1. Tushuntirish - namoyish etish metodi. O‘qituvchi tomonidan bilimlar tayyor holda beriladi. Ona tilining qonun-qoidalari o‘qituvchi tomonidan tushuntiriladi va uni mustahkamlash maqsadida misollar keltiriladi. O‘quvchilar bayon qilinayotgan bilimlarni tinglaydilar va xotirada saqlashga harakat qiladilar.
2. Muammoli bayon qilish metodi. O‘qituvchi o‘quvchilar oldiga ma’lum bir muammo qo‘yadi va ularning mustaqil aqliy faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlash orqali bu muammoni hal qilishga kirishadi. Ta’limning bu metodi o‘quvchilar tomonidan o‘quv materialining o‘qituvchi rahbarligida mustaqil tahlil etilishi, kuzatilishi, guruhlanishi, umumlashtirilishi bilan ajralib turadi.
3. Qayta xotiralash metodi. Bu metodning o‘ziga xos xususiyati shundaki, o‘quvchi o‘quv topshirig‘ini egallangan bilimlarga asoslangan holda yoki berilgan namunaga qarab bajaradi. O‘quvchi muayyan andaza asosida harakat qiladi.
4. Qisman izlanuvchanlik metodi. Ta’limning bu metodi shu bilan ajralib turadiki, o‘qituvchi dars jarayonida ma’lum o‘quv muammosini qo‘yadi, ammo uni mustaqil hal qilish yo‘llarini ko‘rsatmaydi. Har bir o‘quvchi muammoni mustaqil hal qilish uchun o‘zicha izlanadi. Ammo qiyinchilik tutilganda unga yordam ko‘rsatiladi. O‘quvchi bu yordamni o‘qituvchining tushuntirishidan, o‘quvchilarning o‘zaro suhbatidan yoki darslikdan olishlari mumkin. Topshiriqni bajarish jarayonida olinadigan yordam metodni qisman ijodiy qilib qo‘yadi.
5. Tadqiqot(ijodiylik) metodi. Bu metod o‘quvchidan to‘la ijodiylikni talab etadi. Yangi bilimlar olish maqsadida o‘quvchi o‘zi masala tuzishi va uni to‘la mustaqil ravishda hal qilish yo‘llarini izlaydi. O‘qituvchi tomonidan beriladigan ijodiy - amaliy topshiriqlar ham hech qanday yordamsiz yoki namunaga asoslanmagan holda bajariladi.
Mazkur tasnifning ustunligi shundaki, o‘quvchilarning bilish faoliyatini bosqichma - bosqich faollashtirish nazarda tutilgan hamda unda o‘quvchilarning qobiliyatlarini rivojlantirishga va o‘quv faoliyati tarkibida tadqiqotchilik unsurlari bo‘lishi zarurligiga e’tibor berilgan.
Yuqorida berilgan tasniflar ta’limning umumiy qonuniyatlaridan kelib chiqib, barcha fanlarni o‘qitishga bevosita aloqador metodlar sanaladi.
Xususiy metodlar, shu jumladan, O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi ham o‘qitishning barcha masalalari qatori ta’lim metodlarini tanlashda umumdidaktik sistemaga asoslanilsa-da, ammo uning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadigan metodlari ham mavjud.
O‘zbek tilini o‘qitish metodikasida ta’lim metodlari kam o‘rganilgan masalalardan biridir. Metodist H.Rustamov bilimlarni olish manbayidan kelib chiqib, ona tili o‘qitish metodlarini quyidagicha tasniflaydi:
a) o‘qituvchining bayoni;
b)suhbat;
v) til hodisalarini kuzatish va tahlil qilish;
g) grammatik tahlil;
d)mashq;
e) darslik ustida ishlash;
yo) ko‘rgazmali qurollardan foydalanish;
j) sayohat.
Bu metodlar, birinchidan, qayta xotiralashga asoslangan metodlar bo‘lib, ular o‘quvchilarda ijodiy qobiliyatlarni o‘stirishga to‘la muvofiq kelmaydi. Bu metodlarda, asosan, o‘qituvchi faoliyati nazarda tutilgan; ta’lim jarayonining subyekti sanalgan o‘quvchi e’tibordan chetda qolgan. Mazkur tasnifda o‘quvchilarda izlanuvchanlikni shakllantirishga xizmat qiladigan muammoli bayon, qisman izlanuvchanlik, tadqiqot (izlanuvchanlik) metodlari tamoman o‘z ifodasini topmay qolgan.
Ma’lumki, dars ikki yoqlama jarayon bo‘lib, unda o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham faol ishtirok etadi. Shuning uchun o‘qitish metodlarini tasnif qilishda nafaqat o‘qituvchi faoliyati, balki o‘quvchi faoliyati ham asos bo‘lib xizmat qilmog‘i lozim.
Ona tili dasrlarida qo‘llaniladigan o‘qitish metodlari nafaqat bilimlarni bayon qilish yoki uni mustahkamlashga xizmat qilishi, balki o‘quvchilarning mustaqil bilim olishini ham hisobga olishi, ta’lim jarayoniga izlanuvchanlik va tadqiqotchilik unsurlarini qo‘shish orqali ularni ijodiy faoliyatga tayyorlashi lozim. Ana shu nuqtayi nazardan qaraladigan bo‘lsa, pedagogika fanlari doktori, metodist - olim A. Q. G‘ulomov ta’lim metodlarini quyidagi guruhga ajratadi: 1. O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar. 2. O‘quvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar.
O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlarni:1. Bilimlarni tayyor holda bayon etish. 2. Bilimlarni muammoli yo‘l bilan bayon qilish.
O‘quvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar, o‘z navbatida, qayta xotiralash, qisman izlanuvchanlik va izlashga asoslangan metodlarga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |