3. “XAMSA”DAGI AYRIM HIKOYATLAR TALQINI
Alisher Navoiy asarlarining mazmun-mohiyatini tezda anglab yetishning bir qator murakkabliklari bor. Ayrim bayt, hikoyat, obraz yoki timsollarning asosiy ma’nosini to`g`ri tushunish chuqur tafakkur, keng qamrovli ilmni talab etadi. Shoir asarlarini teranroq his qilishda tariqat odobi, tasavvuf mohiyati, islom odob-axloqi, so`fiylar hayoti, shaxsiyati bilan bog`liq jihatlardan oz bo`lsa-da xabardor bo`lishning ham ahamiyati bor. Ayniqsa, Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asari bilan tanishishning afzalliklari ko`p. Shoirning boshqa asarlarida ilgari surilgan g`oyalarni to`g`riroq talqin etishda uning o`rni katta. Ma’lumki, “Xamsa” da bir qator masalalar yoritilgan. Ko`pgina ibratli hikoyatlar keltirilgan. “Hayrat ul-abror” ning o`n uchinchi maqolatida haqiqiy insonlik, “odamiylar odamiysi qanday bo`lishi haqida mulohazalar bildirilgan.1 Shoirning ta’kidicha, “Necha jafo yetsa, vafo aylagan”, azob-u ozorlarga sabr bilan chidaydigan, hech kimga yomonlikni ravo ko`rmaydigan kishi “bashar xaylining insoni”. Shu yerda Ayyubi xalaf va o`g`ri haqidagi hikoyat keltirilgan.2 Ayyubning uylariga lahm qazib o`g`ri kiradi. Ko`p narsani orqalab o`sha teshikdan chiqib ketishni istaydi. Voqeadan xabardor bo`lib turgan Ayyub o`g`riga yumshoqlik bilan muomala qiladilar va eshikni ochib beradilar. O`g`ri tavba qiladi. To`g`ri yo`lga kiradi – voqea shu. Odatda, uyiga o`g`ri kirgan kishining qay holatga tushishi, unga qiladigan munosabati ayon. Ammo Shayx nega karamu afv ko`rsatdilar, yaxshi muomala qildilar? Sababi nima?
Ayyub – komil inson. Adashganni to`g`ri yo`lga solish haqiqiy musulmonning ishi – bu bir tomoni. Ikkinchidan, shayx “shariat rioyati va tariqat odobi” dan xabardor edi. Bu odobning shartlari, qoida va amallari qanday? Mana shu yerda bir oz qiyinchilikka duch kelamiz. Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida tariqat odobi haqida fikrlar keltirilgan. Shoir shunday yozadi: “Ul adabdurki, yaxshiyu yomonga va ulug`u kichikka bajo keltirurlar... Hattoki, o`z farzandlariga va xodimu mamluklarigaki /qul, asir/, har necha alardin beqoidalig` ko`rsalar, xushunat / qo`pollik/ birla alarga so`z demaslar, balki nasihatni yumshog` va chuchuk til bila qilurlar, hattoki o`g`rigacha”.1
Ayyubning o`g`riga yumshog` muomalasi ana shu jihat bilan izohlansa to`g`ri bo`ladi.
Maktab o`quvchilari Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoniga kirgan “Hotami Toyi hikoyati” ni yaxshi bilishadi. Hotam – adabiyotimizdagi saxiylik timsoli. Ammo u o`tinchi cholni o`zidan ham ustun qo`yadi. O`z mehnati bilan yashash, birovning minnatisiz umr kechirish – komillik nishonasi. Chol shunchaki oddiy mehnatkash emas. U aqli komil, ilm-ma’rifatdan xabardor ulug` zot. Sharq allomalari halol mehnat bilan kun kechirishi ko`p targ`ib etishadi. Buning boisi bor. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Abdulloh Ansoriy shayxlar haqida yozganda, shayx Abu Said Xarrozni “barchadin alarni ko`prak vasf qilibdurlar”2 deydi. Sababki, “alar o`t uk /etik/ tikarga mansubdirlar”, ya’ni mehnat qilib, halol luqma bilan kun kechirishni odat qilgan ekanlar. Navoiy keltirgan bu hikoyat bilan “Hotami Toyi”dagi chol orasida o`xshashlik, yaqinlik ko`zga tashlanadi. Chol obrazini ana shu asosda tahlil etish muvofiqdir.
Navoiyning lirik asarlari, “Xamsa”, “Nasoyim ul-muhabbat” va boshqa asarlarida “Futuvvat”, “Javonmard” /“juvonmard”, “jo`mard”/, “Muruvvat” kabi atamalar ko`zga tashlanadi. Bu so`zlarning ma’no va mohiyatini bilmaslik, ular uchraydigan misralar mazmunini yetarlicha anglamaslikka sabab bo`ladi. Ularning istilohiy, lug`aviy ma’nolari, futuvvat shartlari, qonun-qoidalari Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati”3 kitobida va boshqa ko`pgina manbalarda qayd etilgan. Professor N.Komilovning bu boradagi fikrlari e’tiborga loyiq.4
Bu boradagi ma’lumotlarni bilish- Navoiyning ayrim fardlari, qit’alari- umuman lirik asarlari, “Xamsa”dek yirik asarlaridagi mohiyatni, ayrim obrazlarga xos xususiyatlarni to`g`ri va yetarlicha tushunib olish imkonini beradi. Hammamizga ma’lum bo`lgan va 10-sinf uchun chiqarilgan “O`zbek adabiyoti” darsligiga kiritilgan ushbu fardga e’tibor beraylik:
Muruvvat barcha bermakdur, yemak yo`q,
Futuvvat barcha qilmoqdur, demak yo`q.1
She’r tahlili darslikda berilgan. Ammo uning mazmunini yana ham batafsil anglash uchun “Futuvvat”, “Muruvvat” tushunchalaridan yetarlicha xabardor bo`lish zarurga o`xshaydi. Agar o`quvchi ulardagi mohiyatni, bu guruhga taalluqli shaxslar xarakteri, tabiatidan bexabar bo`lsa, fard mazmunini chuqur his qila olmaydi.
“Xamsa”– umumta’lim maktablarida keng o`rganiladi. Asardagi ayrim hikoyatlar, obrazlarni “Futuvvat”, “Muruvvat”, “Javonmard” kabi atamalar bilan bog`langan holda kengroq tadqiq etish zarur. Zero, shularsiz ularning mohiyati yetarlicha ochilmaydi. Shoir asarlarida gadodan tortib adolatli shohgacha, payg`ambardan tortib, shayx, so`fi, oddiy kishilargacha, ma’shuqa-yu oshiqlar, navjuvon yigitdan tortib, mehnatkash cholgacha mana shu sifatlarga ega shaxslar tarzida sharh etiladi. “Xamsa”dagi Farhod, Shirin, Layli, Majnun, Iskandar, Axiy, Mas’ud, Ayyub, o`tinchi chol, gado va boshqalarni esga olaylik. Ularning har birida “Futuvvat ahli”, “javonmard”larga xos yoki bu xususiyatlar kuzatiladi.
Birgina misol: “Layli va Majnun”da bir necha o`rinda “Muruvvat”, “Futuvvat”, “Javonmard”, “Futuvvat ahli”, “Muruvvat ahli” jumlalari ko`zga tashlanadi. Avvalo, Majnun ham javonmardlardan edi. Uning hech kimga ozor yetkazmasligi, insonlarga, hatto hayvonlarga bo`lgan munosabati va muhabbati, pok qalb-u toza ko`ngli shunga ishora. U “nafsdin kechib tamomi”, ya’ni nafs balosidan qutilgan, ruhan yuksaklikka ko`tarilgan, axloqi yuksak zot. Axloq komilligi, nafsni mag`lub etish ham javonmardlarga xos. Zayd Majnunga “Ey juvonmard!”- deya murojaat etadi. Shoir shunday yozadi:
Majnunki futuvvat ahli erdi,
Ihsonu muruvvat ahli erdi.1
Umuman, Majnun obrazini ham, boshqa obrazlarni ham ana shu jihatdan tahlil etsak, Navoiy qarashlari, shoir ilgari surgan g`oyalar mohiyatini to`g`ri anglay boshlaymiz. O`quvchilarimiz Navoiyning shoirona iste’dodi, asarlaridagi ulug`vor salohiyatni yanada yorqin his qila boradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |