73.Davlat funksiyalarning tasnifi
|
Har qanday davlatning funksiyalarini ichki va tashqi funksiyalarga bo‘lish mumkin. Davlat funksiyalarining ichki va tashqi funksiyalarga bo‘linishi umumiy xarakterga ega. O‘z navbatida, davlatning ichki va tashqi funksiyalari ham turli-tuman bo‘ladi. Ichki funksiyada davlatning mamlakat ichidagi roli namoyon bo‘ladi. Davlat boshqa davlatlar qurshovida yashaydi. Shu bois boshqa davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarda davlatning tashqi funksiyasi ro‘yobga chiqadi. Harakatining muddatiga ko‘ra davlat funksiyalari doimiy va muvaqqat funksiyalarga bo‘linadi. Doimiy funksiyalarga davlatga doimo xos bo‘lgan xususiyatlar, davlat muntazam shug‘ullanadigan vazifalar, masalan, ishlab chiqarishni boshqarish vazifasi, ya’ni davlatning iqtisodiy funksiyasi kiradi. Davlatning muvaqqat funksiyalariga esa ma’lum vaqt mobaynida muayyan maqsadga erishishga yo‘naltirilgan vazifalar kiradi. Masalan, favqulodda holat e’lon qilingan davrdagi vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan funksiyalar vaqtinchalik tusga egadir. Ijtimoiy ahamiyatiga ko‘ra, davlat funksiyalari asosiy va qo‘shimcha turlarga bo‘linadi. Davlatning ichki funksiyalari – mamlakat ichki hayotini boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan davlat faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir. Ichki funksiyaga quyidagilar kiradi: iqtisodiy funksiya, ijtimoiy funksiya, davlatning huquq-tartibotni muhofaza etish funksiyasi, tabiatni muhofaza qilish funksiyasi. Har bir davlat iqtisodiyot sohasida muayyan vazifalarni bajaradi, ular, asosan, quyidagilardan iborat. Birinchidan, rivojlanayotgan iqtisodiyotni yaratish, ikkinchidan, iqtisodiyotni barcha sohalarini o‘zaro bog‘liqlik asosida rivojlantirish, uchinchidan, mehnat zaxiralarini oqilona joylashtirish, mehnatning yangi texnologiyalar, xalqning tarixiy an’analari va malakalariga mos keladigan sohalarini yaratish.To‘rtinchidan, samarali iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish. Beshinchidan, tadbirkorlikni rivojlantirish. Oltinchidan, aholini ish bilan ta’minlash. Ijtimoiy funksiya – bunda davlat shaxsni ijtimoiy jihatdan muho- faza etilishini, jamiyat barcha azolarining talablar darajasidagi moddiy-ma’naviy hayot sharoitlariga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi. Ijtimoiy funksiyaga quyidagilar kiradi. Ijtimoiy boyliklarni taqsimlash, aholini eng kam muhofazalangan qismini (nogironlar, ko‘p bolali oilalar, keksalar, yetim-yesirlar) himoya qilish, pensiya ta’minoti kabilarni tashkil etish. Sog‘liqni saqlash, madaniyatni rivojlantirish, jamoat transportini tashkil etish, uy-joy qurilishi.
Siyosiy funksiya – fuqarolarning siyosiy huquq erkinliklarini himoya qilish, qonuniylikni va huquqiy tartibotni ta’minlash, jamiyatda barqarorlik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikni ta’minlashdan iborat. Ma’naviy funksiya – jamiyat a’zolari ongiga milliy mafkurani singdirish, san’atni qo‘llab-quvvatlash, milliy madaniyani rivojlantirish, jamiyatning ma’naviy-axloqiy sog‘lomligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish. Moliyaviy funksiya — soliq to‘plash, jamiyat hayotining asosiy sohalarini moliyalashtirish, davlat budjeti ijrosi, bojxona nazorati va boshqalar. Tabiatni muhofaza qilish funksiyasi — insoniyatni o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun tabiiy boyliklardan yovuzlarcha foydalanish, odamlar istiqomat qiladigan joylar hayot uchun xavfli falokat mintaqalariga aylanib ketishi natijasida tabiat
bilan inson o‘rtasidagi muvozanat buzildi. Masalan, O‘zbekistonda Orolning qurib borayotganligi, qishloq xo‘jaligida ekologik zararli moddalarni ishlatish, aholi yashaydigan hududlarda zararli ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish, yerdan oqilona foydalanish qonunlarini buzish tabiiy ekologik vaziyatni izdan chiqardi. Shu munosabat bilan davlatning ekologik funksiyasi alohida e’tibor kasb etmoqda. Davlatning tabiatni muhofaza qilishga oid funksiyasiquyidagi vazifalardan iborat. Jumladan, tabiiy resurslaridan oqilona foydalanishga, atrof-muhitga zarar yetkazishga va ekologik vaziyatni yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik. Ikkinchidan, jahon hamjamiyati davlatlari ishtirokida ekologik sharoitlarini sog‘lomlashtirish, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi ekologik nomaqbul oqibatlarni bartaraf etish. Uchinchidan, samarali ekologik qonunchilik tizimini shakllantirish va tegishli davlat organlarini tuzish. Davlatning tashqi funksiyasi – uning xalqaro maydondagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir. Davlatni tashqi funksiyasiga quyidagilar kiradi. Turli davlatlar bilan tinch-totuv yashash, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilish, tashqi iqtisodiy faoliyat yuritish, mamlakatni boshqa davlatlar hujumidan mudofaa etish va jahonda tinchlikni mustahkamlash ishlarida faol qatnashish kabilar. Jamiyatning hozirgi zamon taraqqiyot darajasi barcha davlatlarning xo‘jalik, siyosiy, madaniy hayot sohalarida hamkorlik qilishni talab
qiladi. Iqtisodiy hamkorlikda eng muhim o‘rinni xalqaro mehnat taqsimoti, ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish, eng yangi texnologiyalari bilan almashish, kredit-moliya aloqalarini rivojlantirish va tovar aylanmasini muvofiqlashtirib turish kabilar egallaydi. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan muassasalari: Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro Valyuta jamg‘armasi, Xalqaro taraqqiyot banki va boshqalar olib boradi. Mamlakatni mudofaa qilish funksiyasi. Davlatchilik taraqqiyotining barcha bosqichlarida bu funksiya, uning ahamiyati g‘oyat katta bo‘lib kelgan. Zero, hamisha mamlakat ozodligi va mustaqilligini tashqi tajovuzlardan himoya qilishning obyektiv zarurati mavjud bo‘lib kelganligi ma’lum. Mamlakat mudofaasi funksiyasi iqtisodiy, siyosiy, diplomatik va harbiy vositalar bilan amalga oshiriladi. Davlat mudofaa faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: – birinchisi, mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash. Mamlakat mudofaa qudratini ta’minlash, eng avvalo, mudofaa salohiyatini yuksaltirish; – ikkinchisi, qurolli kuchlarni doimiy takomillashtirib, ularning
jangovar qudrati va jangovar tayyorgarligini oshirib borish; – uchinchisi, davlat chegaralarini muhofaza qilish;
– to‘rtinchisi, qurolli kuchlarning harbiy ta’limi;
– beshinchisi, fuqaro mudofaasini tashkil etish
|
|
Do'stlaringiz bilan baham: |