493-modda. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlash
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlash, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
494-modda. Xorijiy ishchi kuchini O‘zbekiston Respublikasiga jalb qilish va undan foydalanish tartibini buzish
Xorijiy ishchi kuchini O‘zbekiston Respublikasiga jalb qilish va undan foydalanish tartibini buzish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
50-modda. Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini yaratishga doir qarorlarini bajarmaslik, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mahalliy mehnat organlari tomonidan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ishga yuborilgan shaxslarni ishga qabul qilishni bo‘sh ish o‘rinlari (vakant lavozimlar) mavjud bo‘lgani holda asossiz ravishda rad etish, shuningdek ish o‘rinlarining belgilangan eng kam soni hisobidan ish o‘rinlariga ishga joylashtirishni asossiz ravishda rad etish, xuddi shuningdek avval talabnoma berilgan, kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga yuborilgan shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etish, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etish, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |