O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida
Sud amaliyotida bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabanda uchun javobgarlikka oid qonunchilikni qo‘llashda masalalar kelib chiqqanligi munosabati bilan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarga tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 5-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi mazmuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi (bundan buyon matnda bojxona chegarasi) O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi bilan ustma-ust tushadi. Bojxona chegarasiga qonunda erkin bojxona zonalari va erkin omborlar tegralari (perimetrlari) ham kiritilgan.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududini uning butkul davlat hududi tashkil etadi, erkin bojxona zonalari va erkin omborlar hududlari bundan mustasno (agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa).
2. Tovarlar va transport vositalarini bojxona chegarasidan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi (bundan buyon matnda – BK) va boshqa qonun hujjatlari bilan qat’iy belgilangan. Tovarlar va transport vositalarini belgilangan tartibni buzgan holda bojxona chegarasidan har qanday tarzda o‘tkazish qonunga xilof hisoblanadi va ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Qonun bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish uchun javobgarlik turini bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazilayotgan tovar yoki boshqa qimmatliklar miqdori bilan bog‘lagan bo‘lib, bu miqdor ularning huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Tovar yoki boshqa qimmatliklarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan ko‘p miqdorgacha o‘tkazganlik uchun har doim, shaxs aynan shunday huquqbuzarlik uchun bir yil davomida bir necha marta ma’muriy javobgarlikka tortilganligidan qat’iy nazar, ma’muriy javobgarlik kelib chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (bundan buyon matnda — JK) 182-moddasining birinchi qismi bo‘yicha jinoiy javobgarlik tovar va transport vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan (O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 227
21-moddasi, 227
22- moddasining birinchi qismi) shaxs ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida yana aynan shunday huquqbuzarlikni ko‘p miqdorda sodir etgan holdagina kelib chiqadi.
JK 182-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan kvalifikatsiya belgilari mavjud bo‘lganda, jinoiy javobgarlik shaxs tovar yoki boshqa qimmatliklarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazganlik uchun ilgari ma’muriy javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligidan qat’iy nazar, kelib chiqadi. Bunda JK 182-moddasi ikkinchi qismining “b”, “v” va “g” bandlari bo‘yicha jinoiy javobgarlik faqat bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik ko‘p miqdorda buzilgan holdagina kelib chiqadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
4. Quyidagilar, jumladan, JK 182-moddasida nazarda tutilgan jinoyat predmeti hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
bojxona chegarasidan o‘tkazilayotgan har qanday ko‘char mol-mulk, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi, valyuta qimmatliklari va boshqa qimmatli qog‘ozlar;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
elektr, issiqlik energiyalari va energiyaning boshqa turlari;
Oldingi tahrirga qarang.
BK 13-moddasi 1 — 3-bandlariga muvofiq, tovar deb tan olinadigan transport vositalari;
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
intellektual mulk obyektlari (foydali modellar, sanoat namunalari);
madaniy boyliklar – moddiy dunyoning milliy, tarixiy, badiiy, ilmiy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy va boshqa madaniy ahamiyatga molik ko‘char ashyolari (“Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasi);
o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlari.
Oldingi tahrirga qarang.
5. JK 182-moddasi mazmuniga ko‘ra, tovarlar yoki boshqa qimmatliklar (bundan buyon matnda — tovarlar) qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazish tovarlarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirish yoki mazkur hududdan olib chiqish tarzidagi harakatni quyidagi usullardan biri orqali sodir etishda ifodalanadi:
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
bojxona nazoratini chetlab o‘tish;
bojxona nazoratidan yashirish;
bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalanish;
deklaratsiya qilmasdan yoki boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanish;
chegarani buzib o‘tish.
6. Tovarlarni bojxona nazoratini chetlab o‘tkazish ularni O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridan tashqari yoki bojxona nazorati o‘tkazish vaqtidan tashqari olib kirish yoki mazkur hududdan olib chiqishdan iborat har qanday qasddan sodir etilgan harakatda ifodalanadi.
Agar tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazish qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish bilan bog‘liq tarzda sodir etilsa, shaxsning bunday harakatlari JK 182 va 223-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Tovarlarni bojxona nazoratidan yashirish deganda, ularni topishni qiyinlashtirish yoxud ularning asl xususiyati yoki miqdorini yashirish (masalan, ayrim bir tovarlarga boshqasining ko‘rinishini berish, tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazish uchun maxsus tayyorlangan yoki moslashtirilgan xufya joylardan (chemodanlar, sumkalar, transport vositalari, konteynerlar va boshqa tashish vositalarining konstruksiyaviy (tuzilish) xususiyatiga ko‘ra, ashyolarini saqlash yoki tashishga mo‘ljallanmagan bo‘shliqlari, devorlari (ramalari) oralaridan foydalanish, jinoyat predmetlarini odam, hayvon tanasida va h.k. yashirish)ga qaratilgan har qanday harakatlar tushuniladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalanish deganda, jumladan, bojxona organlariga quyidagilarni taqdim etish tushunilishi lozim:
bila turib qalbaki hujjatlarni;
bila turib yolg‘on ma’lumotlar kiritilgan hujjatlarni;
qonunga xilof ravishda olingan yoki boshqa tovarlarga tegishi hujjatlari;
haqiqiy bo‘lmagan hujjatlarni;
qalbakilashtirilgan bojxona identifikatsiyalash vositalaridan (plombalar, muhrlar, tamg‘alar bosish, identifikatsiyalash belgilari, shtamplar va BK 197-moddasida nazarda tutilgan boshqa identifikatsiyalash vositalari) yoki boshqa tovarlarga tegishli haqiqiy identifikatsiyalash vositalaridan foydalanish.
Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, tovarlarni bojxona chegarasidan o‘tkazishning har bir tartibi uchun qonunchilikda bojxona organlariga taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarning alohida ro‘yxati nazarda tutilgan (BK 18-19-moddalari). Shundan kelib chiqib, mazkur ro‘yxatlarda nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlarni bojxona organlariga taqdim etmagan shaxsning harakatlari qonunga xilof deb qaralishi mumkin emas.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
9. Tovarlarni deklaratsiya qilmasdan bojxona chegarasidan o‘tkazish tovarlarni olib kirish yoki olib chiqish (chiqarish), ularni tanlangan bojxona rejimi ostiga joylashtirish, bojxona to‘lovlarini hisoblash va undirish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan tovarlar haqidagi ma’lumotlarni bojxona deklaratsiyasida qasddan bayon qilmaslikni nazarda tutadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib tovarlarni bojxona chegarasidan o‘tkazish deganda, bojxona deklaratsiyasida yoki deklaratsiyalashning boshqa belgilangan shaklida tovarlar (nomlanishi, sifati va xususiyatlarini o‘zida aks ettiruvchi ma’lumotlar, shu jumladan ularning TIF TN kodlari) to‘g‘risida bila turib yolg‘on ma’lumotlarni aks ettirish tushuniladi.
Tushuntirilsinki, bojxona organi tomonidan bojxona deklaratsiyasini tekshirish, tovarlarni ko‘zdan kechirish va bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar noto‘g‘riligi aniqlangunga qadar bojxona deklaratsiyasida yo‘l qo‘yilgan xatolarning deklarant tomonidan mustaqil tuzatilishi (BK 265-266-moddalari) ma’muriy va jinoiy javobgarlikni istisno etadi.
(9-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
10. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 182-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning tugallanish payti har bir muayyan ish bo‘yicha tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazish usulidan (bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalangan holda yoki deklaratsiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib) kelib chiqqan holda aniqlanishi kerak.
Bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirgan holda tovarlarni bojxona chegarasidan o‘tkazish jinoyati tovarlar bilan bojxona chegarasini amalda kesib o‘tgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan yoki deklaratsiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalangan holda tovarlarni bojxona chegarasidan o‘tkazish jinoyati bojxona organlari tomonidan tegishli hujjatlar ro‘yxatga olingan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi (BK 264-moddasi).
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(10-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
11. Bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazilayotgan tovarlar miqdorini aniqlashda, ushbu tovarlarning jinoyat sodir etilgan vaqtdagi bozor qiymatidan kelib chiqilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tgan tovarlar amalda mavjud bo‘lmagan (erkin muomalaga chiqarilgan, sotib yuborilgan va h. k.) hollarda, ularning qiymati sifatida bojxona rasmiylashtiruvi paytida O‘zbekiston Respublikasining BK 44-bobiga muvofiq aniqlangan bojxona qiymati tan olinadi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
Tovarlar qiymatini aniqlashning imkoniyati bo‘lmagan hollarda (masalan, qalbakilashtirilgan spirtli ichimliklar, kontrafakt tovarlar) ularning qiymati baholash faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadi.
Bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazilayotgan tovarlar miqdorini aniqlashda, faqat, bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib, yoxud bojxona hujjatlari yoki qiyoslash vositalaridan aldash yo‘li bilan foydalangan holda yoki deklaratsiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib o‘tkazilgan tovarlar qismining qiymati inobatga olinishi kerak.
12. Agar shaxs bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bir qatorda qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish jinoyatini sodir etsa, uning harakatlari JK 182 va 223-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, uni bojxona organlariga haqiqiy hujjat sifatida taqdim etgan shaxs harakatlari JK 182-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi va qo‘shimcha ravishda 228-moddasi bilan kvalifikatsiya qilishni talab qilmaydi.
13. Sudlarga tushuntirilsinki, agar jinoyat bojxona chegarasini buzib o‘tish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, shaxsning harakatlari JK 182-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda buzib o‘tish deganda, jumladan, bojxona postiga hujum qilish, bojxona organlarining qonuniy faoliyatiga boshqacha faol qarshilik ko‘rsatish (masalan, bojxona chegarasi rejimi talablariga ochiqdan-ochiq bo‘ysunmaslik, o‘zining xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur qilish), bojxona xizmati texnik vositalariga shikast yetkazish yoki ularni ishdan chiqarish va h. k. yo‘li bilan bojxona chegarasini kesib o‘tishda ifodalangan harakatlar tushunilishi lozim.
Agar bojxona chegarasini buzib o‘tish paytida aybdor tomonidan shaxs badaniga qasddan og‘ir shikast yetkazilgan yoki u qasddan o‘ldirilgan bo‘lsa, qilmish JK 182-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi va tegishlicha JK 97 yoki 104-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday holatlarda qasddan badanga yengil yoki o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati, shuningdek mulkiy ziyon yetkazilishi JK 182-moddasi ikkinchi qismi dispozitsiyasi bilan qamrab olinadi va tegishlicha JK 105, 109 va 173-moddalari bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
14. Tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazish uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan deb topilgan hollarda, JK 182-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi bo‘yicha nafaqat tovarlarni bevosita bojxona chegarasidan o‘tkazgan, balki barcha uyushgan guruh a’zolarining (masalan, O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga qonunga xilof ravishda olib kirish maqsadida chet elda tovar xarid qilgan, bojxona nazorati punktida uni o‘tkazishda ko‘maklashgan yoki bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida taqdim etilgan hujjatlarni qalbakilashtirgan, yukning qonunga xilofligini bila turib, transport ekspeditori sifatida qatnashgan uyushgan guruh a’zolari) harakatlari kvalifikatsiya qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Jinoyatni o‘z xizmat lavozimidan foydalangan holda sodir etgan mansabdor shaxs (JK 182-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi) deb, xizmat burchiga ko‘ra bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan tovarlar ustidan bojxona nazoratini (hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish, og‘zaki so‘rov, bojxona ko‘rigi, bojxona identifikatsiyalashi, tovarlar hisobini yuritish) amalga oshirishga majbur shaxs topilishi lozim. Bunday shaxslar jumlasiga, shuningdek, bojxona nazoratining muayyan shakllaridan BK 50-moddasiga asosan ozod etilgan va o‘z xizmat lavozimidan tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasida o‘tkazish uchun foydalangan mansabdor shaxslar ham kiradi.
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Tovarlarni o‘z xizmat lavozimidan foydalangan holda qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazgan mansabdor shaxslarning harakatlari JK 182-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi va Jinoyat kodeksining hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (JK 19211, 205-moddalari) yoxud hokimiyat yoki mansabdor vakolati doirasidan chetga chiqish (JK 206-moddasi) jinoyatlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
Tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan o‘tkazishda o‘z xizmat lavozimidan foydalangan mansabdor shaxsning (jinoyat tashkilotchisi, dalolatchisi, yordamchisining) harakatlari JK 28-moddasi va JK 182-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi (uyushgan guruh a’zolarining harakatlari bundan mustasno).
16. Shaxsning valyutani qonunga xilof ravishda bojxona chegarasida o‘tkazishda aybdorligi masalasini hal etishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, O‘zbekiston Respublikasiga erkin olib kiriladigan va olib chiqib ketiladigan naqd xorijiy va milliy valyuta miqdori quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuni;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 31-oktabrdagi 376-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kirish va olib chiqib ketish Tartibi”;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasini olib kirish va olib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi 86-sonli qarori bilan belgilangan.
Shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga bir vaqtning o‘zida olib kiriladigan yoki olib chiqib ketiladigan naqd valyutaning faqat bir qismi deklaratsiya qilingan bo‘lsa, shaxsning harakatlari naqd valyutaning deklaratsiya qilinmagan qismi miqdoridan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 246-moddasiga muvofiq, bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga o‘xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo‘li bilan foydalanib, deklaratsiyasiz yoki boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib, kuchli ta’sir qiluvchi zaharli, zaharlovchi, portlovchi moddalar, radioaktiv materiallar, portlatish qurilmalari, qurol-yarog‘, o‘qotar qurol yoki o‘q-dorilarni shuningdek, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni yoki diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni, yadroviy, kimyoviy, biologik va ommaviy qirg‘in qurolining boshqa turlarini, shunday qurollarni yaratishda foydalanilishi mumkinligi ayon bo‘lgan material va moslamalar, radioaktiv materiallarni (bundan buyon matnda — kontrabanda ashyolari) O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish boshqa jinoyat — kontrabanda tarkibini tashkil etadi.
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
Bojxona chegarasi orqali JK 246-moddasining birinchi qismida qayd etilgan kontrabanda predmetlarini o‘tkazishda ifodalangan harakatlarni kvalifikatsiya qilishda kontrabanda predmetlari miqdori huquqiy ahamiyat kasb etmaydi.
Agar shaxs JK 182-moddasi ta’siriga tushuvchi tovarlarni bojxona chegarasi orqali o‘tkazish bilan bir qatorda kontrabanda jinoyatini sodir etsa, uning harakatlari JK 182 va 246-moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Agar shaxs kontrabanda jinoyatini sodir etish bilan bir qatorda kontrabanda ashyolarining noqonuniy muomalasi bilan boshqa jinoyatlarni (JK 247, 248, 273-moddalari va h.k.larni) sodir etsa, uning harakatlari jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
171. Diniy materiallar bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda olib o‘tilgan har bir holatda shaxsning harakatlarini to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish uchun ularda diniy ekstremizm, separatizm, aqidaparaslik g‘oyalari targ‘iboti mavjud yoki mavjud emasligi masalasini aniqlash maqsadida sud-dinshunoslik ekspertizasi tayinlanishi lozim. Agar ekspertiza natijalariga ko‘ra diniy mazmundagi materiallarda diniy ekstremizm, separatizm, aqidaparaslik g‘oyalari targ‘iboti mavjudligi aniqlansa, shaxsning harakatlari JK 246-moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
(17
1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
18. JPK 211-moddasiga muvofiq hukm, jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida ajrim (qaror) chiqarish paytida sud ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb topilgan predmetlar, shu jumladan transport vositalari to‘g‘risidagi masalani hal etishi shart.
Mazkur masalani ko‘rib chiqish chog‘ida sudlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi “Jinoyat ishlari bo‘yicha ashyoviy dalillarga oid qonunchilikni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorida berilgan tushuntirishlarga amal qilishlari lozim.
Bojxona chegarasi orqali qonunga xilof ravishda o‘tkazilgan, ashyoviy dalil deb topilgan predmetlar egaligi yuzasidan nizolar fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
181. Shuni nazarda tutish lozimki, bojxona chegarasi orqali tovar yoki boshqa qimmatliklarni noqonuniy olib o‘tishda (JK 182-moddasi) foydalanilgan transport vositalari (konteynerlar) faqat tovar va boshqa qimmatliklar bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib olib o‘tilgan holdagina jinoyat quroli deb topiladi.
(18
1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
19. Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlarni ko‘rishda sudlar, bunday jinoyatlar sodir etilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlashlari hamda ularga xususiy ajrimlar chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirishlari zarur.
Sudlar bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishiga doir har bir ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorining bir nusxasini ma’muriy yoki jinoiy ishni qo‘zg‘atgan organga mazkur sohada yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklar hisobini yuritish va tahlil qilish uchun yuborishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik va kontrabandaga doir ishlar bo‘yicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari va yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rishlari lozim.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
21. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 27-fevraldagi “Kontrabanda va bojxona qonunlarini buzish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 2-sonli va 1998-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1997-yil 26-dekabrda tasdiqlangan Bojxona kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan sud amaliyotida vujudga kelgan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 30-sonli qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi A. USMANOV
Toshkent sh.,
2013-yil 6-sentabr,
18-son