2.ONOMASTIKA ATAMASI
ONOMASTIKA (yun. onomastike — nomlash, nom qoʻyish sanʼati) — tilshunoslikning har qanday atoqli nomlarni, ularning paydo boʻlish va oʻzgarish tarixini oʻrganuvchi boʻlimi, shuningdek, barcha atoqli nomlar yigʻindisi. Ayrim tadqiqotlarda «Onomastika» termini antroponimika maʼnosida ham qoʻllangan. Onomastika mavjud onomastik tizimlarni aniqlash va oʻrganishni maqsad qilib qoʻyadi.
Onomastika atoqli nomlarni olgan obyektlarning toifalariga muvofiq quyidagi boʻlimlardan iborat: antroponimika — kishilarning atoqli nomlarini; toponimika — geografik obyektlarning atoqli nomlarini; te – onimika — turli diniy tasavvurlar boʻyicha xudolar, maʼbudlar, diniy-afsonaviy shaxs va mavjudotlarning nomlarini; zoonimika — hayvonlarga qoʻyilgan (shartli) atoqli nomlarni; kosmonimika — fazoviy boʻshliq hududlari, galaktikalar, burjlar va b. larning ilmiy muomalada va xalq orasida tarqalgan nomlarini; astronimika — ayrim osmon jismlari (planeta va yulduzlar)ning nomlarini oʻrganadi.
Onomastikaning yuqoridagilardan tashqari yana bir qancha boʻlimlari bor. Onomastika atoqli nomlarni realionimlar (avval yoki hozir mavjud boʻlgan obyektlarning nomlari) va mifonimlar (xayoliy-toʻqima obyektlarning nomlari)ga boʻladi.
Atoqli nomlarning lisoniy xususiyatlariga qarab Onomastika adabiy va dialektal, odatdagi (amaliy) va poetik, zamona-viy va tarixiy, nazariy va amaliy turlarga boʻlinadi. Nazariy onomastika til va nutqdagi, adabiy va dialektal sohalardagi atoqli nomlarning paydo boʻlishi, nominatsiya (nomlash) asoslari, rivojlanishi, shu jarayondagi turli xil oʻzgarishlari, nutqda qoʻllanishi, muayyan hudud va tillarda tarqalishi hamda tarkibiy tuzilishini oʻrganadi. Badiiy matnlardagi atokli nomlarni (poetik Onomastika) tadqiq etish alohida muammo hisoblanadi. Onomastika, shuningdek, tilshunoslikning qiyosiytarixiy, struktur, genetik, areal, onomastik xaritalashtirish va b. usullarini qoʻllagan holda, atokli nomlarning fonetik, morfologik, soʻz yasalishi, semantik, etimologik va b. jihatlarini oʻrganadi. Amaliy Onomastika xorijiy tillarga mansub nomlarning transkripsiyasi va transliteratsiyasi, anʼanaviy (talaffuz va yozilishiga koʻra), tarjima kilinadigan va qilinmaydigan nomlarni aniqlash, «begona» nomlarni oʻz tilda kanday yozish boʻyicha yoʻriqnomalar tayyorlash, xorijiy tillardan oʻzlashgan nomlardan yangi soʻzlar hosil qilish b-n, nom berish va nomlarni oʻzgartirish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |