KICHIK MAKTAB YOSHIDAGI BOLALAR KITOBXONLIGI
O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov nutq va kitoblarida bolalar kitobxonligi, ayniqsa, kichik maktab yoshidagi bolalarning o`qish-u xulq-odoblari tilga olinadi. Bularga ko`proq e’tibor berish, ularning ta’lim-tarbiyasi bilan muttasil shug`ullanish, asosiy masalalardan biri deb hisoblanadi.
Bu masala I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida ham ta’kidlanadi. Ha, bu bolalarda moddiy va ma’naviy hayot uyg`unligi o`z-o`zidan bo`lmaydi. Balki kichkintoylarni bu ruhda tarbiyalashda ota-onalar, maktab o`qituvchilari, mahalla ahillik bilan ish olib borsa, o`qish, tarbiya to`g`ri izga qo`yilsa, ko`zlangan maqsadga, albatta erishiladi.
Bir donishmand safarda yurgan paytida o`g`liga mana shunday nasihat qilib maktub yo`lladi:
- Sevikli o`g`lim! Vijdoning lavhasini insof, adolat gavhari bilan bezat, chunki insof, adolat insoniyat olamining porloq quyoshidir. Bu quyoshdan fayz olgan odamlar baxtiyordirlar.
Belimning quvvati o`g`lim!
Qalbing oynasini yoshlik g`ururi bilan xoinlik, g`arazlik kabi behuda bema’niliklar chang-g`ubori bilan xira qilma. Agar shunday be’maniliklarni qilsang, insoniy vazifangni suiste’mol qilgan bo`lasan.
Ko`zimning nuri!
Davlat va xalq qoshida izzatli va obro`li bo`lishni istasang, jamiyat tomonidan senga berilgan vazifani chin ixlos bilan bajar, vazifashunos bo`l. Vazifasini tanimagan, ado qilmagan odamlar sharmanda, sharmisor va nafratga sazovordirlar.
Ko`zimning qorachig`i.
Senga jonidan ham ortiq muhabbati bo`lgan otangning rizosi va qalbining xush bo`lishi sening zulm, jabr va adolatsizlikdan saqlashing bilan xolis bo`ladi. O`g`lim, jabr, zulm, adolatsizlik yashinga o`xshash bo`lib, tushgan joylarni yangidan ta’mir qilish mumkin bo`lmagan darajada, yoqib, yondirib, parishon qiladilar. Sening asl zotingda bo`lgan poklik, oliyjanoblik, o`tkir zaharli yaramas hislarga yo`l
qo`ymaydi, deb ishonaman. Doimo, adolatli, muloyim, tavozeli, shafqatli bo`l.
Hayotim sarmoyasi!
Shu kunlarda o`z tengdoshlaring bilan urishib, ba’zi vaqtda, hatto, yoqalashganingni eshitib, ko`nglim parishon bo`ldi. Jon o`g`lim, qahru g`azabli bo`lma, muloyim, shafqatli va marhamatli bo`l. Go`zal hislatlaring bilangina hammani o`zingga rom qilasan, senga ozor berganlarni xushmuomalang bilan uyaltirasan.
Senga uzoq umr, baxt-saodat tilab, so`zimni tamom qilaman, aziz o`g`lim.
Azaldan ma’lumki, chin, mukammal tarbiyali inson boshqalarga hech bir ozor etkazmaydi, takabburlik qilmaydi, hech kimga haqorat ko`zi bilan qaramaydi, yolg`on so`zlamaydi, rostgo`y bo`ladi. O`zidan kattalarga hurmatli, kichiklarga shafqatli va marhamatli, kular yuzli, shirin so`zli va xushmuomala bo`ladi. Va’dasiga vafo qiladi, omonatga xiyonat qilmaydi, ig`vo, g`iybat, munofiqlikdan o`zini saqlaydi.
Bu erda shu narsani ham alohida ta’kidlab o`tish lozimki, bu yoshdagi bolalar kitobxonligi avvalgisidan bir oz farq qiladi. Bu farq bolalarning yoshi va bilim saviyasi bilan bog`liq. Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar asosan tarbiyachilari, ota-onalari yordamida badiiy asarlar bilan tanishsalar, boshlang`ich sinf o`quvchilari bu ishni mustaqil bajaradilar. Mustaqillik ularga ishonch va zavq-shavq bag`ishlaydi.
Bu yoshdagi bolalarni tevarak-atrofdagi turli voqea-hodisalar nihoyatda qiziqtiradi. Ularning bizni qurshagan olam haqidagi savollariga badiiy asarlarda mufassal javob berilgan.
11-12 yoshdagi bolalar sehrli, fantastik ertak, sarguzasht, hikoya, qissa va dostonlarni sevib o`qiydilar. Olloyorning “Fazogir chumoli” (ertak-qissa), Anvar Obidjonning “Dahshatli Meshpolvon” (ertak- qissa), Quddus Muhammadiyning “Erkinjon oyga chiqibdi” (doston), Yusuf Shomansurning “Oydan kelgan bolalar” (doston) kabi asarlari shu yoshdagi bolalarga mo`ljallab yozilgan.
Bu yoshdagi bolalar o`zlari mustaqil ravishda kitob o`qib qolmay, balki o`qigan kitoblaridagi qahramonlarning xatti-harakatlarini
baholashga o`rganadilar, zarur bo`lsa ular ko`rsatgan mardlik va jasoratlarni takrorlashga hozirlanadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |