Yuqoridan pastga qarab bog‘lanish. Bog‘lanishning bu ko‘rinishi o‘tilayotgan yangi o‘quv materialini oldin o‘rganilgan material bilan bog‘lashni talab etadi.
Pastdan yuqoriga qarab bog‘lanish. Bunda o‘qituvchi o‘rganilayotgan materialni o‘rganilishi ko‘zda tutilgan material bilan bog‘laydi.
Didaktikaning bu muhim prinsipini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun, birinchidan, o‘qitishning barcha bosqichlariga (boshlang‘ich maktab, o‘rta maktab) ona tili ta’limi oldiga yagona talablar qo‘yish lozim. Ayniqsa, ona tili o‘qitishning birinchi bosqichi (boshlang‘ich maktab) va ikkinchi bosqichi (5–9-sinflar) o‘rtasida uzviy birlikka erishish ta’lim samaradorligining muhim omilidir.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ona tilining izchil kursidan o‘quvchilar nimalarni o‘rganishlarini va, aksincha, ona tili o‘qituvchilari boshlang‘ich sinfda nimalar o‘rganilganligini yaxshi bilishlari lozim.
O‘qituvchi ta’limning har bir bosqichida o‘quvchining nutq taraqqiyotida bo‘ladigan o‘zgarishlarni bilishi va unga tayanishi kerak. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari keyingi sinflarda o‘quvchilar nutqida paydo bo‘ladigan yangiliklarni oldindan ko‘ra olishlari va, aksincha, ona tili o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar nutqida paydo bo‘ladigan o‘zgarishlarni bilishlari shart.
Ona tili o‘qitishda bu o‘quv fanining boshqa o‘quv fanlari bilan aloqasini ta’minlash ham muhim metodik talab sanaladi.
Ma’lumki, ona tili maktabda o‘rganiladigan barcha fanlarni puxta o‘zlashtirish uchun muhim kalit sanaladi. Til vositasida o‘quvchi boshqa fanlarni o‘rganadi. Barcha o‘quv fanlari yuzasidan o‘z fikrini yozma va og‘zaki ravishda bayon etish orqali u ona tilini ham puxtaroq egallab boradi. Deyarli hamma fanlar o‘quvchilarning lug‘at boyligini o‘stirish, orfografik savodxonligini oshirish, nutq malakalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Demak, o‘quvchilarda yuksak nutq madaniyatini tarbiyalash nafaqat ona tili darslari, balki maktabda o‘rganiladigan barcha fanlar orqali amalga oshiriladi.
Ona tili turli yo‘nalishlar orqali boshqa o‘quv fanlari bilan bog‘lanadi. So‘zning genetik nuqtayi nazaridan kelib chiqishini aniqlash uchun tarix faniga murojaat qilinsa, til hodisalarini taqqoslash uchun o‘quvchilar o‘rganayotgan boshqa o‘quv fanlariga murojaat qilinadi. Nutq uslublarini aniqlash uchun esa adabiyot, tarix, matematika, kimyo, fizika kabi fanlar o‘qituvchiga yordam beradi.
Shunday qilib, ona tilining boshqa fanlar bilan aloqasini uch katta guruhga ajratish mumkin:
a) genetik bog‘lanish;
b) qiyosiy bog‘lanish;
v) funksional bog‘lanish.
Do'stlaringiz bilan baham: |