9.3. Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi va umumiy qoidalari Bir turdagi mahsulotlarning har bir turi bo’yicha sertifikatlashtirish tartibi O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro’yxatdan o’tkaziladigan sertifikatlashtirishning tegishli qoidalari bilan belgilanadi.
Sertifikatlashtirish davomida ilgari tekshirilgan xavfsizlik bo’yicha tavsifga ta’sir etmaydigan mahsulotning dizayni yoki tashqi tavsiflari o’zgarishi zamonaviylashtirilgan mahsulotga qo’shimcha sertifikatlashtirish o’tkazilishiga olib kelmaydi. Mahsulot xavfsizligi bo’yicha majburiy tavsiflar standartlashtirish bo’yicha tegishli normativ hujjatlarda belgilanadi.
Sertifikatlashtirishni amalga oshirish qoidaga ko’ra, ikki bosqichda o’tkaziladi.
Birinchi bosqich bir vaqtning o’zida, zaruriyatga ko’ra, veterinariya va fitosanitariya xulosalari tegishli ravishda davlat veterinariya nazorati va o’simliklar karantini bo’yicha davlat xizmati organlarida rasmiylashtirilgan holda “O’zstandart” agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan davlat sanitariya nazorati organlarida gigienik sertifikat rasmiylashtirilishini o’z ichiga oladi. Bunda tadbirkorlik faoliyati sub’ekti:
gigienik sertifikatni rasmiylashtirish uchun ariza bilan birgalikda belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlariga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish yuzasidan ariza berishga;
zarurat bo’lganda tegishli xulosalar olish uchun veterinariya va fitosanitariya nazorati organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqlidir.
Ikkinchi bosqich - sertifikatlashtirish organlari tomonidan muvofiqlik sertifikati berishdir.
Sertifikatlashtirish organlari tadbirkorlik sub’ektlarining yozma arizasiga muvofiq davlat sanitariya nazorati organlarida, davlat veterinariya nazorati va o’simliklar karantini bo’yicha davlat xizmati organlarida, shuningdek ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qumitasi organlarida sertifikatlashtirishni o’tkazish va barcha zarur xulosalarni olish yuzasidan agentlik xizmatlari ko’rsatishga haqlidir.
Bunda namunalar tanlab olinishi, shuningdek ular to’g’ri tanlanganligi va tegishli davlat organlariga taqdim etilishi uchun sertifikatlash organlari javob beradilar.
Ko’rsatib o’tilgan xizmatlarga haq to’lash O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida deklaratsiyalangan tariflar bo’yicha amalga oshiriladi.
Muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va berishning umumiy muddati ishlarning murakkabligi darajasiga belgilanadi.