«Mahbub ul-qulub» asari. Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub»
(“Ko’ngillarning sevgani” 1500) eng yirik hajmli nasriy asari bo’lib, u shoirning
so’nggi asaridir. Asar ulug’ mutafakkirning uzoq yillik hayotiy tajribasi,
kuzatishlarini o’zida mujassamlashtirgan.
173
«Mahbub ul-qulub» tarkibiy tuzilishiga ko’ra uch qismga bo’linadi. Asarning
birinchi qismi Navoiy «Soriun-nosning af’ol va ahvolining kayfiyati» deb atalib,
unda jamiyatdagi turli toifaga oid kishilar haqida so’z yuritiladi. Shoir shohlardan
to gadolargacha mansub bo’lgan shaxslarning yaxshi va xususiyatlarini bayon
etadi. Odil va zolim podshohlar, firibgar va johhil amaldorlar, yaxshi va yomon
san’atkorlar, kalamkashlar, riyokor din ahllarining haqiqiy qiyofalari yoritiladi.
Uningcha, shoh odil bo’lsa, mamlakat obod, xalq farovon bo’ladi. Aksincha,
shoh zolim bo’lsa, mamlakat taqdiri mushkul ahvolda qoladi. Navoiy odil shohga
zolim va johil podshohlarpi qarshi qo’yib: «Odil shoh ko’zgu va bu aning
uchasidur. U yoruq subh, bu aning qorong’u kechasidur»,— deb yozadi. Navoiy
saroy amaldorlari, shoh atrofidagi mansabdorlar va boshqa nufuzli tabaqalar,
chunonchi «nomunosib noiblar»ni (3— 4-fasl), «noqobil sadrlar» (6-fasl),
«shaharda olib sotquvchilar» (27-fasl), «shahna va zindoniylar va asaslar» (30-
fasl), «g’arib va benavolar» (33-fasl), «riyoiy shayxlar» (28-fasl), vazirlarga ta’rif
berar ekan, o’zining insonparvarlik nuqtai nazaridan kelib chiqadi.
Navoiy turli toifaga mansub kishilarni ta’riflaganda ular xarakterida mavjud
bo’lgan nuqson va illatlarini ko’rsatib o’tadi. Faqatgina dehqonlar haqida yaxshi
gaplarni yozdi. Ularning kamchiliklari haqida so’z yuritmagan. Aksincha, «olam
ma’murlig’i alardin, olam ahli masrurligi alardin» ekanligini aytib, mehnatkash
dehqonlarning barcha ishlarini ulug’laydi. Navoiy dehqon mehnati jamiyat
farovonligi uchun qanchalik muhim ekanligini aniq misollar orqali ko’rsatib
beradi.
«Mahbub ul-qulub»ning o’n bobdan iborat ikkinchi qismi axloqiy
masalalarga bag’ishlanadi. Unda yaxshi va yomon xislatlar tahlil etilgan. Bu
qismda tavba, zuhud, qanoat, sabr, tavoze’, kamtarinlik, odob, ishq haqida fikr-
mulohaza yuritilgan.
Alisher Navoiy sabr haqida so’z yuritib, sabrning o’zi achchiq bo’lsa ham, u
faqat manfaat keltiradi, u qattiq narsa, ammo zararni daf etadi. Navoiy sabrni
ta’riflash uchun turli-tuman tashbehlardan foydalanadi. Sabrni suhbati zerikarli
bo’lsa ham, maqsadga aniq olib boruvchi musohibga, oxiri murodga yetkazuvchi,
174
uzoqni ko’zlovchi ulfatga, yurishi sust bo’lsa-da manzilga yetkazuvchi ulovga
o’xshatadi. Shuningdek, shoir sabrni tabibning achchiq dorisiga o’xshatadi. Zero,
hech kim uni xushlamasa-da, u shifo baxsh etadi.
Ko’rinadiki, Navoiy sabrning inson uchun, uning kelajagi uchun muhim
ahamiyatga ega ekanligini shoirona tasvirlagan. Shoir bu haqda shunday deydi:
Ajab ranjeki andin sa’b yo’q ranj,
Vale chekkan kishining bahrasi ganj.
«Mahbub ul-qulub»ning o’ninchi bobi «ishq zikri»ga bag’ishlanadi.
Shoir ishqni porloq yulduzga o’xshatadi. Bashariyat ko’zining ziyosi shundandir.
Navoiy ishqni tovlanib turuvchi gavharga qiyoslaydi, zero, insoniyat tojining
ziynati va bahosi shundandir. Bu ta’riflar bilan bir qatorda shoir ishqni tole’
quyoshiga, keng dengizga, kuydurguvchi shu’laga, ajdahoga, yashinga tashbeh
qiladi.
Navoiy ishqqa kim mubtalo bo’lishi haqida so’z yuritar ekan, “Inodi olinda
teng ham podshoh, ham gado. Bedodi qoshinda bir ham fosiq, ham porso”
1
, -
deydi.
Asarda ishq uch turga bo’linadi. Birinchi turi – avom ishqidir. Bu oddiy
kishilar ishqi bo’lib, xalq orasida keng tarqalgan. Bu xildagi ishqqa mubtalo
odamlar kimgadir oshiq bo’lib, iztirob chekib, uning xayoli bilan yuradi. Bu
ishqning oliy martabasi – sha’riy nikohdir. Ikkinchisi – xavoss ishqidir. Bu
alohida fazilat egalariga mansub ishq bo’lib, uni Navoiy quyidagicha ta’riflaydi:
«Ul pok ko’zni pok nazar bilan pok yuzga solmoqdur va pok ko’ngul ul pok yuz
oshubidin qo’zg’olmoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz haqiqiy
jamolidin bahra olmoq». Bunday ishq namoyandalari sifatida shoir Amir Хusrav
Dehlaviy, Хoja Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy kabi buyuk siymolar
nomlarini keltiradi. Uchinchisi siddiqlar ishqidir. Bu ishqqa mubtalo bo’lganlar
Haqning jamolini ochiq ko’rish umidi bilan yashaydilar va shuning bilan
matlubdirlar. Ularning Haqni ko’rish umidlari o’zni unutish darajasiga yetgan.
Ular visol ishtiyoqida behud va mast, vasl mayidan o’zga ruhlariga tilak yo’q, Haq
1
Навоий. Мукаммал асарлар тўплами. 20 жилдлик. Ж.14. – Т.: Фан, 1998. 66 б.
175
mushohadasidan boshqa ko’ngillariga orom yo’qdir. Navoiy ular haqida: “Va bu
toifani vosillar debdurlar, ishqdin vasl maqsudi hosillar”, - deb yozadi.
«Mahbub ul-qulub»ning uchinchi qismi «Mutafarriqa favoyid va amsol
surati» deb atalib, unda turli foydali foydali maslahatlar va maqollar beriladi.
Navoiy insonga xos – saxiylik, mehribonlik, vafodorlik, muloyimlik, rostgo’ylik,
ilmsevarlik, mehnatkashlik, kamtarlik, tavoze’ singari qator fazilatlarni
ta’riflaydi. Chin insoniylikning aksi bo’lgan takabburlik, dangasalik, fisqu fasod,
yolg’onchilik, firibgarlik, johillik, bahillik, ochko’zlik singari illatlarni keskin
qoralaydi.
«Mahbub ul-qulub»ning bu qismida keltirilgan tanbeh va misollar rang-
barang bo’lib, ular asosida Navoiyning ijtimoiy, axloqiy va didaktik qarashlari
yuzasidan aniq tasavvurga ega bo’lamiz. Alisher Navoiy o’zigacha ma’lum
bo’lgan xalq maqollarini to’plab, o’z ijodiga moslab, turli hikmat va xulosalar
bilan boyitgan.
Alisher Navoiy nafs haqida so’z yuritar ekan, nafsoniyatga berilgan kishilarni
tanqid ostiga oladi. Bunday dardga giriftor bo’lgan kishilar birovning boshiga
tushgan kulfatga parvo qilmaydi, birovga yaxshilikni ravo ko’rmaydi, har doim
yolg’iz o’zi haqida o’ylaydi. Ularga «barchag’a o’zgadan o’zi azizroq va o’zgalar
so’zidan o’z so’zi azizroq». Navoiy kishilarni yaramas illatlardan xoli ko’rishni
istaydi.
Navoiy yaxshilikni insonning ziynati deb biladi. Shuning uchun ham: «Jami’
mazohib va milal ahli qoshida sobitdurkim, yaxshilik jazosi yo’qtur – bajuz
yaxshiliq», deya insonlarni yaxshilik qilishga da’vat etadi.
Navoiyning saxovat haqidagi tushunchasi ham alohida e’tiborga molikdir.
Shoir: «Saxovatsiz kishi – yog’insiz abri bahor... Mevasiz yig’och hamonu o’tun
hamon va yog’insiz bulut hamonu tutun hamon. Saxosiz kishi birla gavharsiz
sadafning bir hukmi bor»,— deb yozadi.
Karamlilik — jabrlanganlarni zulmdan qutqarishga intilish va ularning
qiyinchiliklarini baham ko’rishdan iborat. Navoiy karam haqida fikr yuritib, ming
176
taassuf bilan: «Karam bashar tab’ida noyob va nobuddur, bu sababdin karam ahli
nopaydo va nomavjuddir», - deydi.
Alisher Navoiy vafoni insoniyat tojini bezab turuvchi qimmatbaxo dur,
odamiylik boshidagi lovillab turga» gavharli tojdir, deydi. Vafo ahlining ko’ngli
pok, tabiati pokiza bo’ladi. Ular hasad, qudurat va kulfatdan uzoqdirlar. Navoiy
yozadiki: «Jahon gulshani vafo gulidin ziynatsizdir va bashariyat guli vafo
rayhonidin nakhatsiz».
Navoiy vafo bilan hayoni uzviy borliqlikda ko’radi: “Vafosizda hayo yo’q,
hayosizda vafo yo’q». Shoir nazdida vafo va hayo shunchaki insoniy fazilatlar
bo’lmay, ular jamiyat hayoti uchun ham muhimdir.
Asarda til va so’z, muomala va. Nutq axloqiga oid qimmatli mulohazalar
bildiriladi. Shoir nutq axloqi masalasiga ancha keng o’rin ajratgan. Navoiy «nodon
pandida g’alat muharrar va dushman nasihatida firib mutasavvar» ekanligini, ular
bilan muloqotda bo’lganda aql va tadbir bilan ish ko’rishni maslahat beradi.
Achchiq tillik ham eng yomon illatlardan biri ekanligi haqida Navoiy yozadi:
«achchig’ til zahrolud neshdek bo’lg’ay. Ko’ngulda til sinoni jarohati butmas, anga
hech nima malham yerin tutmas». Shuning uchun, shoir kishilarni xushmuomala
bo’lishga chaqiradiki, bunday kishilarning «ochuq yuzidin xaloyiqqa nishot va
chuchuk so’zidin ulusg’a inbisot», yetadi.
Yolg’onchilik ham insonning katta qusuri ekanligi aytilib,«har kimki so’zi
yolg’on, yolg’oni zohir bo’lg’och uyolg’on” – deydi.
Navoiyning ilm-fan haqidagi qarashlari uning ma’rifatparvarlik g’oyalarining
uzviy qismini tashkil qiladi. U butun hayoti davomida ilm-ma’rifatni targ’ib etdi,
aziyat chekib ilm o’rganganlarni xiradmandlar deb ulug’laydi. Yoshlarni ilm-
ma’rifatni egallashga da’vat etdi. Uning «Bilmaganni so’rab o’rgangan olim va,
orlanib so’ramagan o’ziga zolim”, “Oz-oz o’rganib dono bo’lur, qatra-qatra
yig’ilib daryo bo’lur», kabi dono o’gitlari aforizmga aylanib ketdi.
Umuman, Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asari katta ahamiyatga ega
bo’lgan komusiy asardir. Unda jamiyat va inson hayotining ko’pgina masalalari
o’zining falsafiy yechimini topgan. Undagi fikr-mulohazalar ulug’ mutafakkirning
177
falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy qarashlarining nechog’lik kengqamrovli
ekanligi bilan birga shoirning nasrdagi mahoratini ham namoyon etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |