ULUG‘ SHOIRNING NAQSHBANDIYA TARIQATI VAKILLARIGA DOIR MA’LUMOTLARINING TARBIYAVIY AHAMIYATI
II.1. Tariqat pirlarining ayricha fazilatlari
( kashfu karomati)
Kashfu karomat tasavvufda eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Uni tasavvuf shayxlari va olimlari maxsus o`rganganlar. Mazkur masalaga to`xtalishdan oldin tariqat nima ekanligiga oydinlik kiritishni ma’qul ko`rdik.
Tariqat – arabcha “yo`l” degan ma’noni bildirib, tasavvuf adabiyotida “Allohga yaqinlashmoq va Uning roziligiga erishish maqsadida yurish kerak bo`lgan yo`l” demakdir. Uni suluk ham deydilar. Bu yo`ldan boruvchini soliq (yo`lchi) deydilar. Solik bu yo`lda yurish davomida Allohni bilib, tanigunga qadar turli manzillar va maqomlarni bosib o`tadi. Ba’zi soliklar bu safar nihoyasiga yetkaza olmay, yarim yo`lda qolib ketadilar. Ba’zilari esa bu mashaqqatli yo`lni bosib o`tib, Allohga vosil bo`ladilarki, bu kishilarga “vosil” deyiladi. Bu yo`lchilik – safar chog`idagi manzillarni bosib o`tishga “sayru suluk” deyiladi.
Bu yo`ldan ko`zlangan maqsad, ya’ni Oliy vujudga yetishuvga eltuvchi yo`ldir. Navoiyning yozishicha, komil va olim zotlar yo`ldan chiqqanlarga yo`l ko`rguzgaylar, xaloyiqqa irshod va ahs (ustozlik va yo`lboshchilik) qilurlar [50, 14]. Bunday insonlar oddiy odamlardan farq qilganlar. Ilohiy mo‘jizalar Alloga xos bo`lsa, karomat tasavvuf shayxlari va avliyolarga xos sifatlardir. Tariqat maqomlarini bosib, Alloh vaslliga yetgan solik g`ayriy odatiy sifatlari bilan oddiy odamlardan farq qilgan. Bu uning kashfu karomat sohibi bo`lishidir. Bu haqda Alisher Navoiy yozadi : “Bu toifakim, valoyat karomat ahlidurlar va xaloyiqqa irshodu uhda qilurlar, muborak zotlarning barakoti bu millat ahli bo`lishidin kam bo`lmag`ay” [50, 14].
Kashfu karomat ko`rsatish xoriqullohda xislatlar namoyon yetish tasavvuf shayxlarining muhim jihati hisoblangan [22, 60]. Tasavvufning sirliligi, g`ayb olami bilan aloqadorligi ham shundandir. So`fiylar o`zlarini payga`mbarning merosxo`rlari deb bilar ekanlar va botiniy hol kechinmalari ichida bo`lish, Iloh asroriga oshnolikka yetish uchun intilib, aqliy bilishdan ko`ra irfoniy idrokni ustun qo`yar ekanlar, tabiiy ravishda kashfu – karomat hodisasi kelib chiqadi. Ruhiy kamolotga yetgan insonlar, albatta, oddiy odamlardan ajralib turganlar. Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarining muqaddimasidagi «Avliyoullohga voqe’ bo`lg`on xavoriqi odat va karomat bayoni» sarlavhasi qismida tasavvuf ahlining borni yo`q qilish va yo`qni bor qilish, kelajakdan xabar berish, duoning ijobati, oz fursatda ko`p yo`l bosish, bir vaqtning o`zida bir necha joylarda paydo bo`lish, o`simlik, qush va hayvonlar tilini tushunish, suvda yurish va havoda uchish, daryolarda g`arq bo`layotgan kemani sohilga chiqarish, yomg`ir yog`dirish, dovul estirish, sel keltirish va qaytarish, chigirtka balosini daf’ etish kabi karomatlarini sanab o`tadi, muayyan shayxlar haqida hikoya qilganda esa ularni misollar orqali ko`rsatadi.
Karomatlar tasavvufning ziddiyatli masalalaridan bo`lib, kishilar XV asrda ham ularga ishonish va ishonmaslik borasida ikkiga ajralganlar. Aytish kerakki, avliyolar karomatiga ishonish tasavvufni tan olish, ularni inkor etish — tasavvufni ham yo`qqa chiqarish deya tushunilgan. Navoiy karomatlarni xavoriqi odot (g`ayri odatiy, noyob odat – xislatlar) nomi ostida zikr etarkan, ularning, binobarin, tasavvuf ahlining haqligiga ishonch bildiradi. Ammo ulug` mutafakkir karomat masalasiga hayotiy yondashadi. Tasavvufning ilg`or vakillari kabi u ham karomatlarning faqat zaruriyat nuqtayi nazaridan voqe’ bo`lganlarinigina haq deb hisoblaydi. Xalq ongini egallash, yolg`on shuhrat chiqarish maqsadida namoyishkorona ko`rsatilgan soxta karomatlarni tanqid qiladi. Uningcha, kishilarni haqqa «dalolat va irshod qilish» (yetishtirish) maqsadida va shunga xizmat qiladigan g`ayrioddiy ishlargina haqiqiy karomat deya atalishi mumkin va ulardan ma’rifat paydo bo`ladi. Odamlarni avrash maqsadida amalga oshiriladigan ko`zbo`yamachilik esa kazzoblik va undan faqat jaholat dunyoga keladi. Boshda karomat inson ma’naviy takomilining yuqori pog`onasi sifatida qaralgan. Biroq, vaqt o`tishi va tasavvuf ta’limoti taraqqiy topishi bilan karomatga bo`lgan munosabatlar dam o`zgargan. Keyinchalik karomat ko`rsatish emas, balki, karomatli shaxs bo`la turib, o`zidagi xislatni yashira olish, pinhon tuta bilish qobiliyati ma’naviy komillik sifatida talqin etilgan.
Alisher Navoiyning fikricha, karomat ko`rsatishga berilib ketish kishini Haqdan uzoqlashtirishi, binobarin, g`aflatda qolishi mumkin. Tasavvufiy manbalarda yozilishicha, so`fiylik yo`li o`n besh martabadan iborat bo`lib, uning beshinchi martabasi kashfu karomatdir. Agar solik o`zidagi kashfu karomat martabasini yashirmay oshkor qilsa, unga qolgan o`n martabaga erishish yo`llari yopiladi va u asl maqsadga yetib borolmaydi.
Navoiy e’tiqodicha, shunday kamolot egalari ham borki, ular ushbu xislatlarga ega bo`la turib ularni yashiradilar, xalqqa oshkor etishdan or etadilar, chunki bir soniya ham Haq yodidan g`ofil bo`la olmaydilar. Ushbu xislatlarni namoyish etish va karomatbozlik uchun esa bir daqiqaga bo`lsa-da Haqni unutish talab etiladi.
Valiylardan karomat zohir bo`lsada, lekin ular nabbiylik da’vo qilmaganlar. Chunki, nabiylarda ham xoriqul odat amrlar ko`pdir [25, 63]. Nabiylardan zohir bo`ladigan xoriqul odatlarni, voqealarni karomat emas, balki mo‘jiza deb nomlanganlar. Aslini olganda, karomatu mukoshafa ham mo`jizaga kiradi. Lekin mo’jizaning qadri baland va ma’nosi teranroq. Mo’jiza va karomatlarning hammasi Allohdan, zero dunyoning o`zi, uning behisob ajayibotlari, ilmu hikmati, siru-asrori – neki bor , barcha- barchasi Xoliqi azalning yaratgani, uning ijodi, karami, tuhfasidir. Va bu bepoyon karam dengizining eng noyob mo’jizasi insoning o`zidir [25, 64].
“Karomat” so`zi tasavvufda kashf, mukoshafa so`zlarining bilan ma’nodosh bo`lib keladi. Kashf- berkitilgan, parda ortidagi narsalarning qalbda zuhur etishi, ochilishi. Kashfu karomat saxovat va karam so`zlarining ma’nodoshi.Chunki payg`ambar mo’jizasi, avliyoning karomati ham Iloh ganjinasi bo`lgan ko`ngilning ajoyiboti va saxovatidir. Karamli odam – fayzli odam, demak, u saxovatli, yaratuvchi, ijodkor odamdir [25, 63].
Endi so`fiy shayxlarning karomatlari haqida Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asarida keltirilgan misollarga e’tibor beraylik. Mana shunday karomatlardan biri karomat ko`rib tavba qilishdir.
Ibrohim Ahdam Balxda podsho edi. “Bir kuni ovg`a boradur erdi, hotife (g`ayb darakchisi) nido qildiki, Ey Ibrohim seni bu ish uchun yaratmabdurlar. Bu so`zdin anga ogohlik yuzlandi va mulk tarkin ixtiyor qildi” [50, 38]. Demak, Ibrohim Ahdamning podsholikni tashlab, darvesh yo`lni tanlashiga ana shu g`aybdan kelgan ovoz sababchi bo`lgan, dunyo boyligi, taxt-u toj unga arzimas bo`lib tuyulgan. Qalbida paydo bo`lgan ilohiy ishq dunyo mehridan ustun kelgan.
Abu Usmon Mag`ribiy hikoya qiladikim, darvesh bo`lishimga sabab ul erdiki, bir itim bor erdi. Jazoirda ov ovlab yurur erdim. Bir yog`och kosam bo erdi, sut olib ichardim. Bir kuni odatimga ko`ra, kosadan sut ichay deb tursam, “ul it ko`p qichqirib iztirob qildi”. Kosani yerga qo`ydim. Yana bir muddatdan so`ng sut ichmoqchi bo`lib, kosani qo`limga oldim. It battar hurkib,menga hamla qilmoqchi bo`ldi. Yana ichmay yerga qo`ydim. Uchinchi marta qo`limga kosaga uzatganimda ul it yana qattiqroq akillay boshladi va kosani yerga qo`yganimda it borib, sutni ichdi va shu zahoti shishib o`ldi. Ma’lum bo`ldiki, ilon sutdan ichib, zahrin anga to`kkan va it meni bundan ogohlantirgan ekan. “Itdan ul vafo ko`rgachki, o`zin menga fido qildi, qilodurg`onlardan tavba qilib, bu tariqni ixtiyor bildim” ,- deydi Abu Usmon Mag`ribiy.
Bular ilohiy karomat ko`rib, ogohlik payda qilish, ko`ngilga jazba – ilohiy ishqning kirib kelishiga misollardir.
Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida avliyolarning tug`ilishidan ogohlik beruvchi karomatlar ham keltirilgan. Masalan, Hazrati Xoja Bahouddin Naqshbandning tug`ilishlari haqidagi karomatlar ham shular jumlasidandir. Navoiy asarda Xoja Muhammad Boboyi Samosiy to`g`risida hikoya qilar ekan, bir ajoyib voqeani tafsilotini keltiradi. Xoja Buxoro atrofidagi Qasri Hinduvon degan qishloqdan o`tib borar edi. Boboyi Samosiy to`xtab atrofdagilarga dedi:
- Bu tufrog`din bir er isi keladur. Bo`lg`ayki, Qasri Hinduvon Qasri Orifon bo`lg`ay.
Uni o`ragan kishilar bu so`zlarni odob bilan tingladilar. Ular Xoja Muhammad Boboyi Samosiyning xalifalaridan biri Amir Sayid Kulolning manziliga ketmoqda edilar. So`ng o`sha jamoa Amir Sayid Kulol bilan birga yana Qasri Orifon sari yo`lga chiqdilar. Qasri Orifonga yaqinlashganlarida Xoja Muhammad Boboyi Samosiy dedilar:
- Ul er isiki, bizning dimog`imizga yetar erdi, ortiqroq bo`libtur. Hamonki ul er tug`ilgan bo`lmish.
Ular qishloqqa kelib bir uyda to`xtadilar. Mo`tabar zotlarning Qasri Orifonga kelganlari qishloq aholisida katta shoddik uyg`otdi. Shu qishloqlik bir kishi qo`lida chaqaloqni tutganicha Xoja Muhammad Boboyi Samosiy huzuriga kirib ketdi. Ota chaqaloqni Xojaga ixlos va niyoz bilan uning nazariga tutdi. Xoja bolani otasining qo`lidan olib ko`ksiga bosdi.
Necha kunlikdir? — deb so`radi.
Uch kun bo`ldi tavallud topganiga.
Xoja qo`lidagi chaqaloqqa mehr bilan kulib boqar ekan:
- U bizning ham farzandimizdir. Biz ani qabul qildik.
-dedi.
Xoja o`z ahbobiga qarab so`zida davom etdi:
- Bu ul erdirki, bizga aning isi etib erdi. Ro`zg`orning
muqtadosi (boshlovchisi) bo`lg`ay.
Shundan so`ng Xoja Muhammad Samosiy o`zining eng sodiq muridlaridan Amir Sayid Kulolga qarab bunday dedi:
-Farzandim Bahovuddin haqida tarbiyat va shafqatni darig` tutmag`aysiz, agar bu ishda qusurga yo`l qo`ysangiz, kechirmag`ayman.
Amir Sayid Kulol ta’zim bilan dedi:
Er bo`lmagayman, agar bu ishda qusurga yo`l qo`ysam! [50, 256].
Ko`z bilan, nafas bilan va harakat bilan ta’sir etish bilan bog`liq karomatlar sifatida Najmiddin Kubro hayoti bilan bog`liq rivoyatda aks etgan.
Najmiddin Kubro xonaqoga bir savdogar tomosha uchun kirdi. Shayx shu topda ayni ilhom avjida edilar. Ko`zlari savdogarga tushdi va savdogarning ahvoli o`zgarib, o`z kasbu korini unutdi, valiylik ulushini oldi. Shayx anga mahamat qilib, o`z yurtingga borib, bizning tariqatni davom ettir, deb aytdilar [50, 288].
Yana: Najmiddin Kubro suhbatdoshlari bilan o`tirgan edilar. Havoda bir qarchig`ay bir sa’vani quvib borardi. Shayxning nazari sa’vaga tushdi, sa’va jur’atlanib orqasiga qaytdi va qarchig`ayni tutib shayxning oyoqlari oldiga keltirib tashladi [50, 288].
Va yana: Najmiddin Kubro xalifalaridan biri dediki, bizning zamonda ham ashofi kahf (g`orga kirganlar) singari itga nazari tushganlar bo`larmikin. Shayx o`rinlaridan turib, darvozaga yo`naldilar. Bir it kelib to`xtadi, shayxning nazari ul itga tushdi, itning ahvoli o`zgardi va boshqa itlardan ajraldi, har doim shayx xonaqosida bo`lardi. Boshqa itlar uni tavof qiladilar. It o`lganda Najmiddin Kubro uni avliyo odamday dafn qildilar [50, 288].
Bular quvvayi nazarga misoldir. Ulug` vali insonlarda ko`z va nafas orqali
ta’sir etish quvvati, o`zgalarga g`ayrat o`tkazish qobiliyati bo`ladi. Shuningdek
fikrni uqish va fikran boshqalar miyasiga ta’sir etish ham tabiiy-ilmiy jihatdan isbotlangan hodisalardir.
Tavajjuh va muroqaba karomatning bir ko`risnishi hisoblanadi. Xoja Yusuf Hamadoniydan naql qiladurlarki, ul kishi juma kundan boshqa kunlar hujrasidan tashqari chiqmasdan ilmu riyozat bilan mashg`ul bo`lardi, ammo bir kuni zoviyasida o`tirgan edi, ko`nglida tashqari chiqish fikri tug`iladi. Betoqat bo`la boshlaydi, lekin qayon borishini bilmasdi. Shunda u otiga minib, otning jilovini o`z ixtiyoriga qo`yadi — qayergacha olib borsa, borayin deydi. Ot shahardan chiqib, dalada uzoq yuradi va bir vayrona oldiga kelib to`xtaydi. Shayx otdan tushib qarasa, bir yigit boshini tizzalari orasiga olib «muroqabaga tortibdur». Bir zamondan keyin yigit boshini ko`taradi va haybat bilan Xoja Yusufga qarab deydi: «Yo Yusuf, manga masala mushkul bo`lubdur» (ya’ni, meni bir savol qiynamoqda). Yusuf Hamadoniy yigit aytgan masalani hal qilib bergandan keyin muloyimlik bilan deydi: «Ey farzand, har qachon sening oldingda masala paydo bo`lsa, shaharga, mening oldimga kelgin, meni qiynab yurma». Yigit Hamadoniyga qarab deydi: «Har qancha manga masala tug`ilsa, aning halli`‘a har tosh saningdek Yusufdur» [50, 253]. Bu hikoyatni eshitgan Muhayddin ibn Arabiy debdurki, «men mundin bildimki, murid tavajjuh sidqi bila Shayxni o`z jonibig`a jazb qila olur ermish».
Xo`sh tavajjuh nima? (Tavajjuh - bu chuqur tafakkurga berilib, o`zi istagan odamni huzuriga olib kelish va u bilan yuzlashishdir. Fikr quvvasini zo`r xohish bilan bir nuqtaga jamlashni muroqaba (ya’ni Xudo yodida hamma narsani unutib, qalbu shuur mushohadasiga g`arq bo`lish) ham deganlar. Yusuf Hamadoniyga g`oyibona murid bo`lgan yigit vayronada o`tirib, shunchalik fikru xayolga berilganki, tasavvufning mushkul vazifalarini yecholmasdan, fikran o`z pirini yordamga chaqirganda bu da’vat "Yusuf Hamadoniyga borib etgan va o`zi bu da’vatga javoban shahardan chiqib, vayronaga yetib kelgan. Va ajoyibi shuki, tilsiz
jonivor bo`lmsh ot ham bu amrga itoat etib, Shayxni belgilangan joyga olib keladi [50, 253].
Tavajjuh va muroqaba xojagon silsilasi vakillarida ko`p uchraydi. Ular bir - birlarini da’vat qilib, jisman uchrashishdan tashqari, ruhiy muloqotlarni ham tashkil etganlar, suhbatlar uyushtirganlar, muridlarni tarbiyalaganlar.
Tushda voqe’ bo`lgan karomatlar haqida ham “Nasoyi ul- muhabbat”da ma’lumotlar keltirilgan. “...Boyazid dediki, Alloh taoloni tush ko`rdim. So`rdimki, bor Xudoyo, yo`l sanga ne nav’dur? Dedikim, o`zingdin o`ttung – etting” [50, 49] .
Boyazid vafot etganidan keyin uni tush ko`rdilar, “holin so`rdilar. Dedikim, mendin so`rdilarki, ey qari ne keltirubsen? Dedim: darvesh podshoh eshigiga kelsa andin so`ramagaylarkim, ne keltirubsen, so`raylarki, ne kerak?” [50, 49] .
“Junayd debdurki, Sirriy manga doim aytur erdikim, majlis tut va elga so`z ayt. Men nafasimni saqlar edim. Bu ishga haqqim yo`q deb hisoblardim. To ul damki bir necha hazrati Risolatni voqeada ko`rdim. Ul hazrat amr qildilarki, “Insonlar bilan so`zlash”. Erta sahar Sirriy eshigiga bordim. Dediki, men degan so`zga ishonmading to sanga amr qilmadim. Bas tong erta majlis qurdim va so`z og`iz qildim” (50, ...)
Boyazid tushida tasavvufning nazariy asoslari, talablari aks etgan bo`lsa, Junayd Bag`dodiyda odob va istihola, shuningdek, aytajak so`zlarning Payg`ambar sunnati, shariati nabaviyga muvofiqligi ta’kidlanadi.
Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» Bahouddin Naqshband haqilarida ma’lumotlarni keltirar ekan, voqealarning ko`ngilda ayon bo`lishi bilan bog`liq karomatni keltirib o`tadi.
Bahouddin Naqshband hikoya qildilar: otam meni Boboyi Samosiy huzurlariga olib borganda birinchi karomatni mushohada qilgandim. Bu karomat mana bunday sodir bo`lgan edi: kecha mening uyqum kelmadi va ko`nglimda tavba –talabgorlik ishtiyoqi zo`rayib, masjidga kirdim. Ikki rakat namoz qildim. Keyin boshimni sajdaga qo`yib, tazarru’ va iltijo boshladim, shu orada ko`nglimdan “Ilohiy, boshimga tushajak aziyatlarning balo yukini tortarga va muhabbatning
mehnati tahammulini qilishga quvvat ber va karomat buyurgin” degan munojot o`tdi. Tongda Boboyi Samosiy huzuriga bordim, dedilar: “Ey farzand, duoda bunday deyish kerak: Ilohiy bu zaif bandaga sening rizong nima bo`lsa, shuni qil, o`z fazlu karaming bila qo`lla, agar Xudovand o`z himmati bilan o`z do`stiga balolar yuborsa, o`z inoyati bilan ul do`stiga quvvat ham berar” [50, 257]. Demak, Bahouddinning tungi iltijosi Boboyi Samosiyga ma’lum bo`lgan va shogirdining gustohligini tuzatgan.
Shaklan bir necha bo`lib ko`rinish ham karomatning bir ko`rinishi hisoblanadi. Karomatning bunday ko`rinishlari “Nasoyim ul-muhabbat”da Shayx Ibrohim Majzub, Abuamru Sarfariy haqidagi ma’lumotlar tarkibida keltiriladi.
Shayx Ibrohim Majzubning bir muridi Makkaga hajga borgan edi, ikkinchi muridi Bag`dodda edi. Hajga borgan murid qaytgandan keyin Bag`dodda qolgan muridga pirimizni Makkada ko`rdim, - deydi. Bag`dodda qolgan murid esa pirimiz hajga borganlari yo`q, men ul kishini sen aytgan vaqtda shu yerda – Bag`dodda ko`rdim, - deydi. Ikkalasi munoqashaga boradilar. Shu payt Ibrohim Majzub hozir bo`ladi. Muridlar unga qaysi birimiz haq degan ma’noda savol nazari bilan qaradilar. Ibrohim esa ikkalangiz ham haqsiz, men o`sha damda ham Makkada edim deydi, ya’ni jismim Bag`dodda edi, ruhim esa Makkada edi, Makkada meni ko`rgan kishi mening ruhimni ko`rgandir...” [50, 342].
Shayx Aziziddin Nafasiy «Zubdatul — haqoyiq» risolasida shahodat beradiki, bizning pirimiz dedilarki, mening ruhim vujudimni tark etdi va o`n uch kun falaklarni kezib chiqdi va qaytib kelib vujudimga kirdi. Bu o`n kun ichida men joyimdan qimirlaganim yo`q, ovqat ham yemadim [32, 69] .
Yana bir misol: Abdulmaoli degan kishi shayx Abuamru Sarfariy xonaqosiga kiradi. Shayx muridlarga va’z aytar edi. Abulmaoli borib majlisga qo`shildi. Shu orada uning qorni og`rib, taqozoi hojat tug`iladi. Majoli qolmay, shayxga iltijo bilan qarardi. Shu damda shayx bir oyog`i bilan minbardan tushadi. Avvalida odamning boshiga o`xshagan bir bosh paydo bo`ladi. Keyin ikkinchi oyog`i, ham minbardan tushganda, haligi boshga munosib tana hosil bo`ladi. Shu tariqa zinadan bir - bir tushaveradi va shayx qiyofasi vujudga kelaveradi va xuddi shayx suratiga o`xshagan qiyofa shakllanadi. Surat shayxning o`ziga o`xshab gapirar, ammo Abulmaoliydan boshqa kishi buni ko`rmasdi, Shayxning surati ul odamning ustiga kelib, engi bilan uning boshini berkitdi. Abulmaoliy o`zini bir sahroda ko`radi. U yerda bir ariqda suv oqar, ariq labida esa bir daraxt o`sardi. Abulmaoliy qo`lidagi kalitni daraxtga ilib, qazoyi xojatga boradi, keyin kelib tahorat oladi va ikki rakat namoz o`qiydi. Namozdan keyin salom beradi. Shunda shayx yengini uning boshidan oladi. Abdulmaoliy qarasaki, shayx minbar ustida va’z aytardi. Hayron bo`lib turar, qazoyi hojatdan qutilgan, ammo qo`lidagi kaliti haqiqatdan ham yo`q edi. Ancha vaqtdan keyin Abdulmaoliy Eronga safar qiladi, o`n to`rt kun yo`l yurgandan keyin o`sha sahro, o`sha ariq va o`sha daraxtni ko`radi, kalitni topadi va yana qazoyi hojatni sindirib, tahorat oladi va namoz o`qiydi... Safardan qaytgandan keyin bu voqeani shayxga aytadi, Ammo shayx Abu Amru Sarfayniy unga tayinlaydi: zinhor bu sirni birovga aytma! [50, 103].
Karomat bilan zulmni, baloni daf’ etish bilan bog`liq karomat Bob Farg`oniy, Bahouddin Naqshband hayotlari bilan bog`liq rivoyatlarda keltirilgan. Bob Farg`oniydan hikoyat qilurlar. Uning duosi mustajob bo`lur edi. Uning zamonida Sarkob degan bir zolim hukmdor bo`lur edi. Xalq uning zulmidan bezor edilar. Shayx Amu dediki, bir kun Bob Farg`oniy oldida o`tirib edim, birov kirib dedi: Sarkob keldi, bir duo qilg`ilki, uning jafosi boshimizdan ko`tarilsa. Shu chog`da Bob o`chog` boshida o`tirib edi. Va oftoba dag`i o`chog` qirg`og`ida edi “Ayog`in oftobag`a urib yiqdim va dedikim, ani yiqdim. Sarkob hamul dam shahar eshigida otdin sarnigun yiqildi va bo`yni sindi” [50,198] .
Shu kabi Abdulxoliq G`ijduvoniy, Shayx Abumansur Motrudiy, Najmiddin Kubro, Xoja Ahror vali duolari mustajob bo`lgan aziz insonlar edilar. Albatta, balo qazoni yuboruvchi va uni qaytaruvchi ham Parvardigorning o`zi, taqdirda ne bo`lsa, sodir bo`ladi. Biroq Parvardigor suygan bandalari – avliyolar duosi tufayli bolalarni da’f etadi.
Qayd etish kerakki, shayxlarning karomatlari orasida sehru joduga o`xshash narsalar ham yo`q emas, odamlarga ruhan ta’sir qilib, ular ko`ziga turli g`ayri odatiy voqealarni ko`rsatish, daryodan ho`l bo`lmasdan o`tib ketish, sakrab tomga chiqish va hokazolar [25, 73]. Albatta, insonning imkoniyatlari cheksiz. U o`zini tarbiyalasa, har xil mo’jizalar ko`rsata oladi. Biroq shuni alohida ta’kidlash kerakki, ulug` shayxlar, mutafakkir so`fiylar karomatu kashflarga uncha e’tibor bermaganlar. Karomat – bu avvalo aql, zakovat va bilim nishonasi deb qaralgan. Eng zo`r karomat tavhid sirrini anglash va xalqqa yetkazish, iloh ishqida yonish deb uqtirilgan. Chunki, bilimsiz karomat xalqni Haq yo`lidan ozdirishiga olib kelishi ham mumkin [25, 73]. Xalq har xil ajoyibotlarga o`ch, agar shayx faqat shunga e’tibor qiladigan bo`lsa, u nayrangboz, riyokor bo`lib qoladi. Navoiy karomat va xoriqullohda holatlar xususida yozar ekan, oxirida ta’kidlab deydi : «Va Haq Subhonahu va Taolog`a andoq muqarrab (yaqin) bandalar va do`stlar ham borki, bu barcha mazkur bo`lgan holatdin ijtinob qilurlar, balki or qilurlar, neuchunki bir turfat ul-ayn Haq Subhonahu va Taolo shuhudi istig`roqidin g`ofil bo`la olmaslar va to ul saodatdin g`ofil bo`lmaguncha, bu nimalar (ya’ni karomatlar)ga maylu iltifot qilsa – bo`lmas. Har oyinaki, ul maqsudi asliydin (ya’ni, Haqdan) har amrki, bu buzurkvorlarni bir lahza g`ofil qilg`ay, agar barcha behishtu jovidondurki, alarg`a do`zaxcha bor, andin ijtinob yo or qilsalar - muhiq bo`lg`aylar» [50, 23]. Darhaqiqat, hadeb karomatga berilish xurofotga yo`l ochadi, irfoniy tafakkurga xalaqit beradi. Karomat agar bo`lsa, u ilohiy karomat bo`lsin va irfonga xizmat qilsin. Iloh bilan bandasi orasidagi pardani ko`tarsin.
Shayx Abulabbos Qassob Omiliydan karomat talab qildilar. Shayx dedi: ko`zingni ochib qara, aning karami emasmukim, bir qassobning o`g`li ulug`lar davraning to`rida o`lturg`ay va tufroqqa kirmagay va devor aning ustig`a yiqilmag`ay va uy aning ustiga yemurulmagay. Malik va mulksiz viloyati bor va asbobsiz va kasbsiz ro`zi yer va elga edirur. Bu karomat emasmu? [50, 201].
Abulabbos Omiliy qassobning o`g`li bo`lib, u haqiqatdan ham Allohning marhamati va fayzu barokati bilan shunday darajaga erishgan edi. Boshqa o`nlab, yuzlab insonlar – olimlar, fozillar, shayxlar haqida ham shu gapni aytish mumkin. Bizga berilgan ilm, tafakkur eng buyuk karomat, eng noyob mo`jizadir.
Darhaqiqat, biz Haq asroridan xabar beruvchi karomatlarni ulug` ma’rifatparvar insonlarning fazilati va ilmu donish zuhururi deb bilamiz va karomatni tasavvufning tarkibiy qismi sifatida olib qaraymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |