3.2. Tuproq -iqlim sharoiti
Namangan viloyati (shu jumladan Yangiqo‘rg‘on tumani) subtropik tog‘ oldi yarim cho‘l zonasining Markaziy Osiyo provinsiyasiga kiradi. Farg‘ona vodiysi har tomonlama tog‘lar bilan o‘ralganligi uchun iqlim ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarishlar asta sekinlik bilan o‘tadi. Yog‘in-sochin kam yog‘adi, yog‘in yil davomida tekis taqsimlanmaydi.
Tuman iqlimi o‘ziga xos murakkabliklarga ega, ya’ni yil davomida yog‘ingarchilikning oz bo‘lishi, yoz oylarida ob-havoning va tuproqning isib ketishi, tuproqdan va havodan namning bug‘lanish darajasi kattaligidir. Jami foydali haroratlar yig‘indisi (10oS dan baland) 2370o ga teng bo‘lib, bir yilda 214-218 kunni tashkil qiladi. Kuzgi birinchi sovuq noyabr oyining birinchi o‘n kunligiga to‘g‘ri keladi. Oxirgi bahorgi sovuq esa mart oyining ikkinchi o‘n kunligiga to‘g‘ri keladi.
Ko‘p yillik ma’lumotlarga qaraganda birinchi qor qoplami dekabr oyining o‘rtalarida tushadi. Oxirgisi esa fevral oyining oxiri mart oyining boshlarida erib ketadi. Qish davomida qor qoplami bilan to‘shalgan kunlar 37-39 kunga teng. Qor qoplamining o‘rtacha qalinligi 7 sm ga teng, ayrim yillari qor ko‘p yoqqan kezlarida 24 sm gacha ko‘tariladi.
Yog‘ingarchilik yil davomida juda oz bo‘lib, uning ham 70-80 % qish va bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Bug‘lanish darajasi esa yuqori. Ko‘p yillik ma’lumotlarga ko‘ra yillik yog‘ingarchilikka nisbatan bug‘lanish olti barobar ko‘p ekan. Bug‘lanishning yog‘ingarchilikka nibatan ko‘pligiga sabab, sug‘orish uchun berilgan suvning bir qismi ham bug‘lanadi, shu ham inobatga olingan. Yil davomida qattiq sovuq bo‘lmagan kunlar ko‘pligidan yoz oylarida ob-havoning issiq va tuproq haroratining yuqori bo‘lishi, xo‘jalik yerlarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari: paxta, poliz, makka, beda va boshqa ekanlar yetishtirish uchun juda qulay.
Havoning harorati, namlik darajasi sutka, oy va yil davomida keskin o‘zgarib turadi, bu holat qishloq xo‘jaligi ekinlarining vegetatsiya davriga bevosita ta’sir etadi. Havoning harorat va namlik darajasiga ko‘ra, viloyatda (tumanda) ikkita termik faza: bahorgi namlik davri qisqa bo‘lgan - mezotermik va uzoq davom etadigan yozgi quruq va issiq - kserotermik fazalar kuzatiladi. Bu fazalar tuproq hosil bo‘lish jarayonlarining mavsumiyligi bilan bog‘liq holda, tabiiy landshaftlar qiyofasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Vegetatsiya davrida uzoq davom etadigan issiq va jazirama harorat tumanda issiqsevar ekinlar - g‘o‘za, boshoqli don ekinlari hamda anjir, anor, uzum, xurmo va boshqa o‘simliklarni yetishtirish imkonini beradi. Quyosh nuri va issiqlikni mo‘l bo‘lishi tufayli g‘o‘za, boshoqli don ekinlari tez pishib yetiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rtacha bir yillik yog‘in-sochin miqdori 558 mm ni tashkil etadi. O‘rtacha yillik havo harorati ko‘p yillik ma’lumotlarga ko‘ra 13,10S ni tashkil etsa, eng past harorat - 0,9 0S ga teng. Yoz oylarida esadigan shamol tezligi 8-10 m/sek ni tashkil etadi. Ba’zi, yillari yoz oylarida issiq shamol-garmsel bo‘lishi, qishloq xo‘jalik ekinlarining o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yog‘ingarchiliklarning asosiy qismi kuz, qish va bahor mavsumiga to‘g‘ri keladi. Yoz mavsumida esa yog‘in-sochin deyarli kuzatilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |