Urxun–enisey yozuvi yodgorliklari.
Turk xoqonligining tashkil topishi. Turk xoqonligidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat
Reja:
Turk xoqonligining tashkil topishi haqida qisqacha ma’lumot.
Turk xoqonligi va Eron o‘rtasidagi munosabatlar.
Urxun-Enisey yodgorliklari – qadimgi turkiy adabiyotning namunasi.
Kul tigin va Bilga xoqon bitigtoshi.
To‘nyuquq bitigtoshi.
Moyun chur va Kuli chur bititoshi.
Enisey bitigtoshlari.
Kalit so‘z va terminlar: yodgorliklar, turk xoqonligi, jujanlar,oq xunlar, sosoniylar sulolasi, urxun va enisey yozuvi, Kul tigin bitigtoshi, Bilga xoqon bitigtoshi, To‘nyuquq bitigtoshi, janrlar.
Urxun-enisey yozma yodgorliklarining topilish tarixi, bu yodgorliklar yuzasidan XV111-X1X asrlarda bo‘lib o‘tgan munozaralar, bu yodgorliklarning o‘qilish tarixi to‘g‘risida jahon turkiyshunoslari, jumladan, o‘zbek olimlari ham qator fikr-mulohazalar bildirganlar. Biz bu o‘rinda qadimgi turkiy yodgorliklarning yaratilishiga sabab bo‘lgan tarixiy sharoit va madaniy muhit to‘g‘risida qisqacha to‘xtalamiz.
Ma’lumki, turk xoqonligi barpo bo‘lmasdan oldingi Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy tarixi jujanlar (manqurtlar) tarixi bilan ham bog‘liq. Lekin ungacha ham turkiy qavmlar Markaziy Osiyoning turli hududlarida xonliklarga uyushgan, siyosiy jihatdan esa tarqoq holda yashardilar. Bu qavmlarni jujanlar temir qurollar yasashga, turmushda kerak bo‘ladigan ashyolar yasashga majbur qilardilar. Jujan xonlari turkiy qavmlarni “temirchi qullarim” deb haqoratlardilar. Jujanlar asoratidan qutulish uchun 535 yili boshlaangan harakat 545 yilga kelib kuchaydi. Turkiy qavmlar g‘arbiy To‘ba sulolasi bilan hamkorlikda jujanlarga qarshi kurashga otlandilar. Lekin jujanlar bilan urush boshlash uchun bir bahona kerak edi. Ashin urug‘ining yo‘lboshchisi Bo‘min jujanlar xoni Aynahayning qiziga sovchi jo‘natdi. Bo‘minning xatti-harakati Aynag‘ayga haqorat bo‘lib tuyuldi va Bo‘minning elchilari orqali unga haqoratomuz javob berdi. Bo‘minga aynan shu javob kerak edi. Bo‘min vaqtni qo‘ldan boy bermay, jangga otlandi. Tez orada Bo‘min Aynag‘ayni tor-mor qildi. Bu voqea 551 yilda yuz bergan edi.
Bo‘min jujanlar asoratidan qutulgandan keyin Bo‘min Turk xoqonligiga asos soldi. Turk xoqonligi juda katta hududni – SHimoliy Mo‘g‘ulistondan tortib Amudaryogacha bo‘lgan joylarni o‘z ichiga olgan edi. SHuncha katta davlatni markazdan turib boshqarish qiyin edi. SHu boisdan Bo‘min xoqon Istamini yabg‘u unvoni bilan Turk xoqonligining g‘arbiy qismini – O‘rta Osiyo qismini boshqarish uchun jo‘natdi. (YAbg‘u so‘zi harbiy unvonni bildiradi, bu unvon Kushon imperiyasidan davom etib kelgan bo‘lib, turkiylar oq xunlar sulolasidan o‘zlashtirganlar. YAbg‘u – g‘arbiy Turk xoqonligida oliy unvonning nomi bo‘lib, ko‘pincha yabg‘u qag‘an tarzida ham qo‘llanadi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, yabg‘u – xoqonga tengdir.) O‘zi esa xoqonlikning sharqiy qismini boshqarish uchun Qoraqurum shahrida maskan topdi.
Turk degan nom Turk xoqonligi davrida ilgari ham turkiy tilda so‘zlashadigan, irqiy va urf-odat jihatidan bir-biriga o‘xshash yoki yaqin turkiy hamda turkylashgan (masalan, qitaniylar) qavmlarning siyosiy birlashmasini bildirardi. Turk xoqonligi davrida bu jarayon o‘z rasmiy maqomiga ega bo‘ldi. SHuningdek, qadimgi turk davrida turkiy qavmlar yagona nom bilan ko‘k turklar deb yuritiladigan bo‘ldi. Ko‘k turk – ilohiy turk deganidir. Turkiy qavmlar yaratgan mifga ko‘ra, ular osmonni – ota, erni ona deb tasavvur qilganlar. SHu bois o‘zlarini har osmon bolalari deb aytardilar va ko‘k turk degan mifologik nom ularning rasmiy nomiga aylanib qoldi. Garchi turk yoki turkiy degan nom milodiy V asrlardan qo‘llana boshlagan bo‘lsa ham, hamma qavmlar va xalqlarning kelib chiqishi kabi, etnik jarayonning shu davrdan boshlanganini ko‘rsatmaydi, balki turkiy qavmlar qadim zamonlardan beri bor va ularning qavm sifatida mavjudligini ashyoviy dalillar – arxeologik yodgorliklar tasdiqlaydi. O‘rta Osiyo, Oltoy, Qozog‘iston kabi tarixi qadim o‘lkalardan topilgan inson
Bo‘min xoqon 552 yili olamdan o‘tdi. Ota vafotidan keyin, qadimgi turk xoqonligi qonunlariga binoan, to‘ng‘ich o‘g‘il Qoraxon taxtga o‘tirdi. Lekin oradan bir yo‘l o‘tar-o‘tmas, Qoraxon ham olamdan o‘tdi. Uning vafotidan keyin o‘rtancha o‘g‘il Mug‘an Turk xoqonligi taxtiga o‘tirdi.
Mug‘an xoqon o‘tgan barcha turk xoqonlari orasida o‘zining g‘ayratli, aqlli, hushyor va harbiy sohada ham, diplomatiya sohasida ham tadbirli xoqon ekani bilan alohida ajralib turardi. SHu sababli u dunyoga mashhur xoqon bo‘lib dong taratdi. Mug‘an xoqon taxtda o‘tirgan yillar (554-574) Ko‘k turk xoqonligi qudratli bir pallaga kirdi.
Mug‘an xoqon sharqdagi manchjur, mo‘g‘ul qavmlarini, quriyaliklarni bo‘ysundirgandan keyin, g‘arbdagi oq xunlarni itoat ettirish harakatiga tushdi. U 554 yili Eron sosoniylar sulolasi shahanshohi Xusrav Anushirvonga elchi jo‘natdi. Borgan elchilar Eron bilan Turk xoqonligining oq xunlarga qarshi ittifoqini tuzish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Bu ittifoqni kafolatlash uchun Istami yabg‘u qizi Asna bekni Xusrav Anushirvonga (531-579) nikohlab berdi. Bu paytda Eron sosoniylar sulolasi oq xunlarga qaram edi. Eron shohi bu qaramlikdan qutulish uchun ham Turk xoqonligi bilan ittifoq tuzishga darrov rozi bo‘l qoldi. Ko‘k turk xoqonligidek qudratli ittifoqchiga ega bo‘lgan Eron milodning 554 yilidan boshlab har yili oq xunlarga berishi lozim bo‘lgan o‘lponni to‘lashdan bosh tordi. SHu yili Eron oq xunlarga hujum qilib, Afg‘onistonni bosib oldi. SHu yili Istami yabg‘u ham Mug‘an xoqonning ko‘rsatmasiga binoan oq xunlarga hujum qilib, ularni Tarim vodiysidan quvib chiqargan edi. 557 yildan boshlab oq xunlarga qarshi rasman urush boshlandi. Turk qo‘shinlari bilan oq xunlar o‘rtasidagi urush asosan, hozirgi Afg‘oniston hududida yuz berdi. Mug‘an xoqon besh yil ichida (557-562) oq xunlar sulolasini yo‘q qildi. Mug‘an xoqon milodiy 565 yili oq xunlarning qolgan-qutganini uzil-kesil yo‘qotish va xoqonlikning g‘arbiy chegaralarini yanada mustahkamlash ishlarini Istam yabg‘uga topshirib, o‘zi Qoraqurumga qaytib ketdi. Istami yabg‘u 565 yilgacha oq xunlarning qolgan kuchlarini yo‘qotdi va sulolaning hududini ko‘k turk xoqonligiga qo‘shib oldi. Eron ham oq xunlar hududining bir qismini bo‘lib oldi. Istami shu uch yil davomida yana oq xunlar hududiga oid masalani Eron bilan bir yoqli qilishga harakat qildi. Balxash ko‘li bilan Orol dengizi bo‘ylaridan tortib Qora dengiz bo‘ylarigacha bo‘lgan juda katta hududda yashab kelayotgan qavmlarni birlashtirishdek tarixiy vazifani ham bajardi.
Oq xunlar hududi Eron bilan Ko‘k Turk xoqonligining do‘stona munosabatlari buzilishiga sabab bo‘ldi. Oxir-oqibat ikki do‘st mamlakat ashaddiy dushmanga aylandi. Oq xunlar tor-mor qilingandan keyin ularning hududiga qarashli bo‘lgan SHimoliy Hindiston, Tarim vodiysi, O‘rta Osiyo ko‘k turklarning qo‘liga o‘tgan bo‘lsa, Xuroson Eronga qoldi. Istami yabg‘u bunday taqsimotga rozi bo‘lmadi. Buning ustiga, Eron sosoniylar sulolasi Xurosonni egallab olish bilan qanoatlanmasdan, oq xunlarning hududidan yana ko‘proq joylarni bosib olishga intildi. Boshqa tarafdan esa turklar O‘rta er dengizi bo‘ylaridagi davlatlardan O‘rta Osiyoga, Hindistonga va Xitoyga boradigan muhim xalqaro savdo yo‘lini, SHarqiy Rum bilan kelishgan holda egallab olgan edi. Eron bu masalada ozgina bo‘lsa-da, yon berishni istamadi. Bu savdo yo‘lining eng muhim nuqtalari Eron hududida edi. Eron bu savdo yo‘lidan ko‘p foyda olardi. SHuning uchun Eron Turk xoqonligi barpo bo‘lishidan oldin G‘arb va SHarq orasidagi halqaro savdo yo‘lida hukmronlikni egallab, SHarqiy Rim bilan doimo urushib kelgan edi. Albatta, ko‘k turklarning savdo yo‘liga egalik qilishlariga Eron hech ham rozi bo‘la olmas edi. Eron ham cheksiz daromaddan ayrilishni, ham xalqaro miqyosdagi obro‘yiga putur etkazishni aslo istamasdi. Turk xoqonligi bilan Eron o‘rtasidagi kelishmovchilik bora-bora jiddiylashib, urush xavfini keltirib chiqardi.
Istami Turk xoqonligi bilan Eron o‘rtasidagi sovuq munosabatlarga barham berish, oldingiday hamkorlikni va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini davom ettirish umidida Eronga yaqin ayonlaridan Maniax boshchiligida elchilar jo‘natdi. Elchilar Xusrav Agushirvon huzuriga ko‘p sovg‘a-salomlar – qimmatbaho ipak matolar olib kelishdi. Anushirvon avval vazirlari bilan maslahatlashdi. Vazirlar esa Anushirvonni Turk xoqonligiga qarshi gijgijladilar, xoqonning bilan iliq o‘rnatish xavfli deb, munosabatlarni uzishga da’vat qildilar. Anushirvon vazirlarining maslahatlariga quloq solib, Turk xoqonligi elchilari keltirgan sovg‘alarni saroy ahli ko‘zi oldida o‘tga tashlab kuydirdi.
Eron hukmdorining qo‘pol muomalasidan ranjigan elchilar Istami xoqon huzuriga umidsizlanib qaytib keldilar. Istami yabg‘u baribir vazminlik bilan Eronga ikkinchi marta elchilar jo‘natdi. SHarqiy Rum tarixchisi Menandrning xabar berishicha, ikkinchi marta Eronga borgan xoqonlik elchilari og‘ir baxtsizlikka uchradilar. Xusrav Anushirvon elchilarga ziyofat berdi, oldindan uyushtirilgan suiqasd bo‘yicha ularning ovqatlariga zahar soldirib o‘ldirdi. Elchilardan uch-to‘rt kishigina omon qolgan, xolos. Xusrav Anushirvon suiqasdning oshkor bo‘lib qolishidan qo‘rqib: “Turk xoqonligi elchilari movuq yurtda tug‘ilib o‘sganlar, Eronning jazirama issiq havosiga ko‘nika olmay, nobud bo‘ldilar”, deb gap tarqatgan.
Ko‘k turk xoqonligi elchilari Eronga ikki marta borganlaridan keyin ham, natija bo‘lmagach, Istami ibg‘u 568 yili Maniax boshchiligida SHarqiy Rum imperatori YUstin II (565-578)ning huzuriga – Konstantinopolga elchilar jo‘natdi. Turk xoqonligi elchilari YUstin II bilan qilgan suhbatlarida zimmalariga yuklatilgan vazifani bajardilar – ular Turk xoqonligi bilan SHarqiy Rum o‘rtasida savdo munosabatlari o‘rnatish vazifasini ko‘ngildagiday amalga oshirdilar. Turk xoqonligi elchilari SHarqiy Rumdan qaytayotganlarida, YUstin II Zemarx boshchiligida javob elchilarini xoqonlik elchilari bilan birga jo‘natdi.
Istami yabg‘u SHarqiy Rum elchilarini qabul qilib, jiddiy masalalar ustida suhbatlashlar. Bular – Turk xoqonligi bilan SHarqiy Rum o‘rtasidagi ipak savdosi. Eronga qarshi birgalikda kurash olib borish, jujanlarning Qora dengiz bo‘ylariga qochib ketgan to‘dalarini yo‘q qilish kabi masalalar edi. Darvoqe, jujanlar Boyonxon boshchiligida Evropada xoqonlik barpo qilib, SHarqiy Rum imperiyasiga goh-goh hujum qilib turardi. SHarqiy Rum elchilari Istami bilan qilgan suhbatlarida jujanlar masalasini ko‘targanlarida, Istami yabg‘u SHarqiy Rum bilan birgalikda jujanlarga qarshi hujumga tayyorligini bildirib: “Agar ular qush bo‘lib osmonga uchib chiqsa ham, baliq bo‘lib dengiz tubiga yashirinsa ham, mening qilichimdan qutulolmaydi”, deb va’da berdi.
SHunday qilib, bu masalalar yuzasidan bitimnoma tuzildi. Bitimda Eronga qarshi harbiy ittifoq asosiy, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa qilib belgilandi. SHundan boshlab uzoqqa cho‘zilgan urushlar boshlanib ketdi. Turk xoqonligi SHarqiy Rum bilan ittiqlashib olgandan keyin Eronga hujum qildi. Istami yabhu 569 yili Xurosonga bostirib kirib, Eron qo‘shinlarini tor-mor qildi. Eron oq xunlardan bosib olgan joylarning hammasini Istami Erondan tortib oldi. Eron turk xoqonligi bilan sulh tuzishga majbur bo‘ldi. Sulh shartlariga binoan turklar har yili Erondan qirq ming Rum oltini miqdorida boj olib turdi.
571 yildan boshlab esa Eron bilan SHarqiy Rum orasida uzoqqa cho‘zilgan urush boshlanib ketdi. Eron sosoniylar sulolasi zaiflasha bordi. Turk xoqonligi bu davrda harbiy va iqtisodiy tomondan borgan sari kuchaydi.
576 yili Mug‘an xoqon va Istami yabg‘u vafot etdilar. Ulardan keyin taxtga o‘tirgan Tapar xoqon (576-581), Ishbara xoqon (581-587) lar hukmronligi paytida Turk xoqonligi bilan Eron orasida bir marta urush bo‘ldi. Eron sarkardasi Bahrom chubin uch yuz ming kishilik turk qo‘shinlarini – CHur bag‘a xoqon qo‘mondonligidagi lashkarni Hirot bilan Balx orasida tor-mor qildi. O‘sha urushda CHur bag‘a xoqon halok bo‘ldi. Bahrom chubin Buxoro yonidagi Paykent shahriga bostirib kelib, CHur bag‘a xoqonning o‘g‘li Barmudo tiginni asir qilib oldi. Paykent shahrining xazinasidagi boyliklarni bir necha ming tuyaga yuklab, Eron shahanshohi Xo‘rmuzd (Istami yabg‘uning qizidan tug‘ilgan)ga jo‘natdi. Bu safargi urushda Eron g‘arb tarafdan hujum qilgan SHarqiy Rum qo‘shinlarini ham Kavkaz atrofida tor-mor qildi. Turk xoqonligi qo‘shinlari bilan SHarqiy Rum lashkari mag‘lub bo‘lgan esa-da, Eron xalqaro savdo yo‘liga bo‘lgan hukmronlikni qaytadan qo‘lga kiritolmadi. (Klyashtorniy, Savinov. 90, 91 betdan olish kerak)
Albatta, g‘arbiy Turk xoqonligining dunyo xaritasidagi o‘rni, jahon tarixida egallagan mavqei shu bilan chegaralanmaydi. Ayniqsa, Xitoy bilan bo‘lgan munosabatlari Turk xoqonligi tarixida muhim iz qoldirdi. Xususan, qadimgi turkiy yozma yodgorliklarda Xitoy va Turk xoqonligi munosabatlari to‘g‘risida ma’lum ma’lumotlar bor. Zotan, qadimgi turkiy yozma yodgorliklar faqat turkiy qavmlarning ijtimoiy- siyosiy hayoti to‘g‘risida badiiy lavhalar bo‘lishi bilan birga, bu qavmlarning dunyoqarashi, tafakkuri, maishiy hayoti manzarasi hamdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |