Birinchi qadam: Konflikt vaziyatni u qanday bo’lsa o’shanday, o’z emosiyalaringizdan holi bo’lgan tarzda qabul qiling. Konflikt vaziyat sizga yoqmasligi, sizga qarshi holatni vujudga keltirishi, umuman rejalashtirilmagan holda kelib chiqqan ham bo’lishi mumkin. Ammo aynan siz uning “nima” ekanligi, ya’ni konflikt haqiqatini to’la va aniq anglagan paytingizdan boshlabgina, siz uni boshqara olish qobiliyatiga ega bo’lasiz. Konflikt bilan ilk to’qnashgan paytda konflikt bir taraf, siz esa bir taraf bo’lasiz. Konfliktni anglashning eng birinchi qadami unga obyektiv, xolis, emosiyalarsiz baho berishdir. Konfliktga nisbatan o’z emosiyalari va fikrlaridagi neytralitetni saqlab qolish, konfliktni anglashga qaratilgan yo’lning boshi hisoblanadi. Mana shunday neytral sharoit esa sizga konflikt ishtirokchisi sifatida aniq, faktlarga asoslangan, oydin va mustaqil mushohada qilish uchun imkon yaratib bera oladi.
Konfliktni anglash obyektiv faktlarni tan olish demakdir. Bu faktlar sizning manfaatlaringizga qarshi bo’lishi mumkin. Ammo siz konfliktning yechimini haqiqatan ham topmoqchi bo’lgangiz, barcha faktlarni, ular sizga yordam bersa ham, ular sizga halaqit bersa ham, tan olish yo’lidan bormog’ingiz darkor bo’ladi. Konfliktga aynan u kelib chiqqan vaziyatdan boshlab baho bering. Biroq agar mana shu vaqtda sizning kayfiyatingiz “pachoq” bo’lsa, mana shu “yomon” kayfiyatni tan olishdan o’z ishingizni boshlang. Sizning o’z kayfiyatingiz yomonligi tan olishingiz, u sabab noto’g’ri amallar qilmasligingiz uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Siz o’z kayfiyatingiz va xissiyotlarning ortganligini tan olishingiz mana shu emosiyalar ichida noto’g’ri xukm chiqarishdan sizni saqlab qoladi.
Ikkinchi qadam: Konflikt vaziyatda inson mana shu vaziyatning bo’lmasligi mumkinligi, ideal holatda uning qanday bo’lishi mumkinligi masalasiga juda katta kuch sarflaydi. Siz ziddiyat orqali eng aziz odamlaringiz bilan munosabatlarning buzilganligidan hijolat bo’lasiz, ularni yangitdan o’rnatmoqchi bo’lasiz. Hayollaringiz turli harakatlarni belgilab beradi. Bu holatda siz ko’proq reallikdan uzoqlashib, hayollaringizda yashaysiz. Ammo konflikt vaziyatni hayollarga erk berib hal qilib bo’lmaydi.
“U menga bunday qo’pol gapirmasligi kerak edi”, “Men o’zi unga kimman, agar meni hurmat qilsa, bunday demagan bo’lar edi”, “Nimaga u hammaga kulib qarayveradi”, “U o’ziga hamma qaraganidan lazzat oladi, aslida meni qiynamoqchi”, “U o’z zimmasidagi vazifalarni yaxshi bajarishi kerak, bo’lmasa uning keragi yo’q”, “U hadeb meni niqtayveradi, har doim, u nima derkin, deb yashashim kerakmi?!”, “Nima uchun u mening hayotimga aralashadi, men mustaqil odamman-ku”, “Boshliq bo’lsa o’ziga, nima, hadeb baqiraverishi kerakmi?!”... Mana shunday fikrlar konfliktlar doirasida inson ichki emosional holatining kuchayib ketganligida ro’y beradi.
Bunday holatlarga biz o’zga odamlar qilgan amallarni o’zimizning emosional qadriyatlarimiz bilan o’lchaymiz, ammo ularning o’z emosional qadriyatlari mavjudligini esdan chiqaramiz. Biz uchun o’z emosional qadriyatlarimiz - dunyodagi eng to’g’ri formula bo’lib ko’rinadi. Ammo ana shu emosional formulamizni o’z-o’zimizga ishlatib ko’rsak-chi?! Har doim ham o’zimiz eng yaxshi bahoga loyiqmiz-mi?! Insonlar uchun o’ziga nisbatan shubha bilan qarash, o’zining qilgan ishlaridan qoniqmaslik xislatlari ham xos. Demak, xulosa shuki - o’zgalarni ham, o’zimizni ham bir xil emosional daraja va me’yorlar bilan boholashga o’tish lozim.
Uchinchi qadam: Konflikt vaziyat va uning tahlili bizni ko’p narsalarga o’rgatadi. Konflikt vaziyat va uning yechimini qidirish juda katta hayotiy tajriba beradi. Biz agar konflikt yechimi bo’yicha bilimlarga ega bo’lmagan bo’lsak ham, real konflikt jarayonida ba’zi xulosalarni qilamiz va o’z hayotiy tajribamizni oshirib boramiz. Shu bois, har bir vujudga kelgan konflikt bu sizning o’sish va ulg’ayish jarayoningiz hisoblanadi. Konfliktni to’g’ridan to’g’ri, uni bo’yamasdan qabul qilish, faktlarga asoslanishdan so’ng, konfliktning ideal darajada hal qilinishi mumkinligi - hayol qilishdan voz kechib, konfliktga real va ijodiy yondashuvni boshlashni talab etadi. Konfliktga real yondashuv qiyinchiliklarni bo’yamasdan va bo’rttirmasdan qabul qilish, vaziyatni obyektiv baholashni bildiradi.
Chirigan olmani qanchalik artsangiz ham u chirigan olmaligicha qolaveradi. Konfliktga ijodiy yondashuv esa, qanchalik qiyin bo’lmasin, siz konflikt asosida turgan muammoni yechishingiz lozimligi anglatadi. Eng avvalo, o’z mas’liyatingizga
o’z xatolaringiz, kamchiliklaringiz, nizolaringizni qabul qilishingiz lozim, aynan o’zingiznikini. Konflikt yechimini “samoanaliz”siz olib borib bo’lmaydi. O’zingizning holatingizni aniq belgilab olish, sizga muammoga obyektiv qarash, uning hal bo’lish yo’llarini to’g’ri topish imkoniyatini yaratadi. Konfliktga nisbatan ijodiy yondashuvda siz o’z xissiyotlaringiz, o’ylaringizni tartibga olish imkoniyatiga ega bo’lasiz. Ana shundan boshlab konflikt siz uchun hayotiy dars va tajriba bo’la boshlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |