Qanotlar. Turli guruh hasharotlarda qanotlar turli sonda, turli darajada xitinlashgan va turlicha rivojlanganligi bilan farq qiladi. Hasharotlardagi qanotlar soniga qarab, ikki juft qanotlilar va bir juft (ikki) qanotlilar farq qilinadi. Ayrim hasharotlarda, masalan, tuban taraqqiy etgan guruhlarida, shuningdek, yashash sharoiti o’zgargan ayrim (bitlar, ayrim qandalalar, burgalar) vakillarida qanotlar bo’lmaydi.
Rasm 89. Hasharotlar oyoqlarining tuzilishi.
A – yuruvchi oyoq, B – sakrovchi, C – kovlovchi (qazuvchi), D – suzuvchi.
1 – tos (dumg’aza), 2 – o’ynag’ich (ko’st), 3 – son, 4 – boldir, 5 – panja (kaft va tirnoqchalar).
Ikki juft qanotli hasharotlarda, birinchi jufti ko’krak o’rtasi va ikkinchi jufti ko’krak oxiri segmentlarida joylashgan bo’ladi. Bir juft qanotli hasharotlarda birinchi juft qanotlar rivojlangan, ikkinchi jufti esa reduksiyalangan va qanot qoldig’i vizillovchi organga aylangan. Ushbu organ hasharotning uchishiga yordam bermaydi, balki u to’g’nag’ichsimon shakldagi organ sifatida, hasharot uchganda «vizillagan» tovush chiqaradi.
Hozirgi zamon qanotli hasharotlarning qanoti uchburchak shaklga yaqin bo’ladi, ya’ni burchakning biri qanotni tanaga birlashgan joyi bo’lib, u qanotni asosi yoki ba’zal qismi deyilsa, uning qarama-qarshi qanot uchi burchagi tepa (apikal) va uchinchi burchak keyingi anal burchagi hisoblanadi. Qanotlar aksariyat nozik va tiniq parda ko’rinishida, lekin ayrim guruh hasharotlar qanotlarining birinchi jufti xitinlanish darajasi bilan ajralib turadi. Masalan, qo’ng’izlarning birinchi (oldingi) juft qanotlari shoxsimon moddalar hisobidan ancha qalin va qattiq qalqonga (elitraga) aylangan. Hasharot tinch turganda qattiq qanotlar yig’ilib, butun tanani orqa tomondan qoplab oladi. Bunday qanotlar himoya vazifasini bajaradi. Qandalalarda oldingi juft qanotlarning faqat asosi qalinlashgan, qolgan ko’p qismi esa nozik parda qanot ko’rinishida bo’ladi. Kapalaklarning qanotlari esa tiqis tukchalarning o’zgarishidan hosil bo’lgan tangachalar bilan qoplangan. Qanotlar ustki (dorzal) va ostki (ventral) ikki qavat plastinkalardan iborat. Ushbu plastinkalar oralig’ida shoxlanuvchi va shoxlanmagan qanot tomirlari joylashadi.
Har xil hasharotlarning qanotlari o’zaro tomirlanishi bilan farq qiladi. Qanot bo’ylab joylashgan tomirlar kostal, subkostal, radial, medial, kubital, anal va yugal xillarga bo’linadi.
Rasm 90. Hasharotlar qanotining tuzilishi.
1 – qanotning asosi yoki bazal burchagi, 2 – keyingi (anal) burchagi, 3 – apikal burchak, 4 – oldingi kostal qirra, 5 – tashqi apikal qirra, 6 – keyingi yoki anal qirra.
Qorin bo’limi. Qorin tananing uchinchi bo’limi hisoblanib, u hasharotlarning rivojlanganlik darajasiga qarab har xil sondagi bo’g’imlardan tashkil topgan. Tuban taraqqiy etgan hasharotlarda qorin bo’limi 11 ta segmentdan iborat bo’lsa, yuksak taraqqiy etgan guruhlarida segmentlar soni 4-5 tagacha qisqarib borgan. Qorin segmentlari ko’krak segmentlari singari tergit, sternit va nozik parda ko’rinishidagi plevrit plastinkalari bilan o’rab olingan. Tuban taraqqiy etgan qanotsiz hasharotlarning qorin bo’limidagi birinchi uchta segmentida mayda oyoqlar saqlanib qolgan. Yuksak taraqqiy etgan hasharotlarda esa qorin segmentlarida oyoqlar umuman yo’qolib ketgan yoki qorinning oxirgi segmentida shakli o’zgargan oyoqlar (serkalar, grifelchalar, urg’ochilarida tuxum qo’ygichlar) hosil qilgan.
Hasharotlarda qorin bo’limi shakli va ko’krak bo’limiga birlashgan holatiga qarab turlicha bo’ladi. Bu jihatdan o’troq, osilgan va poyachali qorinlar farq qilinadi. O’troq qorinlar ko’krak bo’limining davomidek bo’lib ko’rinadi. Bunday qorinlar suvaraklarda, pardaqanotlilardan arrakashlarda uchraydi.
Osilgan qorinda uning birinchi bo’g’imining ostki cheti ko’krak bilan birlashgan, ustki qirg’og’i erkin bo’lgani uchun qorin osilib turganday ko’rinadi. Osilgan qorinlar ko’pgina parda qanotlilarda uchraydi. Poyachali qorinlarda, qorinning birinchi yoki ikkinchi segmenti ingichka cho’ziq poyachaga aylanib, ko’krakka birlashgan. Bunday shakldagi qorinlar pardaqanotli hasharotlardan arilar, asalarilar, chumolilar va yaydoqchilarda uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |