Kimyoviy usul oxirgi yillarda o’simliklarni himoya qilishda asosiy tadbirlardan biri bo’lib, yildan yilga takomillashib bormoqda. Shu bilan birga bu usulning ham qator kamchiliklari bor. Ular pestitsidlarni inson va issiqqonli hayvonlarga, zaharliligi, ularning qoldig’i oziq-ovqat mahsulotlarida bo’lishi, foydali hasharotlar uchun zararliligi, zararli organizmlarning pestitsidlarga chidamliligini oshirishi kabilarni o’z ichiga oladi.
Hozirgi vaqtda olimlarimiz bu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ilmiy ishlar olib borib, ana shu kamchiliklardan xoli bo’lgan insektoakarisidlar sintezi bilan shug’ullanmoqda, pestitsidlar xili yildan-yilga o’zgarib, ular soni ortib bormoqda. Jumladan, 1960- yillarda 14 ta insektitsid bo’lib (anorganik birikmalardan tashqari) ularning 60% ga yaqini issiqqonli organizmlar uchun o’ta zaharli moddalarni tashkil etgan. 1971- yilda esa 41 ta insektitsid bo’lib, ulardan 29% i o’ta zaharli bo’lgan. Oxirgi yillarda pestitsidlarni qo’llash usullari ham o’zgarib bormoqda. Kukun o’rniga, asosan, namlanuvchi kukun va donador insekta-akaritsidlar ishlab chiqarilmoqda.
Hozirgi vaqtda butun dunyoda 1000 ga yaqin kimyoviy moddalar o’simliklarni himoya qilishda ishlatiladi va ana shu birikmalar asosida bir necha minglab har xil pestitsidlar ishlab chiqariladi. Pestitsidlar ta`sir etuvchi moddasiga ko’ra 1,6 million tonnadan oshib ketadi.
Keyingi vaqtda (yoki 1990- yil hisobidan) kimyoviy vositalar xili hamdo’stlik mamlakatlarida 700 ga yaqin bo’lib, 1960- yilda bor-yo’g’i 103 tagina edi. Pestitsidlar kimyoviy tuzilishiga ko’ra anorganik moddalar, organik moddalardan, o’simliklardan olinadigan pestitsidlar, mikroorganizmlarning moddalar almashinuvi mahsulotlaridan bo’lgan moddalardir. Kimyoviy tarkibi bo’yicha pestitsidlar xlor-organik, fosfor-organik, sun`iy piretroidlarga va halqalarga bo’linadi. O’simliklarni himoya qilishda kimyoviy moddalarning juda kamidan foydalaniladi.
Jumladan, asrimizdan 1000 yil avval Gomer oltingugurt zararli organizmlarga qarshi ilohiy kuchga ega ekanligini ta`riflab ketgan va ularning hasharotlarni qochirish imkoniyati borligini ko’rsatib o’tgan. Asrimizdan 70 yil avval margimushdan zararkunandalarni o’ldiruvchi qurol sifatida foydalanish mumkinligi ta`riflangan.
Evropada 1867- yilda arsenat kislotaning misli tuzini kolorado qo’ng’iziga qarshi qo’llanilgan. 1925-yili birinchi sun`iy organik preparatlardan nitrofenollar sintez qilingan. 1940-yilda birinchi marta xlor-organik preparatlardan DDT, geksaxloranning sintez qilinishi, 1946-yildan boshlab sanoatda fosfor-organik insekta akaritsidlar ishlab chiqarilishi katta ahamiyatga ega bo’ldi. Keyinchalik sun`iy peritroidlarning olinishi ham o’simliklarni himoya qilishda muhim rol o’ynagan. Xlor-organik guruhga oid insektitsidlar tashqi muhitga o’ta chidamli zararkunandalarga uzoq muddat davomida ta`sir qilishi, atrof-muhitda va o’simlik mahsulotlarida saqlanishi bilan farq qiladi. Bu guruhga oid pestitsidlar 2 yildan 15 yilgacha saqlanish xossasiga ega, ular tuproqdagi mikrobiologik jarayonlarga, jumladan, nitrifikatsiyalanish jarayoniga ham ta`sir ko’rsatadi. Shu va shunga o’xshash xossalari tufayli ushbu pestitsidlarni qo’llash va juda ko’plab zararkunanda hasharotlarni nobud qilish mumkin.
Fosfororganik preparatlarning bir qancha afzalliklari borligi uchun ular xlor-organik pestitsidlarni ishlab chiqarish o’rnini egallaydi. Jumladan, ular xlor-organik pestitsidlarga qaraganda ancha kuchli insektokaritsidlik xossalari borligi, zararkunandalarga ta`sir qilish doirasi kengligi, turg’unligi, ularning sistemali ta`siri, saralash miqdori kamligi, surunkali zaharlanishga moyil emasligi va zararkunandalarga ta`sir etishi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, ularning qator kamchiliklari ham bor. Jumladan, zararkunandalarning 200 ga yaqin turi bu pestitsidlarga chidamliligini namoyon qiladi.
Hozirgi vaqtda pestitsidlar ichida sun`iy yo’l bilan olingan preparatlar eng muhim bo’lib, ular rivojlangan davlatlarda keng qo’llanilmoqda. Barcha piretroidlar quyosh nuriga barqaror, tuproqda kam harakatchan, bir oygacha saqlanadi, tuproq mikroorganizmlariga ta`siri 2-4 haftaga etadi. Himoya qilinayotgan o’simliklarga salbiy ta`sir ko’rsatmaydi, o’simliklar qobig’ida 2 kun davomida ancha miqdori parchalanib ketadi. Bu piretroidlar sirtdan yoki me`da-ichak orqali ta`sir qiluvchi insektoakaritsidlar bo’lib, ularning ta`sirchanligi boshqa pestitsid-larnikidan yuqori. Ularni sarflash normasi gektariga 10 g dan 200 g gacha. Ular yuqori samaradorlikka ega hamda zararkunandalarga ta`siri juda yuqori va tez ta`sir etadi. Shu bilan birga hozirgi vaqtda 50 ga yaqin zararkunandalar turi sun`iy piretroidlarga chidamlilik paydo qilgan. Bulardan tashqari, tioditiokarbamin va karbamin kislotaning hosilalari, nitrohosilali fenol birikmalari, mineral moylar, mochevina hosilalari va hokazolar ham kiradi. Hasharotlarni nobud qiluvchi moddalar - insektitsidlar deb ataladi.
Pestitsidlar zararkunandalar organizmiga kirish usullariga ko’ra quyidagicha bo’linadi: me`da-ichak orqali ta`sir qiluvchi pestitsidlar - ular zararkunanda organizmiga oziq bilan kiradi va me`da-ichak tizimi orqali ta`sir ko’rsatadi. Zararli organizmlarning teri qoplami orqali organizmga kiradigan pestitsidlar sirt yoki kontakt ta`sir etuvchi pestitsidlar deb ataladi. Bu pestitsidlar zararkunandalarning tashqi terisini kuydirib shikastlaydi. Ular oshqozon-ichak yo’lini zararlaydi. Sistemali ta`sir etuvchi pestitsidlar o’simliklar tanasiga ildizi yoki barglari orqali tezgina so’rilib, butun organizmi bo’ylab tarqaladi va o’simlikning barcha qismini bo’ladi. Sistemali ta`sir etuvchi pestitsidlar foydali hasharotlarga kam ta`sir etadi.
Pestitsidlar organizmga ta`sir qilish xossasiga ko’ra, yoppasiga ta`sir qiluvchi yoki butun mavjudotni nobud qiluvchi turlarga, tanlab ta`sir etuvchilarga, ya`ni bir zararkunandaga ta`sir etib boshqasiga ta`sir etmaydigan turlarga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |