O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari, huquqlari va javobgarliklarini belgilaydi.
2. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, raqobat muhitini rivojlantirish, tabiiy monopoliya subyektlari faoliyati ustidan nazorat qilish va tovar-xomashyo birjalarini litsenziyalash sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan alohida masalalar bo‘yicha — bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
4. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
5. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
6. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda hududiy boshqarmalar) va uning tarkibiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
7. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, qisqarilgan nomi — Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi;
b) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Antimonopoly Committee of the Republic of Uzbekistan, qisqarilgan nomi — Antimonopoly Committee;
v) rus tilida:
to‘liq nomi — Antimonopolniy komitet Respubliki Uzbekistan, qisqarilgan nomi — Antimonopolniy komitet.
8. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining joylashgan manzili (pochta manzili): 100128, Toshkent shahri, Labzak ko‘chasi, 3.
Do'stlaringiz bilan baham: |