Dunyo va jamiyat
Reja:
-
Tinchlik – ulug’ nemat.
-
O’zbekiston – dunyo mamlakatlari nigohida.
-
Vatan tinchligi va xavfsizligi - har nedan ustun.
-
Ogohlik va xushyorlik – davr talabi.
-
Tarix va bugun.
-
Kuchli davlatlar kuchli fuqarolik jamiyati sari.
-
O’zbekistonning bugun kelajagi yo’lida.
1.Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida, har bir mahalla, qishloq, xonadon, har bir yurtdoshimiz qalbida bayram shukuhi hukmron. Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 6 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joylarda “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!” shiori ostida adabiy-badiiy kechalar, davra suhbatlari, turli madaniy-ma’naviy tadbirlar tashkil etilmoqda, madaniyat va san’at arboblari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda, yangi korxonalar, ta’lim, madaniyat, tibbiyot, sport obyektlari foydalanishga topshirilmoqda.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimizni ana shunday quvonch va iftixor, shukronalik kayfiyati bilan kutib olish an’anaga aylangan. Zero, tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik, kishilar o‘rtasida mehr-oqibat, ko‘ngillarda xotirjamlik bo‘lgan joydagina yurakka bayramlar sig‘adi. Psixologlarning ta’kidlashicha, xotirjamlik insonning eng muhim ruhiy ehtiyoji bo‘lib, shaxs sog‘ligi, jamiyat barqarorligini ta’minlashda katta o‘rin tutadi. Insonda osoyishtalik va xotirjamlik hissi bo‘lsagina, ko‘zlagan maqsadlari yo‘lidagi sa’y-harakatlari samarali bo‘ladi va muvaffaqiyatga erisha oladi. Xuddi shunday tinchlik va barqarorlik hukmron bo‘lgan mamlakatdagina taraqqiyot bo‘ladi, bunyodkorlik ishlari rivoj topadi.
Xalqimiz yurt tinchligini ulug‘ ne’mat, qut-baraka, taraqqiyot garovi, o‘z orzu-intilishlari, ezgu niyatlari ro‘yobining muhim kafolati deb bilishi, har doim duoga qo‘l ochganda Yaratgandan elu yurtimizga tinchlik-omonlik, yaxshilik va to‘kinlik so‘rab, ezgu niyat qilishi zamirida ham ana shunday chuqur mazmun mujassam.
Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlab jamiyatimizda barqarorlikni ta’minlash, fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligini asrash hal qiluvchi vazifalardan biriga aylandi. Shu haqda so‘z yuritganda, davlatimiz rahbarining insonning eng ustuvor va muqaddas huquqlaridan biri bu – tinch yashash huquqidir. Davlat va jamiyatning burchi ana shu huquqni barcha qonuniy vositalar bilan kafolatlab berishdir. Bu huquqni amalga oshirish – davlat va jamiyatni demokratlashtirishning eng muhim shartidir. Demokratiyaning insonparvarligi ham shu bilan belgilanadi, degan fikrlarini yana bir bor eslash joiz.
Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, millatlararo totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrash eng katta vazifalarimizdandir. Binobarin, yigirma yillik mustaqil taraqqiyotimiz yo‘lida elu yurtimiz boshdan kechirgan og‘ir sinovlarni yoddan chiqarmasligimiz, mustaqilligimizni, tinch-osoyishta hayotimizni asrash uchun har birimiz doimo kurashib yashashimiz lozimligini alohida ta’kidlash kerak.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, agar biz bugungi hayotimizga, bunyodkorlik ishlarimizga, erishayotgan yutuqlarimizga to‘g‘ri baho bermasak, ularning qadriga yetmasak, hushyorligimizni yo‘qotib, turli tahdidlarni, tinch turmushimizga, xavfsizligimizga raxna solishga urinayotgan, oyoq ostidan chiqayotgan har xil balo-qazolarni payqamay-sezmay qolishimiz mumkin.
Xalqimizning bir kun janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka ketadi, degan naqlida katta hikmat bor. Uzoqqa bormaylik, yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi vaziyatni ko‘z oldimizga keltiraylik. O‘ttiz yildan beri tinmayotgan urush jafokash afg‘on xalqi boshiga ne-ne kulfatlarni solmadi deysiz. Beqarorlik tufayli mamlakat iqtisodiyoti izdan chiqdi, xalqning tinka-madori qurib, yurtdan qut-baraka ketdi.
Bugungi dunyoda o‘zining qadr-qimmatini, g‘urur va nomusini anglab yashaydigan, o‘z kuchi va qudratiga ishongan, o‘z mehnati va aql-zakovati bilan kelajagini qurishga va o‘z yurtini himoyalashga qurbi yetadigan davlat va xalqni jahon ahli tan oladi va hurmat qiladi.
Dunyo mafkuralar kurashi maydoniga aylangan hozirgi zamonda inson ongu tafakkurini zabt etish uchun bo‘layotgan harakatlarga beparvo qarash mumkin emas. Muqaddas Vatanimiz tinchligi va farovonligini, xalqimiz hamjihatligini yanada mustahkamlash uchun hammamiz, har birimiz doimo hushyor, ogoh bo‘lmog‘imiz, bugungi tinch-osoyishta kunlarning qadriga yetib, uni ko‘z qorachig‘idek asrashimiz darkor.
Tinchlik – farovonlikning muhim omili. Osoyishta yurtda yuksalish bo‘ladi, farovon eldan xotirjamlik ketmaydi. Istiqlol sharofati, davlatimiz rahbarining oqilona siyosati samarasida saodatli, fayzli kunlarga musharraf bo‘lmoqdamiz. Xalqimiz buyuk davlat barpo etish yo‘lida ulug‘ bunyodkorlik ishlari bilan band. Millatimiz tabiatiga xos mehr-oqibat, ahillik, o‘zaro hurmat singari xislatlarning jamiyatimizdagi o‘rnini yanada mustahkamlab, ularni yosh avlod ongi va qalbiga singdirish ertangi kunimiz yanada charog‘on bo‘lishining, ezgu maqsadlarimiz ijobatining muhim mezonidir. Shu bois elu yurtimizning eng buyuk boyligi bo‘lgan tinchlikni mustahkamlash, uni doimo asrash har birimizning fuqarolik, farzandlik burchimizdir.
2. O’zbekistonning jamiyatni demokratlashtirish hamda iqtisodiyotni liberallashtirish, o’z fuqarolari uchun yuksak darajadagi turmush sharoitlarini yaratish va ularning farovonligini oshirish yo’lidagi qadamlari butun jahon miqyosida yuqori bahoga sazovor bo’lmoqda.
Ko’pgina xalqaro institutlar hamda tadqiqot tashkilotlarining reyting ma’lumotlari ana shundan dalolat beradi. Ular e’lon qilayotgan tadqiqot natijalariga ko’ra, mamlakatimiz borgan sari yuqori o’rinlarga ko’tarilmoqdaki, bu dillarimizda faxr va daxldorlik tuyg’ularini uyg’otmasligi mumkin emas.
Bugungi O’zbekiston izchil taraqqiy topayotgan davlat va xalqaro munosabatlar tizimida muhim o’rin tutayotgan jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosidir. Uning keng miqyosli demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi tajribasi izchil rivojlanishning muvaffaqiyatli modeli sifatida xalqaro jamoatchilikda borgan sari katta qiziqish uyg’otayotgani holda ko’pgina mamlakatlarning ekspertlari va siyosatchilari tomonidan atroflicha tadqiq etilmoqda.
Bunga ko’p jihatdan O’zbekistonning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi faol hamkorligi ko’maklashmoqda. Ular mamlakatimizga xalqaro miqyosdagi dolzarb muammolarning hal qilinishidagi muhim va vaqt sinovidan o’tgan sherik sifatida qarashmoqda.
Shu bilan birga, nufuzli xalqaro tuzilmalar respublikamizda ro’y berayotgan siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga, davlat va jamiyat hayotidagi izchil islohotlar natijasida qo’lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlanishi hamda ularning farovonligi yuksalishiga katta qiziqish bildirishmoqda.
So’nggi paytlarda O’zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti va erishgan muvaffaqiyatlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi singari ko’p tomonlama institutlar va boshqa tashkilotlar doirasida katta qiziqish bilan ko’rib chiqilayotgani tez-tez kuzatilayotir.
Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarning natijalari haqidagi ma’lumotlar muntazam ravishda Bosh Assambleya yig’ilishlarining rasmiy hujjati sifatida qabul qilinmoqda. Mazkur hujjatlarda iqtisodiy o’sishning yuqori sur’atlari ta’minlashi, aholi farovonligining oshishi, sud-huquq tizimi islohotlari, ta’lim va sog’liqni saqlash, ekologiya, yoshlar siyosati, oziq-ovqat xavfsizligi, fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarining shakllanishi va mustahkamlanishi singari sohalarda erishilgan natijalarning mazmun-mohiyati o’z ifodasini topmoqda.
O’zbekistonning davlat va jamiyatni modernizatsiyalash bo’yicha e’tiborga molik tajribasi BMT tizimiga kiradigan xalqaro institutlarning ham yuqori darajadagi qiziqishiga manba bo’lmoqda. Ular orasida Jenevadagi BMT bo’limi, Butunjahon Sog’liqni saqlash tashkiloti (VOZ), BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YEEK), Savdo va rivojlanish bo’yicha BMT konferensiyasi (YUNKTAD), Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (VOIS), Xalqaro Mehnat tashkiloti (MOT), Butunjahon Savdo tashkiloti (VTO), BMTning Atrof muhiti bo’yicha dasturi (YUNEP), OITS bilan kurashish bo’yicha BMT dasturi, Parlamentlararo ittifoq va boshqa tashkilotlar mavjud.
2015-yil boshidan buyon O’zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishi, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo’yicha mamlakatimiz tajribasi, 2014-yilda O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va 2015-yilga mo’ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvorliklari haqidagi axborot materiallari BMT Bosh Assambleyasi 69-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo’lgan mamlakatlar o’rtasida tarqatildi.
3.Bugun yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, ulkan bunyodkorlik ishlariga, olib borilayotgan qator targ‘ibot-tashviqot ishlariga ko‘zingiz tushadi. Chunki hozirda respublikamiz bo‘ylab mamlakatimiz mustaqilligining 24 yillik bayramini ko‘tarinki ruxda o‘tkazish va nishonlash borasidagi ishlarga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Aytish joizki, bu jarayonda O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi tomonidan barcha tuman (shahar) kengashlarida, mahallalarda, korxona va muassasalarda ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Yaqinda ana shunday tadbirlardan biri partiyaning Yangiyo‘l tuman Kengashi tomonidan “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etildi.Tadbirni tuman hokimi R.Norbo‘taev ochib, istiqlolning tuman ahli hayotida tutgan o‘rni, mustaqillik yillarida olib borilayotgan bunyodkorlik va yaratuvchilik ishlari hamda ishbilarmonlar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hayotiy misollar orqali ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, birgina tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, yoshlarning intelektual salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan samarali ishlar borasida to‘xtalib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida urg‘u berdi.Tadbirda shuningdek, yurtimizda hukm surayotgan osoyishta hayot, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, chegaralarimiz daxlsizligini asrash, turli mintaqa va hududlarda xavf-xatar, tahdidlar kuchayib borayotgan tahlikali zamonda doimo ogoh, sergak va hushyor bo‘lish, yurtimiz osoishtaligini asrash barchamiz uchun ham qarz ham farz ekanini ta’kidlab o‘tildi.
4.Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, xususan, aholi va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, ularning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari, “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlar bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash, favqulodda vaziyatlar chog‘ida davlat tuzilmalarining hamkorlikdagi harakatini muvofiqlashtirish, yurtdoshlarimizni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur vazirlikda o‘tgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z bordi. Unda favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari T.To‘ragalov amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Fuqaro muhofazasi bo‘yicha tayyorgarlikni yanada takomillashtirish maqsadida o‘quv mashqlari tashkil etilmoqda. Vazirlikning fuqaro muhofazasi institutida aholi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha mazkur soha xodimlari qayta tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Favqulodda vaziyatlarda kuch va vositalar harakatini boshqarish, qidiruv-qutqaruv xizmatlarini safarbar etish, radiatsion, kimyoviy va biologik zararlanish holatlari va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha bir qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilib, tegishli xizmatlar tomonidan ijrosi ta’minlanmoqda. Anjumanda bu boradagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish, vazirlik moddiy-texnika hamda o‘quv bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
5.Insoniyat uni ertaga nima kutayotganini bilishni xohlaydi. Bu qiziqish tafakkur paydo bo‘lgandan beri mavjud. Shu yo‘lda ular yulduzlarni kuzatib ertangi ob-havoni, kuzning qanday kelishiga qarab qishning qanday bo‘lishini bilishga, jonivorlar harakatlariga qarab falokatlardan ogoh bo‘lishga uringanlar. Kelajakka bo‘lgan intilish nafaqat tabiatga nisbatan, balki insonlar taqdirini bilishga ham qaratilgan edi. Bu yo‘lda folbinlar, munajjimlar faoliyat ko‘rsatgan. Bugungi kun odamini ham kelajak qiziqtiradi. Lekin bu jarayon anchagina ilmiy tus olib, fan sifatida shakllangan. Darhaqiqat, kelajak bugunning davomi, bugunning mahsulidir. Uni o‘zimiz yaratamiz. Bugun nafaqat oddiy odamlar hayotida, balki davlatlarning uzoq vaqtga mo‘ljallangan siyosati, uzoq vaqtlik dasturlarida ilmiy prognozlash (asoslash) juda ahamiyatli ekanidan xabaringiz bor.
6.Istiqlolning dastlabki kunlaridan O‘zbekistonda amalga oshirib kelinayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega demokratik huquqiy davlat qurish, inson oliy qadriyat hisoblangan, uning huquqlari, manfaatlari va erkinligi ta’minlanib, salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirishdan iboratdir. Konferensiyada o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlagan mamlakatimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va butun dunyoda e’tirof etilgan islohotlarning «o‘zbek modeli»ni hayotga tatbiq etishning amaldagi natijasi ekani ta’kidlandi. «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilini izchil amalga oshirish doirasida aholi keng qatlamlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, xalqimiz tarixidan chuqur o‘rin egallagan mustaqil ish olib boradigan, barqaror fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish hamda rivojlantirish uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy va moddiy sharoitlar yaratilgan. Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori E.Solihov o‘z ma’ruzasida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida mazkur institutda ushbu ijobiy demokratik jarayonni chuqur o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Monitoring tadqiqotlari natijalari mamlakatimizni demokratik modernizatsiya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati muttasil oshayotgani, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning fuqarolik ongi hamda siyosiy-huquqiy madaniyatining barqaror o‘sayotganidan dalolat beradi. Bu esa kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim shartidir. Mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalar, harakatlar, kasaba uyushmalari, jamoat birlashmalari va jamg‘armalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlaydigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. Ular O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining institutsional tuzilmasini tashkil etadi va fuqarolarning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni bajarishda faol ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashadi.
7. Davlatimiz va jamiyatimizning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi aniq-ravshan belgilab berilgan ana shu chiqishlarda mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarish, uning iqtisodiy qudratini oshirish, ijtimoiy sohalar – ta’lim-tarbiya, ilmu fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sport tizimini izchil rivojlantirish, ayollar, keksalar va yoshlarimiz uchun yanada qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish, har bir hudud va mintaqani ravnaq toptirishga doir yangi reja va ustuvor loyihalar, bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan keskinlik va qarama-qarshiliklarning mohiyati, turli tahdidlarning oldini olish, O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasi to‘g‘risidagi qarashlar har tomonlama puxta asoslangan holda bayon qilingan. Mazkur to‘plamning bosh g‘oyasini quyidagi so‘zlarda mujassam bo‘lgan eng muhim o‘zak fikr tashkil etadi: "Biz o‘tgan davrda amalga oshirgan ishlarimizga baho berar ekanmiz, ‘Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?’ degan savol asosida ularning mohiyati va ahamiyatini o‘zimizga chuqur tasavvur etamiz. Ayni vaqtda ‘Ertaga kim bo‘lishimiz, qanday yangi marralarni egallashimiz kerak?’ degan savol ustida o‘ylashimiz, nafaqat o‘ylashimiz, balki amaliy ishlarimiz bilan bunga javob berishimiz lozim”.
Do'stlaringiz bilan baham: |