A. 1-c; 2-b; 3-d; 4-a B. 1-c; 2-a; 3-d; 4-b
C. 1-a; 2-c; 3-d; 4-b D. 1-a; 2-b; 3-d; 4-c
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar
Tasmasimon chuvalchanglar keltirib chiqaradigan kasalliklar qanday ataladi?
Qoramol va cho’chqa tasmasimonining oraliq xo’jayini kim?
Tasmasimon chuvalchangning ko’payishini tushuntirib bering.
Exinokokkning asosiy va oraliq xo’jayini haqida ma’lumot bering.
Tasmasimon chuvalchanglarning odam va hayvonlarda parazitlik qiladigan qaysi vakillarini bilasiz?
TO’GARAK CHUVALCHANGLAR TIPI – NEMATHELMINTES
To’garak chuvalchanglar birlamchi gavda bo’shliqli va ikki tomonlama (bilateral) simmetriyali hayvonlardir. Tanasi bo’g’imlarga bo’linmagan, uzun ipsimon, ba’zilari duksimon, ko’ndalang kesimi yumaloq (to’garak) shaklda bo’ladi. Uzunligi bir necha o’n mikrondan tortib, millimetrlar va santimetrlar bilan o’lchanadigan turlari ham anchagina. Fanda eng uzun to’garak chuvalchangining o’lchami 8,3 metrga teng bo’lishi aniqlangan.
To’garak chuvalchanglarning tanasi sirtdan ancha pishiq va zich qatlam – kutikula bilan qoplangan. Kutikula ostida gipoderma joylashgan bo’lib, u epiteliy hujayralaridan iborat. Lekin aksariyat turlarida epiteliy hujayralari orasidagi chegara yo’qolib, o’zaro qo’shilib sinsitiy hosil qilgan. Gipoderma orqali butun tana bo’ylab 4 ta (ikkita yon, qorin va orqa tomonlar) valiklar (torlar) o’tadi. Ushbu valiklarning ikki yon tomondagilaridan ajratish sistemasining kanallari o’tsa, orqa va qorin (dorzo-ventral) tomondagi valiklardan nerv tolalari o’tadi. Gipoderma ostida bir qavat bo’ylama muskul tolalari joylashgan. Aytilgan kutikula, gipoderma va muskul qavatlari to’garak chuvalchanglarning teri-muskul xaltasini hosil qiladi. Gipoderma vakillari esa muskul qavatini to’rt bo’lakka bo’lib turadi.
To’garak chuvalchanglar tanasi sirtida tashqi organlardan bo’rtmachalar, qilchalar va ilgakchalar bo’ladi. Ayrim guruhlarida esa yana biroz miqdorda kiprikchalar saqlangan. Shuningdek teri orasida joylashgan bezlarning ajratgan suyuqligi chuvalchangni har xil narsalarga yopishishiga yordam beradi.
To’garak chuvalchanglarning ovqat hazm qilish sistemasi yassi chuvalchanglarnikiga nisbatan morfologik va fiziologik jihatdan ancha murakkablashgan. Ushbu sistema uch bo’limdan, ya’ni oldingi, o’rta va keyingi ichakdan iborat.
To’garak chuvalchanglarda ham yassi chuvalchanglaridagidek qon aylanish va nafas olish organlari bo’lmaydi. Nerv sistemasi ortogon tuzilishda. U xalqumni o’rab oluvchi nerv halqasidan, undan gavdaning oldingi va keyingi uchlariga bir necha bo’ylama (ikki yon, orqa va qorin) nerv tolalari boradi. Orqa va qorin nerv tolalari gipoderma valiklari ichidan o’tadi. Bo’ylama nerv tolalari ko’ndalang komissuralar yordamida o’zaro birlashgan. Ajratish sistemasi bir juft naychalardan iborat bo’lib, ular gavdaning ikkala yon tomondagi valiklar ichidan o’tadi.
To’garak chuvalchanglar ayrim jinsli va jinsiy dimorfizm belgilari aniq ifodalangan.
To’garak chuvalchanglar tipiga 30 mingga yaqin tur kirib, ular turli ekologik muhitlarda yashashga moslashgan. Ular dengiz va okeanlarda, turli-tuman chuchuk suv havzalarida va nam tuproqda uchraydi. Anchagina turlari parazitlik bilan hayot kechiradi.
To’garak chuvalchanglar tipi 5 ta sinfga – qorinkipriklilar, haqiqiy to’garak chuvalchanglar, kinorinxalar, qil chuvalchanglar va og’izaylangichlilarga ajraladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |