomida mazkur loyihalarning ularda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, shuningdek tadbirkorlik subyektlari uchun asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi ortiqcha ma’muriy cheklovlarni hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalar bor-yo‘qligini aniqlash nuqtai nazaridan tahlilini ham amalga oshiradi.



(22-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 8-yanvardagi O‘RQ-512-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son)

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish uslubiyoti” (ro‘yxat raqami 2745, 25.12.2015-y.).

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.

 LexUZ sharhi

Shuningdek, qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi, “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalar (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizom, “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari” (ro‘yxat raqami 2565, 28.02.2014-y.) va “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 2420, 01.02.2013-y.).

23-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga kiritish

Tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ekspertiza yakunlari bo‘yicha xulosasi va tushuntirish xati bilan kiritilib, unda hujjatni qabul qilishning zarurligi asoslanadi, ishlab chiquvchilar ko‘rsatiladi, normativ-huquqiy hujjat mazmunining qisqacha tavsifi beriladi, loyiha kelishilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ro‘yxati keltiriladi, normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha kelishmovchiliklarning mazmuni hamda ular haqidagi asoslantirilgan fikr qisqacha bayon etiladi. Zarurat bo‘lganda, normativ-huquqiy hujjat loyihasiga uni asoslash uchun moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar, statistika ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlar ilova qilinadi.



(23-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 8-yanvardagi O‘RQ-512-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son)

Ishlab chiquvchi qonun loyihasini kiritayotganda xalqaro hujjatlarning va chet el mamlakatlari qonun hujjatlarining, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining tegishli qoidalarini, tegishli xalqaro tajribani O‘zbekiston Respublikasi sharoitida qo‘llash maqbulligi to‘g‘risidagi asosli takliflarni ketma-ketlik tartibida ko‘rsatgan holda tahliliy qiyosiy jadvallarni tayyorlashi shart.

Xalqaro hujjatlar va chet el mamlakatlari qonun hujjatlarining prinsiplari, qoidalari hamda ta’riflarining tayyorlangan batafsil tahlilini o‘z ichiga olgan qiyosiy jadvalsiz kiritilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertiza yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda ko‘rib chiqiladi



(23-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 8-yanvardagi O‘RQ-512-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son)

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senati Kengashining 2015-yil 15-sentabrdagi № 220-III/KQ-41-III-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotganda qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillarining ishtirok etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni hamda Qonun loyihasi tayyorlanayotganda xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonun hujjatlari qoidalarining qiyosiy tahlilini o‘tkazish uslubiyotini tasdiqlash haqida”gi qo‘shma qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qonun loyihasi konsepsiyasiga, qonun loyihasiga ilova qilinadigan tushuntirish xati, tahliliy va axborot materiallariga qo‘yiladigan asosiy talablar” .

4-bob. Normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘yiladigan asosiy talablar

24-modda. Normativ-huquqiy hujjat mazmuniga qo‘yiladigan talablar

Normativ-huquqiy hujjatning matni lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etiladi. Normativ-huquqiy hujjatda foydalaniladigan tushunchalar va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etadigan, ularning qonun hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda qo‘llaniladi. Eskirgan hamda ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Normativ-huquqiy hujjatda uni amalga oshirishning huquqiy vositalari, shu jumladan moliyalashtirish manbalari, rag‘batlantirish, mukofotlash va nazorat qilish chora-tadbirlari ko‘rsatilishi mumkin.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek mansabdor shaxslar hamda fuqarolarning majburiyatlarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatda ushbu majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik choralari, agar bunday choralar qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki alohida normativ-huquqiy hujjatda belgilanmasligi kerak bo‘lsa, nazarda tutiladi.

Normativ-huquqiy hujjat uning qabul qilinishi sabablari va maqsadlariga oid tushuntirishni qamrab olgan muqaddimaga ega bo‘lishi mumkin. Huquqiy normalar muqaddimaga kiritilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida huquqiy normalar tartib raqamiga ega bo‘lgan moddalar ko‘rinishida bayon etiladi. Moddalar qismlarga ajratilishi mumkin. Moddalarning qismlari bandlar, kichik bandlar va xatboshilarni qamrab olishi mumkin. Boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda huquqiy normalar tartib raqamiga ega bo‘lgan bandlar tarzida bayon etiladi. Bandlar kichik bandlar va xatboshilarga ajratilishi mumkin.

Hajm jihatidan yirik normativ-huquqiy hujjatlarning mazmunan yaqin bo‘lgan moddalari (bandlari) paragraflar va boblarga birlashtiriladi. Zarur hollarda boblar bo‘limlarga va kichik bo‘limlarga birlashtirilishi mumkin. Bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar va paragraflar sarlavhalarga ega bo‘ladi hamda raqamlanadi.

Zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatda yuridik, texnik va boshqa maxsus atamalar hamda tushunchalarning qisqacha ta’rifi beriladi, umum qabul qilingan qisqartmalar qo‘llaniladi va boshqa qisqartmalarga tushunchalar beriladi.

Zarur holda normativ-huquqiy hujjatda yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatning ayrim qoidalari mazkur hujjatga havola qilingan holda aynan takrorlanadi.

Normativ-huquqiy hujjatda, qoida tariqasida, xuddi shunday yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning huquqiy normalari qayta aynan takrorlanmaydi.

Normativ-huquqiy hujjatlarda havolalar huquqiy normalarning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatish yoki takrorlashlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurati bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi. Havolalar aniq bo‘lishi va normativ-huquqiy hujjatni yoxud uning alohida qoidalarini ko‘rsatishi kerak.

 LexUZ sharhi

Shuningdek, qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 19—22-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 237–II/150–II-sonli qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalari”, “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalarning (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.) 18—54-bandlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomning 8-bandi, “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 2565, 28.02.2014-y.) 29—38-bandlari, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning (ro‘yxat raqami 2420, 01.02.2013-y.) III bobi (”Loyihaning matniga va tuzilishiga qo‘yiladigan talablar”).

Qonunda nazarda tutilgan hollarda normativ-huquqiy hujjatda uning (yoki uning qismlarining) kuchga kirish muddati ko‘rsatilishi kerak.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 181-moddasi.

(24-modda O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi O‘RQ-381-sonli Qonuniga asosan o‘n birinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari matnlarida tegishli qonunlar qabul qilinganidan keyin ularning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini tashkil etish uchun mas’ul bo‘lgan aniq davlat organlari ko‘rsatiladi.



(24-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuniga asosan o‘n ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)

25-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning rekvizitlari

Normativ-huquqiy hujjatlar quyidagi rekvizitlarga ega bo‘ladi:

hujjatning turi va nomi;

hujjat qabul qilingan joy, sana (O‘zbekiston Respublikasining qonunlari uchun ma’qullangan va imzolangan sana ham), raqami (vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari uchun ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sana va ro‘yxatga olish raqami ham);

tegishli normativ-huquqiy hujjat matnini tasdiqlashga rasman vakolati bo‘lgan shaxsning lavozimi, imzosi, ismining bosh harfi va familiyasi.

26-modda. Normativ-huquqiy hujjatning rasmiy matnini tasdiqlash

Normativ-huquqiy hujjatning rasmiy matni unga imzo qo‘yish yo‘li bilan, ya’ni:

O‘zbekiston Respublikasining qonuni — O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarori — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni va qarori — O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti;



(26-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari — normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ rahbari;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari — tegishli hokim tomonidan tasdiqlanadi.

27-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etadi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlari tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas va huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning mansabdor shaxslari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlarni amalga kiritganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizom, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-maydagi 197-sonli “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning me’yoriy hujjatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori, “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari” (ro‘yxat raqami 2565, 28.02.2014-y.).

5-bob. Normativ-huquqiy hujjatlarni e’lon qilish, ularning kuchga kirishi va amal qilishi

28-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni e’lon qilishga doir talablar

Normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e’lon qilinishi kerak. Rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida hech kim hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.

Normativ-huquqiy hujjat bayon tarzida rasmiy e’lon qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Normativ-huquqiy hujjat rasmiy e’lon qilinganda uning barcha rekvizitlari ko‘rsatiladi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllari ularni qabul qilgan organlarning rasmiy veb-saytlariga normativ-huquqiy hujjat rasmiy e’lon qilinganidan keyin bir kun ichida joylashtirilishi shart. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllarini e’lon qilish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.



(28-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)

Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda e’lon qilishga, shuningdek ularni qonun hujjatlarining elektron ma’lumot tizimlari orqali tarqatishga normativ-huquqiy hujjat rasmiy manbalarda e’lon qilinganidan so‘ng, ularning barcha rekvizitlarini, ular e’lon qilingan rasmiy nashrlarni va ularning kuchga kirish sanasini ko‘rsatish sharti bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunda rasmiy nashrlarda e’lon qilingan normativ-huquqiy hujjat matnining aniq takrorlanishi ta’minlanishi lozim.

Normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori.

29-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manbalar

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.



(29-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)

“O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.

“O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, shuningdek vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning rasmiy nashrlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy nashrlari mazkur organlarning qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.

(29-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrdagi O‘RQ-411-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 39-son, 457-modda)

30-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning kuchga kirishi

Normativ-huquqiy hujjatlar, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ular rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

31-modda. Normativ-huquqiy hujjatning orqaga qaytish kuchi

Normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

O‘zbekiston Respublikasining qonuni u amalga kiritilishiga qadar yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi. Agar O‘zbekiston Respublikasining qonuni sodir etilgan paytda javobgarlikka sabab bo‘lmagan yoki yengilroq javobgarlikka sabab bo‘lgan xatti-harakatlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini joriy etishni yoxud kuchaytirishni nazarda tutsa yoxud yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar yetkazsa, qonunga orqaga qaytish kuchini berish mumkin emas.

32-modda. Normativ-huquqiy hujjatning hudud bo‘yicha amal qilishi

Normativ-huquqiy hujjatning hudud bo‘yicha amal qilishi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning yurisdiksiyasi bilan belgilanadi.

Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ uning hudud bo‘yicha amal qilishi doirasini cheklab qo‘yishi mumkin.

33-modda. Normativ-huquqiy hujjatning vaqt bo‘yicha amal qilishi

Normativ-huquqiy hujjat, agar uning matnida boshqacha izoh berilmagan bo‘lsa, muddatsiz amal qiladi.

Normativ-huquqiy hujjatning amal qilish muddati butun hujjat uchun yoki uning qismlari uchun belgilanishi mumkin. Bunday holda normativ-huquqiy hujjat yoxud uning qismi qaysi muddatga yoki qanday hodisa yuz berguniga qadar o‘z kuchini saqlab qolishi ko‘rsatilishi kerak.

Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ belgilangan muddat tugaguniga qadar yoki hodisa yuz berguniga qadar hujjatning yoki uning qismining amal qilishini yangi muddatga, boshqa hodisa yuz berguniga qadar uzaytirish to‘g‘risida yoxud normativ-huquqiy hujjat qonun hujjatlariga, o‘tkazilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga, jamiyatdagi barqaror huquqiy munosabatlarga muvofiq bo‘lgan taqdirda hujjatga (uning qismiga) muddatsiz tus berish haqida qaror qabul qilishi mumkin.

34-modda. Normativ-huquqiy hujjatning shaxslar doirasi bo‘yicha amal qilishi

Normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslariga, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirganda chet el yuridik shaxslariga, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tatbiq etiladi.

35-modda. Normativ-huquqiy hujjat amal qilishining to‘xtatib turilishi va tugatilishi

Normativ-huquqiy hujjatning yoki uning qismining amal qilishi uni qabul qilgan organ yoxud uning yuqori turuvchi organi tomonidan muayyan muddatga yoki muayyan hodisa yuz berguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin.

 LexUZ sharhi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomning 18-bandiga hamda “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari” (ro‘yxat raqami 2565, 28.02.2014-y.) 121-bandiga muvofiq nizoli masalalar kelib chiqqanda, shuningdek idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan yangi holatlar aniqlanganda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi idoraviy normativ-huquqiy hujjatning yoki uning tuzilmaviy birligining amal qilishini to‘xtatib turishga haqlidir.

Normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi quyidagi hollarda o‘zining amal qilishini tugatadi:

normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi mo‘ljallangan muddat tugaganda yoki hodisa yuz berganda;

normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi qonunda belgilangan tartibda Konstitutsiyaga xilof yoxud haqiqiy emas deb topilganda;

 LexUZ sharhi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, Hukumatning va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi.

normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilganda;

normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi bekor qilinganda.

 LexUZ sharhi

O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid keladigan qarorlarini belgilangan tartibda bekor qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hokimlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Hukumat hujjatlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining davlat manfaatlariga zid keladigan hujjatlarini to‘xtatadi va bekor qiladi.

 LexUZ sharhi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Respublika davlat boshqaruv organlarining, shuningdek hokimlarning qabul qilgan hujjatlarini to‘xtatadi, bekor qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonunining 35-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqlidir.

 LexUZ sharhi

O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunining 42 va 43-moddalariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining hujjatlari amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan hollarda ularni bekor qilish huquqiga ega, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qonun hujjatlariga zid bo‘lgan qarorlari va farmoyishlari ijrosini to‘xtatib qo‘yish hamda ularni bekor qilishga haqlidir.

 LexUZ sharhi

O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasiga muvofiq Xalq deputatlari Kengashi hokimning va quyi Kengashning O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qiladi. Shuningdek, aytib o‘tilgan Qonunning 25-moddasiga asosan, hokim quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini, basharti ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga, shuningdek yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashi va hokimning qarorlariga zid bo‘lsa, bekor qiladi va xalq deputatlari Kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashlarining hujjatlarini bekor qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi.

36-modda. Yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish

Yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga zarur o‘zgartirishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritiladi va ilgari qabul qilingan barcha hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid bo‘lsa yoxud yangi hujjat bilan to‘laligicha qamrab olingan yoki amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, lekin rasman o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmagan bo‘lsa, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi kerak.

Teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va (yoki) qo‘shimchalar, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar yoki ular qismlari ro‘yxati normativ-huquqiy hujjatning o‘zida ko‘rsatilishi lozim.

Normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritilishi yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari soni ancha ko‘p bo‘lgan taqdirda, mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar, shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati alohida hujjat sifatida rasmiylashtiriladi. Bunday hujjat loyihasi ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlanadi va normativ-huquqiy hujjat loyihasi bilan bir vaqtda taqdim etiladi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 237–II/150–II-sonli qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalari”ning 7-bobi (“Qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish”) va 8-bobi (“O‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan qonunlar ro‘yxati”), “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalarning (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.), VI-bobi (“Qonunosti hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi loyihalarni tayyorlashning xususiyatlari”), “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 2565, 28.02.2014-y.) 109—119-bandlari, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning (ro‘yxat raqami 2420, 01.02.2013-y.) V bobi (“Qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi loyihalarni tayyorlashning xususiyatlari”).

37-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini tarqatish

Normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini tarqatish normativ-huquqiy hujjat matni bilan moneliksiz tanishish imkoniyatini ta’minlaydigan har qanday shaklda amalga oshirilishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini tarqatish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.



(37-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)

 LexUZ sharhi

Qarang: “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori.

6-bob. Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish va ta’minlash

38-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etuvchi va ta’minlovchi organlar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijrosini tashkil etadi hamda ta’minlaydi.



(38-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonunining 3-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-martdagi 242-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti”ning 2-bandi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, ularning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etadi hamda ta’minlaydi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tegishli hududda tashkil etadi va ta’minlaydi.

 LexUZ sharhi

Shuningdek, qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 1-moddasi.

39-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish va ta’minlash borasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatlari doirasida:

normativ-huquqiy hujjatlar o‘z vaqtida ijro etilishiga qaratilgan zarur tadbirlarni ishlab chiqadi va (yoki) qarorlar qabul qiladi;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning ishini muvofiqlashtiradi hamda yo‘naltiradi, ularning normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish borasidagi vakolatlarini belgilaydi;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish uchun zimmasiga javobgarlik yuklatiladigan vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda mansabdor shaxslarni belgilaydi;

normativ-huquqiy hujjatlar o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

40-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish hamda ta’minlash borasidagi vakolatlari

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar o‘z vakolatlari doirasida:

normativ-huquqiy hujjatlar o‘z vaqtida ijro etilishiga qaratilgan zarur tadbirlarni ishlab chiqadi va (yoki) qarorlar qabul qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijro etilishiga qaratilgan zarur normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini amalga oshiradi;

normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining tarqatilishini ta’minlaydi, normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha boshqa tashkilotlar bilan birgalikda zarur tushuntirish ishlarini tashkil etadi;

normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash uchun o‘z xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, tegishli tarmoqda qonun hujjatlarining qo‘llanilishi amaliyotini o‘rganadi va, zarurat bo‘lganda, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;

belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjatlarning turkumlashtirilgan hisobini yuritadi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

41-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish va ta’minlash borasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli hududda:

normativ-huquqiy hujjatlar o‘z vaqtida ijro etilishiga qaratilgan zarur tadbirlarni ishlab chiqadi va (yoki) qarorlar qabul qiladi;

normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining tarqatilishini ta’minlaydi, normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha boshqa tashkilotlar bilan birgalikda zarur tushuntirish ishlarini tashkil etadi;

tegishli davlat organlarining normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi;

normativ-huquqiy hujjatlar ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, qonun hujjatlarining qo‘llanilishi amaliyotini o‘rganadi va, zarurat bo‘lganda, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;

belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjatlarning turkumlashtirilgan hisobini yuritadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

42-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi va nazorati

Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi va nazorati davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Oldingi tahrirga qarang.

(42-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi O‘RQ-389-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)

Oldingi tahrirga qarang.

(42-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi O‘RQ-389-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-noyabrdagi PQ-4505-son qarori bilan tasdiqlangan “Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

43-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash

Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilgan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharhni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi beradi.

Qonun osti hujjatlari normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan organlar beradi.

Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

44-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olish

Normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olish ushbu hujjatlarni markazlashtirilgan tarzda yig‘ish, qayd etishni, ularning fondlarini yaratish va nazorat holatida saqlab turishni hamda bunday hujjatlar haqidagi markazlashtirilgan axborotlarni o‘z ichiga oladi. Qonun hujjatlarida normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olishga doir qo‘shimcha talablar belgilanishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olishni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

 LexUZ sharhi

Qarang: “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-dekabrdagi 1013-sonli “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 52-son, 583-modda; 2014-y., 50-son, 588-modda; 2015-y., 32-son, 425-modda; 2016-y., 39-son, 457-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda, Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son)

Download 106,13 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish