Agiotoponim (yunoncha – agio - muqaddas, toponim - joy nomi) joylarning agionomdan yasalgan atokli otlaridir.1 Demak, Namangan agiotoponimiyasida tepa tarkibli nomlar salmoqli o’rin tutadi. Beshiktepa (Chust t. Axcha q., Shoyon q.), Burgutlitepa (Pop t. Chorkesar q.), Gurunchpoyatepa ( Chust t. Varzik q.), Dutortepa (Kosonsoy t.), Do’stsoytepa// Do’stboytepa (Chortoq t.), Zo’rtepa (Yangiqo’rg’on t. Zarkent q.), Ilontepa (Yangiqo’rg’on t. Buloqboshi q.), Ilonuya (Chust t. Chustnon q.), Keskanyortepa (Uychi t. Qizilravot q.), Kultepa (Norin t. Haqqulobod sh.), Kuyuktepa (Uchqo’rg’on t.), Marg’uzortepa (Norin t. Marg’uzor q.) , Mirgadoy (Chortoq t. Alixon q.), Mirzayortepa (Yangiqo’rg’on t. Nanay q.), Mozortepa (Chortoq t.), Munchoqtepa (Chust t. Yorqishloq q., Tepaqo’rg’on q.), Mushukteshgantepa (Norin t. Tegirmonboshi q.), Navjartepa (Kosonsoy t. Qurama q.), Nog’oratepa (Kosonsoy t. Tergachi q.), Otaxontepa ( Yangiqo’rg’on t. Nanay q.), Oqartepa (Chortoq t. Peshqo’rg’on q.), Oqtepa (Pop t. To’da q.) kabi.
Navjartepa – Kosonsoy tumanidagi tepalik. Toponim nav – yangi, jar – suv yuvib hosil bo’lgan tik chuqurlik, tepa – balandlik kabi uch ma’noli qismlardan iborat bo’lib, yangi suv yuvishidan hosil bo’lgan chuqurlik yonidagi tepalik degan toponimik ma’noga ega. Shu hududda joylashgan qishloq ham unga nisbat berish asosida Navjartepa deya nomlangan.
Do’nartepa – Kosonsoy tumanidagi qishloq nomi. Oykonim morfemik jihatdan do’n, -moq ,-ar, tepa morfemalaridan tarkib topgan, qiya tepalik, balandlab boruvchi tepalik degan ma’nolarni anglatadi. Shunday tepalikda joylashgan qishloq ham Do’nartepa deb ataladi.
3.2. Agitoponim va ekklezionimlarning struktural tahlili
Toponimlarning, jumladan, agiotoponim va nekronimlarning tuzilishiga ko’ra turlari, tiplari toponimik tadqiqotlar doirasida o’zbek toponimistlari N.Oxunov, Z. Do’simov, T. Nafasov, L. G. Karimovalarning ishlarida tadqiq etilgan.1 Mazkur tadqiqotlarda toponimlarning morfologik tuzilishiga ko’ra turlari talqini borasida bir necha xil qarashlar kuzatiladi.
N. Uluqov fikricha, o’zbek toponimikasidagi toponimlarning morfologik tuzilishiga doir tasniflarni yondashuv asosi va xarakteriga ko’ra uch guruhga ajratish mumkin:
1. Yasalish usuli va modeliga asoslangan tasniflar.
2. Yasovchi vositalar va tarkibiy tuzilishiga asoslangan tasniflar.
3.Tarkibi va tarkibidagi lug’aviy birliklarga asoslangan tasniflar.2
Yuqoridagi tasniflarga asoslangan holda, Namangan viloyati agitoponim va nekronimlarni tarkibiy tuzilishiga ko’ra quyidagi turlarga ajratish maqsadga muvofiq:
1. Sodda tarkibli agitoponim va ekklezionimlar.
2. Qo’shma tarkibli agitoponim va ekklezionimlar.
3. Murakkab tarkibli agitoponim va ekklezionimlar.
Sodda tarkibli agitoponim va ekklezionimlarning lisoniy tarkibi birgina asosdan, ya’ni sodda leksemadan iborat bo’ladi.3 Masalan, atoqli otdan iborat agitoponim va ekklezionimlar: Ravot (Uychi t.), Porosmon (To’ra. t.). kabi. Porosmon nomining Talosbon, Palosbon variantlari ham bor.
Biroq viloyat toponimiyasida sodda tarkibli agitoponim va ekklezionimlar deyarli yo’q. Buni agitoponim va ekklezionimlar tarkibida doimo maxsus indikatorlar, ya’ni mozor, qabriston, tepa kabi so’zlar kelishi bilan izohlash mumkin. Demak, har qanday oddiy so’z agitoponim va ekklezionim bo’la olmaydi.
Tarkibi birdan ortiq lug’aviy asosdan iborat muqaddas joy nomlari qo’shma tarkibli agitoponim va ekklezionimlardir. Qo’shma tarkibli agitoponim va ekklezionimlar kompozitsiya usuli bilan yasaladi.
Qo’shma tarkibli agitoponim va ekklezionimlarning morfologik asosi va shakllanish modeliga ko’ra quyidagi turlari kuzatiladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |