Qatlam tubi zonasini o’tkazuvchanligini kuchaytirish
Qatlam tubi zonasining o’tkazuvchanligini pasayishi neft quduqlarini debitini kamayishga, haydovchi quduqlarni qabul qiluvchanligini kamaytirishga olib keladi.
Quduq tubi zonasida tog’ jinsining o’tkazuvchanligini yaxshilash yoki tiklashda, mavjud kollektor kanallarni yaxshilashda, tog’ jinsining yoriqliligini kuchaytirishda, quduq tubi zonasidagi smolaparafin yotqiziqlarni, temir oksidni, mexanik aralashmalarni chiqarishda yangi usullardan foydalanish talab qilinadi.
Shartli holda quduq tubi zonasidagi tog’ jinsining o’tkazuvchanligi kuchaytirishga: kimyoviy, mexanik, issiqlik, fizik va vibrasiya usullari kiradi. Bu usullar bir-biriga mos holda yoki ketma-ketlikda yaxshi natijalar olishda qo’llaniladi.
Kimyoviy usul ko’p holatda karbonat kollektorlariga ishlov berishda hamda sementlangan qumtoshlarning tarkibida karbonat va sementlangan karbonatli moddalar mavjud bo’lganda yaxshi natija beradi.
Kimyoviy usul QTZ sini o’tkazuvchanligi (tuzlar, temir oksidi va hakozo) yomonlashganda, qatlam tog’ jinsini yoki elementlarini eritish mumkin bo’lganda qo’llaniladi. Eng ko’p qo’llaniladigan usullardan biri kislotali ishlov berishdir. Quduq tubi zonasida mustahkam zichlamali tog’ jins yotqiziqlari mavjud bo’lsa, mavjud yoriqlarni ochish va kengaytirishda, qatlamning uzoq joylashgan qismidagi kollektorlarni ochishda mexanik usullardan foydalaniladi. Shuning uchun ta’sir etish usullariga qatlamni gidravlik yorish, yoriqli yengillashtirish va hakozolar kiradi. Quduq tubi artofida smolaparafinli yotqiziqlar hamda qovushqoq va yuqori qovushqoq neftlarni qazib olishda issiqlik usullari qo’llaniladi. Quduq tubi zonasida o’tirib qolgan smola, parafin, asfal’tenlarni eritish uchun quduqqa chuqurlik elektr isitgichlar tushiriladi, issiq bug’, issiq suv, issiq neft mahsulotlari haydaladi. Bunda quduq tubi zonasidagi smolaparafin yotqiziqlarining kristallashish haroratidan yuqori bo’lgan harorat bilan ushlab turiladi.
Fizik usullar quduq tubi zonasidagi suv va qattiq kichik dispersli zarrachalarni chiqarib yuborish hamda neftni sizishi uchun o’tkazuvchanlikni kuchaytirishga mo’ljallangandir. So’nggi vaqtlarda neft va haydovchi quduqlarda, quduq tubi zonasini o’tkazuvchanligi yaxshilash uchun to’lqinli, titratish, gidroimpul’sli va akustik usullardan foydalanilmoqda. Bu usulllar hozirda katta ishlanish va takomillashtirish bosqichlarida turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |