5.NAVOIY PANDLARI – HAYOT SABOG`I
Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” kitobida futuvvat ahli, ya’ni komil, har jihatdan yetuk kishilar ega bo`lishi zarur bo`lgan qirq sakkizta ijobiy, shuningdek, inson uchun qusur sanalgan yigirma uchta yomon jihatlar sanab o`tilgan. Ollohni, islomni tan olishdan boshlab, aql, ilm, bilim, karam, vafo, shafqatu kasallarni borib ko`rishgacha bo`lgan ko`pdan ko`p sifatlar qayd etilsa, gap tashish, ko`p kulishdan tortib, yolg`on qasam, may ichish-u zinogacha bo`lgan qator illatlardan parhez qilish zarurligi uqtirilgan1. Ana shu jihatlarning hammasi Navoiy asarlarida ham o`z ifodasini topgan. Shoir merosida ko`p uchraydigan pand-u-nasihatlar, inson, hayot, tiriklik, yashash mazmuni borasidagi o`gitlar otaning farzandiga, ustozning shogirdiga, akaning ukasiga, ulug` donishmandning kelajak avlodiga yetkazayotgan hayot sabog`i deyish mumkin.
Navoiyning uch kishi– Husayn Boyqaroning o`g`illari Badiuzzamon Mirzo, Shoh G`arib Mirzo va o`z ukasi Darveshaliga qilgan pandlari xuddi bugunning gaplaridek taassurot uyg`otadi.
Ma’lumki, Navoiy merosining bir qismini uning xatlari –“Munshaot” asari tashkil etadi. Shoirning Badiuzzamon Mirzoga yozgan qator xatlari ham xarakterli.
Navoiy bilan bu shahzodaning munosabatlari ancha yaxshi bo`lgan. Husayn Boyqaro bilan Badiuzzamon Mirzo orasida bo`lib turadigan nizo, kelishmovchiliklarni bartaraf etishda shoir ko`p vaqt vositachilik vazifasini bajargan. Shahzodaga nasihatlar qilgan. Bu fikrlarni bir maktub orqali asoslash mumkin. Navoiy Badiuzzamon Mirzoga xat yo`llab, Olloh roziligini ota roziligiga tenglashtiradi. Ota g`azabiga uchragan Tangri taolo g`azabiga duchor bo`lishini ta’kidlaydi. U mashhur shayxlarning “otang parvardigoringdur” degan so`zlarini esga oladi. Ayni paytda mashhur adib Ahmad Yugnakiyning bir ruboiysini keltiradi:
Atodin xato kelsa ko`rma xato,
Savob bil xato toki qilsa xato.
Atoning xatosini bilgil savob,
Seni yuz balodin qutqarg`ay xudo.
Bu- har bir farzand uchun shior. Bugungi kunda ba’zan uchrab turadigan ota va farzand nizolari, arzimas narsalar sabab, otasini behurmat qilayotgan ayrim noqobillarga o`ziga xos ibrat. Otaning har qanday kamchiligi, xatosini farzand qusur deb bilmasligi, uni savob o`rnida qabul qilishi, shunda Olloh uni har qanday balo-yu ofatlardan omon saqlashi ta’kidlanmoqda. Otasi Ya’qubga bir ozgina odobsizlik qilgani uchun Yusuf payg`ambar boshqa payg`ambarlardan yetmish yil keyin jannatga kirgani, Hom ham otasi Nuhga tarki adab qilgani uchun rangi qora bo`lib, uning nasli payg`ambarlikdan judo bo`lganini misol qilib ko`rsatadi.
Navoiy Badiuzzamondan sodir bo`lgan ba’zi kamchiliklarni arz qilib o`tadi. Shoir e’tiroficha, ushbu shahzodaga doimo duo tilab, nimaiki nomunosib ish qilsa aytib o`tgani yoki kitoblarida nasihat qilganini eslatadi. Navoiy Badiuzzamonga yetkazishni farz sanagan va bu ishi noto`g`ri deb bilgan quyidagi sabablarni ko`rsatadi.
1.Viloyatdan olinadigan mollar, soliqlarni maslahatsiz yig`ayotgani. Agar ozgina ishora qilsa ham, ya’ni ruxsat so`ralsa yo`q deyilmas edi.
2.Ota bilan suhbatda muloyimroq, so`zni yumshoqroq so`zlash. “Astrobodg`a kishi yubormangkim, bermagumdir” degan jumlani Navoiy keskinroq javob deb biladi. Buni boshqacharoq, samimiyroq tarzda ham bayon qilish mumkin edi.
3.Badiuzzamon yozgan nishon-farmonning tug`rosi-maxsus o`rnida Husayn Boyqaro nomini qayd etmagani. Navoiy bularni gina tarzida bildirib, Badiuzzamonday oqil, iymonli yigitga bunday ishlar ravo emasligini uqtiradi.
Navoiy Husayn Boyqaroning Badiuzzamonga munosabatini, uning eng sevimli farzandligini hammadan yaxshiroq sezishini eslatadi.
Shoir Badiuzzamonning bu ishlarini Husayn Boyqaroning keksayib qolgani sababli qilayotgan bo`lsa, noto`g`ri ekanligini, chunki farzand otasi zaiflashganda, qariganda ko`proq xizmat qilishi, jonini nisor etishi kerakligini aytadi.
Navoiy bu so`zlarni aytishni qarz deb biladi. Bu pandlarini Husayn Boyqaro topshirig`i bilan buyruq asosida yozmaganini, hatto Husayn Boyqaro bundan bexabar ekanligini ta’kidlab o`tadi.
Umuman, bu maktub-Husayn Boyqaro va Badiuzzamon munosabatlarini yumshatish, Badiuzzamonga nasihatlar qilib, noto`g`ri ishlarini ko`rsatish va uning farzandlik burchini bajarishga undash edi.
Navoiy “Farhod va Shirin” dostonining bir bobini Abul Favoris Shoh G`arib Mirzoga bag`ishlagan. U Husayn Boyqaroning o`g`li. Laqabi Abul Favoris. “Favoris- “foris”ning ko`pligi; suvoriy, sher demakdir.1 Navoiy “Majolis un-nafois” ning yettinchi majlisida Shoh G`arib Mirzo haqida ham gapirib o`tadi. Uni sho`x tabiatli, o`tkir zehnli, nozik xayol yigit ekanligini, nazm va nasrda naziri yo`qligini aytib samimiy munosabat bildiradi1. “Farhod va Shirin”da bu shahzodani madh etadi. Ayni paytda bir necha nasihatlar qiladi. Bu pandlar ham bugungi yoshlar – o`quvchi va talabalarga qaratilgandek tuyuladi:
Quyoshliq istasang kasbi kamol et,
Kamol ar kasb etarsen, bemalol et. (“Farhod va Shirin”. 462-bet)
Quyoshlik istash – quyoshdek nurposh bo`lish, zaminga, el-u yurtga nur bag`ishlash. Buni istagan kishi komil bo`lishi – ilm-u hunar o`rganishi zarur. Shoir ilm va ta’lim haqida gapirar ekan, ta’limda kim malollik – loqaydlik qilsa, “ilm ahli oldinda xijolat” tortishini aytadi. Bu- haq gap. Ilm olib, olim bo`lish ulug` sharaf. Kim olimlarga ta’zim qilsa, xuddi payg`ambarga ta’zim qilgandek bo`ladi. Olimlar, ilm ahli-payg`ambarga voris hisoblanadi deydi shoir. Albatta, gap bu yerda haqiqiy olim, ilm-u irfonda mukammal inson haqida bormoqda. Ilm egalarining yaxshi nomi qoladi. Iskandar ilm-u hunari tufayli “bahru barni” –dengiz-u quruqlikni egallaydi. Navoiy shu o`rinda Mirzo Ulug`bekni tilga oladi, ilmi sabab osmonni kashf etgani, “Zichi Ko`ragoniy” nomli ilmi osmoniyni yozganini ta’kidlaydi. Inson ilm borasida hech qachon qanoat qilmasligi, ilm o`rganishdan to`xtamaslikni, bir necha ilmlardan xabardor bo`lishini aytadi. Diniy ilmlar, ayniqsa fiqh, hadis, tafsirni o`rganish zarurligini qayd etadi. Tibbiyot, hikmat – falsafani o`rganish ham xo`b. Inson tarixga nazar solishi, hech kim abadiy qolmasligi, Tahmuras, Jamshid, Zahhok- hammasi o`tgani, faqat kimdandir yaxshi ot qolishi, boshqasi yomonlik bilan nom chiqarishini uqtirib, inson yaxshi nom qoldirish uchun yashashi kerakligini aytadi:
Qila olg`oncha ul bo`lsun shioring,
Ki, yaxshi ot qolg`ay yodgoring. (“Farhod va Shirin”. 465-bet)
Haq nima buyursa shuni qilish, Ollohga manzur bo`lmagan ishlardan voz kechishni aytadi.
Navoiy shahzodaga o`git berar ekan, mizojini yaxshi bilib olishni, ovqat yeyishda ham me’yorga rioya qilishni, ko`p ovqat badanga yuk ekanligini uqtiradi. Tiriklik suvi bo`lsa ham, me’da hazm qilmasa, iste’mol qilmaslikni aytadi. Bundan tan sihat topadi.
Shoir tarixga nazar solib, o`tgan jahongirlardan ibrat olishni, kim zulm, kim adolat qilgani, qaysining harakatlaridan yurt obod bo`ldi, qaysidan barbod, qaysi ishlardan el salomatlik topdi. Shulardan xulosa chiqarishni, yaxshi nom qoldirishni nasihat qiladi.
Navoiy bu pandlari foyda berishini, uni ham duo bilan yod etishni Shoh G`arib Mirzodan so`raydi.
Shoir pand berganidek, ilm-u hunar o`rganish, hayotdan saboq olish, yaxshi nom qoldirish uchun yashash barchaning umr mazmuniga aylansa.
Navoiyning ukasi Darveshaliga qilgan nasihatlari ham bugungi yosh avlodga qaratilgan o`ziga xos o`git hisoblanadi.
“Saddi Iskandariy”da keltirilgan 64 misrali bu pandda Navoiyning o`z jigariga, eng yaqin kishisiga qilgan qalb so`zlari bayon qilingan. Navoiy “Saddi Iskandariy”- dagi bobda dastlab Darveshaliga o`zining qarindoshi ekanligini, “besh ganj”- “Xamsa”dek sehrli asar yaratgani, unda bir qism gavharlarni –hikmatomuz so`zlarni unga bag`ishlashini, bu gavharlar unga “pand” – nasihat ekanini – ularni tinglab, amal qilishni, nimagaki erishgan bo`lsa Haq ehsoni deb bilishni ta’kidlaydi. Olloh “vahhobu g`affor”- baxsh etuvchi va kechiruvchi, ayni paytda “jabboru qahhor”- g`azab-u qahr qiluvchi ham. Shoir birinchi o`rinda, Darveshaliga doimo Ollohni yodda tutishni, din qoidalaridan chetga chiqmaslikni, Xudo-yu Rasul amriga quloq tutishni, so`ngra valine’mat-shoh amriga itoat etishni so`raydi. Agar Olloh shoh lutfini bizga ato etmaganda edi, men bilan sen – bir – ikki gado edik, xolos, deydi shoir. Lutf etgan shoh uqubat-u g`azab ham ko`rsata oladi. Ikkinchi o`rinda, Darveshalining hukmdorligiga e’tiborni qaratadi. Xalqni adolat bilan boshqarishni aytadi. Shu o`rinda mashhur misralarni keltiradi:
Navosiz ulusning navobaxshi bo`l,
Navoiy yomon bo`lsa sen yaxshi bo`l. (561-bet)
Shoir o`zini g`oyatda kamtar tutib, men yomon bo`lsam sen yaxshi bo`l deydi. Xalqqa yaxshilik qil, bechora ulusning navobaxshi bo`l deya nasihat qiladi.
Bu – hammamizga ibrat. Xalq koriga yarash, uning og`irini yengil qilish – oliy maqsad. Shoir balki pandlari ukasiga og`ir botmasin degan andishada, bu gaplarni senga aytishga ehtiyoj yo`q, o`zing bularni yaxshi tushunasan, lekin yana bir bor aytishning ziyoni yo`q. Chunki bu dunyoga, tiriklikka baqo yo`q. Hayot- bevafo. Men bormi – yo`qmi, bu so`zlarim senga yodgor deydi. Haqiqatdan ham, ota-onalarni e’zozlash, ilm-u hunar egallash, turli fanlarni o`rganishga jahd etish, har ishda Ollohni yod etib, insof chegarasidan chiqmaslik, xalqqa adolat bilan munosabatda bo`lish, yaxshi nom qoldirish uchun yashash Navoiydan bizga qolgan buyuk ma’naviy yodgor, asrlar osha boqiy qoladigan mangu hikmat.
Xulosa
Do'stlaringiz bilan baham: |