Optimistik kayfiyat va uning o‘qituvchi faoliyatida ahamiyati. O‘qituvchi faoliyati uning optimistik ruhga ega bo‘lishi va o‘quvchilarni ham ruhlantira olishi muhim ahamiyatga ega. Lug‘aviy jihatdan “optimizm” (“optimus”) lotin tilidan tarjima qilinganda “juda yaxshi”, “a’lo” degan ma’nolarni anglatadi.
O‘qituvchining optimistik kayfiyati kasbiy faoliyatni ko‘tarinki ruhda tashkil etishda, o‘quvchilar bilan munosabatda samimiy va do‘stona bo‘lishda, ularning kamchiliklari va xatolarini emas, balki ko‘proq yutuqlari, muvaffaqiyatlarini ko‘ra olishda, turli pedagogik vaziyatlarni tahlil qilish va baholashda ularning ijobiy tomonini ko‘rish, ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy ishlar jarayonini tashkil etishda o‘quvchilarga ishonch bildirish, ularning yutuq va muvaffaqiyatlari uchun rag‘batlantirish, ota-onalar bilan muloqotda farzandlarining ijobiy sifatlariga ko‘proq
urg‘u berish, o‘zi faoliyati va o‘z xatti-harakatlarining to‘g‘riligiga, ijtimoiy ahamiyatli ekanligiga ishonish kabilarda ko‘zga tashlanadi. O‘quvchilarning bugun erishgan yutuqlarini avvalgilari bilan solishtirish, noo‘rin tanqid qilish, muloqotda o‘quvchi shaxsining xatti-harakatlariga emas, balki uning shaxsini baholash pedagogik muloqotning salbiylik kasb etishiga olib keladi.
Ta’lim va tarbiyaviy ishlar jarayonida ham o‘quvchilardagi doimiy qo‘rquv, xavotir, tushkunlik ham ular tomonidan o‘quv materiallarining puxta o‘zlashtirilmasligi, aksincha, qoloqlik, ijtimoiy foydali mehnat va jamoaviy ishlardan o‘zini chetga olishga olib keladi. Bu esa pedagogik jarayon uchun salbiy holat bo‘lib, shaxsni tarbiyalash, unga bilim berishda bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Shu sababli o‘qituvchi mahoratida uning optimistik kayfiyatga ega bo‘lishi, bunda barqarorlikka erishish muhim ahamiyatga ega.
Shunday qilib, o‘quvchilarda o‘quv-bilish faolligini rivojlantirish murakkab psixologik hodisa bo‘lib, u o‘ziga xos jihatlarni namoyon etadi. O‘quvchilarning ta’lim jarayoniga xos fiziologik, ijtimoiy va psixologik jihatdan tayyor bo‘lishlari ular tomonidan samarali ravishda o‘quv-bilish faolligiga erishish uchun keng imkoniyatlarni yaratadi. Shu bois ta’lim jarayonini tashkil etishda masalaning bu jihatiga e’tibor qaratish lozim. Ta’lim jarayonida o‘quvchilarning o‘quv-bilish faoliyatini rivojlantirish o‘z-o‘zidan ro‘y bermaydi. Bunga bir qator omillar ta’sirida erishiladi. O‘qituvchilar esa o‘quvchilarning o‘quv-bilish faoliyatini rivojlantirishda ijobiy ta’sir kuchiga ega bo‘lgan omillar mavjudligini ta’minlashga e’tibor qaratishlari zarur. Bunda, eng avvalo, o‘qituvchining sub’ektiv ta’sirini inobatga olish zarur. Binobarin, o‘qituvchining ta’lim jarayonini tashkil etishda optimistik kayfiyatga ega bo‘lishi o‘quvchilarda o‘quv fanlarini o‘zlashtirishga, bilim olishga bo‘lgan rag‘batini oshirishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |