Oyoqlar. Hasharotlar ko’krak oyoqlarining tuzilishi va bajaradigan funksiyalari ularning qanday muhitlarda yashashga moslashganligini ko’rsatadi. Oyoqlarning tuzilishi va funksiyalariga binoan qo’yidagi xillarga ajratish mumkin.
Yuguruvchi va yurish oyoqlari. Yugurishga moslashgan oyoq bo’g’imlari silindrsimon va o’zaro teng holda rivojlanganligi bilan xarakterlanadi. Bunday oyoqlarning panja qismi nisbatan uzun bo’ladi va uchish qobiliyatini yo’qotgan hasharotlar uchun xosdir. Masalan, suvaraklar va uy pashshalarining oyoqlari yugurishga moslashgan. Ayrim hasharotlarda yuguruvchi oyoqlarining panja qismi biroz yassilashgan «yostiqcha» hosil qiladi. Yostiqchaning usti har xil tukchalar bilan qoplangan bo’ladi. Bunday oyoqlar yugurishdan ko’ra, yurishga moslashgan. Masalan, uzunburun qo’ng’izlarda tipik yurish oyoqlari mavjud. Yuguruvchi va yurish oyoqlarining panjalarida o’ziga xos moslamalari shakllangan. Tirnoqchalarining ostida yupqa xitin bilan qoplangan «yostiqcha» substratga yopishishga yordam beradi. Yostiqcha yordamida hasharot silliq vertikal (tik) buyum yuzasida bemalol yuqoriga va pastga qarab yurishi mumkin. Yuguruvchi va yurish oyoqlari harakatlanganda tirnoqchalarining orasi ochilib, yostiqcha buyum yuzasiga yopishadi.
Sakrovchi oyoqlar. Sakrashga moslashgan uchinchi juft oyoqlarining son bo’g’imi ancha uzun va yo’g’on hamda muskullari rivojlangan bo’ladi. Boldiri ham uzun bo’ladi. Bunday oyoqlar yordamida hasharot qisqa vaqt orasida katta masofani bosib o’tishi mumkin. Sakrovchi oyoqlar chigirtka va temirchaklarni tiqis va baland o’tli maydonlarda bemalol harakatlanishiga yordam bersa, burgalar uchun esa uzoqroq masofalarda bo’luvchi xo’jayinlarini topish va qonini so’rish imkonini beradi.
Suzuvchi oyoqlar. Ushbu turdagi oyoqlar suvda yashovchi hasharotlarning suzishiga yordam beradi. Suv hasharotlarining uchinchi juft oyoqlarining panja qismi, shuningdek ba’zan boldir ham yassilashgan va tiqis tukchalar bilan qoplangan. Suzuvchi oyoqlar eshkak vazifasini bajaradi. Bunday oyoqlar suv qo’ng’izlarida va ayrim suv qandalalarida yaxshi rivojlangan.
Changallovchi oyoqlar. Bu xildagi oyoqlar beshiktebratarlarda oldingi oyoqlardan iborat. Changallashga moslashgan oyoqlarning son va boldir bo’g’imlari ancha uzun va bir cheti xitin tishchalar hosil qilgan. Boldir qayrilib songa tekkanda o’lja (oziqa) son va boldir orasida qisilib qoladi. Shu usul bilan beshiktebratar o’ljasini ovlaydi.
Kovlov (qazuv)chi yoki qattiq substratni tirnovchi oyoqlar. Tuproq orasida yashaydigan bo’zoqboshi, go’ng qo’ng’izlari va po’stloqxo’r qo’ng’izlarining birinchi juft ko’krak oyoqlari kovlashga moslashgan. Bunday oyoqlarning barcha bo’g’imlari kalta va keng, qattiq xitinli kurakchasimon, panjalari ma’lum darajada reduksiyaga uchragan yoki qisqargan bo’ladi. Ushbu tipdagi oyoqlar yordamida tuproqni, go’ngni yoki nisbatan qattiq daraxt po’stlog’ini maydalash (buzish) mumkin.
Yig’uvchi va to’plovchi oyoqlar. Bunday tipdagi oyoqlar o’simliklarning gulchangini yig’ish va tashishga moslashgan. Ko’krakning uchinchi juft oyoqlarining boldiri yuzasida tukchalar bo’lmaydi, lekin ikkala yon qirralari uchlari boldirning ichki tomoniga qayrilgan qalin va uzun tukchalar bilan qoplangan. Bunday boldir savatchaga aylanadi. Panjalarining birinchi bo’g’imi kengaygan va ichki yuzasi zich tukchalar bilan qoplangan. Bunday panja cho’tkacha vazifasini bajaradi. Asalari tanasiga yopishgan gulchanglarni cho’tka yordamida yig’ib, to’plab savatchaga soladi.
Ilashuvchi oyoqlar. Bu xil oyoqlarni ektoparazitlik bilan hayot kechiruvchi ayrim hasharotlar, masalan bitlarda uchratish mumkin. Ilashuvchi oyoqlarning uzun tirnoqchasi bir bo’g’imdan iborat bo’lgan panjaga qisilishi tufayli tolani ham qisib oladi. Bu tip oyoqlar soch va jun tolalarini, gazmol iplarini qisib olishga moslashgan.
Shunday qilib, ko’rib chiqilgan oyoqlar qanday ko’rinish va tuzilishda bo’lmasin hamda qaysi muhitga moslashmagan bo’lsin, ularning hammasida ham umumiy belgilar saqlanib qolgan, ya’ni barcha tiplari besh bo’g’imli belgini saqlab qolgan. Ushbu bo’g’imlar tos (dumg’aza), uynag’ich (ko’st), son, boldir va panjalar (kaft)dan iborat bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |