Yopiq urug‘li o‘simliklarning kelib chiqishi. Dastlabki yopiq urug‘li o‘simliklar triasning oxiri, yura o‘rtalarida paydo bo‘lgan. O‘sha davrda keng tarqalgan qirqquloqlar, ochiq urug‘lilarning dastlabki vakillari orasida yopiq urug‘li o‘simliklar ozchilikni tashkil etgan. Bo‘r davrining o‘rtalariga kelib o‘simliklar tarkibida keskin o‘zgarish sodir bo‘ladi va yopiq urug‘lilarning xilma-xil vakillari rivojlanadi. Yura davriga oid Yer qatlamlaridan hozirgi davrda mavjud bo‘lgan ko‘p oilalarga tegishli hisoblangan magnolisimonlar, nilufarsimonlarni qazilma holda topilishi yuqoridagi fikrni asosli ekanligidan darak beradi. Bu holat yopiq urug‘li o‘simliklar bo‘r davriga qadar uzoq evolyusion jarayonni boshidan kechirganligini ko‘rsatadi.
A.L. Taxtadjyan o‘simliklar dunyosida ro‘y bergan ushbu buyuk hodisani yerning qisqa muhlat ichida jiddiy o‘zgarishlar bilan bog‘lash mantiqqa ancha yaqinroq bo‘ladi, deydi. Yerda ro‘y bergan yirik paleogeografik o‘zgarishlar yopiq urug‘li o‘simliklarning boshqa yuksak o‘simliklarga nisbatan afzalliklarini ro‘y-rost namoyon qiladi.
A.L. Taxtadjyan, V.A. Vaxrameev, amerikalik olim D. Akselrodlar bir-biridan mustasno birinchi yopiq urug‘lilar tog‘larda paydo bo‘lgan, degan fikrni ilgari suradilar. Tog‘larda o‘simlik o‘sadigan joylarning alohida bo‘lishi hamda populyatsiya doirasining torligi evolyusiyaning tez o‘tishiga sabab bo‘lgan.
A.L. Taxtadjyan qayd etishicha yopiq urug‘lilarning tez tarqalishining asosiy sharti ularning nihoyatda xilma-xilligida namoyon bo‘lgan evolyusion plastikligidir.
Yura va quyi bo‘r davr florasining barcha vakillari plastikligini kamligi va har xil formalarning ozligi ularning yashash uchun kurashda mag‘lub bo‘lishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Yopiq urug‘lilarning yashash uchun kurashdagi g‘alabasi ko‘p tomondan ulardagi o‘tkazuvchi sistemaning takomillashuviga bog‘liq bo‘lgan chunki u o‘simlikni suv bilan yaxshi ta’minlanishga va yillik barglarning rivojlanishiga, fotosintezni ko‘payishiga yordam bergan.
Yopiq urug‘lilarning paydo bo‘lishi va rivojlanishida ularning hasharotlar orasidagi murakkab va o‘zaro munosabatlar hal qiluvchi rol o‘ynagan bo‘lishi kerak.
Hasharotlar gulli o‘simliklarni chetdan changlanishiga yordam berishi bilan bir qatorda urug‘ kurtaklar bilan ham oziqlangan. Bu esa yopiq urug‘li o‘simliklarning ko‘payishiga sezilarli zarar keltirgan. Hasharotlarning bunday zararli ta’siriga javoban tabiiy tanlanish makrosporafillar tutashgan ginetseyli o‘simliklar tanlanib borgan. Tutash makrosporafillar qolgan urug‘ kurtak faqat hasharotlardangina emas, umuman tashqi muhitning turli zararli ta’sirotlardan ham himoya qilgan. Bu ham yopiq urug‘li o‘simliklarning keng tarqalishiga ta’sir qilgan omillardan biridir.
Yopiq urug‘lilar evolyusiyasida qo‘sh urug‘lanishning paydo bo‘lishi muhim rol o‘ynagan. Faqat onalikdan vujudga kelgan ochiq urug‘lilarning endospermi yopiq urug‘lilarda qo‘sh urug‘lanish mahsuli bo‘lgan endosperm bilan almashinadi, natijada rivojlanadigan murtak ozig‘i ancha boyiydi.
A.L. Taxtadjyan e’tirof etishicha yopiq urug‘li o‘simliklarning o‘ta plastikligi va hayot formalarining turli-tumanligi ular “hujumning” boshlanish davridayoq boshqa o‘simlik guruhlarida uchramaydigan daraxt, buta, o‘tlardan tashkil topgan ko‘p yarusli formalarning paydo bo‘lishiga olib kelgan. Butun bir “fitotsenozlar”ning yoppasiga hujumi yashash uchun kurashda so‘zsiz katta ustunlik yaratgan va oqibatda yopiq urug‘li o‘simliklar tashqi muhitdan yaxshiroq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganlar.
Taxtadjyan A.L. gulli o‘simliklarning paydo bo‘lishi masalasini ko‘rib chiqar ekan, ularning bennettitlardan xamda qobiqli urug‘lilardan kelib chiqqanligini rad etadi. Bunda ochiq urug‘lilar gulli o‘simliklarning mikrosporafillari, megasporafillarda va urug‘kurtaklar tuzilishida farqlar borligini e’tiborga olib bennettitlar bilan gulli o‘simliklar umumiy ajdod – urug‘li qirqquloqlardan kelib chiqqanligini e’tirof etadi.
Yopiq urug‘lilarning bir pallali va ikki pallalilarda murtakni rivojlanishi taqqoslab dastlab ularning xar ikkisida rivojlanishi o‘xshash bo‘lib murtak shakkllanishi oldidan rivojlanish ikki yo‘nalishda ketishi ikki pallalilarda oldin urug‘ barglari poyaning ikki yonida hosil hosil bo‘lishi, bir pallalilarda esa urug‘pallaning yon tomonida murtak rivojlanishini ta’kidlaydi. Ikki pallali yopiq urug‘lilardan bir pallali o‘simliklarning paydo po‘lishi Taxtadjyan qayd etishicha to‘satdan ro‘y bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |