Usmoniylar diplomatiyasi. Salib yurishlari davrida Kichik Osiyoda yashagan saljuq turklari davlati XIII asr boshlariga kelib 10 ta amirlikka bo‘linib ketgan. XIII asr oxiri – XIV asr boshlarida uning o‘rnida yangi davlat tashkil topgan. Unda ko‘chmanchi o‘g‘uzlar etakchi rol o‘ynaganlar. Dastlabki vaqtlarda qabila boshlig‘i Erto‘g‘rul Vizantiya imperiyasi bilan chegaradosh Sakaryo bo‘yida kichik feodal mulkiga egalik qilgan bo‘lsa, uning o‘g‘li va taxt vorisi - Usmon (1282-1326) Vizantiyaga qarshi urush boshlagan va uning Kichik Osiyodagi mulklarining ko‘pchiligini, shu jamladan, Brusu (yoki Bursa) shaharini bosib olgan. Bursa shahar poytaxt deb e'lon qilingan. Usmon Kichik Osiyodagi boshqa amirliklarni ham o‘ziga itoat qildirgan. Vizantiyaning zaiflashib qolganligidan va Bolqon yarim orolidagi boshqa davlatlarning parchalanib ketganligidan foydalanib, Usmoniy turklari XIV asrda dastlab Kichik Osiyoda, keyin esa Bolqon yarim orolda ham keng istilochilik harakatlarini boshlaganlar. Usmonning vorisi - O‘rxon 1331-yilda Yevropa davlatlarini istilo qilishga kirishgan. 1354-yili O‘rxon Dardanel bo‘g‘ozining Yevropa qirg‘og‘idagi Galiopol shahrini bosib olgan. So‘ngra turklar Frakiyaga kirib borganlar. Bu viloyat keyingi sulton, ya'ni Murod I davrida (1359-1389) batamom zabt etilgan. 1361-yilda Frakiyaning bosh shahri – Adrianopol turklar ihtiyoriga o‘tgan. 1371-yilda serblar, bolgarlar, valaxlar va vengrlardan iborat ittifoq Murodga qarshilik ko‘rsatishga uringan, biroq ittifoqchilar qo‘shini Maritsa daryosi bo‘yidagi jangda yengilgan. Shundan so‘ng Janubiy Serbiya sulton hokimiyati ostiga o‘tgan. Vizantiya imperatori sultonga o‘lpon to‘lovchiga aylangan.
1389-yil 15-iyunda Kosovo maydonida (Janubiy Serbiya) serblar va ularning ittifoqchilari turklarga qarshi hal qiluvchi jangga kirganlar. Serblarning jasorati va Murod I ning o‘ldirilishiga qaramay, turklar g‘alabaga yerishganlar. Shundan so‘ng Serbiyaning katta qismi Turkiyaga qo‘shib olingan.
Turkiya davlatining kengayishi Amir Temur tomonidan vaqtinchalik to‘xtatilgan. 1402-yilda Temur ulkan qo‘shin bilan Kichik Osiyoga kirib kelgan. Boyazid ham katta harbiy kuchga ega bo‘lgan, biroq Kichik Osiyodagi turk amirlarining bir qismi sultonga xiyonat qilishi va Temur tomoniga o‘tib ketishi natijasida 1402-yil 28-iyunda Anqara shahri yonida bo‘lib o‘tgan jangda turklarning mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan. Boyazid qochish paytida qo‘lga tushib, tez orada asirlikda vafot etgan.
XV asrning 20-yillarida turklar yana qaddilarini rostlab olganlar. Sulton Murod II (1421-1451) itilolarni yana qaytadan boshlagan. 1422-yilda u Konstantinopolni uch marta qamal qilsa-da, ammo uni qo‘lga kirita olmagan. 1430-yilda esa Solun shahri egallanib, uning barcha aholisi qullarga aylantirilgan.
1444-yilda turklarga qarshi yangi salib yurishi uyushtirilgan. Unda polyaklar, chexlar, vengerlar, nemislar, qisman fransuzlar va boshqa g‘arbiy Yevropalik ritsarlar qatnashgan. Varna yonidagi jangda (1444-yil 10 noyabr) salibchilar tor-mor etilgan. Konstantinopol 1453-yil 29 mayda sulton Mexmed II (1451-1481) tomonidan batamom egallangach, Vizantiya imperiyasi barham topgan.
Mexmed II 50-60-yillarda Bolqon yarim orolida Dunay bo‘yidagi Serbiya, Bosniya, Gersegovina va Albaniyani birin-ketin zabt etishga muvaffaq bo‘lgan. Bolqon yarim oroliga qo‘shni bo‘lgan Valaxiya vassal sifatida qaram davlatligini tan olgan. 70-yillarning o‘rtalarida turklar Qrimni va Tanu (Azov) shahrini bosib olganlar. Taxminan shu paytning o‘zida Kichik Osiyoda Trapezund shahri, deyarli butun Anatoliya to Frot daryosigacha istilo qilingan. Biroq Mexmed II ikki marta muvaffaqiyatsizikka ham uchragan. U Belgradni va Rodos orolini ishg‘ol qilishga urinishi amalga oshmagan.
Mexmed II ning nabirasi Salim I davrida (1512-1520) turklarning istilolari davom etgan. Salim Eronga qarshi olib borgan g‘olibona urushi natijasida Ozarbayjon, Armaniston, Gruziyaning bir qismini, Dog‘iston va Kurdistonni, keyinroq esa Suriya va Misrni egallagan. So‘ngra, butun islom dunyosining yetakchisi sifatida o‘ziga xalifa unvonini olgan. Krit, Kipr va O‘rta yer dengizidagi yerlarin o‘z qo‘lida saqlab qolish uchun Venetsiya Turkiya sultoniga har yili katta hiroj to‘lab turishga majbur bo‘lgan.
Sulton Sulaymon I Qonuniy davrida (1520-1566) usmoniylar imperiyasining qudrati o‘ta yuksak darajaga etgan. Sulaymon hukmronligining boshlaridayoq Belgrad va Rodosni egallashga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng u 1526-yilda Moxach yonidagi jangda chexlar va vengerlarning birlashgan armiyasini maglubiyatga uchratgan. Vengriyaning kattagina qismi Turkiya qarashli viloyatga, Valaxiya va Moldaviya vassal knyazliklarga aylantirilgan. Sulaymon davrida Arabiston ham turklar tomonidan bosib olingan.
Turkiya XVI asr xalqaro xayotida ko‘zga ko‘rinarli rol o‘ynagan. Turklar ko‘plab davlatlar (Venetsiya, Genuya, Vengriya, Eron, Avstriya, Polsha, Rossiya) bilan qizg‘in diplomatik va savdo aloqalariga ega bo‘lgan.
Avstriya va Ispaniyada hukmronlik qilgan gabsburglarga qarshi uzoq davom etgan shiddatli kurash Turkiyani Fransiya bilan yaqinlashtirgan. Fransiya qiroli Fransisk I Sulaymon bilan rasmiy suratda Gabsburglarga qarshi ittifoq tuzgan. Gabsburglar imperiyasi va uning ittifoqchisi – Rim papasi tomonidan odatda qo‘llab-quvvatlangan Venetsiya va Genuyaga qarshi Turkiyaning kurash olib borishida Fransiya hayrixohlik qilgan. Fransiyaning Shimoliy Italiyadagi harbiy muvaffaqiyatsizliklari Fransiya-Turkiya munosabatlarining mustahkamlanishiga jiddiy sabab bo‘lgan. Avstriya va uning ittifoqchilariga qarshi kurashda fransuzlarning ko‘magiga umid qilgan sulton Sulaymon I fransiyalik savdogarlarga sezilarli imtiyozlar bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |