Mehnat kodeksining 268-moddasiga ko’ra sudga murojaat qilish huquqiga quyidagilar egadirlar:
1) xodim, kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi;
2) mehnat bo’yicha huquq inspektori;
3) ish beruvchi, mehnat nizolari komissiyasining qaroriga rozi bo’lmagan taqdirda, shuningdek unga xodim tomonidan yetkazilgan zararni qoplash haqidagi nizolar bo’yicha;
4) prokuror.
SHu o’rinda xodim o’z huquqlarini o’zi himoya qilish maqsadida o’z huquqlarini o’zi himoya qilishi yoki xodimlarning vakillik organi xizmatidan foydalanishi, shuningdek, bir vaqtning o’zidan O’zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining Davlat mehnat huquq inspektsiyasiga yoki prokurorga buzilgan huquqlarini tiklash, mehnat nizosi bevosita sudda ko’rilishi lozim bo’lgan hollarda sudga uning manfaatida da’vo arizasi kiritishni so’rab murojaat etish huquqiga ega.
SHu bilan birga, Mehnat kodeksining 268-moddasiga ko’rsatib o’tilmagan bir holatga e’tibor qaratadigan bo’lsak, xodim huquqiy yordam olish maqsadida advokatga murojaat etish huquqidan kelib chiqib, da’vo arizasi xodimning manfaatida uning advokati tomonidan ham kiritilishi mumkinligini ta’kidlab o’tish zarur.
Yuqorida xodimning mehnat nizosi yuzasidan murojaat qilish huquqi haqida yuqorida so’z yuritildi (Mehnat kodeksining
8-moddasiga ko’ra). SHu bilan birga, Mehnat kodeksining
77-moddasiga asosan 18 yoshga to’lmagan shaxslar mehnat munosabatlarining sub’ekti sifatida ishtirok etishini nazarda tutadigan bo’lsak, O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksining 38-moddasi, 3-qismiga binoan mehnat bilan bog’liq huquqiy munosabatlardan va olingan ish haqini yoki boshqa daromadni tasarruf etish bilan bog’liq bitimlardan kelib chiqadigan ishlar bo’yicha voyaga yetmaganlar sudda o’z huquqlari va qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini shaxsan himoya qilish huquqiga egadirlar, deb belgilangan. Bunday ishlarda voyaga yetmaganlarga yordam berish maqsadida ularning ota-onalarini, ularni farzandlikka olganlar yoki homiylarni jalb qilish masalasini sud hal etadi.
O’zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatning kafolatlari to’g’risida”gi qonuni 8-moddasiga ko’ra, kasaba uyushmalari o’z a’zolarining mehnat qilish huquqini himoya etadilar, aholini ish bilan ta’minlash davlat siyosati ishlab chiqilishida qatnashadilar. Korxonalarda ishdan holi etib olinadigan shaxslarni ijtimoiy jihatdan himoya qilishning qonunlar asosida jamoa shartnomasida belgilab qo’yiladigan choralarini taklif etadilar.
Korxona ma’muriyati, mulkdori yoki ular vakil qilgan boshqaruv idorasining tashabbusi bilan ish joylarining qisqartirilishi yoki ish sharoitining yomonlashuviga olib keladigan korxonani va undagi tarkibiy bo’linmalarni tugatish, ishlab chiqarishni to’liq yoki qisman to’xtatib qo’yish tegishli kasaba uyushmalari kamida uch oy oldin xabardor qilib qo’yilgan va ular bilan mehnatkashlarning huquqlari hamda manfaatlariga rioya etish yuzasidan muzokara o’tkazilgan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin.
Kasaba uyushmalari aholini ish bilan ta’minlashning ahvolini va bu sohadagi qonunlarga rioya yetilishini nazorat qilishda ishtirok etadi.
Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishiga, basharti bu haqda jamoa shartnomasida nazarda tutilgan bo’lsa, O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tegishli kasaba uyushma qo’mitasi bilan oldindan kelishilgan taqdirdagina yo’l qo’yiladi.
Mazkur qonunning 11-moddasiga ko’ra, kasaba uyushmalari ish beruvchi, mulkdor yoki ular vakil qilgan boshqaruv idorasi mehnat va kasaba uyushmalari to’g’risidagi qonunlarga rioya etishlarini nazorat qilib boradi, shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishni talab qilishga haqlidir. Ma’muriyat mehnat va kasaba uyushmalari to’g’risidagi qonunlar buzilishini bartaraf etish to’g’risidagi taqdimnomalarni ko’rib chiqishi va ko’rib chiqish natijalari to’g’risida bir oy muddat ichida kasaba uyushmasiga xabar qilishi shart.
Kasaba uyushmalari mehnatkashlarning mehnat huquqlarini himoya qilib, sudga da’vo ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. SHu maqsadda kasaba uyushmalari huquqiy yordam xizmatlari va boshqa zarur idoralarni tashkil etish huquqiga ega.
Davlat mehnat huquq inspektsiyalari vakolat va vazifalari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 19 fevraldagi 29-sonli “O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining mehnat, aholini ish bilan ta’minlash va mehnatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlariga rioya yetilishini nazorat qilish faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Davlat mehnat huquq inspektsiyasi to’g’risidagi Nizom”da belgilab berilgan117.
Davlat mehnat huquq inspektsiyasi O’zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining tarkibiy bo’linmasi, joylardagi davlat mehnat huquq inspektsiyalari esa Mehnat vazirligi Davlat mehnat huquq inspektsiyasining quyi bo’linmalari hisoblanadilar.
Inspektsiya va uning joylardagi bo’linmalari vazirliklar, idoralar, hokimliklar, shuningdek qaysi idoraga qarashliligi, mulkchilik va xo’jalik yuritish shaklidan qat’iy nazar, barcha korporattsiyalar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va mulkdorlar tomonidan mehnat va aholini ish bilan ta’minlash to’g’risidagi qonunlarga qanday rioya qilinayotganligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradilar.
Davlat mehnat huquq inspektsiyalari boshliqlari va bosh mutaxassislari lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga va mazkur mutaxassislik bo’yicha kamida uch yil ish tajribasiga ega bo’lgan shaxslar, tuman (shahar) Davlat mehnat huquq inspektorlari lavozimiga esa oliy yuridik ma’lumotga ega shaxslar ishlashi mumkin.
Davlat mehnat huquq inspektsiyasining (inspektorlarining) asosiy vazifalari qatoriga quyidagilar kiradi:
Idoraviy bo’ysunishidan, mulkchilik va xo’jalik yuritish shaklidan qat’iy nazar, barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, vazirliklar, hokimliklar, konsernlar, uyushmalarda ma’muriyat, mulkdor tomonidan mehnat qonunlari va "Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasining Qonuniga qanday rioya qilinayotganligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
Mehnat qonunlari va "Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasining Qonunini buzishlarni ma’muriyat tomonidan bartaraf etish haqidagi davlat mehnat huquq inspektsiyasi yozma ko’rsatmalarining huquqiy vositalar bilan bajarilishini ta’minlash;
Mehnat vazirligining tarkibiy bo’linmalariga mehnat va aholi bandligi sohasidagi qonunlar va qonunosti normativ-huquqiy hujjatlarining bajarilishini nazorat qilish va huquqiy yordam ko’rsatishda ko’maklashish;
Mehnat va aholi bandligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlari to’g’risida aholi o’rtasida axborot-tushuntirish ishlarini olib borish.
Mehnat va aholi bandligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi bo’yicha vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korxonalar va muassasalarning ish tajribasini o’rganish, ularga amaliy va uslubiy yordam ko’rsatish.
Davlat huquq inspektori quyidagi huquqlarga egadir:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkilotlarda mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini o’rganish va tekshirish o’tkazish;
o’z vakolatlarini amalga oshirishni ta’minlash maqsadida tashkilotlar va xodimlardan axborotlar, ma’lumotnomalar va tushuntirishlarni so’rash va olish;
mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish masalalariga tegishli bo’lgan hujjatlar va boshqa materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o’rganish;
o’z vakolatlari doirasida mansabdor shaxslardan aniqlangan mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlarining buzilishi holatlari bartaraf etilishini talab qilish;
tashkilotlarning mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlariga zid bo’lgan buyruqlari va boshqa hujjatlarining amal qilishini belgilangan tartibda to’xtatib turish, zarur hollarda esa belgilangan tartibda ularni bekor qilish bo’yicha Vazirlikka taklif kiritish;
tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish to’g’risida yozma ko’rsatmalar berish;
mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilishi to’g’risidagi protokolni hamda mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilganligi yuzasidan jarima solish to’g’risidagi qarorni belgilangan shakllar bo’yicha rasmiylashtirgan holda aybdor mansabdor shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish;
mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilishida aybdor bo’lgan tashkilotlar va mansabdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko’rish to’g’risidagi takliflar bilan mehnat, aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilishini, ularning kelib chiqish sabablari va imkon yaratgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to’g’risida yuqori tashkilotlar va huquqni muhofaza qilish organlariga taqdimnomalar kiritish;
tashkilotga mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jarimalar solish choralarini ko’rish;
tashkilot va xodim (xodimlar) o’rtasidagi mehnat nizolarini ko’rib chiqish to’g’risida da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilish;
amaldagi mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqish va Vazirlikka kiritish;
xodimlar va boshqa mehnatga oid munosabatlar sub’ektlarining mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlarining tegishli qismi bo’yicha murojaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko’rib chiqish;
xodimlar va boshqa mehnatga oid munosabatlar sub’ektlarining murojaatlarini ko’rib chiqishda ishtirok etish uchun tashkilotlarni (ularning vakillarini) taklif etish.
Inspektsiya O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega.
Tuman (shahar) Bandlikka ko’maklashish markazlarining davlat huquq inspektorilari yuqori turuvchi mehnat huquq inspektorlari tegishli tumanlar (shaharlar) doirasida mehnat va aholi bandligi to’g’risidagi qonunlarga rioya qilinishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish bo’yicha yuqori turuvchi Davlat mehnat huquq inspektsiyalarining topshiriqlarining o’z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlaydilar.
Tuman (shahar) Bandlikka ko’maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlari mehnat va aholini ish bilan ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlarni qo’llash va ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadilar, shuningdek yilning har choragida yuqori turuvchi mehnat inspektsiyasiga qilingan ishlar to’g’risida hisobot va axborotlar taqdim etadilar.
Davlat mehnat huquq inspektorining yozma ko’rsatmasini olgan mansabdor shaxs uning ko’rsatilgan muddatda bajarilganligi haqida inspektorni xabardor qilishi shart.
Davlat mehnat huquq inspektorlarining yozma ko’rsatmalari ustidan yozma ko’rsatma berilgan kundan boshlab 10 kun muddat ichida yuqori turuvchi davlat mehnat huquq inspektsiyasi (inspektori)ga yoki fuqarolik ishlari bo’yicha sudga shikoyat qilinishi mumkin.
SHikoyat qilingan yozma ko’rsatmalar yuzasidan Mehnat vazirligining Davlat mehnat huquq inspektsiyasi (inspektori)ning xulosalari qat’iyhisoblanadi va bajarilishi majburiydir. Ular bo’yicha shikoyatlar sud tartibida ko’rib chiqiladi.
Ish beruvchi, yakka mehnat nizolari bo’yicha komissiyaning qaroriga rozi bo’lmagan taqdirda, shuningdek unga xodim tomonidan yetkazilgan zararni qoplash haqidagi nizolar bo’yicha sudga murojaat qilish mumkin. Bunda ish beruvchi nomidan korxona rahbari yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs murojaat qilishi mumkin. Ularning protsessual huquq va muomala layoqati boshqa shaxslarniki bilan tengdir.
O’zbekiston Respublikasining “Prokuratura to’g’risida”gi qonuni 1-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo’ysunuvchi prokurorlar O’zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
O’zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining asosiy vazifalari qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqhamda erkinliklarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishdan iborat ekanligi belgilangan.
Mazkur qonunga ko’ra, fuqaroning sud tartibida himoya qilinadigan huquq va erkinliklari buzilsa, lekin fuqaro sog’lig’iga, yoshi yoki boshqa sabablarga ko’ra sudda o’z huquq va erkinliklarini shaxsan himoya qilish imkoniyatiga ega bo’lmasa, da’voni prokuror taqdim yetadi va sudda quvvatlaydi.
Prokurorning fuqaro manfaatida sud tartibida himoya qilinadigan huquq va erkinlik yuzasidan sudga murojaat qilish tartibi fuqarolik protsessual qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
SHu o’rinda, mehnat munosabatlaridan kelib chiquvchi da’vo talablariga nisbatan fuqarolik qonunchiligidan farqqiluvchi o’ziga xos da’vo muddatlari belgilab qo’yilganligi alohida ko’rsatib o’tilmog’i lozim. Mehnat huquqlari buzilishidan kelib chiquvchi talablarga nisbatan o’ziga xos da’vo muddatlarining belgilanishiga huquqlarning o’ziga xosligi hamda qisqa muddatlar ichida himoyalanishi lozimligi, ish bo’yicha dalil sanaluvchi axborotlarning tez yo’qolib ketishi yoki o’zgarishga uchrashi mumkinligi, shuningdek korxona faoliyatining uzluksizligini, faol ish qidiruvchi boshqa fuqarolarning esa bandligini ta’minlash va boshqa holatlar hisobga olingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |