4-bob. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining huquqlari va javobgarligi
1-§. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining huquqlari va javobgarligi
16. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda kiritish;
vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining vakolatiga kiruvchi masalalarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakolatiga tegishli masalalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha zarur statistika ma’lumotlarini davlat statistika organlaridan bepul asosda olish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalarining davlat mulkini, o‘zining tashkiliy tuzilmasi doirasida, belgilangan tartibda bir hududiy boshqarmadan boshqasiga bepul foydalanish huquqi asosida o‘tkazish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimlarini ularning tegishli sohadagi faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha parametrlarni bajarganliklarini hisobga olgan holda moddiy rag‘batlantirish tartibi, miqdori va shartlarini belgilash;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda xalqaro darajada ifodalash;
monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish va raqobat muhitini rivojlantirish muammolari bo‘yicha jamoatchilik, konsultativ, ilmiy-texnik va boshqa kengashlar, idoralararo ekspert komissiyalari tashkil etish, maxsus kengashlar chaqirish, shuningdek, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish va raqobat muhitini rivojlantirish bilan bog‘liq uzoq muddatli dasturlar, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, monopoliyaga qarshi davlat siyosatini yuritish va boshqa masalalarni hal etish uchun ilmiy-tadqiqot, loyihalash, konstruktorlik tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari va yuridik shaxslarning vakillarini hamda jismoniy shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etish;
sudlarga da’vo arizalari va arizalar kiritish, o‘zining vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar buzilishi bilan bog‘liq ishlar ko‘rib chiqilishida sud jarayonlarida ishtirok etish;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarning buzilishi bilan bog‘liq jinoyatlar alomatlari bo‘yicha ma’muriy va jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqish uchun tegishli organlarga materiallarni yuborish;
belgilangan tartibda raqobat to‘g‘risidagi, tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini tekshirish, qonun hujjatlarining buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, ular bo‘yicha ishlarni qo‘zg‘atish va (yoki) ko‘rib chiqish;
o‘z vakolatlari doirasida davlat organlari va tashkilotlarga monopoliyaga qarshi siyosat va raqobatni himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish hollarini, shuningdek, ularga ko‘maklashadigan sabablar va shartlarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
o‘z vakolatlari doirasida mansabdor shaxslar va fuqarolarni ma’muriy javobgarlikka tortish haqidagi materiallarni ma’muriy sudlarga yuborish;
raqobat to‘g‘risidagi va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha, shu jumladan, xo‘jalik yurituvchi subyektlardan raqobat to‘g‘risidagi va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi natijasida asossiz olingan daromadni (foydani) undirish va (yoki) iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hay’ati qarori asosida xo‘jalik yurituvchi subyektning arizasi bo‘yicha, agar mablag‘larni olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ijro etish xo‘jalik yurituvchi subyektning bankrotligiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, raqobat to‘g‘risidagi va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun undirilishi kerak bo‘lgan summani bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish;
tegishli davlat organlariga litsenziyalashni joriy etish yoki bekor qilish, bojxona tariflarini o‘zgartirish, kvotalarni joriy etish yoki bekor qilish, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha imtiyozlar berish yoxud imtiyozlarni bekor qilish, imtiyozli kreditlar berish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlarini qo‘llash to‘g‘risida tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
belgilangan tartibda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari va unga idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan qabul qilingan qarorlar va buyruqlarni bekor qilish, to‘xtatib turish (to‘liq yoki qisman) haqida, yoxud ularni qonunchilikka muvofiqlashtirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
tegishli xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish va raqobat muhitini rivojlantirish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilib, ularga, istisno tariqasida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorlarini belgilash.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
17. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda u bilan kelishilishi shart.
18. Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar tashkilotlarda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha tekshiruvlar tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi hamda Tekshiruvlarni elektron shaklda ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shart.
19. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga raqobat hamda tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatlar faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining markaziy apparati va hududiy boshqarmalarida tuziladigan maxsus komissiyalarning qarorlari asosida amalga oshiriladi.
20. Maxsus komissiya raqobat hamda tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun, shuningdek, asossiz ravishda olingan daromadni (foydani) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xo‘jalik yurituvchi subyektlardan olib qo‘yish va (yoki) iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi. Iste’molchilarni aniqlash imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda maxsus komissiya asossiz ravishda olingan daromadni (foydani) xo‘jalik yurituvchi subyektlardan undirish va ixtiyoriy to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
21. Xo‘jalik yurituvchi subyektlardan olib qo‘yish va (yoki) iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng bir oy muddatda ixtiyoriy to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sudga iste’molchilarga qaytarish va/yoki asossiz ravishda olingan daromadni (foydani) majburiy undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qiladi.
22. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi:
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish, shuningdek monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish va raqobat muhitini rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirilishi;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga erishilishini so‘zsiz ta’minlanishi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining, shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;
monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish va raqobat muhitini rivojlantirish sohasidagi dasturlar, chora-tadbirlar, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar samarali amalga oshirilishi uchun javob beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |