TADBIRKORLIK FAOLIYATI ERKINLIGINING KAFOLATLARI TO'G'RISIDA
(O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000 y., 5-6-son, 140-modda; 2001 y., 5-son, 89-modda; 2003 y., 5-son, 67-modda; 2004 y., 1-2-son, 18-modda; O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 25-son, 287-modda; 51-son, 514-modda; 2006 y., 12-13-son, 100-modda; 37-38-son, 371-modda; 41-son, 405-modda; 2007 y., 52-son, 533-modda; 2008 y., 52-son, 513-modda; 2009 y., 52-son, 555-modda; 2010 y., 37-son, 314-modda, 50-son, 469-modda; 2011 y., 16-son, 162-modda, 37-son, 374-modda)
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Qonunning asosiy vazifalari
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va manfaatdorligi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratishdan, ularning ishchanlik faolligini oshirishdan, shuningdek tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
2-modda. Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlari
Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Notijorat tashkilotlarga nisbatan ushbu Qonun ular faoliyatining o'z xususiyatiga ko'ra tadbirkorlikdan iborat bo'lgan qismiga tatbiq etiladi.
Qoraqalpog'iston Respublikasida tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari bilan bog'liq munosabatlar Qoraqalpog'iston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.
3-modda. Tadbirkorlik faoliyati tushunchasi
Tadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) — tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, tavakkal qilib va o'z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyat.
4-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari (tadbirkorlik sub'ektlari) belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslardir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 24 maydagi PQ-357-sonli qarori bilan tasdiqlangan qarori bilan tasdiqlangan «Tadbirkorlik sub'ektlarini davlat ro'yxatiga olish va hisobga qo'yishning xabardor qilish tartibini joriy etish to'g'risida»gi nizomga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishi qonun hujjatlarida man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyatining sub'ektlari bo'lishi mumkin emas.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 sentyabrdagi 414-son «Byudjet tashkilotlarini mablag' bilan ta'minlash tartibini takomillashtirish to'g'risida»gi qaroriga muvofiq, yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan byudjet tashkilotlari faoliyat turi bo'yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotishdan, foydalanilmayotgan binolarni va davlatning boshqa mol-mulkini boshqa tashkilotlarga ijaraga berishdan qo'shimcha daromad olishlari mumkin.
Qo'shimcha ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi 103-son «Tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishi taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro'yxati to'g'risida»gi qaroriga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
5-modda. Kichik tadbirkorlik sub'ektlari
1.Tadbirkorlik. Tadbirkorlik sub'ektlari / Kichik tadbirkorlik sub'ektlari]
Kichik tadbirkorlik sub'ektlari quyidagilardir:
yakka tartibdagi tadbirkorlar;
ishlab chiqarish tarmoqlaridagi, band bo'lgan xodimlarining o'rtacha yillik soni ko'pi bilan yigirma kishi, xizmat ko'rsatish sohasidagi va boshqa noishlab chiqarish tarmoqlaridagi, band bo'lgan xodimlarining o'rtacha yillik soni ko'pi bilan o'n kishi, ulgurji va chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish tarmoqlaridagi, band bo'lgan xodimlarining o'rtacha yillik soni ko'pi bilan besh kishi bo'lgan mikrofirmalar;
quyidagi tarmoqlardagi:
engil va oziq-ovqat sanoatidagi, metallga ishlov berish va asbobsozlik, yog'ochsozlik, mebel sanoati hamda qurilish materiallari sanoatidagi, band bo'lgan xodimlarining o'rtacha yillik soni ko'pi bilan yuz kishi;
mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg'i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo'jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, qurilish hamda boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi, band bo'lgan xodimlarining o'rtacha yillik soni ko'pi bilan ellik kishi;
fan, ilmiy xizmat ko'rsatish, transport, aloqa, xizmat ko'rsatish sohalari (sug'urta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda boshqa noishlab chiqarish sohalaridagi, band bo'lgan xodimlarining o'rtacha yillik soni ko'pi bilan yigirma besh kishi bo'lgan kichik korxonalar.
Kichik tadbirkorlik sub'ektlari xodimlarining o'rtacha yillik soni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi. Bunda unitar (sho''ba) korxonalarda, filiallarda va vakolatxonalarda ishlovchilarning soni ham hisobga olinadi.
Qo'shimcha ma'lumot uchun Yollanib ishlovchilarning soni va ish haqi statistikasi bo'yicha Yo'riqnoma (ro'yxat raqami 788, 30.07.1999 y.)ga qarang.
Faoliyatning bir necha turini amalga oshiruvchi (ko'p tarmoqli) yuridik va jismoniy shaxslar yillik oborot hajmida ulushi eng ko'p bo'lgan faoliyat turi mezonlari bo'yicha kichik tadbirkorlik sub'ektlariga kiradi.
(5-modda O'zbekiston Respublikasining 2003 yil 12 dekabrdagi 568-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2004 y., 1-2-son, 18-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Kichik tadbirkorlik sub'ektlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar yuqorida sanab o'tilgan tijorat tashkilotlariga ular tomonidan vakolatli tashkilotlarga (davlat soliq, bojxona xizmati organlari, davlat statistika organlari, banklar va boshqalarga) imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar xususiyatidan kelib chiqib, kichik tadbirkorlik sub'ektlari ekanligi haqida xabarnoma taqdim etgan holda qilingan murojaatlar asosida beriladi. Xabarnomaning to'g'riligi uchun javobgarlik xabarnomani taqdim etgan sub'ektlar zimmasiga yuklatiladi.
(5-modda O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrdagi 714-II-son Qonuniga muvofiq to'rtinchi qism bilan to'ldirilgan — O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 51-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Mikrofirma va kichik korxona xodimlarning belgilangan o'rtacha yillik sonini oshirib yuborgan taqdirda, oshirib yuborishga yo'l qo'yilgan davr uchun va keyingi uch oyga ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlardan mahrum etiladi. Ushbu qoida quyidagi hollarda tatbiq etilmaydi:
mikrofirma va kichik korxona O'zbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarining hamda oliy ta'lim muassasalarining bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzganda, band bo'lgan xodimlarning belgilangan o'rtacha yillik soni ko'pi bilan 20 foiz oshirilganda. Xodimlar sonining oshirilishiga O'zbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining o'qishni tugallagan kunidan boshlab uch yildan ortiq vaqt o'tmagan taqdirda yo'l qo'yiladi;
kichik korxona o'z uyida ishlayotgan fuqarolar (kasanachilar) bilan mehnat shartnomalari tuzganda, band bo'lgan xodimlarning belgilangan o'rtacha yillik soni ko'pi bilan 30 foiz oshirilganda.
(5-moddaning beshinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2010 yil 13 dekabrdagi O'RQ-265-sonli Qonuni tahririda — O'R QHT, 2010 y., 50-son, 469-modda)
6-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorlik
Yakka tartibdagi tadbirkorlik — yuridik shaxs tashkil etmagan holda jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) tomonidan tadbirkorlik faoliyatining amalga oshirilishi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlik yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan xodimlarni yollash huquqisiz, mulk huquqi asosida o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulk negizida, shuningdek mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo'l qo'yadigan o'zga ashyoviy huquq tufayli o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulk negizida mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Qo'shimcha ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 165-moddasiga qarang.
Yakka tartibdagi tadbirkorlikni amalga oshirish uchun er-xotindan biri er-xotinning umumiy birgalikdagi mol-mulkidan foydalanadigan hollarda, agar qonunlarda, nikoh shartnomasida yoki er-xotin o'rtasidagi o'zga kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo'lmasa, erning (xotinning) roziligi talab qilinadi.
Batafsil ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 24-moddasiga qarang.
7-modda. Jismoniy shaxslarning yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi birgalikdagi tadbirkorlik faoliyati
Jismoniy shaxslar yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi birgalikdagi tadbirkorlik faoliyatini quyidagi:
er-xotinning umumiy mol-mulki negizida ular tomonidan amalga oshiriladigan oilaviy tadbirkorlik;
oddiy shirkat;
yuridik shaxs tashkil etmagan holda dehqon xo'jaligi shakllarida amalga oshirishlari mumkin.
Er-xotinga umumiy birgalikdagi mulk huquqida tegishli bo'lgan mol-mulk negizida oilaviy tadbirkorlik amalga oshirilayotganida, ish muomalalarida er-xotin nomidan erning yoki xotinning roziligi bilan ulardan biri ishtirok etadi, bu rozilik yakka tartibdagi tadbirkor ro'yxatdan o'tkazilayotganda tasdiqlanishi lozim.
Tadbirkorlik faoliyati ob'ekti sifatida uy-joydan foydalanish bilan bog'liq oilaviy tadbirkorlik amalga oshirilayotganida, uy-joy mulkdorlaridan birining ish muomalalariga kirishishi oilaning voyaga etgan boshqa a'zolarining notarial tasdiqlangan roziligi bo'lgan taqdirda amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar faqat yakka tartibdagi tadbirkorlar tariqasida davlat ro'yxatidan o'tganlaridan keyin ular birgalikdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tuziladigan oddiy shirkat shartnomasi taraflari bo'lishlari mumkin.
Dehqon xo'jaligi va oddiy shirkatni tuzish, ularning faoliyat yuritishi va faoliyatini tugatish bilan bog'liq munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Batafsil ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasining «Dehqon xo'jaligi to'g'risida»gi, «Xo'jalik shirkatlari to'g'risida»gi Qonunlari hamda Fuqarolik kodeksining 53-bobi (962—975-moddalari)ga qarang.
8-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining huquqlari
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari quyidagilarga haqli:
qonun hujjatlariga muvofiq o'ziga tegishli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;
mustaqil ravishda ishlab chiqarish dasturini shakllantirish, mahsulot etkazib beruvchilarni va o'z mahsulotining (ishlari, xizmatlarining) iste'molchilarini tanlash;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish va uni o'z ixtiyoriga ko'ra tasarruf etish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida ustun mavqeni egallab turgan tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari bundan mustasno;
«Tovar bozorlari chegarasini aniqlash va xo'jalik yurituvchi sub'ektni monopolist deb tan olish tartibi to'g'risida Nizomni tasdiqlash haqida»gi qaror (ro'yxat raqami 1014, 09.03.2001 y.)ga qarang.
o'z mahsulotini (ishlari, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor kon'yunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo'yicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
Batafsil ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-sonli «Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga qarang.
binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa mol-mulkni olish va (yoki) ijaraga olish, shu jumladan lizing yo'li bilan;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
9-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining majburiyatlari
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari:
o'zlari tuzgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishlari;
yollash asosida jalb etilgan xodimlar bilan o'z vaqtida hisob-kitob qilishlari;
xavfsizlik, ekologiya, sanitariya, gigiena va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etishlari;
realizatsiya qilinadigan tovarlar uchun qonun hujjatlariga muvofiq sertifikatlarga ega bo'lishlari;
Qo'shimcha ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasi «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to'g'risida»gi Qonunining 10—16-moddalari, shuningdek O'zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2005 yil 7 sentyabrdagi 340-sonli «Majburiy tartibda sertifikatlanadigan bir turdagi mahsulotlarning alohida turlarini sertifikatlash qoidalarini tasdiqlash to'g'risida»gi buyrug'iga qarang (ro'yxat raqami 1513, 2005 yil 28 sentyabr).
pochta manzili va boshqa rekvizitlari o'zgarganligi to'g'risida tegishli davlat organlarini o'z vaqtida xabardor qilishlari;
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 24 maydagi PQ-357-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Tadbirkorlik sub'ektlarini davlat ro'yxatiga olish va hisobga qo'yishning xabardor qilish tartibini joriy etish to'g'risida»gi Nizomning 36-bandiga muvofiq, tadbirkorlik sub'ektlari o'z pochta manzili o'zgargan taqdirda o'n kun muddatda bu haqda ro'yxatdan o'tkazuvchi organlarni yozma ravishda xabardor qilishlari shart.
buxgalteriya, tezkor va statistika hisobini qonun hujjatlari talablariga muvofiq yuritishlari;
o'z faoliyatlari to'g'risidagi hisobotlarni tegishli organlarga belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etishlari shart.
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
10-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining birlashmalari
Tadbirkorlik sub'ektlari o'z huquqlarini hamda manfaatlarini himoya qilish maqsadlarida qonunga muvofiq uyushmalar (ittifoqlar) va boshqa birlashmalarga birlashishlari mumkin.
Qo'shimcha ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasining «O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida»gi Qonuni va O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasiga qarang.
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining birlashmalarini tuzish, ularning faoliyat yuritishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi bilan bog'liq munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Batafsil ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 22 martdagi 153-son qarori bilan tasdiqlangan «Yuridik shaxslar birlashmalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish haqida»gi Nizomga qarang.
II. TADBIRKORLIK FAOLIYaTINI AMALGA OShIRISh ASOSLARI
11-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tegishli davlat organi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 24 maydagi PQ-357-sonli qarori bilan tasdiqlangan qarori bilan tasdiqlangan «Tadbirkorlik sub'ektlarini davlat ro'yxatiga olish va hisobga qo'yishning xabardor qilish tartibini joriy etish to'g'risida»gi nizomga qarang.
(11-moddaning birinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 30 apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 25-son, 287-modda)
Ro'yxatdan o'tkazuvchi organlar ariza beruvchiga tadbirkorlik faoliyati sub'ekti tariqasida davlat ro'yxatidan o'tkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan rad etishga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qo'shimcha talablarni belgilashga haqli emas.
Ariza beruvchini tadbirkorlik faoliyati sub'ekti tariqasida davlat ro'yxatidan o'tkazishni rad etganlik, shuningdek ro'yxatdan o'tkazish muddatlarini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Ro'yxatdan o'tkazuvchi organning qarori, shuningdek mazkur organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda ular ariza beruvchiga ro'yxatdan o'tkazishni rad etganlik yoki ro'yxatdan o'tkazish muddatini buzganlik tufayli etkazilgan zararning o'rnini qoplaydilar va ma'naviy zarar uchun tovon to'laydilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-modda O'zbekiston Respublikasining 2004 yil 30 apreldagi 621-II-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan — O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2004 y., 25-son, 287-modda)
13-modda. Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlarini litsenziyalash
Litsenziyalanishi lozim bo'lgan tadbirkorlik faoliyatining turlari qonunlar bilan belgilanadi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 maydagi 222-II-son «Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro'yxati to'g'risida»gi qaroriga qarang.
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlarini litsenziyalash tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
«O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 50-moddasiga muvofiq, banklar va kredit uyushmalarini ro'yxatga olish, shuningdek banklar, kredit uyushmalari va garovxonalarga litsenziyalar berish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O'zbekiston Respublikasi «Notariat to'g'risida»gi Qonunining 3-moddasiga muvofiq, notarial faoliyat bilan shug'ullanish huquqini beruvchi litsenziya berish tartibi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilab qo'yiladi.
14-modda. Tadbirkorlik faoliyatining mulkiy asosi
Tadbirkorlik faoliyati tadbirkorlik sub'ektlarining o'z mol-mulki asosida va (yoki) jalb etilgan mol-mulk asosida amalga oshirilishi mumkin.
Tadbirkorlik sub'ektlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishiga asos va vosita bo'lgan mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda huquqlarning belgilanishi, o'zgartirilishi va bekor bo'lishi bilan bog'liq oldi-sotdi, garov, ijara va boshqa bitimlar ob'ekti bo'lishi mumkin.
15-modda. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarini kreditlash va sug'urta qilish
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarini kreditlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektiga kredit berilayotganda bank muassasalari, boshqa kredit yoki sug'urta tashkilotlari kafil bo'lishlari mumkin. To'lovga qobiliyatli yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kafil bo'lishlari mumkin.
Qo'shimcha ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasi «Mikromoliyalash to'g'risida»gi Qonunining 18-moddasiga qarang.
Tadbirkorlik faoliyati sub'ekti kredit shartnomalari bo'yicha majburiyatlarni ta'minlash tariqasida o'z mol-mulkidan, shu jumladan ashyolari va mulkiy huquqlaridan, shuningdek o'zi olgan kreditni to'lay olmaslik xavfi sug'urtasi to'g'risidagi sug'urta polisidan foydalanishi mumkin.
Tadbirkorlik sub'ektlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda imtiyozli kreditlanish huquqiga ega.
«Tijorat banklari tomonidan kichik biznes sub'ektlariga byudjetdan tashqari jamg'armalar va Mikrokreditbank kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish tartibi to'g'risida»gi Nizom (ro'yxat raqami 1548, 21.02.2006 y.) va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 19 maydagi 195-son qarori bilan tasdiqlangan «Tijorat banklari tomonidan kichik tadbirkorlik sub'ektlariga, dehqon va fermer xo'jaliklariga Imtiyozli kredit berish maxsus jamg'armasi hisobidan kredit berish tartibi to'g'risida»gi Nizomga qarang.
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarini sug'urta qilish sug'urta tashkilotlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(16-modda O'zbekiston Respublikasining 2007 yil 28 dekabrdagi O'RQ-138-sonli Qonuni bilan o'z kuchini yo'qotgan — O'R QHT, 2007 y., 52-son, 533-modda)
17-modda. Hisob va hisobot
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari hisob va hisobotni qonun hujjatlariga muvofiq yuritadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Kichik tadbirkorlik sub'ektlari faqat davlat statistika organlari hamda soliq organlariga belgilangan shaklda hisobot taqdim etadilar.
Batafsil ma'lumot uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 23 fevraldagi 65-son «Kichik biznes korxonalarining hisobot berishini qisqartirish va tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori, O'zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining Milliy standarti «Kichik tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan soddalashtirilgan tartibda hisob yuritish va hisobotlar tuzish to'g'risida»gi 20-son BXMS (ro'yxat raqami 879, 24.01.2000 y.)ga qarang.
(17-moddaning ikkinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2003 yil 12 dekabrdagi 568-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2004 y., 1-2-son, 18-modda)
Davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qo'shimcha hisobot turlarini belgilash man etiladi.
III. TADBIRKORLIK FAOLIYaTI SUB'EKTLARI HUQUQLARINING KAFOLATLARI
18-modda. Tadbirkorlik faoliyati erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlari
Davlat iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir.
Mulkdor mulkiga o'z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Tadbirkorlarga o'z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, jamoat birlashmalarining g'ayriqonuniy qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
19-modda. Tadbirkorlik sub'ektlarining qonun hujjatlarida man etilmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish erkinligi kafolatlari
Yuridik shaxs bo'lmish tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining muassislari ta'sis hujjatlarida faoliyatning asosiy turlarini sanab o'tish bilan kifoyalanishga haqli. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan va ta'sis hujjatlarida ko'rsatilmagan har qanday faoliyat turi bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shug'ullanishlari mumkin.
20-modda. Tadbirkorlik sub'ektlarining o'z mahsuloti (ishlari, xizmatlari) va daromadlarini (foydani) tasarruf etish erkinligi kafolatlari
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari o'zlari ishlab chiqargan mahsulotning (bajargan ishlar, ko'rsatilgan xizmatlarning) hamda ularni realizatsiya qilishdan olgan daromadlarining (foydaning) mulkdoridir.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining barcha ishlab chiqarish xarajatlari qoplanib, soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar to'langanidan keyin qolgan daromadi (foydasi) ular tomonidan ixtiyoriy ravishda ishlatiladi, sud tartibidagi majburiy undiruv hollari bundan mustasno.
(20-moddaning ikkinchi qismi O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 31 dekabrdagi O'RQ-197-sonli Qonuni tahririda — O'R QHT, 2008 y., 52-son, 513-modda)
21-modda. Pul mablag'larini tasarruf etish kafolatlari
Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari o'z pul mablag'larini mustaqil ravishda tasarruf etadilar.
Bank muassasalari tadbirkorlik faoliyati sub'ektlarining pul mablag'laridan foydalanish yo'nalishlarini belgilab berish va nazorat qilishga hamda pul mablag'larini o'z ixtiyoriga ko'ra tasarruf etish borasidagi huquqlarini qonunda yoki bank hisobvarag'i shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |