Spitamen – Baqtriya satrapi.
Stadiy – uzunlik o‘lchovi. Yunonlarda 1 stadiy 178 m ni tashkil qilgan.
Stupa – sanskrit tilidan olingan bo‘lib, yer yoki tosh uyumi degan ma’noni beradi. U buddizmning diniy inshooti bo‘lib, unda Buddaning muqaddas buyumlari va qabr toshi saqlangan. Milodiy I asrdan boshlab stupalar yarim aylana shaklda qurila boshlangan. Stupalarning barchasi bir xil tarzda qurilgan. Ularning asosi to‘rtburchak bo‘lib, uning ustiga silindirsimon inshoot qurilgan, uning usti gumbazsimon tarzda bo‘lgan. Ustiga yog‘och yoki toshdan yasalgan langar o‘rnatilgan. Langarda toshdan yasalgan bir necha soyabon bo‘lgan. Soyabonlar muqaddas daraxt ramzi bo‘lib, buddistlar uni “chatra” deb atashadi. Shu daraxt soyasi ostida Budda o‘zining g‘oyalarini ishlab chiqqan.
Skif – Osiyoning Qozog‘iston cho‘llari, Yenisey havzalari, Janubiy Ural, Oltoy, Janubiy Sibir hududlarida mil. avv. VII – milodiy III asrlarda yashagan chorvador aholi.
Sug‘diyona – Zarafshon vohasida shakllangan ilk davlat. Bugungi kunda Sug‘diyona hududiga O‘zbekistonning Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari to‘g‘ri keladi. Geografik jihatdan Sug‘diyona g‘arbda Buxoro vohasi, sharqda Hisor tog‘lari, janubda Qashqadaryo va Ko‘hitog‘ oralig‘ida, shimolda esa Nurota tizmalarigacha boradi. Tabiiy geografik jihatdan uchta qismga bo‘lingan: g‘arbiy Sug‘d – Buxoro vohasi, markaziy Sug‘d – Samarqand vohasi va janubiy Sug‘d – Qashqadaryo vohalarini o‘z ichiga olgan.
Surx-Kotal – Shimoliy Afg‘onistonning Bog‘lon viloyatida, Puli-Xumri shahridan 18 km shimolda joylashgan. Milodiy II-III asrlarga oid. Kanishka va Kushon podsholarining sulolaviy ibodatxonasi bo‘lgan. 1951-yilda fransuz arxeologlari tomonidan aniqlanib, tadqiq qilingan. Tepalikda uchta Olov ibodatxonasi, tepalik ostida muqaddas quduq qurilgan. Ibodatxonalarga monumetal pillapoya orqali chiqilgan. Bu yerdagi asosiy ibodatxona Kanishkaga atab bunyod qilingan, boshqalari keyingi davrlarga oid. Bu yerda Kanishkaning monumetal haykali, ilk kushonlar davriga oid yozuv va olov otoshgohi topilgan. Ular bugungi kunda Afg‘oniston Milliy muzeyida saqlanmoqda. Kanishkaning haykali 2001-yilda tolibonlar hujumi davrida vayron qilingan bo‘lsa-da, qayta tiklanib, muzeyga topshirilgan.
Suvyorgan – Qoraqalpog‘iston Respublikasida janubdan shimolga qarab uzunasiga cho‘zilib ketgan kanal va ko‘llar sistemasidir. Suvyorgan kanali Amudaryo toshqini davrida o‘ziga yo‘l ochgan. Bu Amudaryoning Qizilqum ichiga yorib kirgan tarmog‘i hisoblanadi. U joyning past hududlari bo‘ylab oqib borganligi uchun ham ilonizi shaklida tarmoqlangan. Suvyorgan To‘rtko‘l, Sho‘raxon vohasining g‘arbi va shimoli-g‘arbini suv bilan ta’minlagan. Suvyorganda har doim suv bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ba’zan o‘zan qurib qolganda chorvadorlar suv olish uchun uning o‘zanida quduqlar qaziganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |