6.4. Mahsulot sifatini boshqarishda standartlashtirishning ahamiyati
Standartlashtirish - mahsulot sifatini yaxshilashda davlat tashkiliy-texnikaviy siyosatini amalga oshirish imkonini beradi va mamlakat milliy iqtisodiyotini boshqarishning barcha sohalarida hamda mahsulot hayot tsiklining xamma bosqichlarida sifatni boshqarishning ilmiy-uslubiy birligini ta’minlaydi.
Tarmoqlararo sifatni boshqarish hayot tsiklining barcha bosqichlari va boshqaruv funktsiyalari bo’yicha ishlab chiqilgan davlat standartlari asosida amalga oshiriladi. Bu standartlarda milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlari faoliyatida mahsulot sifatini boshqarish bo’yicha umumiy reglamentatsiya beriladi: sifat bo’yicha terminlar, tushunchalar, sifatni baholash, sanoat mahsulotini attestatsiyadan o’tkazish, sifatni boshqarishning komples tizimini yaratish va boshqalar.
Tarmoq ichida sifatni boshqarish davlat standartlari va texnikaviy shartlarga, shuningdek tarmoq xususiyatlarini e’tiborga olgan holda ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari faoliyatining uzviyligini ta’minlash maqsadida standartlarni chegaralash yoki ularni rivojlantirishga asoslanadi.
Korxona yoki firmada standartlashtirish ishlab chiqarishning o’ziga xos tomonlarini: mahsulot turini, seriyalilikni, texnologik jarayonning o’ziga xos tomonlarini e’tiborga olishi kerak. Korxonada standartlashtirish mahsulot sifatini boshqarishda tarmoq hamda tarmoqlararo sifatni boshqarish bilan uzviyligini ta’minlaydi.
Mahsulot hayot tsiklining barcha bosqichlarida sifatni boshqarishni amalga oshirish uchun sifatni boshqarish tizimining tashkiliy, texnikaviy hamda uslubiy asosi bo’lib xizmat qiladigan standartlar va texnik shartlar kompleksi zarur.
Mahsulot xayotiy tsiklining tadqiqot o’tkazish va loyihalashtirish bosqichida standartlashtirish yordamida quyidagilar amalga oshiriladi:
mahsulotning, shuningdek, xom ashyo, yarim fabrikatlarning sifat tavsiflarini kompleks standartlash asosida tayyor mahsulotning sifatiga nisbatan shartlari o’rnatiladi;
mahsulotning ishlatilish maqsadlari va shartlariga bog’liq holda mahsulot sifatining yagona ko’rsatkichlari tizimi aniqlanadi;
optimal sifatni ta’minlash uchun me’yorlar, shartlar va mahsulotni loyihalash usullari ishlab chiqiladi;
ishlab chiqarish jarayonlarini kompleks mexanizatsiyalashtirish, fan-texnika taraqqiyotini jadallashtirish, mahsulot ishlab chiqarishda mehnat unumdorligini oshirish, iste’mol va ta’mirlashning samaradorligi, ishlab chiqarishni ixtisoslashtirishning muhim sharti sifatida unifikatsiyalashtirish darajasini oshirish ta’minlanadi.
Standartlashtirishni tadbiq etish, texnologiyani ishlab chiqish jarayonini yaxshilash va jadallashtirishga, ishlab chiqarishning texnikaviy va tashkiliy darajasini oshirishga imkon beradi va sifatning muqimligini ta’minlaydi.
Mahsulot ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish bosqichida davlat standartlari mahsulot ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish, ishlab chiqarishni tayyorlash, fan-texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish, ishlab chiqaruvchilar bilan buyurtmachilar o’rtasida uzviy aloqa o’rnatish orqali yangi, yuqori sifatli mahsulotlarni yaratish va o’zlashtirishga qaratilgan.
Muomala va sotish bosqichida standartlashtirish mahsulotni o’rash-joylash, joydan-joyga tashish, omborxonalarda saqlash ishlarining yaxshi yo’lga qo’yish shartlarini belgilashga qaratilgan.
Iste’mol va ekspluatatsiya bosqichida standartlashtirish mahsulotni ishlatishga, ta’mirlashga (shu jumladan kafolatli) nisbatan yagona shartlarni o’rnatadi, ekspluatatsiya bosqichida mahsulotning sifati to’g’risidagi ma’lumotlarni to’playdi va tahlil qiladi, ta’mirlash va xizmat ko’rsatishni yaxshilaydi, mahsulotni ekspluatatsiya qilish harakatlarini qisqartirib, undan foydalanish samaradorligining ortishiga imkon beradi.
Sanoat mahsulotini attestatsiyadan o’tkazishda standartlar tizimi, uni ob’ektiv baholash uchun zarur bo’lgan sifat ko’rsatkichlari ro’yxatini va o’tkazilish tartibini o’rnatadi.
Mahsulot sifati muammosining hal etilishi metrologik ta’minlanish darajasiga bog’liq. Mamlakatimiz bo’ylab o’lchamlarning yagona va ishonchli bo’lishini ta’minlash uchun rivojlangan etalon bazasi yaratilgan, o’lchamlar yagonaligini ta’minlovchi standartlar tizimi ishlab chiqilgan.
Standartlashtirishni rivojlantirishning zamonaviy bosqichining o’ziga xos tomonidan biri alohida standartlarni ishlab chiqishdan kompleks standartlashtirish dasturiga o’tishdir.
Standartlashtirish ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tipi va tipoo’lchamlari nomenklaturasini tartibga soladi. Seriyali va ommaviy ishlab chiqarishda odatda, konstruktsiyasi, sifat ko’rsatkichlari, o’lchami standartlashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqariladi. Mahsulotga nisbatan standartlarning bekor qilinishi uni ishlab chiqarishdan olib tashlanganligini bildiradi.
Kompleks standartlashtirish usuli agregatlashtirish tamoyilini keng qo’llashga imkon beradi, xom ashyoga, materiallarga, komplektlovchi buyumlarga, texnologik jarayonga, dastgohlarga, o’lchov asboblariga va boshqa mahsulot sifatini ta’minlovchi ob’ektlarga nisbatan o’zaro bog’langan shartlarni qo’yadi.
Standartlashtirish natijasida mahsulotlar nomenklaturasining qisqarishi ixtisoslashtirishning rivojlanishiga, korxonalarning tarmoqlar hamda tarmoqlararo kooperatsiyalashuvining chuqurlashuviga imkon beradi.
Unifikatsiyalangan va standartlashtirilgan agregatlar va mashinalar elementlarini qo’llash, mehnat unumdorligini va ularni loyihalashtirish sifatini oshiradi. Bunda loyihalashtirish ishlariga ketadigan harajatlar qisqaradi. Ishlab chiqarishni texnologik tayyorlashning yagona tizimini joriy etilganda standart asbob va aslaxalardan foydalanish hisobiga ishlab chiqarishni tayyorlash muddati qisqarib, harajatlar kamayadi.
Xulosa qilib aytganda, standartlashtirish mahsulot sifatini oshirishda yagona davlat tashkiliy texnikaviy siyosatini amalga oshirish imkonini beradi va mamlakatimiz milliy iqtisodiyotini boshqarishning ilmiy-uslubiy birligini ta’minlaydi. Korxona miqyosida standartlashtirish sifatni boshqarishda tarmoq hamda tarmoqlararo standartlashtirish bilan uzviy bog’liqlikni ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |