Chillaxona maqbarasi Namangan tumanining Mullakuding qishlog’ida Namangan – Jomashuy yo’lining o’ng tomonida joylashgan. Mullakuding qishlog’idan sal yuqoriroqdagi qabristonda pastakkina qilib qurilgan kichkina gumbazli maqbara. Maqbaradagi qabrtosh bo’lib, undagi yozuvlardan anglashilicha, turkistonlik Hoja Ahmad Yassaviy avlodlaridan bir Shayx Ne’matulloh Hoja Eshon Turkistondan Namanganga XVIII asrning ikkinchi yarmida kelib, shu yerda yashab qolgan, qabristonga dafn etilgan. Bu toponimga chillaxona so’zi lug’aviy asos bo’lgan. Nom chillaxonali maqbara degan toponimik ma’noga ega.
Xalfa chaqqon chillaxonasi – Namangan shahrining kurashxona dahasidagi qadimiy me’moriy obidalardan biri. Mazkur yodgorlik nomi antroponim – nom, laqab va indikatordan tarkib topgan qo’shma tarkibli ekklezionim. U XVII asrning ikkinchi yarmida yashagan namanganlik ilmli avliyo, epchil va chaqqon, shu bois Xalfa chaqqon laqabini olgan kishi nomiga nisbat berib, shunday atalgan. Nom Xalfa chaqqon laqabli kishiga qarashli chilaxona, ya’ni chillada o’tirish joyi degan ma’noga ega. Demak, nom tarkibidagi chillaxona so’zi ekklezionimik indikator sifatida antroponimni toponimlikka xoslash bilan birgalikda uni turini, ya’ni diniy urf-odatni bajarish joyi ekanligini ifoda etmoqda. Ekklezionimni manbalarda Halfa chaqqon chillaxonasi tarzida, ya’ni bo’g’iz tovushini ifodalovchi h harfi bilan xato yozish kuzatiladi, imlo qoidalariga ko’ra, nom yuqoridagi berganimizdek yozilishi lozim.
“O’zbek tilining izohli lug’ati”da tepa so’zining quyidagi ma’nolari qayd etilgan:
Er sathidan baland, do’ng joy; tepalik, balandlik.
Tepa asli relifni ifodalovchi geografik termin bo’lib, yer sathidan baland, yonbag’irlari qiya bo’lgan do’ng joy ma’nosini anglatadi. Shuningdek, tepa keyinchalik arxeologik termin sifatida paxsadan ishlangan qadimiy inshootlarning xarobalari va ularni to’ldirgan ma’daniy qatlamlardan hosil bo’lgan do’nglik ma’nosida ham qo’llanmoqda. Arxeologik yodgorliklarning ushbu turi O’rta Osiyo va Kavkazda (tapa), Yaqin sharqda (arab. – tel’, tall), Hindistonda va Bolqon yarim orolida (yun. – magula, makedoncha tumba) uchraydi. (Namozgohtepa, Sopollitepa va b.) 1 Geografik joy nomlari tarkibida ham tepa indikatori ko’p uchraydi O’zbek toponimiyasida tepa shaklli nomlar qadimdan tipik model hisoblanadi: Shoshtepa, Uchtepa, Oqtepa, Oltintepa, Qo’rg’ontepa, Qoratepa kabi.
Tepalar aslida oronimlar sirasiga kiradi.
Biz Namangan viloyati bo’yicha takrorlari bilan 60 dan ziyod tepaliklarning atoqli nomlarini to’pladik: Balandtepa, Bo’ritepa, Gurunchpoyatepa, Dutortepa, Do’stsoytepa, Zo’rtepa, Ilontepa, Isqo’rg’ontepa, Ko’ltepa, Marg’uzortepa, Munchoqtepa, Mug’tepa, Mirzayortepa, Mozortepa, Mushukteshgantepa, Novjartepa, Nog’oratepa, Ovchibuloqtepa, Oqgumaztepa, Otaxontepa, Oqtepa, Oqertepa, Sarqal’atepa, Surmohtepa, To’xtamatepa, Tillatepa, Toqaltepa, Tolmozortepa, Toshloqtepa, Yortepa, O’rdatepa, Uchyog’ochtepa, Uchtepa, Xo’jabodtepa, Shomozortepa, Eskitepa, Yumoloqtepa, Yakkatepa, Yakkatuttepa, Yapqoltepa, O’rtatepa, Qo’rg’ontepa, Qo’shtepa, Quyuqtepa, Qozoqovultepa, Qo’rg’onchatepa, Qurg’ontepa, G’urumsaroytepa, Hojiobodtepa kabi.
Tepalar ham odatda agiotoponimlar sirasiga kiradi. Mazkur tepalar o’tmishda harbiy istehkomlar, shaharlar, qabristonlar bo’lganligi bois hozirda me’moriy, arxeologik yodgorliklar sirasiga kiradi va xalq tomonidan e’zozlanadi. SHu nuqtai nazardan mazkur tepa nomlarining salmoqli qismi agiotoponimlar hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |