Platforma-Yer po’stining sust xarakatchan qismi bo’lib, qit'adagi asosiy qurilmalardan biri. Bir
necha mln km2 maydonni ishg’ol etadi. Burmali o’lkalar o’rnida paydo bo’ladi. Platformaning
tuzilishida, odatda ikki struktura qavati qatnashadi. Pastki qavat kuchli burmalanishga uchragan
metamorfik va vulkan jinslaridan tashkil topgan bo’lib, ularning ichida ko’plab intruziyalar mavjud.
Yuqori qavat (cho’kindi qoplama burmalanishga va metamorfizmga uchramagan, oralarida
intruziyalar bilan kesilmagan sayoz dengiz, laguna va kontinental yotqiziqlardan, goxida vulkon
jinslaridan iborat) 3-7 qalinlikda bo’ladi. Cho’kindi qoplam jinslari deyarli gorizontal xolatda
yotadi. Ular turli tartibdagi kichik intensiv strukturalar bilan murakkablashadi. Platformalarda
nisbatan intensiv burmalanish quyidagi joylarda kuzatiladi: 1) tarkibida tuz yotqiziqlari bo’lgan
cho’kmalarda, 2) qo’shni burmalari o’lkalarga tutash chet qismlarida, 3) avlokogenlarda, 4)
platforma asosidagi katta amplitudali yoriqlarga yondoshgan qismlarda.
Asosidagi tog’ jinslarining yoshiga qarab qadimgi va yosh platformalarga bo’linadi. Qadimgi
platformaning asosi arxey va proterazoy eralarida hosil bo’lgan tog’ jinslaridan tashkil topgan
bo’lib, yuqori qoplam keyingi eralarga mansub jinslardan tuzilgan. Bunday platformalarga Sharq,
Yevropa, Sibir, Shimoliy Amerika, Xitoy-Koreya, Xindiston, Afrika, Avstraliya, Janubiy Amerika
va Antarktida platformalari kiradi. Yosh platformalarning asosi paleozoy jinslaridan tashkil topgan.
Ustki qoplam jinslari yuqori paleozoy, mezozoy va kaynazoy jinslaridan tashkil topgan. Yosh
platformalarga G’arbiy Sibir, Turon va Skif plitasi, G’arbiy Yevropa va boshqalar kiradi. Ba'zan
cho’kindi qoplam bilan asosi orasidagi oraliq jinslar guruxi yotadi. Platformalarda magmatik
jarayonlar kuzatiladi, ammo u burmali o’lkalardagi kabi kuchli kechmaydi. Magmatizm
maxsulotlari nisbatan bir xil tarkibda bo’lib, bazalt magmasining maxsulidir. Platformalarda
seysmik aktivlik juda sust, faqat yirik yer yoriqlari va kushni burmali ulkalarga tutash joylarda
ancha kuchlidir. Issiqlik oqim darajasi burmali o’lkalardagiga nisbatan 2-4 marta kichik. U yosh
platformalarda qadimgi platformalardagiga nisbatan yuqoridir. Qalqon va burmali o’lkalarga
tutashgan perikraton cho’kma va plita platformaning eng yirik tektonik qurilmalari bo’lib
hisoblanadi. Yuqorida zikr qilingan barcha xususiyatlar kontinental platformalarga xosdir. Ular
zamindagi yer po’stining qalinligi 30-60 km ni tashkil qiladi.
Kontinental platformalardan tashqari okean platformalari xam mavjud, ular joy tuzilishiga
nisbatan tekis bo’lgan okean tubida joylashgan. Okean platformalari ostidagi yer po’stining qalinligi
5-7km dan oshmaydi, uning tarkibida granit qatlam yuk, cho’kindi qoplam yotqiziqlarining qalinligi
juda yupqa (0,2 - 1,0km gacha), ancha mo’rt, yoshi yura davridan nariga o’tmaydi, tekis yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |