Shuni aytish joizki, Davlat boshqaruv idoralari, Uy xo'jaligiga xizmat ko'rsatuvchi notijorat tashkilotlar sektorlari tomonidan Uy xo'jaligi sektoriga berilgan natura holidagi sotsial transfertlar uy xo'jaligi sektorining daromadlarni ishlatilishi schyotida yakuniy iste'mol sifatida qayd etiladi.
Uy xo'jaliklari sektorining tuzatilgan ixtiyordagi daromad ko'rsatkichi aholining umumiy daromadlari miqdorini va ularning pirovard iste'mol va jamg'arish imkoniyatlari qay darajada ekanligini bildiradi. O'z navbatida bu ko'rsatkich orqali aholining turmush darajasi qanday o'zgarayotganligini tahlil etish imkoniyatini yaratadi.
Davlat boshqaruv idoralari va uy xo'jaligiga xizmat ko'rsatuvchi notijorat tashkilotlar sektorlarining tuzatilgan ixtiyordagi daromadlari shu sektorlarning ixtiyordagi daromadidan aholiga bergan natura holidagi sotsial transfertlarni chegirib tashlash orqali topiladi.
Nomoliya va moliya korxonalari sektorlarining tuzatilgan ixtiyordagi daromadlari pul holidagi ixtiyordagi daromadlariga teng bo'ladi. Chunki bu sektorlar natura holida sotsial transfert olmaydilar va bermaydilar. Ular o'rtasidagi natura shaklida olingan (berilgan) transfertlar joriy va kapital transfertlar sifatida qayd etiladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu schyotni tuzishdan ko'zlangan maqsad, bir tomondan uy xo'jaligi sektorining keng ma'nodagi daromadini va yakuniy iste'molini aniqlashdan iborat bo'lsa, ikkinchi tomondan davlat boshqaruv idoralari va uy xo'jaligiga xizmat ko'rsatuvchi notijorat tashkilotlar sektorlarining oxirgi iste'molga va jamg'armaga yo'naltiradigan mablag'larini hisoblashdan iborat.