[
OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.25.00 Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi]
[
TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Majburiyat huquqi. Majburiyatlarning alohida turlari]
PDF-faylidagi
rasmiy manba
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KOMPLEKS TADBIRKORLIK LITSENZIYASI (FRANShIZING) ShARTNOMALARINI DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TKAZISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq va tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yanada shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Davlat patent idorasi manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Tashkiliy tadbirlar rejasini tasdiqlasinlar. Rejada quyidagilar:
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning asosiy maqsadlari va mohiyatini hamda kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlarini tashkil etish mexanizmini tushuntirish;
respublika hududlarida franshizingni rivojlantirishning afzalliklari to‘g‘risida tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida
davra suhbatlari tashkil etish;
ixtisoslashtirilgan seminarlar va treninglar o‘tkazish yo‘li bilan kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan mutaxassislar malakasini tizimli oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari nazarda tutilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda tizimli asosda franshizingni yo‘lga qo‘yish, shuningdek milliy brendlarning chet elga chiqishida tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashish uchun xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarni, eng avvalo, ishlab chiqarish tashkilotlarini va ularning brendlarini O‘zbekiston Respublikasiga jalb etish ishlarini olib borsinlar.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-iyundagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va xo‘jalik boshqaruvi organlariga:
manfaatdor tashkilotlar va xalqaro donor institutlar bilan birgalikda yirik korxonalar bilan kichik biznes, xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish maqsadida franshizingni tizimli o‘rganish va uning mexanizmini Savdo-sanoat palatasi a’zolari va sheriklari orasida joriy etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda franshizing mexanizmidan foydalangan holda muvaffaqiyatli korxonalarning tajribasini aniqlash va yoyish chora-tadbirlarini ko‘rish;
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining saytida franshizing mexanizmini qo‘llash bo‘yicha o‘quv-metodik va ko‘rgazmali qo‘llanmalarni, sharhlarni joylashtirish tavsiya qilinsin.
5. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o‘z idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 4-noyabr,
244-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 4-noyabrdagi 244-son qaroriga
ILOVA
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomalarini (keyingi o‘rinlarda “franshizing to‘g‘risidagi shartnoma” deb yuritiladi) davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda, franshizing to‘g‘risidagi shartnomalarga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish yoki ularni bekor qilishda qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlari bilan franshizing to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha litsenziat yoki litsenziar sifatida ish ko‘radigan yuridik shaxslar (tijorat tashkilotlari), yakka tadbirkorlar o‘rtasida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnomalar (letsenziyalar) olish zarur bo‘lgan taqdirda, lizenziat tegishli ruxsatnoma (litsenziya) olishi va bunday faoliyatni faoliyatning ushbu turini tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlar talabiga muvofiq amalga oshirishi shart.
2. Ushbu Nizom maqsadlari uchun quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
franshizing to‘g‘risidagi shartnoma — u bo‘yicha bir taraf (litsenziar) ikkinchi tarafga (litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qo‘riqlanadigan tijorat axborotidan, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa obyektlardan (tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va ixtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini o‘z ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksi (litsenziya kompleksi)ni berish majburiyatini oladigan shartnoma;
kompleks tadbirkorlik bo‘yicha qo‘shimcha litsenziya shartnomasi (keyingi o‘rinlarda “qo‘shimcha litsenziya shartnomasi” deb yuritiladi) — bu litsenziat tomonidan unga berilgan litsenziya kompleksidan yoki uning qismidan litsenziar bilan kelishilgan yoxud franshizing to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan shartlarda foydalanish huquqini boshqa shaxslarga berish to‘g‘risidagi shartnoma;
litsenziar — franshizing to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha taraf, litsenziatga kompleks mutlaq huquqlarni haq evaziga foydalanish uchun beruvchi kompleks mutlaq huquqlar (litsenziya kompleksi)ning
huquqiy egasi;
litsenziat — franshizing to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha taraf, litsenziarning kompleks mutlaq huquqlaridan tadbirkorlik faoliyati uchun huquqiy foydalanuvchi;
franshizing to‘g‘risidagi shartnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish — tegishli ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarda Franshizing to‘g‘risidagi shartnomalarni (ularni tuzishni, ularga muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritish yoki ularni bekor qilishni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni hisobga olish jurnaliga (keyingi o‘rinlarda “Jurnal” deb ataladi) yozish tartib-qoidasi;
franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar — shartnoma predmeti, yetkazib beriladigan tovar (ishlar, xizmatlar)ning miqdori, sifati, turi, narxi, bajarish muddatlari, hisob-kitob tartibi, taraflarning rekvizitlari,
shartnoma tuzilgan sana va joy, shuningdek franshizing to‘g‘risidagi shartnomalar uchun qonun hujjatlarida belgilangan yoki ularga nisbatan taraflardan biri tomonidan berilgan ariza bo‘yicha bitimga erishilishi kerak bo‘lgan boshqa muhim shartlar bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar.
II. Franshizing to‘g‘risidagi shartnomalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi
3. Franshizing to‘g‘risidagi shartnomalar, ularga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularning amal qilishini bekor qilish davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
4. Franshizing to‘g‘risidagi shartnoma (muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda bekor qilish) shartnoma bo‘yicha litsenziar sifatida ish ko‘radigan yuridik shaxs yoki yakka tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadigan organ (keyingi o‘rinlarda “ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ” deb ataladi) tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Ushbu qoidaga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy hisoblanmasligiga olib keladi.
Agar litsenziat xorijiy davlatda yuridik shaxs yoki yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, franshizing to‘g‘risidagi shartnomani (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar hamda bekor qilish)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartnoma bo‘yicha litsenziat sifatida ish ko‘radigan yuridik shaxs yoki yakka tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan O‘zbekiston Respublikasining ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar franshizing to‘g‘risidagi shartnomada tashqi savdo operatsiyalari (tovarlar, ishlar va xizmatlar eksporti-importi) nazarda tutiladigan bo‘lsa, u holda bunday operatsiyalarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan talablarga ham rioya qilinishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni o‘z ichiga oladigan franshizing to‘g‘risidagi shartnoma (litsenziya shartnomasi)ning tegishli qismi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida ham ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Bunda litsenziya shartnomasi franshizing to‘g‘risidagi shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu talabga rioya qilinmagan taqdirda, agar shartnomaning boshqa shartlari bevosita o‘z kuchini saqlab qolishi mumkin bo‘lsa, shartnomaning (litsenziya shartnomasining) tegishli qismi yoxud franshizing to‘g‘risidagi shartnoma umuman tuzilmagan va haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar intellektual mulk obyekti O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, intellektual mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish va uni franshizing to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha berish shartnoma taraflarining xohishiga ko‘ra amalga oshiriladi.
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
5. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu Nizomning 9—11-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etilgan kundan boshlab 3 (uch) ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
6. Franshizing to‘g‘risidagi shartnoma (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar yoki bekor qilish)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza:
a) yakka tadbirkor;
b) yuridik shaxs — huquq egasi (shartnomaga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish yoki uni bekor qilish to‘g‘risida sud organining qarori asosida, yoki, agar huquq egasi xorijiy shaxs bo‘lsa, huquqdan foydalanuvchi)ning doimiy ishlaydigan ijro etuvchi organi rahbari yoki yuridik shaxs nomidan ishonchnomasiz ish ko‘rish huquqiga ega bo‘lgan
boshqa shaxs;
v) huquq egasi bo‘lgan yuridik shaxs yoki yakka tadbirkor nomidan ishonchnoma asosida ish ko‘radigan boshqa shaxs tomonidan berilishi mumkin.
7. Franshizing to‘g‘risidagi shartnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza erkin shaklda tuziladi.
Bunda litsenziar (litsenziat) arizada quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatadi:
a) litsenziar (litsenziat)ning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli va manzili, litsenziar o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan va kelgusida litsenziat o‘z faoliyatini amalga oshiradigan nom (savdo markasi, savdo belgisi va hokazolar);
b) shartnoma predmeti bo‘lgan franshizingning qisqacha tavsifi;
v) lizensiarning intellektual mulki haqidagi litsenziatga beriladigan:
ro‘yxatdan o‘tkazish yoki ro‘yxatdan o‘tkazish uchun berish;
intellektual mulk egasi;
intellektual mulkka ruxsat beruvchi hujjatning amal qilish muddati haqidagi ma’lumotlar;
g) franshizing to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
Franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar yoki bekor qilishni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizada litsenziar (litsenziat)ning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli va manzili hamda arizaning nima haqda berilayotganligi ko‘rsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ariza beruvchi arizani vakolatli shaxs (rahbar yoki ishonchnoma asosida ish ko‘ruvchi boshqa shaxs)ning imzosi bilan tasdiqlaydi. Ariza yuridik shaxsning rahbari tomonidan imzolanganda uning lavozimi ko‘rsatiladi.
(7-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
8. Hujjatlar vakolatli shaxsning (ariza beruvchining) o‘zi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etiladi yoki topshirilganlik to‘g‘risidagi bildirish qog‘ozi bilan pochta jo‘natmasi orqali yuboriladi.
Franshizing to‘g‘risidagi shartnoma (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar yoki bekor qilish)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar bevosita taqdim etilganda ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlarni taqdim etgan shaxsga ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan hujjatlarning ro‘yxati va ular olingan sana ko‘rsatilgan holda hujjatlar olinganligi to‘g‘risida tilxat beriladi. Tilxat hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan olingan kunda berilishi kerak.
Pochta orqali yuborilgan hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga tushganda tilxat hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan olingan kundan keyingi bir ish kunidan kechikmay topshirilganligi to‘g‘risidagi bildirish qog‘ozi bilan vakolatli shaxsga pochta jo‘natmasi orqali jo‘natiladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalar yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish sabablari ko‘rsatilgan qaror pochta orqali yuborilgan taqdirda ular vakolatli shaxsga pochta orqali jo‘natish uchun topshirilgan hujjatlar ro‘yxati ilova qilingan holda topshirganlik haqidagi bildirishnoma bilan yuboriladi.
9. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun franshizing to‘g‘risidagi shartnomalar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etilganda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) franshizing to‘g‘risidagi shartnoma har bir tarafining yuridik shaxs yoki yakka tadbirkor sifatidagi maqomini tasdiqlaydigan hujjatning nusxasi (guvohnoma, patent, xorijiy litsenziar uchun — xorijiy davlatning tegishli davlat reyestridan ko‘chirma yoki tegishli o‘rnini bosuvchi hujjatlar);
(9-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
v) taraflar tomonidan imzolangan franshizing to‘g‘risidagi shartnomaning uch nusxasi tikilgan, varaqlari raqamlangan bo‘lishi kerak, ularda o‘chirib
tuzatishlar, qo‘shimcha yozuvlar, usti chizilgan so‘zlar yoki boshqa qayd etilmagan tuzatishlar bo‘lmasligi kerak;
g) ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat.
Agar vakolatli shaxs ishonchnoma asosida ish ko‘radigan shaxs bo‘lsa, ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning vakolatini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatning nusxasi ham taqdim etiladi.
Taraflar tomonidan imzolangan franshizing to‘g‘risidagi shartnomaning taqdim etilgan nusxalariga tegishli ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan yozuv qayd etiladi (shtamp bosiladi).
Franshizing to‘g‘risidagi shartnomaning ikki nusxasi franshizing to‘g‘risidagi shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan keyingi bir ish kunidan kechikmay vakolatli shaxsga beriladi (yuboriladi), uchinchi nusxasi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organda saqlanadi.
10. Franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga tegishli hujjatlarni topshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) taraflar tomonidan imzolangan franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga kiritilayotgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarning uch nusxasi;
b) sud organining qarori asosida franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda — ushbu hujjatning nusxasi;
v) ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat.
Agar vakolatli shaxs ishonchnoma asosida ish ko‘radigan shaxs bo‘lsa, ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning vakolatini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatning nusxasi ham taqdim etiladi.
Taraflar tomonidan imzolangan franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarning taqdim etilgan nusxalariga tegishli ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan yozuv qayd etiladi (shtamp bosiladi).
Franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga kiritilayotgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarning ikki nusxasi franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan keyingi bir ish kunidan kechikmay vakolatli shaxsga beriladi (yuboriladi), franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalarning uchinchi nusxasi esa ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organda saqlanadi.
11. Franshizing to‘g‘risidagi shartnomaning bekor qilinishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotganda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga beriladigan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) taraflar tomonidan imzolangan franshizing to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi bitimning uch nusxasi;
b) franshizing to‘g‘risidagi shartnoma sudning hujjati asosida bekor qilinganda franshizing to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi bitim o‘rniga ushbu hujjatning nusxasi taqdim etiladi.
Franshizing to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan franshizing to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilingan taqdirda ariza beruvchi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga faqat ariza taqdim etadi.
Agar vakolatli shaxs ishonchnoma asosida ish ko‘radigan shaxs bo‘lsa, ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning vakolatini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatning nusxasi ham taqdim etiladi.
Taraflar tomonidan imzolangan franshizing to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi bitimning tasdiqlangan nusxalariga tegishli ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan yozuv qayd etiladi (shtamp bosiladi).
Franshizing to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi bitimning ikki nusxasi franshizing to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan keyingi bir ish kunidan kechikmay vakolatli shaxsga beriladi (yuboriladi), franshizing to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi bitimning uchinchi nusxasi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organda saqlanadi.
12. Ko‘rsatilgan ro‘yxatdan ortiqcha qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotlar so‘rash taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
12
1. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud bo‘lgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda o‘zaro axborot hamkorligi yo‘li bilan, shu jumladan elektron
tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu Nizomning 9 — 11-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno.
(12
1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
13. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Jurnalga franshizing to‘g‘risidagi shartnoma (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar yoki bekor qilish) bo‘yicha yozuvni kiritish va franshizing to‘g‘risidagi shartnomalar (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar yoki bekor qilish) (yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatlar)ning taqdim etilgan nusxalariga ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan namunaga muvofiq tegishli shtamp va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning muhri qo‘yilishi orqali amalga oshiriladi.
Jurnal ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda qog‘ozda yuritiladi.
Jurnaldagi har bir yozuvga ro‘yxatdan o‘tkazish tartib raqami beriladi. Raqamlash har bir yozuvga birdan boshlab navbatdagi tartib raqami berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Tartib raqami navbatdagi yilga o‘zgarishsiz o‘tadigan tarzda qo‘yiladi. Har bir yozuv uchun uning Jurnalga kiritilgan sanasi (davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasi) ko‘rsatiladi.
14. Shartnoma bo‘yicha litsenziar sifatida ish ko‘radigan yuridik shaxs yoki yakka tadbirkorning ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organi o‘zgargan taqdirda, franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga bundan keyin muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish yoki uni bekor qilish litsenziar yangi ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organda (xorijiy litsenziar bilan bog‘liq holatda — litsenziat ro‘yxatdan o‘tkazilgan yangi joy bo‘yicha) amalga oshiriladi.
Ushbu Nizomda nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga boshqa ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning Jurnalidan ko‘chirma ham taqdim etiladi.
Ko‘chirma Jurnalida franshizing to‘g‘risidagi shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan litsenziar (litsenziat)ning murojaati olingandan boshlab bir kun mobaynida beriladi, unda franshizing to‘g‘risidagi shartnomaning oldingi ro‘yxatdan o‘tkazish sanasi va organi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Tegishli ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ikki kun mobaynida Jurnalida franshizing to‘g‘risidagi shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari turkumi berilishi to‘g‘risida so‘rov yuboradi. Tegishli so‘rov olingandan keyin Jurnalida franshizing to‘g‘risidagi shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ franshizing to‘g‘risidagi tegishli shartnoma bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlarini yangidan ro‘yxatdan o‘tkazgan organga yuboradi va bu haqda Jurnalga tegishli yozuvni kiritadi.
15. Litsenziat yoki litsenziar tugatilgan taqdirda franshizing to‘g‘risidagi shartnoma ham bekor qilinishi va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda ular tugatilgunga qadar ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Franshizing to‘g‘risidagi shartnoma (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning bankdagi hisob raqamiga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan biri miqdorida ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi to‘lanadi.
(16-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi:
sud organining hujjati asosida franshizing to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda;
franshizing to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinganda;
franshizing to‘g‘risidagi shartnoma (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha hujjatlar takroran ko‘rib chiqilganda to‘lanmaydi.
17. Qo‘shimcha litsenziya to‘g‘risidagi shartnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish franshizing to‘g‘risidagi shartnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
18. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ quyidagi asoslar bo‘yicha:
a) tegishli bo‘lmagan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat qilinganda;
b) kompleks mutlaq huquqlarning muvofiq bo‘lmagan huquq egalari (huquqdan foydalanuvchilar) tomonidan murojaat qilinganda;
v) ariza beruvchining tashkiliy-huquqiy shakli ushbu Nizom shartlariga nomuvofiq bo‘lganda;
g) ushbu Nizomning 9—11-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganda yoki qasddan soxta hujjatlar yoki ma’lumotlar taqdim etilganda;
d) taqdim etilgan hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari
talablariga nomuvofiqligi, shu jumladan franshizing to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilishda oldindan ma’lum qilish muddatlariga rioya qilinmaganda franshizing to‘g‘risidagi shartnomani (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar yoki bekor qilishni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
e) faoliyatning tegishli turini amalga oshirish huquqiga zarur ruxsatnomalar (litsenziyalar)ning mavjud emasligi, agar bunday ruxsatnoma (litsenziya) O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq talab etilsa.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan “e” kichik band bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
19. Taqdim etilgan hujjatlar faqat ushbu Nizomning 18-bandida ko‘rsatilgan rad etish uchun asoslar mavjud emasligi yuzasidan o‘rganiladi. Boshqa sabablarga ko‘ra, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi mulohazasi bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning asosli rad etilishi to‘g‘risidagi qaror ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan qabul qilinadi va hujjatlar taqdim etilgan paytdan boshlab 3 (uch) ish kuni mobaynida ariza beruvchiga yozma shaklda beriladi.
20. Mulohazalar va takliflar tuzatilgandan keyin ariza beruvchi hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning yozma rad etishi olingan paytdan boshlab 3 (uch) oy mobaynida ushbu Nizomda belgilangan tartibda takroran topshirish huquqiga ega. Ushbu muddat tamom bo‘lgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi. Hujjatlarni takroran ko‘rib chiqishda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan oldin ariza beruvchiga yozma shaklda bayon qilinmagan yangi yoki aniqlashtiruvchi mulohazalar bildirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
21. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlari ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning aybi bilan buzilgan taqdirda franshizing to‘g‘risidagi shartnoma (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar yoki bekor qilish) belgilangan muddatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan hisoblanadi, bu haqda ariza beruvchining talabiga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan biror-bir qo‘shimcha talablarsiz franshizing to‘g‘risidagi shartnoma (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar yoki bekor qilish) (yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatlar)ga tegishli yozuv yoziladi (shtamp bosiladi) va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning muhri bosiladi.
22. Ariza beruvchi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qaroridan, uning mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi)dan yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlari buzilishidan norozi bo‘lgan taqdirda belgilangan tartibda yuqori davlat organiga va (yoki) sudga murojaat qilishga haqlidir.
III. Javobgarlik
23. Ushbu Nizom buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ shtampi