BOLALAR ADABIYOTI FANI HAMDA UNING MAQSAD VA VAZIFALARI
O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov o`zining “Yuksak ma’naviyat–yengilmas kuch” kitobida ma’naviyat masalasiga alohida e’tibor berib, mana bunday deb yozadi, - Biz xalqimizning dunyoda hech kimdan kam bo`lmasligi,
farzandlarimizning bizdan ko`ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo`lib yashashi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etayotgan ekanmiz, bu borada ma’naviy tarbiya masalasi, hech shubhasiz, beqiyos ahamiyat kasb etadi. Agar biz bu masalada hushyorlik va sezgirligimizni, qat’iyat va mas’uliyatimizni yo`qotsak, bu o`ta muhim ishni o`z holiga, o`zibo`larchilikka tashlab qo`yadigan bo`lsak, muqaddas qadriyatlarimizga yo`g`rilgan va ulardan oziqlangan ma’naviyatimizdan, tarixiy xotiramizdan ayrilib, oxir- oqibatda o`zimiz intilgan umumbashariy taraqqiyot yo`lidan chetga chiqib qolishimiz mumkin, - deydi va u o`z fikrini davom ettirib yozadi, - Ma’naviyat insonga havodek, suvdek zarur. Sahrodagi sayyoh har doim buloqdan chanqog`ini bosadi. Xuddi shuningdek, inson ham necha-necha azoblar va qiyinchiliklar bilan ma’naviy chashmasini izlaydi. Er, oila, ota-ona, bolalar, qavm-qarindoshlar, qo`ni-qo`shnilar, xalq, mustaqil davlatimizga sadoqat, insonlarga hurmat, ishonch, xotira, vijdon, erkinlik-ma’naviyatning ma’nosi ana shunday juda keng... Inson o`zini xalqining bir zarrasi deb sezgandagina, u haqda o`ylab, o`qib, mehnat qilib yashagandagina ma’naviyat bilan tutashadi1.
Bunday mas’uliyatli vazifani amalga oshirishda kattalar adabiyotining ajralmas bir bo`lagi bo`lgan bolalar adabiyotining ham alohida o`rni bor.
Xalqda, - adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga e’tibor, - deyiladigan juda katta ta’lim-tarbiyani o`zida jamlagan umumlashma bor. Bu umumlashmada adabiyotdan xabardor bo`lgan bolaning ilmi, odobi, yurishi, turishi, muomalasi, ota-ona-yu, vatanga mehr-muhabbati risoladek bo`lishi masalasi ilgari suriladi.
Ko`rinadiki, bolalar adabiyoti oldida bajarilishi lozim bo`lgan juda muhim ishlar turadi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti 2009-yilda O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisini qabul qilib, uyushma faoliyatining samaradorligini oshirish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish masalasi bo`yicha bergan ko`rsatmasida bolalar adabiyoti yuzasidan to`xtalib, - Ayniqsa, biz uchun g`oyat
1 Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yångilmas kuch.- Òîshkent:.Ma’naviyat, 2008.-B.4.
muhim ahamiyatga ega bo`lgan bolalar adabiyotini rivojlantirishga alohida e’tibor berishimiz, mustaqil fikrlaydigan shaxsning shakllanishi, har qanday kitobxonlik, mutolaa madaniyati bolalikdan boshlanishini doimo yodda tutishimiz lozim, deb ta’kidlab o`tdi. Barchamizga ma’lumki, bolalar adabiyoti so`z san’ati va tarbiya vositasidir. Kichkintoy uchun yoziladigan har qanday badiiy asar ularning yosh xususiyatlariga, saviyalariga mos, kitobxonlar qalbida o`y-fikrlar uyg`otadigan, yorqin obrazlarga boy, yuksak g`oyalarga, ulkan va porloq ishlarga ilhomlantiradigan bo`lishi zarur. Eng muhimi mavzular tushunarli, sodda va qiziqarli tilda ifodalanishi kerak.
Bolalar adabiyoti yoshlarni imon-e’tiqodli va ona-Vatanga muhabbatli qilib tarbiyalashda mustaqil mamlakatimizning qudratli qurolidir.
Faqat chinakam badiiy asarlargina bolalarga kuchli ta’sir ko`rsatib, ana shu yuksak talablarga javob bera oladi. Demak, bunday kitoblar pedagogik va psixologik nuqtai nazardan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bolalar kitobi bu vazifani bajarishda badiiy tilga suyanadi. Adabiy asarning tili uning g`oyaviy mazmunini aniq va ifodali ochib berish vositasidir. Yaxshi, aniq, ravon, obrazli, boy til bilan yozilgan asar yozuvchining maqsad va fikrlarini kitobxonlarga tez va oson yetkazadi.
Alisher Navoiy “Mahbubul qulub”da tilni “ko`ngil xazinasining qulfi” deb ta’riflaydi. Buyuk shoir kishilarni qisqa va mazmunli, chuqur mantiq bilan so`zlashga chaqiradi. Bu talab, shubhasiz, bolalar yozuvchilariga ham taalluqlidir.
Demak, bolalar yozuvchisi sodda, ravon, qiziqarli va mazmundor qilib yoza bilishi kerak. Buning uchun esa u xalq tilini puxta bilishi lozim. Ravon til bilan yozilgan badiiy asarlar kitobxonning nutqiga ham katta ta’sir ko`rsatadi, so`z boyligini oshiradi.
Bolalar yozuvchilarining eng yaxshi kitoblari yosh avlodni hayotga to`g`ri munosabatda bo`lishga o`rgatadi, ona-diyorimizga, mehnatga muhabbat, zamonamizga sadoqat ruhida tarbiyalaydi, ularni yurtimizning munosib farzandlari bo`lishga chaqiradi. Kitob bolaning
dunyoqarashini shakllantirishga yordam beradi, xarakterini tarbiyalaydi. Ilm-fanga muhbbatini oshiradi. Kitob xalqimizning o`tmishi, ilg`or madaniyatimiz, fan va texnikamiz yutuqlari bilan tanishtiradi, faxr-iftixor tuyg`ularini o`stiradi.
Bugungi kunda qudratli qurollardan biri bo`lgan bolalar adabiyotidan keng foydalanmay turib, yangi jamiyat quruvchisini har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalash mumkin emas.
Bolalar kitobxonligini o`quvchilarning pedagogik-psixologik xususiyatlariga ko`ra quyidagicha guruhlarga ajratib o`rganish mumkin:
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar kitobxonligi (2 yoshdan 7 yoshgacha).
Maktab yoshidagi kichik bolalar kitobxonligi (7 yoshdan 11-12 yoshgacha).
O`rta va katta yoshdagi bolalar kitobxonligi (13-14 yoshdan 15- 16 yoshgacha).
Do'stlaringiz bilan baham: |