3-bob. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining vazifalari va funksiyalari
1-§. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini ta’minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
tovar va moliya bozorlarida raqobat muhiti holatini tizimli tahlil qilish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustun mavqeni suiiste’mol qilishi, “kartel” kelishuvlari va til biriktirish, insofsiz raqobatni aniqlash va ularga chek qo‘yish;
savdolar, iqtisodiy konsentratsiya va davlat ko‘magini monopoliyaga qarshi tartibga solish;
bozor ishtirokchilariga yuqori likvidli, shu jumladan, tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlardan (ishlar, xizmatlardan) foydalanishda teng shart-sharoitlarni ta’minlash;
qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash, davlat organlarining raqobatni cheklovchi qarorlar qabul qilishiga va shunday harakatlarni amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaslik.
11. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirishning yagona davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining raqobatni rivojlantirish va monopolistik faoliyatni cheklash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish va raqobatni himoya qilishni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, raqobatni rivojlantirishni cheklovchi yakka tartibdagi imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritadi;
monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish va raqobat muhitini rivojlantirish sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani tizimli o‘rganish va joriy etishni amalga oshiradi;
vazirliklar va idoralarni jalb etgan holda tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini yanada takomillashtirishga qaratilgan strategik dasturlar, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish va raqobat muhitini rivojlantirish sohasida xorijiy mamlakatlarning monopoliyaga qarshi kurashish organlari va xalqaro tashkilotlar bilan har taraflama hamkorlikni tashkil qiladi;
raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar va davlat organlarining reyestrini yuritadi va e’lon qiladi;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarni insofsiz raqobatchilardan va raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzayotgan davlat organlarining noqonuniy qarorlaridan, ularning mansabdor shaxslarining harakatlaridan (harakatsizligidan) o‘z vakolatlari doirasida himoya qiladi;
tovar yoki moliya bozorlarida xo‘jalik yurituvchi subyektlarga teng shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarning davlat organlari va ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishini o‘z vakolatlari doirasida nazorat qiladi;
b) tovar va moliya bozorlarida raqobat muhiti holatini tizimli tahlil qilish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustun mavqeni suiiste’mol qilishi, “kartel” kelishuvlari va til biriktirish, insofsiz raqobatni aniqlash va ularga chek qo‘yish sohasida:
tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitining holatini o‘rganadi va xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhining ustun mavqeyini aniqlaydi, shaxslar guruhi ishtirokchilarining tarkibini belgilaydi;
ustun mavqeni suiiste’mol qilish, “kartel” kelishuvlari va til biriktirishlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish choralarini ko‘radi;
“kartel” kelishuvlar va til biriktirishlar kabi raqobatga qarshi harakatlarning murakkab turlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish masalalarida huquq-tartibot organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayensni joriy etadi;
ustun mavqeyini egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar va tabiiy monopoliya subyektlarining tovarlariga (ishlariga, xizmatlariga) xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
yuridik shaxsning individuallashtirilgan vositalariga va tovarni individuallashtirish vositalariga mutlaq huquqni sotib olish bilan bog‘liq insofsiz raqobat holatlarini aniqlaydi;
Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan xo‘jalik subyektlari yoki shaxslar guruhi tomonidan ishlab chiqariladigan (ko‘rsatiladigan) tovarlar (xizmatlar) narxlari ustidan monitoring olib boradi;
tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda tabiiy monopoliya subyektlarining davlat reyestrlarini shakllantiradi va yuritadi;
v) savdolar, iqtisodiy konsentratsiya va davlat ko‘magini monopoliyaga qarshi tartibga solish sohasida;
tanlov (tender) va birja savdolarini o‘tkazishda raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi;
shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning birlashuvi va qo‘shib olinishi bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oldindan rozilik berish orqali bozor konsentratsiyasi ustidan nazoratni amalga oshirish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xo‘jalik yurituvchi subyektlarga raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish borasida davlat ko‘magi ko‘rsatilishi masalalarini ko‘rib chiqadi;
tovar-xomashyo birjalarini litsenziyalaydi hamda ular tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
tovar-xomashyo birjalarining litsenziyalari reyestrini yuritadi;
maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda tovar-xomashyo birjalari a’zolari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda monitoring olib boradi va ushbu qoidalarga tovar-xomashyo birjalari tomonidan rioya etilishini nazorat qiladi;
o‘z vakolatlari doirasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
g) bozor ishtirokchilariga yuqori likvidli, shu jumladan tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlardan (ishlar, xizmatlardan) foydalanishda teng shart-sharoitlarni ta’minlash sohasida:
yuqori likvidli monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish to‘g‘risida belgilangan tartibda qarorlar qabul qiladi;
yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar birja savdolariga qo‘yilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi;
tabiiy monopoliya subyektlarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtiradi;
tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinishi tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi va majburiy tarzda xizmat ko‘rsatiladigan iste’molchilar ro‘yxatini belgilash bo‘yicha takliflar kiritadi;
raqobatga qarshi harakatlarni va tartibga solinadigan narxlarning (tariflarning), shuningdek, Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki shaxslar guruhi tomonidan ishlab chiqariladigan (ko‘rsatiladigan) tovarlarga (xizmatlarga) monopol yuqori va monopol past narxlarning asossiz o‘sishini aniqlaydi va ularga chek qo‘yadi;
tovarlarning (ishlar, xizmatlarning) tartibga solinadigan narxlari (tariflari) va ustama narxlariga rioya etilishini tahlil va nazorat qiladi;
d) qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash, davlat organlarining raqobatni cheklovchi qarorlar qabul qilishiga va shunday harakatlarni amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaslik sohasida:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan kiritiladigan va qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, boshqa hujjatlarni ularning raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan ekspertizadan o‘tkazadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish hamda ularni qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi bo‘yicha takliflar kiritadi;
raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qonun hujjatlari va davlat organlari qarorlarini bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek, hududiy boshqarmalar hamda unga idoraviy mansub tuzilmalar orqali amalga oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |