ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni bozor baholarida sotilishi;
ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni boshqa tovar yoki xizmatlarga bozor baholaridan kelib chiqqan holda almashish (barter operatsiyalari).
Bundan tashqari, bozor ishlab chiqaruvchilarning o'z xodimlariga ish haqi sifatida bergan tovarlar va ko'rsatgan xizmatlari, tayyor mahsulot zaxirasiga tushgan mahsulot, tugallanmagan ishlab chiqarish va asosiy kapitalning yig'ilmasi miqdorlari ham bozor ishlab chiqarish tarkibiga kiradi.
Har doim ham tovar va xizmatlarni bepul berish nobozor ishlab chiqarish bo'lavermaydi. Bir birlik tomonidan ikkinchi bir birlikka biror aktivni, tovar yoki xizmatni bepul berilishi yoki evaziga hech narsa talab etilmasligi taqsimot va qayta taqsimot operatsiyasi hisoblanadi. Odatda bunday operatsiyalar transfertlar deb yuritiladi. Bozor va nobozor ishlab chiqarishni bir-biridan farqlash va alohida-alohida hisobga olish, ishlab chiqarish jarayonlarini kechishini hisobga olishda va rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilishda muhim ahamiyatga ega. Chunki, aynan bir xil hajmdagi tovar yoki xizmatni bozor va nobozor ishlab chiqaruvchilardagi qiymatlari bir-biridan farq qiladi. Masalan, bozor va nobozor ishlab chiqaruvchi oshxonalarda bir turdagi mahsulotlarning narxi kamida foyda normasi miqdorida bir-biridan farq qiladi.
Bozor va nobozor ishlab chiqarish hajmlarini alohida hisobga olish mamlakatda bozor munosabatlarining qanday tarkib etayotganligini va iqtisodiy siyosat yo'nalishlarini bilishga imkon beradi. Bozor iqtisodiyotiga o'tayotgan mamlakatlarda, umumiy ishlab chiqarish hajmida bozor ishlab chiqarish hajmi ulushining dinamikada o'sib borishi iqtisodiyotda bozor munosabatlarining rivojlanayotganligini, iqtisodiyotni boshqarishda administrativ-buyruq usuli o'rnini iqtisodiy mexanizmlar orqali boshqarish usuli egallayotganligini, bozor uchun zarur bo'lgan raqobat muhitining yaratilayotganligini bildiradi.
Bozor munosabatlari tarkib topgan rivojlangan mamlakatlarda umumiy ishlab chiqarish hajmida nobozor ishlab chiqarish hajmining o'sib borishi mamlakatda sotsial yo'naltirilgan siyosat olib borilayotganligini bildiradi. Bundan ko'rinib turibdiki, mazkur hisobot tizimi mamlakatda yuritilayotgan iqtisodiy siyosat6 natijalarini aks ettiradi.
6Masalan, bir mamlakat prezidentligiga nomzod saylovoldi dasturida mamlakatda ijtimoiy yo'naltirilgan siyosat yuritishni vada bergan bo'lsa, buni qanday tekshirish mumkin? - degan savol tug'iladi. Buning uchun, yalpi ichki mahsulotda nobozor ishlab chiqarish ulushini o'tgan yillarga solishtirish kifoya. Nobozor ishlab chiqarish ulushining o'sganligi va'dani bajarilganligini bildiradi.
23
4-MHTda iqtisodiy faoliyat turlarini tarmoqlari va sektorlar bo'yicha tasniflash. MHTda iqtisodiyotda bo'layotgan jarayonlar keng qamrab olingan. Shu sababli, iqtisodiy faoliyat keng ma'noda qaraladi. Iqtisodiy faoliyat deganda tovarlar ishlab chiqarish, xizmatlar ko'rsatish, iste'mol va jamg'arish jarayonlari tushuniladi. Iqtisodiy faoliyatning bu tasnifi iqtisodiyotda kechayotgan jarayonlarni to'laroq va aniqroq ifodalashga imkon yaratadi.
Oldingi mavzularda tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish to'g'risida batafsil to'xtab o'tganligimiz uchun, quyida iste'mol va jamg'arish faoliyatlarini mazmunini yoritishga o'tamiz.
Iste'mol deganda, institutsion birlikning o'zi yoki boshqa birliklar tomonidan ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni ishlatishi (tasarruf etilishi) tushuniladi.
Tovarlar va xizmatlar nimaga ishlatilayotganiga qarab oraliq va yakuniy (pirovard) iste'molga farqlanadi. Oraliq iste'mol deb tovar va xizmatni ishlab chiqarishda to'laligicha ishlatilgan tovarlar va xizmatlar miqdoriga aytiladi.
Oraliq iste'mol xarajatlarini hisoblayotganda bu xarajatlarning bevosita ishlab chiqarishda ishlatilganligini e'tiborga olish lozim. Masalan, ishchilarga bepul ish kiyimi yoki sut mahsulotlarini berish xarajatlari ishlab chiqarish texnologiyasi ko'zda tutilgan bo'lsa, oraliq iste'mol xarajatlariga qo'shiladi. Aks holda, bu xarajatlar natura holidagi ish haqi sifatida hisoblanishi kerak. Yana boshqa bir misol. Poyafzal ishlab chiqaruvchi korxona o'z ishchilari yordamida biror inshoot qurdi yoki kapital ta'mirladi. Bunga qilingan sarf xarajatlar oraliq iste'mol hisoblanmaydi. Qayd etilgan faoliyat ishlab chiqarish sifatida qaralishi kerak. Ishlab chiqarish natijasi esa asosiy kapitalning ko'payishi sifatida qayd etilishi to'g'ri bo'ladi.