Olamning paydo bo‗lishi va evolyusiyasi.
Notirik tabiat o‗z shakllari va
holatlarining son-sanoqsizligi va rang-barangligi bilan aqlni lol qoldiradi. U turli
jismlar, predmetlar, zarralar, gazlar, maydonlar, xossalar, hodisalar ko‗rinishida
amal qilar ekan, muttasil harakat va o‗zgarishlar jarayonini boshdan kechiradi.
Dunyoning paydo bo‗lishi va evolyusiyasi haqidagi hozirgi ilmiy
tasavvurlar so‗nggi 400 yil ichida vujudga keldi, galaktikalar va ularning to‗dalari,
makro va mikrodunyoning hayratomuz rang-barangligi haqida odamlar XX
asrdagina xabar topdilar. Olamning cheksiz bo‗shlig‗i qarshisida bizning dunyo
haqidagi tasavvurlarimiz hozir ham dengizdan bir tomchi bo‗lib tuyuladi. Lekin,
shunga qaramay, bugungi kunda biz bilgan va tushungan narsalar butun Olam va
uning ayrim qismlari evolyusiyasi va muttasil o‗zgaruvchanligi haqida ancha asosli
xulosa chiqarish imkonini beradi. Boshqacha aytganda, dunyo u yoki bu bosqichda
ma‘lum narsalar vujudga kelib, o‗z borlig‗ini kasb etadigan va qachondir yo‗q
bo‗ladigan, ya‘ni o‗zining avvalgi borlig‗ini yo‗qotib, modda va energiyaning
saqlanish qonuniga binoan boshqa narsaga aylanadigan muttasil davom etuvchi
jarayondir.
Notirik tabiatning hozirda mavjud bo‗lgan butun rang-barangligi o‗z
asosiga ega, ya‘ni u qachondir vujudga kelgan. Bu fikrni kengayib borayotgan
Olam haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar ham tasdiqlaydi. Biroq, olimlar fikriga
ko‗ra, biz yashayotgan Olam tarixi boshlanishiga asos bo‗lgan Katta portlash
nazariyasi dunyoning mohiyati va uning tuzilishi xususida yangi va yangi
masalalarni kun tartibiga qo‗ymoqda. Tabiiy fanlarning ma‘lumotlari taxminan 15
milliard yil muqaddam ayrim osmon jismlari mavjud bo‗lmagani, bizning Olam
deyarli bir jinsli kengayib borayotgan plazmadan tashkil topganidan dalolat beradi.
Endilikda bir-biridan uzoqlashayotgan galaktikalar tarkibiga kiruvchi yulduzlar,
sayyoralar, asteroidlar va boshqa ko‗plab kosmik jismlar mavjud bo‗lib, bu
galaktikalarning to‗dalarida vaqti-vaqti bilan fanga ma‘lum bo‗lmagan sabablarga
ko‗ra ulkan tadrijiy va inqilobiy o‗zgarishlar yuz beradi.
Er tarixi.
Ilmiy tasavvurlarga ko‗ra biz yashayotgan sayyora taxminan 4,5
milliard yil muqaddam ilk quyosh sistemasida sochilib yotgan gazsimon-
changsimon moddadan paydo bo‗lgan, muayyan moddiy jism sifatida o‗z
borlig‗ini kasb etgan, oradan yana bir milliard yilcha vaqt o‗tgach, Erning geologik
tarixi boshlangan. Hozirgi zamon fani aniqlagan eng qadimgi tog‗ jinslarining
yoshi shundan dalolat beradi. SHunday qilib, Er jonsiz tabiatining moddiy dunyosi
o‗zining aniq geologik yil hisobiga ega va uning borlig‗i sayyoramizning umumiy
evolyusion jarayonlari bilan bog‗liq. Erning tabiiy kosmik jism sifatidagi
evolyusiyasini esa nafaqat tog‗ jinslari yoki qit‘alar tarixi, balki minerallar, foydali
qazilmalar, keyinroq esa – oliy shakllar darajasigacha rivojlangan jonli moddaning
paydo bo‗lishi ham tasdiqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |