9.6. Muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va berish tartibi Muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish sertifikatlash organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Sertifikatlashtirish organini arizachi tomonidan mustaqil tanlanadi.
Ariza beruvchiga istalgan vaqtda, sertifikatlashtirish organlari esa birinchi talabga ko’ra quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
a) muvofiqlik sertifikati majburiy tartibda bo’lishi kerak bo’lgan mahsulot turlarining ro’yxati yoki ro’yxatidan ko’chirma;
b) akkreditatsiya qilish sohasiga taaluqli bo’lgan bir turdagi mahsulotni sertifikatlash qoidalari;
v) sertifikatlashtirish bo’yicha xizmatlar narxlari (tariflari) preyskuranti;
g) davlat vakolatli organida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi hujjat.
Sertifikatlashtirish organi ko’rsatib o’tilgan hujjatlar nusxalarini taqdim etganlik uchun nusxalarni tayyorlash harajatlaridan ortiq bo’lmagan miqdorda to’lov undirishga haqlidir.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish uchun ariza beruvchi sertifikatlashtirish organiga ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ishlab chiqarilayotgan mahsulotga me’yoriy hujjat nusxasi;
mahsulotni markirovka qilish namunasi (mahsulot to’g’risida axborot);
gigienik sertifikat nusxasi.
CHetdan olib kelinayotgan mahsulotni sertifikatlashtirish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
CHetdan olib kelinayotgan mahsulotga me’yoriy hujjat nusxasi (u mavjud bo’lganda);
gigiena sertifikatining nusxasi;
mahsulotni markirovka qilish namunasi (mahsulot to’g’risida axborot);
O’zbekiston Respublikasining bojxona hududiga yetib kelganligi to’g’risida belgi qo’yilgan tovarning ilova hujjati nusxasi.
Sertifikatlashtirish maqsadida sertifikatlashtirish organlariga standartlash bo’yicha rasmiy, “O’zstandart” agentligi tomonidan tasdiqlangan me’yoriy hujjatlar nusxalari taqdim etiladi, boshqa hollarda, shu jumladan o’z ehtiyojlari uchun, tasdiqlanmagan nusxalardan foydalanilishi mumkin.
Arizada nazarda tutilgan taqdirda, sertifikatlashtirish organi sertifikatlashtirish ishlarini gigienik sertifikat (veterinariya va fitosanitariya xulosalari) nusxalarini olish muddatini kechiktirgan holda boshlashi mumkin.
Bu holda sertifikatlashtirish organi muvofiqlik sertifikatini faqat ariza beruvchi tomonidan ijobiy natijalarga ega bo’lgan hujjatlarning barcha zarur nusxalari taqdim etilgandan keyin berishga haqlidir.
Sertifikatlashtirish organi ariza berilgan kundan boshlab ikki kun muddatda joyiga borib sertifikatsiya sinovlarini o’tkazish uchun mahsulot namunalarini tanlab oladi va identifikatsiya qiladi.
Namunalar soni, tanlab olish tartibi, identifikatsiya qilish va saqlash qoidalari mahsulotga me’yoriy hujjatlarda belgilanadi.
Ariza beruvchi o’z mahsulotining tanlab olinishida va sinovlarida qatnashish huquqiga ega. Bunda laboratoriyada maxfiylikni ta’minlash chora-tadbirlari ko’rilishi kerak.
Namunalarning saqlanishi, sifati va sinovlarining ishonchliligi uchun “O’zstandart” agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan laboratoriya (markaz) javob beradi. Sinovlar protokollarini mas’ul mutaxassislar imzolaydi va laboratoriya rahbari tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi sertifikatlashtirish organiga akkreditatsiya qilingan laboratoriyalardagi mahsulot sinovlari bo’yicha qo’shimcha hujjatlarni taqdim etishi mumkin. Agar mahsulotni alohida parametrlari bo’yicha sinovlar turli sinov laboratoriyalarida o’tkazilgan bo’lsa, u holda sinovlarning ijobiy natijalari bilan birga barcha zarur protokollarning mavjudligi mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligining ijobiy bahosi hisoblanadi.
Respublikada chetdan keltiriladigan, majburiy tartibda sertifikatlanishi kerak bo’lgan mahsulotga me’yoriy hujjat mavjud bo’lmaganda, sifat va xavfsizlik bo’yicha sertifikatsiya sinovlari mahsulotning ana shunday turlari talablariga muvofiqligi yuzasidan amalga oshiriladi.
Arizachi tomonidan chetdan olib kelinayotgan mahsulotga zarur me’yoriy hujjat yoki texnik tasnifnomalar taqdim etilmagan taqdirda, mazkur mahsulotni sertifikatlash mahsulotning ana shunday turlariga hujjatlar bo’yicha yoki gigienik sertifikat asosida, uni identifikatsiya qilgan holda amalga oshiriladi (oziq-ovqat mahsulotiga va oziq-ovqatga qo’shiladigan mahsulot uchun).
Laboratoriya sinovlarining salbiy natijalari, shuningdek hujjatlarning to’liq bo’lmagan komplektini taqdim etish muvofiqlik sertifikati berishni rad etish uchun asos hisoblanadi, bu to’g’rida sertifikatlashtirish organi ariza beruvchiga aniq qonunchilik me’yorlarini ko’rsatgan holda yozma ravishda xabar qiladi.
Xulosa berishni rad etganlik yuzasidan ariza beruvchi belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Sertifikatlashtirish organi taqdim etilgan hujjatlar va sinovlarning ijobiy natijalari asosida ikki ish kuni mobaynida muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtiradi.
CHetdan olib kelinayotgan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikati ularning yaroqlilik muddatiga (mahsulot yaroqliligining kafolatli muddatiga) ega bo’lmagan mahsulotlarga esa amal qilish muddati ko’rsatilmasdan, ko’plab ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun - 3 yilga beriladi. Ko’plab ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun berilgan muvofiqlik sertifikatining amal qilish davrida ishlab chiqarilgan mahsulotlar sertifikatlangan deb hisoblanadi.
Ko’plab ishlab chiqariladigan mahsulotga muvofiqlik sertifikati berish uchun sertifikatlashtirish organi ariza beruvchida mahsulotni ko’plab ishlab chiqarish uchun shart-sharoitlar mavjudligini aniqlash maqsadida, mahsulot ishlab chiqariladigan ob’ektlarni belgilangan tartibda tekshiradi. Tekshirish natijalari bo’yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi, undan muvofiqlik sertifikati berish to’g’risida qaror qabul qilishda foydalaniladi.
O’tkazilgan tekshirishlar natijalari to’g’risidagi ma’lumotlar muvofiqlik sertifikatida keltiriladi.
Tekshirishni o’tkazish muddati, ishlab chiqarishning shakli va toifalariga ko’ra, sinovlar uchun namunalar tanlab olingan vaqtdan boshlab 10 ish kunidan oshmasligi kerak. Tekshirish o’tkazilganligi uchun to’lov amalda sarflangan vaqt bo’yicha va belgilangan tartibda tasdiqlangan harajatlar kalьkulyatsiyasiga binoan undiriladi.
Muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va berish muddati sertifikatlashtirish organi tomonidan sinovlar natijalari olingan vaqtdan boshlab 5 ish kunidan oshmasligi kerak.
Ko’plab ishlab chiqariladigan mahsulot uchun muvofiqlik sertifikati bergan sertifikatlashtirish organi har yili kamida bir marta, mahsulotning sertifikatlashtirishda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida, sertifikatlashtirilgan mahsulotni inspektsiya nazorati tekshiruvini o’tkazadi.
Inspektsiya nazorati natijalari bo’yicha muvofiqlik sertifikatining amal qilishi tasdiqlanishi yoki to’xtatib turilishi yoxud belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkin.
Laboratoriya sinovlarini o’tkazganlik, sertifikatni rasmiylashtirganlik va berganlik uchun to’lov tartibi, litsenziya ajratmalari miqdorlari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda “O’zstandart” agentligining yo’l-yo’riq hujjatlarida belgilanadi.
Sertifikatlashtirish organi e’tirof etish to’g’risida bitim tuzilgan Mustaqil davlatlar hamdo’stligi (MDH) mamlakatlaridan va uzoq xorijiy mamlakatlardan olib kelinadigan mahsulotlarga sertifikatlarni e’tirof etish huquqiga ega.
E’tirof etish tartiboti sertifikatlashtirish organining bir turdagi mahsulotni sertifikatlashtirish tartibida, “O’zstandart” agentligining me’yoriy hujjatlariga muvofiq belgilangan bo’lishi kerak.
Xalqaro tizimlar va bitimlar doirasida amalga oshiriladigan sertifikatlarni e’tirof etish ushbu tizimlar va bitimlarda belgilangan, O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo’lmagan qoidalarga muvofiq o’tkaziladi.
Sertifikat talablarga muvofiq bo’lgan, O’zbekiston Respublikasida belgilangan ana shunday talablardan qolishmaydigan mahsulot uchun e’tirof etiladi.
Me’yoriy hujjatlarda sertifikatlashtirish uchun shart bo’lgan yoki kontraktda belgilangan qo’shimcha talablar mavjud bo’lgan taqdirda mahsulot ushbu talablarga muvofiqlik yuzasidan sinab ko’rilishi kerak.
Olingan hujjatlar va materiallarni tahlil qilish, shuningdek mahsulotni identifikatsiyalash asosida sertifikatlashtirish organi chet el muvofiqlik sertifikatini e’tirof etish (etmaslik) to’g’risida qaror qabul qiladi.
Eksport qiluvchi mamlakatning Milliy sertifikatlashtirish tizimiga berilgan muvofiqlik sertifikatini e’tirof etish, uni import qiluvchi mamlakatning muvofiqlik sertifikatiga qayta rasmiylashtirish va Yagona davlat reestriga kiritish yo’li bilan amalga oshiriladi.